|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 08.10.2024
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-oktabrdagi 630-sonli “Bojxona tartib-taomillari yanada takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 15-maydagi PF-4725-son Farmonini bajarish yuzasidan, shuningdek tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishga doir tartib-tamoyillarni soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan:
ushbu qarorda nazarda tutilmagan;
davlat bojxona xizmati organlari yoki davlatning boshqa organlari va davlat xizmatlari koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlar tasarrufidagi qoʻshimcha hujjatlarni talab etish taqiqlanadi.
3. Vazirliklar va idoralar bir oy ichida oʻz idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 20-iyul,
197-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-iyuldagi 197-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan hujjatlar
ROʻYXATI
I. “Eksport” bojxona rejimida olib chiqiladigan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirishda
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 269-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2019-y., 09/19/269/2861-son)
2. Bojxona yuk deklaratsiyasi, qonunchilikda belgilangan tartibda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish yoʻli bilan tovarlarni deklaratsiyalash va elektron tijorat orqali bitta invoys boʻyicha besh ming AQSh dollarigacha boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilish hollari bundan mustasno.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2014-yil 4-iyuldagi 01-02/12-13-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 2606, 05.08.2014-y.).
3. Tovarning kuzatuv hujjatlari, oʻrov varagʻi bundan mustasno.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 24-oktabrdagi 560-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 09/23/560/0796-son)
II. “Erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida olib kiriladigan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirishda
1. Bojxona yuk deklaratsiyasi, qonunchilikda belgilangan tartibda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish yoʻli bilan tovarlarni deklaratsiyalash hollari bundan mustasno.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-dekabrdagi 984-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2017-y., 09/17/984/0419-son)
3. Transport hujjatlari, oʻrov varagʻi bundan mustasno.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-sentabrdagi 787-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.09.2019-y., 09/19/787/3770-son)
4. Tovarlarning kelib chiqishi sertifikati (manfaatdor shaxsning xohishi boʻyicha va uning zarurligi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda).
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-maydagi 286-son qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 20-son, 366-modda)
Izoh:
1. Tovarlarning elektron shakldagi bojxona rasmiylashtiruvi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-iyuldagi 605-son qarori bilan tasdiqlangan Tovarlarning elektron shakldagi bojxona deklaratsiyalanishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
(izohning 1-bandi birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 269-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2019-y., 09/19/269/2861-son)
Tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisining xohishi boʻyicha bojxona rasmiylashtiruvi uchun barcha zarur hujjatlar, shu jumladan vakolatli organlarning hujjatlari qogʻozda taqdim etilishi mumkin.
2. Eksport qiluvchi mamlakatning eksport bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda import bojxona bojidan va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga (2013-yil 20-mart roʻyxatdan oʻtkazish raqami 2436) kiritilgan tovarlarning bojxonada rasmiylashtiruvi davlat bojxona xizmati organlari tomonidan bir ish kuni mobaynida amalga oshiriladi. Bojxona deklaratsiyasi taqdim etilmagan taqdirda bojxona rasmiylashtiruvi umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3. Tovarlarning, shu jumladan elektron shakldagi bojxona rasmiylashtiruvi xizmat koʻrsatuvchi banklar (gʻaznachiliklar) tomonidan taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida toʻlovchining shaxsiy hisob raqami boʻyicha bojxona toʻlovlari toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi (bojxona toʻlovlarini toʻlash kechiktirilishi yoki boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berilishi hollari bundan mustasno).
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida ruxsat beruvchi tusdagi tegishli hujjat mavjud boʻlmagan taqdirda davlat bojxona xizmati organlari bojxona rasmiylashtiruvini rad etish huquqiga egadir.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 29-son, 382-modda; 2016-y., 13-son, 121-modda, 25-son, 308-modda; 2017-y., 20-son, 366-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2017-y., 09/17/984/0419-son, 27.07.2018-y., 09/18/583/1582-son; 01.04.2019-y., 09/19/269/2861-son, 19.09.2019-y., 09/19/787/3770-son; 15.05.2020-y., 09/20/283/0587; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 25.10.2023-y., 09/23/560/0796-son)