Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qimmatli qogʻozlarni muomalaga kiritish kvotalari va tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Qimmatli qogʻozlarni joylashtirish va muomalaga kiritish kvotalari va tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-sentabrdagi 274-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda)
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 20-avgust,
239-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-avgustdagi 239-son qaroriga
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Qimmatli qogʻozlarni joylashtirish va muomalaga kiritish kvotalari va tartibi toʻgʻrisida
nizom
(ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-sentabrdagi 274-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasiga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida;
Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirish va muomalaga kiritish kvotalari va tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlar davlat tomonidan olinishi hollariga tatbiq etilmaydi.
Banklar — Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirish va ularning muomalada boʻlishi xususiyatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
qimmatli qogʻozlarni nominal saqlovchi — qimmatli qogʻozlar egasining yoki u vakil qilgan shaxsning topshirigʻiga koʻra qimmatli qogʻozlarni hisobga olishni va ularga boʻlgan huquqlarni tasdiqlashni qimmatli qogʻozlarning egasi boʻlmagan holda amalga oshiruvchi investitsiya vositachisi, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-sentabrdagi 274-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda)
norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari — mulk huquqi depozitar tilxat bilan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti tomonidan chiqarilgan aksiyalar va korporativ obligatsiyalar;
Oʻzbekiston depozitar tilxati (OʻDT) — nominal qiymatga ega boʻlmagan, norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari muayyan soniga mulk huquqini tasdiqlaydigan va uning egasining depozitar tilxatning oʻrniga uning emitentidan norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari muayyan sonini olishni va depozitar tilxat egasi tomonidan norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari bilan mustahkamlangan huquqlarni amalga oshirishi bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatishni talab etish huquqini mustahkamlovchi qimmatli qogʻozning hosilasi;
Oldingi tahrirga qarang.
vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 323-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 09/22/323/0508-son)
norezidentning qimmatli qogʻozlari — Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti tomonidan aksiyalar va korporativ obligatsiyalar shaklida chiqarilgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlar;
rezidentning qimmatli qogʻozlari — Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlar;
Oldingi tahrirga qarang.
Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi (Markaziy depozitariy) — depo hisobvaraqlari boʻyicha emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni saqlash, bunday qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish va emissiyaviy qimmatli qogʻozlar harakati yagona tizimini taʼminlovchi davlat depozitariysi.
(2-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-sentabrdagi 274-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda)
3. Markaziy depozitariy ushbu Nizomda belgilangan tartibda:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashtiriladigan va muomalada boʻladigan norezidentlarning qimmatli qogʻozlarini va OʻDTni;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtiriladigan va muomalada boʻladigan rezidentlarning qimmatli qogʻozlarini saqlaydi va ularga boʻlgan huquqlarni hisobga oladi.
II. Norezidentning qimmatli qogʻozlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashtirish va ularning muomalada boʻlishi tartibi
4. Norezidentning qimmatli qogʻozlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashtirish va ularning muomalada boʻlishiga ayni bir vaqtda quyidagi shartlarga rioya qilinganda:
norezidentning qimmatli qogʻozlari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlar turlari tushunchalariga muvofiq boʻlganda;
norezidentning qimmatli qogʻozlari qimmatli qogʻozlarni identifikatsiyalashtirishning xalqaro kodiga (ISIN) va moliyaviy vositalarni tasniflashning xalqaro kodiga (CFI) ega boʻlganda;
norezidentning qimmatli qogʻozlari ular emitentining kelib chiqish mamlakati xorijiy birjasida listing tartibotidan oʻtgan va koʻrsatib oʻtilgan birjaning birja kotirovkasi roʻyxatiga kiritilgan boʻlganda;
