OʻZBEKISTON AVTOMOBIL VA DARYO TRANSPORTI AGENTLIGI BOSHLIGʻINING
buyrugʻi
Avtomobilda tashuvchi tomonidan haydovchilarga yoʻl harakati xavfsizligi masalalari boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 13-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2582]
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2025-yil 25-fevraldagi 3-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3612, 14.03.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2025-y., 10/25/3612/0248-son)
1. Avtomobilda tashuvchi tomonidan haydovchilarga yoʻl harakati xavfsizligi masalalari boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq V. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2014-yil 22-aprel,
22-son
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2014-yil 22-apreldagi 22-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Avtomobilda tashuvchi tomonidan haydovchilarga yoʻl harakati xavfsizligi masalalari boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom avtomobilda tashuvchi tomonidan haydovchilarga yoʻl harakati xavfsizligi masalalari boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar (bundan buyon matnda yoʻl-yoʻriqlar deb yuritiladi) berish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2025-yil 25-fevraldagi 3-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3612, 14.03.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2025-y., 10/25/3612/0248-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
avtomobilda tashuvchi — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida avtotransport vositasiga ega boʻlgan, tijorat asosida yoʻlovchilar, bagaj, yuklar tashish xizmatini koʻrsatadigan hamda bunga maxsus ruxsatnomasi (litsenziyasi) boʻlgan yuridik shaxs;
avtotransport vositalari — yoʻlovchilar, bagaj, yuklar tashishga hamda maxsus ishlarni bajarishga moʻljallangan avtomobillar, shatakchi avtomobillar, tirkama va yarim tirkamalar;
yoʻl harakati xavfsizligi xizmati — avtomobilda tashuvchining avtotransport vositalari orqali tashishlarni amalga oshirishda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash vazifasi yuklatilgan tarkibiy boʻlinmasi (bundan buyon matnda YHX xizmati deb yuritiladi);
avtotransport vositalari guruhlari boshligʻi — avtotransport vositalari miqdori 150 tadan ortiq boʻlganda avtomobilda tashuvchining foydalanish xizmati tarkibiga joriy etiladigan lavozim (bundan buyon matnda avtoguruh boshliqlari deb yuritiladi);
Oldingi tahrirga qarang.
yoʻl-transport hodisasi — transport vositasining yoʻlda harakatlanish jarayonida va uning ishtirokida sodir boʻlgan, fuqarolar vafot etgan yoki ularning sogʻligʻiga zarar yetkazilgan, transport vositalari, inshootlar, yuklar shikastlangan yoxud boshqa moddiy zarar yetkazilgan hodisa.
(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2025-yil 25-fevraldagi 3-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3612, 14.03.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2025-y., 10/25/3612/0248-son)
2. Yoʻl-yoʻriqlar berishdan maqsad — haydovchida tashuvlarni amalga oshirishda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni hosil qilishdan iborat.
3. Avtomobilda tashuvchi haydovchilarga quyidagi turdagi yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatilishini taʼminlashi shart:
dastlabki — ishga qabul qilishda;
reys oldi — yoʻnalishga chiqish oldidan;
maxsus — muayyan mavzu boʻyicha;
mavsumiy — bahorgi-yozgi va kuzgi-qishki mavsumlardan oldin;
navbatdan tashqari — haydovchilarga alohida shart-sharoitlar boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot va talablarni yetkazish zarur boʻlganda.
4. Yoʻl-yoʻriqlar haydovchilarning ish tajribasi va malakasidan qatʼi nazar, toʻliq hajmda berilishi lozim.
5. Yoʻl-yoʻriqlar berishning toʻgʻri va toʻliq hajmda tashkil etilishi uchun masʼuliyat bevosita avtomobilda tashuvchining rahbari zimmasiga yuklatiladi.
