|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 09.11.2023
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi yoshlarini harbiy xizmatga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-noyabrdagi 591-sonli “Taʼlim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda xalqimiz tarixiga va maʼnaviy qadriyatlariga yuksak hurmat tuygʻusini shakllantirish, Vatan himoyasiga, uning milliy xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini taʼminlashga doimo shay turishga hamda harbiy xizmatni oʻtashga tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikni tashkil etish va uni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi:
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan kelishgan holda mazkur qarorga muvofiq, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani rahbar va oʻqituvchilari lavozimlariga oliy maʼlumotli, kasbiy jihatdan yaxshi tayyorlangan, shuningdek, yuqori tajriba va malakaga ega boʻlgan pedagog kadrlar bilan taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda umumtaʼlim maktablaridagi mavjud chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikka oid oʻquv-moddiy bazani oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari balansiga topshirish va qabul qilib olish ishlarini amalga oshirsin.
3. Manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar oʻzlarining normativ-huquqiy hujjatlarini bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 18-dekabr,
348-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 18-dekabrdagi 348-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikni tashkil etish va uni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq, vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shuningdek jamoat tashkilotlarining ushbu sohadagi asosiy vazifalarini hamda chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikni tashkil etish va uni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikni tashkil etish va uni amalga oshirish boʻyicha masʼul organlar hisoblanadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi (keyingi oʻrinlarda “Vatanparvar” tashkiloti deb ataladi), Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi ushbu sohada hamkorlikni amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari hisoblanadi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
Harbiy xizmatga chaqiriladigan va tuman (shahar) chaqiruv uchastkalarida qayd etilgan shaxslar hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining (keyingi oʻrinlarda taʼlim muassasalari deb ataladi) ikkinchi va uchinchi kurs oʻquvchilari (keyingi oʻrinlarda oʻquvchilar deb ataladi) chaqiriluvchilar hisoblanadi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklari chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlarining moliyalashtirilishini hamda moddiy-texnika jihatidan taʼminlanishini amalga oshiradilar, oʻquv-moddiy bazasini barpo etadilar, bunday tayyorgarlikning tashkil etilishi uchun masʼul hisoblanadilar.
4. Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik (keyingi oʻrinlarda ChQBT deb ataladi) chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlash tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi hamda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tashkil etiladi va olib boriladi.
5. Chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tayyorlashni tashkil etish, amalga oshirish, natijalarini nazorat qilib borish, ChQBTni uslubiy jihatdan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
6. ChQBT, fuqaro muhofazasi va tibbiy bilim asoslari fani boʻyicha tayyorgarlik oʻquv dasturidagi majburiy fan boʻlib, taʼlim muassasalari oʻquvchilariga ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilari tomonidan oʻqitiladi.
7. ChQBT jarayonida taʼlim muassasalari oʻquvchilari:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuni, mamlakat mudofaa va milliy xavfsizligini taʼminlash sohasidagi boshqa qonunchilikning asosiy talablarini oʻrganishlari;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining asosiy vazifalarini, harbiy xizmatning ahamiyatini, Vatanga qasamyodni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Umumharbiy nizomlari talablarini anglab yetishlari;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 179-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
fuqaro muhofazasi asoslarini, shuningdek birinchi tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmalarini amaliy oʻzlashtirib olishlari;
harbiy qismlardagi mavjud qurol-aslaha va harbiy texnikaning asosiy taktik va texnik tavsiflari, harbiy xizmatchilarning kundalik hayoti va xizmat faoliyati bilan tanishishlari;
zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika namunalarini qisqa muddatlarda oʻzlashtirib olishga shay boʻlishlari;
oʻzlari bilan olib boriladigan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarni chuqur anglab yetishlari va oʻzlashtirishlari lozim.