taʼsis etish joyi Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti va Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhining (FATF) toʻliq huquqli aʼzosi hisoblangan davlatda boʻlgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari mavjud boʻlgan mamlakat rezidenti hisoblangan tashkilot emitent boʻlganda;
imtiyozli rejim taqdim qiluvchi va (yoki) moliyaviy operatsiyalarni oʻtkazishda axborot oshkor qilinishi va taqdim etilishini nazarda tutmaydigan davlatda va (yoki) hududda (offshor zonalarda) taʼsis etilgan tashkilot emitent hisoblanmaganda;
emitent ushbu emitent kelib chiqqan mamlakat qonunchiligiga muvofiq moliyaviy tashkilot hisoblanmaganda yoxud emitent Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq moliyaviy tashkilot sifatida qaralmaganda;
emitentning faoliyat koʻrsatish muddati u taʼsis etilgan kundan boshlab kamida oʻn yilni tashkil etganda;
emitent keyingi uch yil mobaynida rentabellik, toʻlovga qobiliyatlilik, moliyaviy barqarorlik va likvidlikning auditorlik tashkiloti xulosalari bilan tasdiqlangan ijobiy koʻrsatkichlariga ega boʻlganda, shuningdek xalqaro reyting agentliklarining mustaqil reyting bahosiga ega boʻlganda;
Markaziy depozitariy, emitent va norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlariga boʻlgan huquqlarni hisobga oluvchi xorijiy depozitariy oʻrtasida OʻDT chiqarishni tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnoma mavjud boʻlganda yoʻl qoʻyiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi hududida norezidentning qimmatli qogʻozlarini joylashtirishga ushbu turdagi (toifadagi, tipdagi) chiqarilgan qimmatli qogʻozlar umumiy sonining 25 foizidan ortiq boʻlmagan hajmda ushbu qimmatli qogʻozlarni ifodalaydigan OʻDTni chiqarish orqali yoʻl qoʻyiladi. Bunda OʻDT vakolatli davlat organi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Markaziy depozitariy OʻDT emitenti boʻlishi mumkin.
6. OʻDT ushbu Nizomda va fond birjasi qoidalarida belgilangan tartibda listing tartibotidan oʻtmasdan fond birjasida joylashtirilishi va muomalada boʻlishi mumkin.
7. Bir chiqarishdagi OʻDT faqat bir emitentning va ularning bir turining (toifasining, tipining) taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlariga, shuningdek taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlarga huquqlar bir xil hajmlarda boʻlganda va ularni chiqarish shartlarida mulk huquqini tasdiqlashi mumkin.
8. OʻDT emissiyasi jarayoni quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
OʻDTni chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish va tasdiqlash;
OʻDTga identifikatsiya raqami bergan holda uning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
OʻDTni joylashtirish.
9. Markaziy depozitariyning OʻDTni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) Markaziy depozitariyning toʻliq nomi, bank rekvizitlari, u joylashgan joy va pochta manzili, shuningdek rasmiy veb-sayt va elektron pochta manzili;
2) OʻDTni chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan va tasdiqlangan sana;
3) norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari emitentining nomi va turgan joyi, shuningdek uni yuridik shaxs sifatida identifikatsiyalash imkonini beruvchi boshqa maʼlumotlar;
4) norezidentning qimmatli qogʻozlari emitenti taʼsis hujjatlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxalari;
5) norezidentning qimmatli qogʻozlari emitentining aloqa qilish uchun maʼlumotlari, uning pochta manzili va elektron pochta manzili, shuningdek rasmiy veb-sayti;
6) norezidentning qimmatli qogʻozlari emitenti rahbari toʻgʻrisidagi qisqacha maʼlumot, shu jumladan uning toʻliq nomi, fuqaroligi, aloqa qilish uchun maʼlumotlar;
7) norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlarining turi, toifasi (tipi);
8) norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari bilan mustahkamlangan huquq va majburiyatlar;
9) emitent ustav kapitalining 5 foizidan ortiqqa egalik qiluvchi emitentning aksiyadorlari (ishtirokchilari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan toʻliq (qisqartirilgan) nomi (ismi), ularning kelib chiqish mamlakati (fuqaroligi), aloqa qilish uchun maʼlumotlar;
10) ularga boʻlgan mulk huquqi ushbu chiqarilishdagi bir OʻDT bilan tasdiqlanadigan norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari soni;
11) norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlarini hisobga oluvchi va ularga boʻlgan huquqlarni tasdiqlovchi xorijiy depozitariyning toʻliq nomi, uning bank rekvizitlari, joylashgan joyi (davlatning nomi) va pochta manzili, shuningdek rasmiy veb-sayt va elektron pochta manzili;
