|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.12.2004
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ShAKAR XOM AShYoSI XARID QILISh MEXANIZMINI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-sentabrdagi 407-son qarorini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 2003-yil 22-dekabrdagi 599-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Xorazm shakar zavodining ehtiyojlari uchun shakar xomashyosi xarid qilish mexanizmini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Shakar xomashyosi yetkazib beruvchini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Shakar xomashyosi yetkazib beruvchini aniqlash bo‘yicha maxsus guruh tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Shakar xomashyosi xarid qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 1-fevraldagi 44-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 2-son, 7-modda) va “Vazirlar Mahkamasining “Shakar xomashyosi xarid qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 1-fevraldagi 44-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2002-yil 19-iyundagi 217-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 6-son, 33-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 20-sentabr,
407-son
Shakar xomashyosi yetkazib beruvchini tanlab olish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Xorazm shakar zavodi ehtiyojlari uchun shakar xomashyosi yetkazib beruvchilarni tanlov bo‘yicha tanlab olish (keyingi o‘rinlarda tanlov deb ataladi) tartibini belgilaydi.
2. Quyidagilar tanlov o‘tkazishning maqsadi hisoblanadi:
shakar xomashyosining yil davomida eng maqbul narxlar bo‘yicha muntazam kelishini ta’minlash;
shakar xomashyosini xalqaro nufuzga ega bo‘lgan ishonchli xorijiy yetkazib beruvchilardan xarid qilish;
shakar xomashyosini xarid qilishga yo‘naltirilayotgan markazlashtirilgan valyuta mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish.
3. Tanlovning barcha ishtirokchilari uchun bir xil raqobat shartlarining yaratilishi, oshkoralik, baholashning xolisligi va talablarning yagonaligi tanlov o‘tkazishni tashkil etishning asosiy prinsiplari hisoblanadi.
4. Tanlov faqat ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va taqsimlashning tasdiqlangan balanslarida belgilangan import bo‘yicha xarid qilish hamda xarid qilishni mablag‘ bilan ta’minlashning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan manbalari mavjud bo‘lgan hajmlari doirasida o‘tkazilishi mumkin.
5. Tanlovda ishlab chiqaruvchi xorijiy firmalar va kompaniyalar hamda shakar xomashyosi yetkazib berish tajribasiga ega bo‘lgan mulkchilikning barcha shakllaridagi tijorat firmalari qatnashishlari mumkin.
6. Tanlov tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlanadigan Shakar xomashyosi yetkazib beruvchini aniqlash bo‘yicha maxsus guruh (keyingi o‘rinlarda Maxsus guruh deb ataladi) tomonidan o‘tkaziladi.
7. Tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib bilan bir yil muddatga shakar xomashyosi yetkazib berish yuzasidan bosh bitim tuziladi.
II. Takliflar tanlovini o‘tkazishni tashkil etish
8. Maxsus guruh rahbari guruh ishini tashkil etadi, zarurat bo‘lganda tushgan takliflarni baholash uchun ekspert va maslahatchi tashkilotlarning vakillarini jalb etish yuzasidan qarorlar qabul qiladi. Jalb etilgan mutaxassislarning tavsiyalari Maxsus guruhning protokolida aks ettiriladi.
9. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar, ekspert va maslahatchi tashkilotlar, shuningdek shartnoma asosida jalb etilgan mutaxassislarning xizmatlari, shu jumladan shakar xomashyosini tanlash bilan bog‘liq xizmat safarlari xarajatlari tanlov g‘olibidan O‘zbekiston Respublikasidagi shakar xomashyosi import qiluvchi tomonidan olingan rag‘batlantirish mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
10. Tanlovni o‘tkazishda Maxsus guruh:
tanlov o‘tkaziladigan sana to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
tanlov o‘tkaziladigan sanagacha yetkazib beruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘adi;
jalb etiladigan ekspertlar va konsultantlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
olingan ma’lumotlarni tartibga soladi;
tanlov g‘olibini aniqlaydi.
11. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
xorijiy shakar xomashyosi yetkazib beruvchilardan tushgan takliflarni tayyorlash, to‘plash, ko‘rib chiqish. Maxsus guruh tanlov o‘tkazilishidan kamida 15 kun oldin yetkazib beruvchilarga tanlovda qatnashish uchun taklifnomalar jo‘natadi;
shakar xomashyosi qiymatini Nyu-York birjasidagi narxdan kelib chiqib, polyarizatsiya uchun mukofotni hisobga olgan holdagi formula bo‘yicha hisoblab chiqishda, talabgorlardan tushgan takliflar asosida bir yilga xarajatlar qismini (yukni qayta ishlash joyigacha yetkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni) ko‘rib chiqish va tasdiqlash.
12. Maxsus guruh o‘z ish reglamentini mustaqil ravishda belgilaydi. Mazkur masala yuzasidan qaror Maxsus guruh a’zolari umumiy sonidan oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolganda Maxsus guruh rahbarining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
13. Maxsus guruh yig‘ilishini o‘tkazish uchun kvorum guruh tarkibining kamida 75 foizidan iborat bo‘ladi. Maxsus guruhning majlisida protokol yuritiladi.
III. Talabgorlarni tanlab olish
14. Maxsus guruh tomonidan yetkazib beruvchilarga yuborilgan taklifnomalarda ko‘rsatilgan, belgilangan mezonlarga muvofiq o‘zlari to‘g‘risida axborot taqdim etgan talabgorlar o‘rtasida malakaviy tanlov o‘tkaziladi.
15. Maxsus guruh yetkazib beruvchilar to‘g‘risidagi axborotlarni qabul qilish muddatini hamda uning so‘nggi sanasi va vaqtini, shuningdek tanlov uchun olingan axborot ko‘rib chiqiladigan majlis sanasini belgilaydi. Belgilangan muddatdan keyin olingan axborot ko‘rib chiqilmaydi. Tanlov ishtirokchisi axborot qabul qilishning oxirgi sanasidan kamida 24 soat oldin tanlovda qatnashishdan voz kechish huquqiga ega.
16. Tanlov quyidagi hollarda o‘tkazilmagan deb e’lon qilinadi:
buyurtmalar Maxsus guruh tomonidan ko‘rib chiqiladigan muddatning oxirigacha bironta ham yetkazib beruvchidan axborot olinmagan bo‘lsa;
tanlovga faqat bitta ishtirokchi tomonidan axborot taqdim etilgan bo‘lsa;
barcha taqdim etilgan axborotlar qo‘yilgan talablarga javob bermasa.
17. Quyidagilar talabgorlarning malakaviy tanlovini o‘tkazishda ko‘rib chiqishga qo‘yilmaydi:
qayta tashkil etish, tugatish yoki bankrotlik jarayonida bo‘lgan, ishi sud yoki arbitraj tartibida ko‘rilayotgan tashkilotlar, agar bu to‘g‘rida ishonchli ma’lumot mavjud bo‘lsa;
malakaviy tanlov uchun barcha zarur hujjatlarni belgilangan muddatda taqdim etmagan;
ilgari o‘tkazilgan tanlovlarda o‘zini salbiy jihatdan ko‘rsatgan;
ilgari tuzilgan kontraktlar bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarini zarur darajada bajarmagan;
tanlovda ishtirok etish huquqini boshqa yuridik shaxsga bergan tashkilotlar.
18. Tushgan axborotlarni baholash va tanlov g‘olibini aniqlash Maxsus guruh tomonidan quyidagilarni e’tiborga olgan holda amalga oshiriladi:
narxlarni shakllantirish taklif etilayotgan tartibining bozor kon’yunkturasiga muvofiqligi. Bunda shakar xomashyosining qiymati Nyu-York birjasidagi narxdan kelib chiqqan holdagi formula bo‘yicha, uni xaridor tomonidan belgilab qo‘yish huquqi bilan, shakar xomashyosini qayta ishlash joyigacha yetkazishni tashkil etish bilan bog‘liq asoslangan va yetkazib beruvchi komissiyasi tomonidan belgilab qo‘yilgan xarajatlarni hisobga olib hisoblab chiqilishi kerak;
yetkazib beruvchi kompaniyaning ishonchliligi va uning jahon shakar xomashyosi bozoridagi xalqaro nufuzi;
moliyaviy ahvoli va bank tavsiyalari.