II. ChQBTni tashkil etish hamda uni amalga oshirish boʻyicha masʼul organlar va jamoat tashkilotlarining asosiy vazifalari
8. Quyidagilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklarining ChQBTni tashkil etish va uni amalga oshirishda asosiy vazifalari hisoblanadi:
ChQBT tadbirlarini moliyalashtirish, moddiy-texnika jihatdan taʼminlash, moddiy-oʻquv bazani barpo etish;
har yili taʼlim muassasalari oʻquvchilari bilan olib borilayotgan ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarga oid oʻquv-moddiy bazani yaratish va uni yanada takomillashtirishga doir qarorlar qabul qilish, tadbirlar rejasini ishlab chiqish;
Markaz va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilgan ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarga oid idoraviy hujjatlarni, tekshiruv ishlarining natijalarini, kamchilik va muammoli masalalarni oʻrganib chiqish va tegishli chora-tadbirlar belgilash;
ChQBTni tashkil etish va uni amalga oshirish boʻyicha masʼul organlar va jamoat tashkilotlari tomonidan ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlarning hamkorlikda olib borilishini muvofiqlashtirib borish.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
ChQBT tadbirlarining rejalashtirilishiga va oʻz vaqtida bajarilishiga rahbarlik qiladi, ChQBT ishlarini muvofiqlashtiradi;
Markaz tomonidan ChQBT dasturini tayyorlash jarayonida ishtirok etadi;
taʼlim muassasalarini harbiy mavzulardagi oʻquv-uslubiy filmlar hamda sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar (Umumharbiy nizomlar, qonunchilik hujjatlari), qoʻllanmalar, tavsiyalar va koʻrsatmalar bilan taʼminlaydi;
taʼlim muassasalarini harbiy qism va oliy harbiy taʼlim muassasalariga biriktirish toʻgʻrisida tegishli buyruqlar chiqaradi;
ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilari ishtirokidagi oʻquv yigʻinlarini tashkillashtiradi va oʻtkazadi;
taʼlim muassasalari oʻquvchilarining uch kunlik oʻquv-dala mashgʻulotlarini oʻtkazish jarayoniga amaliy yordam koʻrsatadi;
taʼlim muassasalari oʻquvchilarini muddatli harbiy xizmatchi va kursantlarning kundalik faoliyati, ularning maishiy taʼminoti, shuningdek qurol-aslaha, harbiy texnika namunalari bilan tanishtirib borish maqsadida taʼlim muassasalari bilan harbiy qism va oliy harbiy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
ChQBTga oid qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar hisobini yuritishga, ularni saqlash va topshirishga oid yoʻriqnomalarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, shuningdek sohaga doir tavsiyalar hamda koʻrsatmalar tayyorlaydi;
har yili ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning holatini oʻrganadi va doimiy ravishda nazorat qilib boradi;
ChQBT fani oʻqituvchilarini saralash, tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarida taʼlim muassasalariga amaliy yordam koʻrsatadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
tibbiy bilim asoslari fani oʻqituvchilarini saralash, tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarida taʼlim muassasalariga amaliy yordam koʻrsatadi;
taʼlim muassasalarini tibbiy bilim asoslari boʻyicha zarur koʻrgazmali vositalar, birinchi tibbiy yordamga oid oʻquv-uslubiy filmlar bilan taʼminlaydi;
davolash-profilaktika muassasalarini tibbiyot yoʻnalishidagi taʼlim muassasalari oʻquvchilari bilan amaliy mashgʻulotlar olib boriladigan oʻquv bazasi sifatida taʼlim muassasalariga biriktiradi;
taʼlim muassasalari oʻquvchilarining yillik tibbiy koʻrigini hududiy oʻsmirlar dispanserlari rahbarlari nazoratida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining chaqiruv komissiyalariga jalb qilinuvchi shifokor-mutaxassislar tomonidan tuman (shahar) chaqiruv punktlarida oʻtkazadi;
ambulatoriya-poliklinika tizimida oʻsmirlar orasida davolash-sogʻlomlashtirish ishlarini olib boradi, tizimni takomillashtiradi hamda shifokorlarning oʻsmirlarga tibbiy xizmat koʻrsatishga oid malakalarini muntazam oshirib boradi;
Markaz bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar oʻsmirlar dispanserlari hamda oʻsmirlar davolash-profilaktika muassasalarini tajribali va malakali shifokor-mutaxassislar hamda tibbiy xodimlar bilan taʼminlaydi;
oʻsmirlarni statsionar sharoitlarda davolash va sogʻlomlashtirish ishlarini belgilangan tartibda amalga oshiradi;
taʼlim muassasalarida tashkil etilgan tibbiyot xonalarini oʻquv dasturida nazarda tutilgan tibbiy jihozlar va dori-darmonlar bilan Markazning hududiy boshqarmalari tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobiga taʼminlab boradi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
taʼlim muassasalarida fuqaro muhofazasiga oid amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazishda soha mutaxassislari, shuningdek texnik vositalar bilan amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlaydi;
Markaz tomonidan ChQBT dasturini tayyorlash jarayonida, shuningdek taʼlim muassasalarini fuqaro muhofazasiga oid oʻquv hamda uslubiy qoʻllanmalar, koʻrgazmali vositalar bilan taʼminlash ishlarida ishtirok etadi;
taʼlim muassasalari direktorlari, ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilarining Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazlarida qayta tayyorgarlikdan oʻtishini va malaka oshirishini tashkillashtiradi;
taʼlim muassasalari oʻquvchilarida amaliy koʻnikmalarni hosil qilish maqsadida har yilgi “Fuqaro muhofazasi” kunlarini oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatadi;
