Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 10.05.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Bolalar-oʻsmirlar sport maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi tashkil etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz koʻchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrsida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bolalar sporti obyektlarini barpo etish, joylashtirish va ularning faoliyatida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish, bolalar-oʻsmirlar sport maktablaridan foydalanish darajasini va ular faoliyati samaradorligini yanada oshirishga doir takliflarni ishlab chiqish, ularni boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish, istiqbolli rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, bolalarni sport bilan muntazam ravishda shugʻullanishga jalb etishni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasining Homiylik kengashi huzurida Bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining holatini va ularning moddiy-texnika bazasidan foydalanish samaradorligini oʻrganish boʻyicha 1-ilovaga* muvofiq tarkibda komissiya tuzilsin.
2. Komissiya (Sh.M. Mirziyoyev) ikki oy muddatda:
respublika mintaqalariga chiqib tanlab tekshirishlar asosida bolalar-oʻsmirlar sport maktablari faoliyati samaradorligini tanqidiy oʻrgansin, sport obyektlaridan foydalanish samaradorligiga, ulardan foydalanish darajasiga, moddiy-texnika bazaning holatiga, sport anjomlari va uskunalari, oʻquv-metodik qoʻllanmalar va mashq bajariladigan koʻrgazmali material bilan jihozlanganligi darajasiga, kasbiy tayyorlangan trener-oʻqituvchilar tarkibi bilan taʼminlanganligiga alohida eʼtiborni qaratsin;
amalga oshirilgan tahlil asosida bolalar-oʻsmirlar sport maktablari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish, bolalar sporti obyektlaridan amalda foydalanishni va ulardan foydalanish samaradorligini hisobga olgan holda ularni maqbul rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha aniq takliflar kiritsin.
Amalga oshirilgan ishlarning natijalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Bolalar sportining rivojlantirish jamgʻarmasining Homiylik kengashi majlisida axborot berilsin.
3. Bolalar-oʻsmirlar sport maktablari samarali faoliyat koʻrsatishi, ulardan oʻquvchilarning toʻliq foydalanishini taʼminlash hamda ular moddiy-texnik baza va trener-oʻqituvchilar tarkibi bilan taʼminlanganligi, oʻquv-mashq jarayonining sifati ustidan nazorat qilinishi, sport mashgʻulotlari muntazam oʻtkazilishi va oʻquvchilar qatnovi darajasi monitoringini tizimli asosda olib borish uchun shaxsiy masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga yuklansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Moliya vazirligining:
moslashtirilgan binolarda joylashtirilgan 2-ilovaga* muvofiq 280 ta bolalar-oʻsmirlar sport maktablarini va ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari bolalar-oʻsmirlar sport maktablarini tugatishni, ularning mol-mulki, sport anjomlari va trener kadrlarini tashkil etiladigan bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining moddiy-texnika va oʻquv bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirishni;
namunaviy bolalar sport inshootlari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimida 3-ilovaga* muvofiq 225 ta bolalar-oʻsmirlar sport maktablari tashkil etilishini;
toʻrtta yoʻnalish — sportning oʻyin turlari va yengil atletika, sportning suv turlari, sport yakka kurashi va gimnastika boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida, har bir viloyatda va Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimida 4-ilovaga* muvofiq 56 ta ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablari tashkil etilishini nazarda tutuvchi respublikada ishlab turgan bolalar sporti obyektlarini maqbullashtirish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
* 1 — 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
5. Belgilansinki, past samarali bolalar sport maktablarini maqbullashtirish va ular xodimlarini qisqartirish natijasida boʻshab qoladigan budjet mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi va hududiy moliya boshqarmalari bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan manzilli roʻyxatlarga muvofiq moddiy-texnika bazani yanada mustahkamlashga, eng avvalo, tashkil etiladigan bolalar-oʻsmirlar sport maktablarini joriy taʼmirlash va jihozlashga maqsadli tartibda yoʻnaltiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining ishdan boʻshaydigan xodimlarini ishga joylashtirish chora-tadbirlarini koʻrsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 11-dekabr,
356-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 50-son, 625-modda; 2017-y., 20-son, 367-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)