Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 04.03.2019
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
Qarori
Yagona ijtimoiy toʻlovning eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona ijtimoiy toʻlovni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 19-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2095-3]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2019-yil 26-fevraldagi 20 va 2019-10-sonli “Yagona ijtimoiy toʻlovning eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona ijtimoiy toʻlovni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2095-6, 02.03.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni 7-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 9-dekabrdagi PF-4677-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Farmoniga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 13-fevraldagi 26-son “Mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan yagona ijtimoiy toʻlovni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2010-yil 22-martdagi 22, 2010-13-sonli qarori (roʻyxat raqami 2095, 2010-yil 13-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 14-15-son, 120-modda) bilan tasdiqlangan Yagona ijtimoiy toʻlovning eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona ijtimoiy toʻlovni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 16-fevral,
12-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 16-fevral,
2015-8-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2015-yil 16-fevraldagi 12, 2015-8-son qaroriga
ILOVA
Yagona ijtimoiy toʻlovning eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona ijtimoiy toʻlovni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni 7-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 29-dekabrdagi PQ-1024-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi va 2010-yil 24-dekabrdagi PQ-1449-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq yagona ijtimoiy toʻlovning (keyingi oʻrinlarda YIT deb ataladi) eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan YITni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
a) ixtisoslashtirilgan sexlar, uchastkalar va korxonalarda ishlovchi nogironlar mehnatiga haq toʻlash fondi qismida yuridik shaxslarga;
b) notijorat tashkilotlariga, shu jumladan budjet tashkilotlariga;
v) xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondining eng kam meʼyorlari belgilangan chakana savdo, umumiy ovqatlanish va qurilish sohasidagi tashkilotlariga;
g) yangidan tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlariga, davlat roʻyxatidan oʻtgan sanadan boshlab, 6 oy davomida, agar mazkur muddatda ular oʻz ehtiyojlari uchun obyektlar qurgan taqdirda, qurib bitkazilgan obyektni qabul qilish hujjati tasdiqlangan sanasidan boshlab 6 oy oʻtgungacha, biroq ularning davlat roʻyxatidan oʻtganidan soʻng bir yildan koʻp boʻlmagan davrda. Bunda, yangidan tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlari, ular davlat roʻyxatidan oʻtgan sanasidan 6 oylik muddat tugagan oyning keyingi oyidan boshlab, oʻz ehtiyojlari uchun obyektlar quruvchilar esa — qurib bitkazilgan obyektni qabul qilish hujjati tasdiqlangan sanadan 6 oylik yoki davlat roʻyxatidan oʻtganidan soʻng bir yillik muddat tugagan oyning keyingi oyidan boshlab, ushbu Nizomning 1-bandida koʻrsatilgan YITning eng kam miqdorini hisobga olgan holda YITni toʻlaydilar.”.
2. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. YIT toʻlovchilari YITni Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda tegishli yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan stavka boʻyicha, biroq:
fermer xoʻjaliklari har bir xodimi uchun oyiga minimal ish haqining 50 foizi miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda;
mikrofirmalar va kichik korxonalar (fermer xoʻjaliklari bundan mustasno) har bir xodimi uchun oyiga minimal ish haqining 65 foizi miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda;
qolgan toʻlovchilar har bir xodim uchun oyiga bir minimal ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda YIT hisoblashadi.
Hisoblab chiqarilgan YIT summasi foyda soligʻi boʻyicha soliq solinadigan foydani aniqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 145-moddasiga muvofiq chegirib tashlanadi, bundan ushbu Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan holat mustasno.”.
3. 5-bandning ikkinchi jumlasi chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 7-son, 88-modda)