fuqaro muhofazasiga, harbiy-vatanparvarlik va jismoniy tarbiyaga oid oʻquv-moddiy bazani takomillashtirish ishlarida qatnashadi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
taʼlim muassasalariga jismoniy tayyorgarlik ishlari, sport musobaqalari va tadbirlarini oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatadi;
taʼlim muassasalari oʻquvchilarining jismoniy tayyorgarlik holatini tahlil qilib boradi, jismoniy tayyorgarlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
taʼlim muassasalari oʻquvchilarining jismoniy tayyorgarligiga oid oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni ChQBT taʼlimi bilan uzviy bogʻlagan holda tayyorlanishini tashkil qiladi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi:
taʼlim muassasalarining ChQBT oʻquv xonalarini jihozlar, darslik, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va koʻrgazmali vositalar bilan taʼminlaydi, ularni doimiy ravishda takomillashtirib boradi;
taʼlim muassasalari oʻquvchilarining ChQBT, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyasi va ularni harbiy xizmatga tayyorlash tadbirlarini sifatli tashkil etilishini taʼminlaydi;
ChQBT dasturini, ushbu fanga oid darsliklar, tavsiyalar, oʻquv-uslubiy va koʻrgazmali vositalarni, oʻquv filmlarini tayyorlaydi hamda taʼlim muassasalarini ular bilan taʼminlaydi;
taʼlim muassasalari ixtiyoriga berilgan oʻquv qurol-yarogʻlar, kichik kalibrli hamda pnevmatik miltiqlar, ularda qoʻllaniladigan patronlar but saqlanayotganligini nazorat qilib boradi;
taʼlim muassasalari oʻquvchilarida mardlik, chaqqonlik, kuchlilik va chidamlilik sifatlarini rivojlanishiga omil boʻladigan jismoniy tarbiyaning ChQBT bilan bogʻliqligini taʼminlaydi;
ChQBTning yakuniy bosqichida taʼlim muassasalari oʻquvchilari ishtirokida uch kunlik oʻquv-dala mashgʻulotlarini tashkillashtiradi va oʻtkazadi;
ChQBT boʻyicha xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribalarini doimiy ravishda oʻrganib boradi hamda ijobiy xususiyatlarini respublika taʼlim muassasalariga joriy etish choralarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda tibbiy bilim asoslari fani oʻqituvchilarini tanlov asosida ishga qabul qiladi va qayta tayyorlash masalalarini hal etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda taʼlim muassasalarining ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisi lavozimiga tayinlanadigan nomzodlarni tanlaydi, ushbu fan oʻqituvchilarining uslubiy va kasbiy tayyorgarligini tashkillashtiradi, ularni attestatsiyadan oʻtkazadi;
ChQBT boʻyicha namunali ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilarini Davlat mukofotlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Markazning mukofotlariga tavsiya etadi.
14. “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi:
harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning olib borilishini, shuningdek tadbirlarning tashkil etilishi va oʻtkazilishida taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga oid koʻrgazmali vositalar ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
taʼlim muassasalari murojaatlariga asosan, taʼlim oluvchi yoshlarning qiziqishiga koʻra sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha sport seksiyalari va toʻgaraklari faoliyatini yoʻlga qoʻyishda amaliy yordam koʻrsatadi;
zarurat boʻlganda, taʼlim muassasalariga ChQBT boʻyicha oʻz tasarrufidagi oʻquv-moddiy bazasidan foydalanishlariga belgilangan tartibda ruxsat beradi.
15. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi:
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
taʼlim muassasalari oʻquvchilariga Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish, ularda Vatanga chuqur muhabbat va vatanparvarlik, yuksak maʼnaviy-ruhiy, faol hayotiy pozitsiya, diniy ekstremizm va fundamentalizm gʻoyalariga qarshi immunitet hosil qilish, harbiy burchni ongli ravishda bajarishga boʻlgan munosabatni shakllantirish, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning aniq maqsadi va mohiyatini anglab yetish, shuningdek yurt kelajagi va taqdiri uchun yuksak javobgarlik hissi kabi fazilatlarni shakllantirishga oid targʻibot-tashviqot ishlarini olib boradi;
taʼlim muassasalari oʻquvchilarida yuksak fuqarolik pozitsiyasini, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari bilan gʻururlanish tuygʻusini shakllantirish maqsadida katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan urush va mehnat faxriylari ishtirokida uchrashuvlar oʻtkazadi;
doimiy ravishda taʼlim muassasasi oʻquvchilarining muddatli harbiy xizmatni aʼlo darajada oʻtagan harbiy xizmatchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etadi va oʻtkazadi;
taʼlim muassasalari oʻquvchilarini sport turlari boʻyicha joriy etilgan seksiyalarga jalb etish ishlarini tashkil qiladi;
mamlakatimiz hududi va daxlsizligini himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekanligi, harbiy xizmat, uning ijobiy xususiyatlari, shuningdek harbiy xizmatchilar uchun joriy etilgan imtiyozlar tizimi toʻgʻrisida taʼlim muassasalari oʻquvchilari va ularning ota-onalari ishtirokida tushuntirish ishlarini olib boradi;
taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida ommaviy ravishda tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy va harbiy-sport tadbirlarini (yoshlar forumlari, tanlovlar, sport musobaqalari) tashkil etadi va oʻtkazadi.
III. ChQBTni tashkil etish va uni amalga oshirish
16. Taʼlim muassasalari oʻquvchilarining ChQBTga jami 140 oʻquv soati ajratiladi, mashgʻulotlar har haftada ikki soatdan oʻtkaziladi.