12) OʻDTni joylashtirish shartlari;
13) OʻDT egalarining huquqlari, shuningdek norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari bilan mustahkamlangan huquqlarning OʻDT egalari tomonidan amalga oshirilishi (realizatsiya qilinishi) tartibi;
14) Markaziy depozitariyning OʻDT egasining talabi boʻyicha norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari tegishli sonini taqdim etish yoki realizatsiya qilish va OʻDTni realizatsiya qilishdan tushgan pul mablagʻlarini OʻDTning egasiga berish majburiyati;
15) Markaziy depozitariyning, agar OʻDT egasi Oʻzbekiston Respublikasi yoki xorijiy davlat qonunchiligiga muvofiq norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari egasi hisoblanishi mumkin boʻlmasa, OʻDT egasi uni soʻndirishni talab qilgan taqdirda norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari tegishli sonini realizatsiya qilish majburiyati;
16) agar norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari aksiyalar boʻlsa — OʻDT egalari tomonidan Markaziy depozitariyga ovoz berish tartibi toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish (yuborish) tartibi va Markaziy depozitariyning OʻDT egalari koʻrsatmalariga muvofiq boʻlgandan boshqacha boʻlmagan tarzda ovoz berish huquqini amalga oshirishni taʼminlash majburiyati, shuningdek ovoz berish yakunlarini OʻDT egalariga taqdim etish boʻyicha majburiyat;
17) Markaziy depozitariyning vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan hajmda, tartibda va muddatlarda axborotni oshkor qilish majburiyati;
18) Markaziy depozitariyning norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari sonining muomaladagi OʻDT soniga muvofiqligini taʼminlash majburiyati;
19) Markaziy depozitariyning norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari boʻyicha huquqlar OʻDT egalari tomonidan amalga oshirilishi yuzasidan xizmatlar koʻrsatish majburiyati, shu jumladan ushbu qimmatli qogʻozlar egalari olishi kerak boʻlgan daromadlarni (dividendlar, foizlarni) va boshqa toʻlovlarni olish, shuningdek bunday xizmatlar koʻrsatish tartibi va shartlari;
20) norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari boʻyicha OʻDT egalariga tegishli boʻlgan toʻlovlarni amalga oshirish muddati;
21) norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari emitentining OʻDT egalari oldidagi majburiyatlari toʻgʻrisidagi axborot;
22) OʻDTni saqlash, hisobga olish va unga boʻlgan huquqlarning oʻtishi tartibi;
23) OʻDT boʻyicha majburiyatlarni ijro etish uchun OʻDT egalarining roʻyxatini tuzish tartibi va muddatlari;
24) OʻDTni maydalash imkoniyati va tartibi;
25) OʻDTni sotib olish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklar.
Yuqorida bayon qilinganlar bilan birgalikda, agar norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari obligatsiyalar va boshqa qarz qimmatli qogʻozlari boʻlsa, Markaziy depozitariyning OʻDTni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorida OʻDTni soʻndirish mexanizmi belgilanishi kerak.
10. OʻDTni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq boshqa maʼlumotlar ham boʻlishi mumkin.
11. OʻDTni chiqarishni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati, shuningdek OʻDT emissiyasi risolasiga qoʻyiladigan talablar vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlarni koʻrib chiqish uchun ariza berilgan sanada Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida yigʻim undiriladi. Undiriladigan yigʻim summasi vakolatli davlat organining hisob raqamiga oʻtkaziladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
13. OʻDTni chiqarishni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar vakolatli davlat organi tomonidan ular taqdim etilgan sanadan boshlab oʻttiz ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi. Emitent tomonidan qoʻshimcha hujjatlar taqdim etilgan taqdirda ularning koʻrib chiqish muddati yangidan hisoblanadi.
14. Quyidagilar:
OʻDTni chiqarishni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun hujjatlarning toʻliq turkumi taqdim etilmasligi;
emitent tomonidan norezidentning kelib chiqish mamlakatining qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi qonunchiligi buzilganligidan, uning qimmatli qogʻozlarining legitim emasligidan, uning noqonuniy faoliyatidan yoxud u tugatish bosqichida turganligidan guvohlik beruvchi maʼlumotlar mavjudligi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa asoslar OʻDTni chiqarishni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish uchun asoslar hisoblanadi.