6. Tegishli yil uchun yoʻl-yoʻriqlarning turi, mazmuni (mavzusi), berish vaqti, joyi va yoʻl-yoʻriq berish vazifasi yuklatiladigan shaxslar roʻyxati YHX xizmati tomonidan ishlab chiqiladi va avtomobilda tashuvchining rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Yoʻl-yoʻriqlarning mazmuni (mavzusi) va turini belgilashda tashuvlarning xususiyatlari va tashuv sharoitlari hisobga olinishi zarur.
8. Yoʻl-yoʻriq berish vaqtida mehnat taʼtili, kasallik va shu kabi boshqa sabablarga koʻra ishda boʻlmagan haydovchilarga ular ishga chiqqan kuni tegishli turdagi yoʻl-yoʻriq toʻliq hajmda berilishi lozim, dastlabki yoʻl-yoʻriq bundan mustasno.
2-bob. Dastlabki yoʻl-yoʻriq
9. Dastlabki yoʻl-yoʻriq tashuvlarni amalga oshirish boʻyicha birlamchi bilim va koʻnikmalarni hosil qilish maqsadida, avtomobilda tashuvchi tomonidan ishga qabul qilinayotgan barcha haydovchilarga majburiy ravishda beriladi.
10. Dastlabki yoʻl-yoʻriq haydovchilar tibbiy koʻrikdan oʻtganlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etganlaridan soʻng beriladi.
11. Dastlabki yoʻl-yoʻriq berishda quyidagilar tushuntiriladi:
ichki mehnat tartibi qoidalari;
haydovchiga biriktiriladigan avtotransport vositasida ishlash shart-sharoitlarining oʻziga xos xususiyatlari;
Oldingi tahrirga qarang.
yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining asosiy talablari hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalari (bundan buyon matnda yoʻl harakati qoidalari deb yuritiladi) buzilganligi uchun javobgarlik;
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2022-yil 4-iyuldagi 10-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2582-2, 25.07.2022-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2022-y., 10/22/2582-2/0671-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining XI bobi.
muntazam tashuvlarni amalga oshirish yoʻnalishi, oddiy (alohida xususiyatlari boʻlmagan) yuklarni ortish, qayta ortish va tushirish, yuk ortish va tushirish ishlarini bajarish jarayonida mexanik vositalardan foydalanish, yongʻin xavfsizligi qoidalari;
yoʻl harakati qoidalari buzilishi va yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlishining oldini olish choralari;
yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlganda haydovchining harakatlari, shu jumladan yoʻl-transport hodisasi natijasida jabr koʻrganlarga birlamchi shoshilinch yordam koʻrsatish usullari;
yoʻnalishga chiqishdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtish va yoʻl-yoʻriqlarni olish tartibi;
tegishli sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari talablari.
12. Dastlabki yoʻl-yoʻriq YHX xizmatining xodimi yoki uning vazifasi yuklatilgan boshqa xodim tomonidan beriladi. Agar haydovchilar alohida hududda joylashgan avtoguruhga ishga qabul qilinayotgan boʻlsa, dastlabki yoʻl-yoʻriq avtoguruh boshligʻi tomonidan berilishi lozim.
13. Yongʻin xavfsizligi qoidalari, birlamchi shoshilinch yordam koʻrsatish usullari hamda maxsus bilim va koʻnikmalarni talab qiladigan boshqa masalalar boʻyicha dastlabki yoʻl-yoʻriq berish uchun avtomobilda tashuvchining tegishli xizmatlari yoki kelishuv asosida boshqa tashkilotlardan mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Dastlabki yoʻl-yoʻriq YHX xizmati yoki mehnat muhofazasi xonalarida yoxud zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan boshqa xonalarda oʻqitishning texnik vositalari, koʻrgazmali oʻquv qurollari va adabiyotlari hamda yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlaridan foydalangan holda berilishi lozim.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
15. Dastlabki yoʻl-yoʻriq berishdan oldin yoʻl-yoʻriq beradigan xodim haydovchi bilan qisqa tanishuv suhbati oʻtkazishi, yoʻl-yoʻriq berish yakunlangandan keyin esa, haydovchi dastlabki yoʻl-yoʻriqning mazmunini oʻzlashtirganligi yuzasidan uning bilimini tekshirishi kerak.