Taʼlim muassasalari oʻquvchilarining oʻquv mashgʻulotlari vaqtida oʻzlashtirgan bilim, koʻnikma va mahoratlari harbiy ish asoslarini oʻrganish toʻgaraklari, sportning harbiy-amaliy turlari boʻyicha seksiyalar va harbiy-sport musobaqalari davomida mustahkamlanadi.
17. Taʼlim muassasalarida ChQBT fani oʻgʻil bolalar bilan, fuqaro muhofazasi boʻlimiga doir mashgʻulotlar oʻgʻil bolalar va qizlar bilan birgalikda, tibbiy bilim asoslari boʻyicha mashgʻulotlar esa faqat qizlar bilan oʻtkaziladi.
18. Taʼlim muassasalarida ChQBT rejasi butun oʻquv yili uchun haftalarga taqsimlangan holda ishlab chiqiladi, shuningdek umumiy dars jadvaliga kiritilgan holda oʻquv guruhlariga boʻlinib oʻtkaziladi, ushbu guruhlar oʻquvchilar soniga koʻra seksiyalarga boʻlinadi. Taʼlim muassasasi direktorining buyrugʻiga muvofiq eng ibratli oʻquvchilar orasidan guruh va seksiya komandirlari tayinlanadi.
19. ChQBTning yakuniy bosqichida ushbu fan uchun ajratilgan vaqt hisobidan taʼlim muassasasining uchinchi kurs oʻgʻil bolalari bilan uch kunlik oʻquv-dala mashgʻulotlari oʻtkaziladi.
Bunda taʼlim muassasalari oʻquvchilarining ushbu fan boʻlimlariga oid nazorat meʼyorlarini bajarish boʻyicha koʻnikmalari sinovdan oʻtkaziladi. Ushbu maqsadda tegishli taʼlim muassasasiga biriktirilgan harbiy qism va sport tashkilotlarining oʻquv-moddiy bazalaridan foydalanish mumkin.
20. Taʼlim muassasalari oʻquvchilariga quroldan oʻt otishni oʻrgatish mashgʻulotlari faqat oʻt otish maydonlarida yoki tirlarda “Oʻqli qurollardan oʻt otish kursi” talablariga qatʼiy amal qilingan holda oʻtkaziladi. Taʼlim muassasasi ixtiyoridagi koʻchmas tirda tashkil etiladigan otish tayyorgarligi mashgʻulotlarida faqat pnevmatik va kichik kalibrli miltiqlar qoʻllaniladi.
Bunday mashqlarni amaliy bajarishga faqat oʻt otish mashqlarining shartlari va xavfsizlik qoidalariga oid bilim va koʻnikmalar sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilarga ruxsat beriladi.
21. Oʻt otish maydoni, harbiy qism va oliy harbiy taʼlim muassasasi ixtiyoridagi tirda oʻquvchilar ishtirokida oʻtkaziladigan boshlangʻich oʻquv-otish mashqlarini oʻtkazish faqat harbiy qism komandiri yoki oliy harbiy taʼlim muassasasi boshligʻi tomonidan, ushbu mashqlar maʼmuriyati (oʻt otish mashgʻuloti rahbari, navbatchi shifokor, qurshov guruhi va shu kabilar) tayinlangandan soʻng tashkillashtiriladi.
22. Taʼlim muassasalari oʻquvchilarining ChQBT fani boʻyicha egallagan nazariy bilim va amaliy koʻnikmalari boshqa umumtaʼlim fanlari uchun belgilangan meʼyoriy baholash tizimiga muvofiq baholanadi. Oʻquvchining uch kunlik oʻquv-dala mashgʻulotlari davomida olgan umumiy bahosi ChQBT fani boʻyicha olgan yakuniy bahosi hisoblanadi.
23. ChQBT kursi yakunida taʼlim muassasasi direktorining tegishli buyrugʻi chiqarilib, unda oʻtkazilgan oʻquv-dala mashgʻulotlarining natijalari tahlil qilinadi, ChQBT fani dasturiga baho beriladi va oʻquv yiliga yakun yasaladi.
24. Taʼlim muassasalarida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlar taʼlim muassasalari oʻquvchilari qalbida Vatanga sodiqlik, yurt tarixiga va xalqimizning ezgu anʼanalariga hurmat bilan qarash tuygʻularini shakllantirish, ularni Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga soʻzsiz amal qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek ular oʻrtasida yurt anʼanalarini targʻib qilish, harbiy xizmatga hurmat bilan qarash, yuksak maʼnaviy-axloqiy sifatlar, Vatanga qasamyod va umumqoʻshin nizomlarida bayon etilgan talablar ijrosiga masʼuliyat bilan yondashish fazilatlarini, intizomlilik, jasurlik, tashabbuskorlik va Vatan himoyasiga shaylik sifatlarini tarbiyalash maqsadlarida tashkil etiladi va olib boriladi.
(24-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 179-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son)
Harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlar taʼlim muassasalari oʻquvchilarining ChQBT fani bilan uygʻunlashtirilib, ular tomonidan harbiy ishning sir-asrorlari, shu jumladan ommaviy qirgʻin qurollari taʼsiridan saqlanish vosita va usullari, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan sharoitda amalga oshiriladigan xatti-harakatlar puxta oʻzlashtiriladigan tarzda tashkil etiladi.