Shakar xomashyosini qayta ishlash joyiga yetkazish bo‘yicha xarajatlar qismini ko‘rib chiqish va tasdiqlashda quyidagilar e’tiborga olinadi:
mo‘ljallangan stansiyagacha bo‘lgan, har qanday transport kompaniyasi tomonidan tasdiqlangan dengiz va temir yo‘l tarifi;
sug‘urta mukofoti summasi;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan tasdiqlangan qayta moliyalash stavkasi va akkreditivga xizmat ko‘rsatish xarajatlari;
shakar xomashyosini portda ortish-tushirish va saqlash xarajatlari;
syurveyer kompaniyasi xarajatlari;
sotuvchining belgilab qo‘yilgan rag‘batlantirish mukofoti;
shakar xomashyosini yetkazish bilan bog‘liq, tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa xarajatlar.
Taqdim etilgan axborotning qo‘shimcha texnik, tashkiliy va tijorat ustuvorliklari ham e’tiborga olinishi mumkin.
19. Axborotlarni baholash Maxsus guruh tomonidan belgilangan muddat mobaynida amalga oshiriladi.
Tanlov qatnashchilari yoki ularning vakillari tushgan axborotlarni baholashda ishtirok etishga haqli emas.
20. Maxsus guruhning har bir a’zosi tanlov qatnashchilari tomonidan taqdim etilgan axborot bilan tanishganlaridan so‘ng tanlov muddati tugagungacha asoslangan yozma xulosa tuzishga haqli.
Maxsus guruh a’zolarining yozma xulosalari (agar ular mavjud bo‘lsa) umumlashtirish va protokolga kiritish uchun guruh rahbariga beriladi.
21. Maxsus guruhning tanlov g‘olibi to‘g‘risidagi protokolida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
Maxsus guruh tarkibi;
ovoz berish natijalari;
tanlov g‘olibi bo‘lgan kompaniya nomi.
22. Tushgan axborotlarning ko‘rib chiqilishi va baholanishi to‘g‘risidagi axborot Maxsus guruh a’zolari tomonidan baholash tartibotiga rasmiy daxldor bo‘lmagan shaxslarga xabar qilinmaydi. Maxsus guruh a’zolari va jalb etilgan ekspertlar mazkur axborotning oshkor qilinishi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
23. Maxsus guruhning yetkazib beruvchini tanlab olish to‘g‘risidagi protokoli majlisda qatnashgan barcha Maxsus guruh a’zolari tomonidan imzolanadi hamda shakar xomashyosi yetkazib berish yuzasidan talabgorlarni tanlab olishga oid to‘liq axborot bilan tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasining Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi rahbariga taqdim etiladi.
24. Tanlov g‘olibi kontrakt tuzishni rad etgan yoki tanlov bo‘lib o‘tmagan taqdirda belgilangan tartibda yetkazib beruvchilarning qayta tanlovi o‘tkaziladi.
25. Tanlov natijalari Vazirlar Mahkamasining Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi rahbari tomonidan protokol tasdiqlangandan keyin bir kun mobaynida Maxsus guruh tomonidan pochta, telefaks yoki boshqa yozma shaklda tanlov g‘olibiga yetkaziladi.
IV. Yakuniy qoidalar
26. O‘tkazilgan tanlov bilan bog‘liq nizolar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
27. Tanlov g‘olibi aniqlangandan keyin yetkazib beruvchi va xaridor o‘rtasida bosh bitim imzolanadi. Etkazib beruvchi va xaridor o‘rtasida tuzilgan kontraktlar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
28. Kontraktlarning bajarilishi monitoringi ular to‘liq bajarilgungacha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksiga hamda tegishli vakolatli bankka majburiy ravishda axborot taqdim etilgan holda, Maxsus guruh tomonidan amalga oshiriladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2003-y., 17-18-son, 152-modda)