15. OʻDT ushbu Nizomning 4-bandida belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan taqdirda uni Oʻzbekistonning fond birjasida joylashtirishga va muomalada boʻlishiga ushbu fond birjasining tegishli qarori asosida yoʻl qoʻyiladi.
16. OʻDTni fond birjasida joylashtirishni tashkil etish anderrayting xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma asosida anderrayter tomonidan amalga oshiriladi.
17. OʻDTni joylashtirish va uning muomalada boʻlishi uni Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda Markaziy depozitariyda hisobga qoʻyish yoʻli bilan va Markaziy depozitariy bilan norezidentning qimmatli qogʻozlariga xizmat koʻrsatuvchi xorijiy depozitariy oʻrtasida tuzilgan depozitariylararo oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari Markaziy depozitariy, xorijiy depozitariy va ushbu qimmatli qogʻozlar emitenti oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida ularni saqlash va hisobga olish uchun Markaziy depozitariyga topshirilishi mumkin.
18. OʻDTning qoʻshimcha chiqarilishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydi va OʻDTni chiqarishning eng koʻp darajadagi sonini koʻpaytirish yuzasidan OʻDT chiqarish toʻgʻrisidagi qarorga oʻzgartirishlar kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi, ushbu Nizomning 7-bandida belgilangan talablarga muvofiqligi sharti bilan u ayni bir vaqtda muomalada boʻlishi mumkin.
19. Vakolatli davlat organining qarori boʻyicha OʻDTni Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashtirish:
OʻDTni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda yoki OʻDT emissiya risolasida, shuningdek norezidentlarning qimmatli qogʻozlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashtirishga yoʻl qoʻyilishiga asos boʻlgan boshqa hujjatlarda notoʻgʻri, toʻliq boʻlmagan va (yoki) investorlarni chalgʻitadigan axborotlar aniqlangan;
Markaziy depozitariy va (yoki) OʻDT emissiya risolasini imzolagan investitsiya vositachisi, shuningdek anderrayter tomonidan ushbu Nizom va unga muvofiq qabul qilingan vakolatli davlat organining normativ-huquqiy hujjatlari talablari buzilgan;
Oldingi tahrirga qarang.
vakolatli davlat organi tomonidan emitentning kelib chiqishi mamlakatida qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga soluvchi tashkilotdan emitent tomonidan mamlakat qonunchiligi, shu jumladan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilganligi toʻgʻrisida axborot, shuningdek norezidentning qimmatli qogʻozlarini joylashtirishni va ularning muomalada boʻlishini bekor qilish yoxud toʻxtatib turish toʻgʻrisida axborot olingan yoki ushbu qimmatli qogʻozlar emitenti faoliyati tugatilgan yoxud toʻxtatib turilgan taqdirda toʻxtatib turiladi.
(19-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-iyundagi 402-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2021-y., 09/21/402/0618-son)
20. OʻDTni joylashtirish tugallangandan keyin Markaziy depozitariy vakolatli davlat organiga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrsatib oʻtilgan joylashtirish tugaganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomani taqdim etishi shart.
21. OʻDTning Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalada boʻlishiga, agar norezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari shartlarida chiqarilishni amalga oshgan deb eʼtirof etish uchun emissiya hajmiga talablar mavjud boʻlmagan taqdirda, ushbu Nizomning 20-bandida koʻrsatilgan bildirishnoma taqdim etilgandan va uni Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashtirish tugaganligi toʻgʻrisidagi axborot oshkor qilingandan keyin yoʻl qoʻyiladi.