25. Taʼlim muassasalarda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning turli shakl va usullari qoʻllaniladi, sohaga doir tadbirlar yuksak tashkiliy va gʻoyaviy saviyada, samarali, yuqori sifat bilan bajarilishiga qaratilgan choralar muntazam ravishda amalga oshiriladi.
Taʼlim muassasalari bilan harbiy qismlar, oliy harbiy taʼlim muassasalari oʻrtasida mustahkam aloqa oʻrnatiladi, taʼlim muassasalari oʻquvchilari orasida harbiy kasbni targʻib etishga doir tashviqot ishlari faol olib boriladi.
26. Taʼlim muassasalari yuksak gʻoya va dolzarb mavzularga boy, yurtimizda yuz bergan eng muhim siyosiy voqea va jarayonlar, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi mavzu va fuqaro muhofazasi asoslari aks ettirilgan, shuningdek oʻzbek xalqining yutuqlari, urush va jangovar harakatlar ishtirokchilari, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik aʼlochilari sifatida eʼtirof etilgan harbiy xizmatchilar aks ettirilgan koʻrgazmali materiallar bilan jihozlanadi.
IV. ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilarini tanlash va tayinlash
27. ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisi lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar taʼlim muassasasi tomonidan tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi bilan hamkorlikda tanlanadi. Bunda nomzodning maʼlumoti, harbiy, jismoniy va pedagogik tayyorgarligining saviyasi, shuningdek tashkilotchilik qobiliyati hamda uslubiy koʻnikmalari puxta shakllanganligi hisobga olinadi.
ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisi lavozimiga oliy taʼlim muassasalarining “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishlarini tamomlagan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi tajribali ofitserlar tayinlanadi.
ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisi lavozimiga yuqorida qayd etilgan talablar boʻyicha ishga olish imkoni boʻlmagan holatlarda, istisno tariqasida, pedagog mutaxassisligi boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan zaxiradagi (rezervdagi) oddiy askar yoki serjant harbiy unvonidagi shaxslar tayinlanishi mumkin.
28. Tibbiy bilim asoslari fani oʻqituvchisi lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar taʼlim muassasasi tomonidan, tuman (shahar) sogʻliqni saqlash organlari bilan hamkorlikda tajribali tibbiyot xodimlari yoki fuqaro muhofazasi yoʻnalishidagi tibbiy hamshira dasturi boʻyicha tahsil olgan oʻqituvchilar orasidan tanlanadi va tayinlanadi.
V. Taʼlim muassasalarining ChQBT va tibbiy bilim asoslari fani oʻqituvchilarining malakasini oshirish
29. Taʼlim muassasalarining ChQBT va tibbiy bilim asoslari fani oʻqituvchilarini malakasini oshirish:
taʼlim-tarbiya jarayonini tashkillashtirish va olib borish sifatini yanada oshirish;
uslubiy mahoratni takomillashtirish borasida toʻplangan tajribalar bilan oʻzaro oʻrtoqlashish;
harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning ilgʻor usullarini targʻib etish va amaliyotda qoʻllash masalalariga yagona tarzda yondashilishini shakllantirish maqsadlarida amalga oshiriladi.
30. ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilarining malakasini oshirish oʻz ichiga, ularni oliy taʼlim muassasalari huzuridagi malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarida tahsil olishi, shuningdek har yili oʻtkaziladigan besh kunlik oʻquv-uslubiy yigʻinlar, har oyda bir marta oʻtkaziladigan uslubiy mashgʻulotlar, taʼtil vaqtida oʻtkaziladigan uch kunlik seminar kabi uslubiy tayyorgarliklarni qamrab oladi.
31. ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilarining malakasini oshirish kurslari “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishlari mavjud boʻlgan oliy taʼlim muassasalarining malaka oshirish va qayta tayyorlash fakultetlarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazlarida tashkil etiladi.
32. Oliy taʼlim muassasalari huzuridagi kurslarda tahsil olishga ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilari har uch yilda bir marta jalb etiladi.
Bunday kurslardagi mashgʻulotlar:
oliy taʼlim muassasalari huzuridagi kurslar faoliyat yuritadigan hududlardagi taʼlim muassasalarida ishlaydigan ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilari uchun — ishdan ajralmagan holda, oʻzaro almashuv yoʻli bilan mashgʻulot oʻtkazilmaydigan kunlarda;
oliy taʼlim muassasalari huzuridagi kurslar faoliyat yuritmaydigan hududlardagi taʼlim muassasalarida ishlaydigan ChQBT fani rahbari va oʻqituvchilari uchun — taʼtil vaqtida boshqa oʻqituvchilar bilan birgalikda umumiy belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Ushbu kurslardagi mashgʻulotlar intellektual salohiyatga ega boʻlgan eng malakali va tajribali oʻqituvchilar tomonidan olib boriladi. Alohida mavzularga oid mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun harbiy qismlar, oliy harbiy taʼlim muassasalari va mudofaa ishlari boshqarmalari ofitserlari jalb etilishi mumkin.
33. Besh kunlik oʻquv-uslubiy yigʻinlar barcha ChQBT fani rahbari va oʻqituvchilari bilan oʻquv yili boshlanishidan oldin namunali taʼlim muassasasida tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
Yigʻinlar dasturi Markazning hududiy boshqarmalari tomonidan ishlab chiqiladi va mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi.
Ushbu yigʻinlar davomida oʻtgan oʻquv yili boʻyicha ChQBT yakunlari tahlil etiladi, yangi oʻquv yili uchun vazifalar belgilanadi hamda tashkiliy-uslubiy hujjatlar oʻrganiladi, koʻrgazmali, uslubiy, amaliy va boshqa mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Yigʻin ishtirokchilari taʼlim muassasalari oʻquvchilarining taʼlim-tarbiyasini tashkillashtirish va olib borish sohasida toʻplagan oʻz tajribalari bilan oʻzaro oʻrtoqlashadi. Yigʻinning yakuniy bosqichida ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilari tayyorgarligining saviyasi tekshiriladi.
34. ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilari bilan har oyda bir marta oʻtkaziladigan uslubiy mashgʻulotlar tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi tomonidan taʼlim muassasasi direktorlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Bunday mashgʻulotlar oʻtkaziladigan joy va sana mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻi tomonidan Markazning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Unda ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilariga amaliy hamda koʻrgazmali mashgʻulotlar, ochiq dars va seminarlar oʻtkaziladi, ChQBT dasturiga kiritilgan mavzularga oid maʼruzalar oʻqiladi. Bunday mashgʻulotlarga rezervdagi (isteʼfodagi) general va ofitserlar, ChQBT fani boʻyicha tajribali oʻqituvchilar, harbiy qismlar va oliy harbiy taʼlim muassasalarining tajribali ofitserlari jalb etilishi mumkin.
35. ChQBT fani rahbarlari va oʻqituvchilarining uch kunlik seminari har yili qishki taʼtil vaqtida Markazning hududiy boshqarmalari tomonidan, mudofaa ishlari boshqarmalari bilan hamkorlikda tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
Mazkur seminarda ChQBT fani rahbari va oʻqituvchilari ChQBT hamda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyani tashkillashtirish borasida toʻplagan tajribalari bilan oʻzaro oʻrtoqlashadilar.
36. ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisi taʼlim muassasasining ChQBT, jismoniy tarbiya va tibbiy bilim asoslari fanlari metodikasini takomillashtirish komissiyasi ishlarida ishtirok etadi.
ChQBT, jismoniy tarbiya va tibbiy bilim asoslari fani oʻqituvchilarining maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik saviyasini oshirib borish, uslubiy mahoratlarini yanada takomillashtirish, taʼlim muassasalari oʻquvchilari bilan olib borilayotgan taʼlim-tarbiya ishlaridagi ilgʻor tajribalarni oʻzlashtirib, soha amaliyotiga joriy etish ushbu komissiya oldida turgan asosiy vazifalar hisoblanadi.
37. ChQBT fani rahbari hamda oʻqituvchisiga uslubiy ishlarni va fanga oid oʻquv-moddiy bazani yanada takomillashtirish, shuningdek uslubiy ishlarga oid shaxsiy topshiriqlarni bajarish, uslubiy qoʻllanmalar yaratish, navbatdagi mavzularga oid mashgʻulotlarga tayyorgarlik koʻrish, sohaga oid toʻplangan shaxsiy tajribani umumlashtirish uchun ish haftasining bir kuni ajratiladi.
38. ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisi, shuningdek tibbiy bilim asoslari fani oʻqituvchilari bilan oʻquv yili boshlanishidan oldin va qishki taʼtil vaqtida bir kunlik uslubiy mashgʻulotlar oʻtkaziladi.
Unda tibbiy bilim asoslari fani oʻqituvchilariga uslubiy yoʻl-yoʻriqlar beriladi, ular bilan amaliy, koʻrgazmali va seminar mashgʻulotlari oʻtkaziladi, ChQBT dasturiga oid maʼruzalar oʻqiladi.
VI. Taʼlim muassasalari mansabdor shaxslarining majburiyatlari
39. Taʼlim muassasasi direktori yoshlarning ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyasini puxta tashkillashtirilishi, sifatli oʻtkazilishi, sohaga doir ijobiy natijalarga erishilishi, taʼlim muassasasi ixtiyoriga berilgan oʻquv qurol-yarogʻlari, kichik kalibrli va pnevmatik miltiqlar, ularda qoʻllaniladigan patronlar but saqlanishi uchun javob beradi.