III. Oʻzbekiston Respublikasi rezidentining qimmatli qogʻozlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirish va ularning muomalada boʻlishi tartibi
22. Rezidentning qimmatli qogʻozlari, agar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida oʻzgacha hol belgilanmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ushbu turdagi (toifadagi, tipdagi) chiqarilgan qimmatli qogʻozlar umumiy sonining 25 foizidan ortiq boʻlmagan hajmda joylashtirilishi va muomalada boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga asosan xalqaro va mahalliy fond bozorida aksiyalarining birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkaziladigan davlat ishtirokidagi korxonalarga mazkur bandda belgilangan tartib tatbiq etilmaydi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PQ-289-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.09.2025-y., 07/25/289/0859-son)
23. Rezidentning qimmatli qogʻozlari Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirilishi va ularning muomalada boʻlishi, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida oʻzgacha hol belgilanmagan boʻlsa, tegishli mamlakatning xorijiy emitentlarning qimmatli qogʻozlari toʻgʻrisidagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
24. Rezidentning qimmatli qogʻozlari Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ular joylashtirilishiga va muomalada boʻlishiga yoʻl qoʻyiladigan mamlakat qonunchiligiga muvofiq xorijiy depozitariy tomonidan chiqariladigan depozitar tilxatlar shaklida joylashtiriladi va muomalada boʻladi.
25. Rezidentning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirilgan qimmatli qogʻozlariga boʻlgan mulk huquqi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Markaziy depozitariy tomonidan tasdiqlanadi.
26. Rezidentning — respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan, davlat ulushi bor boʻlgan xoʻjalik jamiyatining qimmatli qogʻozlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirish va ularning muomalada boʻlishi Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalarida aksiyalar davlat ulushidan samarali foydalanilishi ustidan monitoring olib borish komissiyasi tomonidan oldindan koʻrib chiqilishi kerak.
27. Rezidentning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtiriladigan qimmatli qogʻozlari Markaziy depozitariy tomonidan saqlanadi va hisobga olinadi.
Rezidentning qimmatli qogʻozlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirishda ushbu qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlar faqat ularni joylashtirishdan emitentning respublika tijorat bankidagi hisob-kitob raqamiga mablagʻlar tushganligi emitent tomonidan Markaziy depozitariyga tegishli bildirishnoma yuborish yoʻli bilan tasdiqlangandan keyin ularni ifodalaydigan depozitar tilxatlar egalariga oʻtadi.
28. Markaziy depozitariy xorijiy depozitariy bilan tuzilgan tegishli shartnoma asosida depozitar tilxatlar egalariga rezidentning taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlari mavjudligini tasdiqlaydi.
29. Xorijiy depozitariy emitent-rezidentning qimmatli qogʻozlari egalari reyestrida qimmatli qogʻozlarning nominal saqlovchisi sifatida hisobga olinadi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
30. Iqtisodiyotga jiddiy zarar yoki jiddiy zarar yetkazilishi xavfiga yoʻl qoʻymaslik yoki buni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi norezidentning qimmatli qogʻozlari turlarini, ularning soni va hajmini cheklashda ifodalanadigan norezidentning qimmatli qogʻozlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga kiritishga qoʻshimcha kvotalar belgilash yoʻli bilan himoya choralarini qoʻllashga haqlidir.
31. Tijorat banklari, sugʻurta kompaniyalari, auditorlik tashkilotlari, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirish va ularning muomalada boʻlishiga qoʻyiladigan qoʻshimcha talablar koʻrsatib oʻtilgan tashkilotlar faoliyatini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organlari tomonidan belgilanadi.
32. Norezidentning Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga kiritilgan qimmatli qogʻozlari bilan bogʻliq investitsiya faoliyati doirasida sodir etiladigan kapitalning harakati bilan bogʻliq valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibiga qoʻyiladigan talablar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
33. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra OʻDTni chiqarish ushbu Nizom bilan Markaziy depozitariy uchun nazarda tutilgan tartibda tijorat banki tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
34. Norezidentning qimmatli qogʻozlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashtirish va ularning muomalada boʻlishini tashkil etishda ishtirok etuvchi shaxslar, teng darajada esa rezidentning qimmatli qogʻozlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashtirish va ularning muomalada boʻlishini tashkil etishda ishtirok etuvchi shaxslar oʻzlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda koʻrsatib oʻtilgan qimmatli qogʻozlarning egalari oldida javob beradilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 34-son, 437-modda; 2015-y., 39-son, 507-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2021-y., 09/21/402/0618-son; 10.06.2022-y., 09/22/323/0508-son; 22.09.2025-y., 07/25/289/0859-son)