40. Taʼlim muassasasi direktori zimmasiga ChQBT sohasida quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
oʻquv-tarbiyaviy jarayonni oʻz vaqtida rejalashtirilishi, tashkil etilishi hamda ChQBT dasturini toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlash;
ChQBT fani uchun xona, ushbu tayyorgarlikning amaliy masalalarini oʻtkazish uchun joy va maydonlar ajratish, shuningdek ushbu fanga oid oʻquv-moddiy bazani mazkur Nizom hamda ChQBT dasturida belgilangan talablarga muvofiq muntazam ravishda takomillashtirib borish choralarini koʻrish;
taʼlim muassasalarida “Shon-sharaf burchagi” yoki “Jasorat muzeyi”ni tashkil etish va ularning jihozlanishini qatʼiy nazoratga olish;
taʼlim muassasasi ixtiyoriga berilgan oʻquv qurol-yarogʻlar (kichik kalibrli va pnevmatik miltiqlar, ularda qoʻllaniladigan patronlar) hisobini tegishli yoʻriqnoma talablariga muvofiq yuritilishi, saqlanishi, taʼmirlanishi va hisobdan chiqarilishini tashkillashtirish, shuningdek har uch oyda bir marta ularning mavjudligi, hisobi toʻgʻri yuritilayotgani, talab darajasida saqlanayotgani va texnik holatini shaxsan tekshirib borish;
ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisiga oʻquv-uslubiy jihatdan yordam berish, ushbu fanning boshqa fanlar bilan uzviyligini, shuningdek toʻgarak ishlari tashkil etilishi va olib borilishini taʼminlash;
ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisi tomonidan oʻtkazilayotgan darslar va oʻquvchilarning oʻquv materiallarini oʻzlashtirishi sifatini muntazam tekshirib borish, ular bilan olib borilayotgan ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning holatini oʻquv semestri davomida oʻtkaziladigan pedagoglar kengashlarda (yigʻilish va majlislarda) muhokama etib borish;
shaklan va mazmunan turli harbiy-sport musobaqalarini muntazam ravishda tashkil etish va oʻtkazish;
ChQBT fani boʻyicha oʻqishning boshlanishi va yakunlari, guruhlarni tuzish, guruh va seksiya komandirlarini tayinlash, kichik kalibrli va pnevmatik miltiqlardan oʻt otish mashgʻulotlarini tashkillashtirish va oʻtkazish, bir oylik harbiy-vatanparvarlik oyligini tashkil etish, oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun targʻibot-tashviqot va nomzodlarni saralab olish ishlarini tashkillashtirish hamda oʻtkazish, “Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik boʻyicha eng yaxshi taʼlim muassasasi va eng yaxshi oʻqituvchi” koʻrik- tanlovlarini, shuningdek, uch kunlik oʻquv-dala mashgʻulotlari hamda “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqalarining dastlabki bosqichini tashkil etish va oʻtkazish, ChQBT, jismoniy tarbiya va tibbiy bilim asoslari fanlari metodikasini takomillashtirish komissiyasini tuzish boʻyicha buyruqlarni oʻz vaqtida chiqarish;
ChQBT, jismoniy tarbiya va tibbiy bilim asoslari fanlari metodikasini takomillashtirish komissiyasi faoliyatini tashkillashtirish va ushbu faoliyatni nazorat qilib borish;
tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi va boshqa hisobot beriladigan organlarga ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlar toʻgʻrisida hisobot berish.
41. ChQBT fani rahbari (taʼlim muassasasida ChQBT rahbari lavozimi boʻlmagan taqdirda, ChQBT rahbarining vazifasi ChQBT oʻqituvchisiga yuklanadi) taʼlim muassasasi direktoriga boʻysunadi, taʼlim muassasasi oʻquvchilarining ChQBT, shuningdek taʼlim muassasasi ixtiyoriga berilgan oʻquv qurol-yarogʻlar (kichik kalibrli va pnevmatik miltiqlar, ularda qoʻllaniladigan patronlar) hisobini toʻliq yuritilishi, saqlanishi va topshirilishi, qurol-yarogʻ va oʻq-dori qoʻllanilgan tarzda oʻtkaziladigan mashgʻulotlar davomida amal qilinishi lozim boʻlgan xavfsizlik choralariga qatʼiy rioya etilishi uchun bevosita javob beradi.
ChQBT fani rahbari zimmasiga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
oʻquv va darsdan tashqari soatlar davomida ChQBT mashgʻulotlarini shaxsan tashkillashtirish va olib borish, harbiy ish asoslarini oʻzlashtirish toʻgaraklari hamda harbiy-amaliy sport turlari boʻyicha seksiyalar faoliyatiga rahbarlik qilish;
maʼnaviy-maʼrifiy, harbiy va pedagogik bilimlarni muntazam oshirib borish, uslubiy koʻnikmalarni takomillashtirish;
harbiy va fuqaro muhofazasi xonalariga rahbarlik qilish, shuningdek qurol saqlash va otish tiri xonalarini nazorat qilish;
taʼlim muassasasi ixtiyoriga berilgan oʻquv qurol-yarogʻlar (kichik kalibrli va pnevmatik miltiqlar, ularda qoʻllaniladigan patronlar) hisobini tegishli yoʻriqnoma talablariga muvofiq yuritish, saqlash, har oyda bir marta ularning mavjudligi va texnik holatini shaxsan tekshirib borish, taʼmirlanishi va hisobdan chiqarilishini oʻz vaqtida, belgilangan tartibda tashkillashtirish;
taʼlim muassasalari oʻquvchilarining harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarini taʼlim muassasasi pedagoglar jamoasi bilan hamkorlikda olib borish;
jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi bilan hamkorlikda taʼlim muassasasi miqyosida shaklan va mazmunan turli harbiy-sport musobaqalarini muntazam tashkil etish hamda oʻtkazish;
merganlik, harbiy-amaliy sport turlari va fuqaro muhofazasi boʻyicha tuman (shahar) miqyosida oʻtkaziladigan musobaqalarni tashkillashtirish ishlarida ishtirok etish;
oʻquvchilarning ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning sifatini oshirish maqsadida taʼlim muassasasiga biriktirilgan harbiy qism, oliy harbiy taʼlim muassasasi va jamoat tashkilotlari yordamidan doimiy ravishda foydalanish, oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish istagini bildirgan oʻquvchilarni tanlash va tayyorlash ishlarida mudofaa ishlari boʻlimiga yaqindan yordam berish, guruh rahbarlari bilan hamkorlikda chaqiruv uchastkasida qayd etilishi lozim boʻlgan oʻsmirlarga tavsifnomalar tayyorlash.
ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisi darsdan tashqari vaqtda taʼlim muassasalari oʻquvchilarining harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyasini tashkillashtirish borasida oʻquvchilar tarbiyasi boʻyicha masʼul (direktorning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari), jismoniy tarbiya oʻqituvchisi, guruh rahbarlari, ishlab chiqarish taʼlimi ustalari va taʼlim muassasasining pedagoglar jamoasi bilan hamkorlikda ish olib boradi.
ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisining kundalik ish faoliyati darslar jadvali, darsdan tashqari vaqtda amalga oshiriladigan asosiy tadbirlar rejasi va taʼlim muassasasi direktori tomonidan tasdiqlanadigan shaxsiy ish rejasi asosida olib boriladi.
ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisi taʼlim muassasasida joriy etilgan navbatchilik xizmatiga jalb etilishi mumkin. Uning zimmasiga mazkur Nizomda nazarda tutilmagan boshqa majburiyatlar yuklanmaydi.
VII. ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisining huquq hamda imtiyozlari
42. Taʼlim muassasasi ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisining pedagogik ish stajiga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidagi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati organlarida oʻtagan haqiqiy harbiy xizmat muddati qoʻshiladi.
43. ChQBT xonasi rahbari hisoblangan ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisiga amalda joriy etilgan qoʻshimcha haq toʻlash tizimi qoʻllaniladi.
44. ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisiga respublika taʼlim muassasalari boshqa fan oʻqituvchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar tatbiq etiladi.
45. Oliy taʼlim muassasalarining “Chaqiriqqacha harbiy taʼlim” yoʻnalishlarini tamomlab ofitser unvoniga ega boʻlgan, haqiqiy harbiy xizmatdan rezerv yoki isteʼfoga boʻshatilib, taʼlim muassasalari ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisi lavozimiga tayinlangan rezervdagi va isteʼfodagi ofitserlarga, shuningdek ChQBT fani rahbari va oʻqituvchilariga Umumharbiy nizomlarda belgilangan tartibda va amalda boʻlgan harbiy kiyim kiyib yurish huquqi beriladi.
VIII. ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning nazorati
46. ChQBT va harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarni nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Markaz hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
(46-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 508-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)
47. Taʼlim muassasasida tekshirish ishlari Mudofaa vazirligi tomonidan yilda bir marta, ikki kundan kam boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi. Tekshiruv davomida taʼlim-tarbiya jarayonining toʻgʻri tashkil etilganligi, ChQBT dasturining toʻliq bajarilayotganligi, oʻquv materiallarining taʼlim muassasasi oʻquvchilari tomonidan oʻzlashtirilishi sifati, taʼlim muassasasi oʻquvchilarining ushbu fandagi ishtiroki, ChQBT fani rahbari va oʻqituvchisining uslubiy tayyorgarlik saviyasi, mashgʻulotlarning oʻtkazilish sifati, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy hamda jismoniy tayyorgarlik ishlarning, shuningdek oʻquv-moddiy bazaning holati oʻrganib chiqiladi.
48. Tekshirish ishlari yakuni boʻyicha besh nusxada dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomaning bittadan nusxasi tegishli ravishda tuman (shahar) hokimligiga, taʼlim muassasasiga, mudofaa ishlari boshqarmasiga, mudofaa ishlari boshqarmasi orqali Markazning hududiy boshqarmasiga yuboriladi, bir nusxasi esa tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimida saqlanadi.
IX. Yakunlovchi qoida
49. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob berishadi.
(49-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 51-son, 610-modda; 2017-y., 20-son, 367-modda, 37-son, 996-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son; 24.03.2020-y., 09/20/179/0350-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)