16. Dastlabki yoʻl-yoʻriq, unda ishtirok etayotganlarning sonidan qatʼi nazar, toʻliq hajmda beriladi. Yoʻl-yoʻriq berish davomiyligi avtomobilda tashuvchining rahbari tomonidan belgilanadi. Yoʻl-yoʻriq berish davomiyligi kamida 2 soatdan iborat boʻlishi lozim.
17. Ishga yangi qabul qilingan haydovchilar mustaqil tashuvlarni amalga oshirish uchun dastlabki yoʻnalishga avtoguruh boshligʻi yoki zarur ish tajribasiga ega boʻlgan haydovchi bilan birga qoʻyilishi zarur.
3-bob. Reys oldi yoʻl-yoʻriq
18. Reys oldi yoʻl-yoʻriq haydovchilarga yoʻnalishga chiqish oldidan avtotransport vositasidan foydalanish, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlashni toʻgʻri va xavfsiz bajarishga oʻrgatish maqsadida beriladi.
19. Reys oldi yoʻl-yoʻriq quyidagi haydovchilarga beriladi:
shaharlararo va xalqaro tashuvlar, bolalarni, sayohatga chiqqan yoʻlovchilarni, shuningdek xavfli, katta hajmli va ogʻir vaznli yuklarni tashishni amalga oshiradigan haydovchilarga;
mavsum davomida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashishni amalga oshiradigan haydovchilarga;
bir muntazam yoʻnalishdan boshqa muntazam yoʻnalishga xizmat koʻrsatishga oʻtgan haydovchilarga.
20. Reys oldi yoʻl-yoʻriq YHX xizmati rahbari tomonidan foydalanish xizmati rahbari bilan birgalikda beriladi.
21. Reys oldi yoʻl-yoʻriq berishda quyidagilar tushuntiriladi:
haydovchi boshqaradigan avtotransport vositasining tuzilishi, unga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlashning oʻziga xos xususiyatlari, ushbu avtotransport vositasini xavfsiz boshqarish usullari;
harakatlanish shartlari va yoʻnalishda mavjud boʻlgan xavfli manzillar;
ob-havo sharoitlari;
harakatlanish, dam olish va ovqatlanishni tashkil qilish tartibi;
avtotransport vositasini toʻxtatib turish va qoʻriqlash tartibi;
yuklar va yoʻlovchilarni tashishning xususiyatlari, temir yoʻl kesib oʻtish joylari, odamlar toʻplanib turadigan joylardan oʻtish tartibi;
bolalarni tashishning alohida xususiyatlari;
tashuvlarni amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiquvchi boshqa muhim masalalar.
22. Avtomobilda tashuvchining texnika xizmati xodimi quyidagi hollarda reys oldi yoʻl-yoʻriq berishda ishtirok etadi:
haydovchini boshqa rusumli avtotransport vositasini boshqarishga oʻtkazishda;
haydovchini ixtisoslashtirilgan avtotransport vositasini boshqarishga oʻtkazishda;
tirkama ulangan avtomobilni boshqarishda;
yoqilgʻi-moylash materiallarini tashishda.
23. Reys oldi yoʻl-yoʻriq berish vaqtida ish tajribasi va malakasidan qatʼi nazar, ishga yangi qabul qilingan har bir haydovchining avtotransport vositasini boshqarish koʻnikmalari tekshiriladi.
4-bob. Maxsus yoʻl-yoʻriq
24. Maxsus yoʻl-yoʻriq haydovchilarni yoʻnalishda xavfsiz va tejamli ishlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar bilan tanishtirish maqsadida muayyan mavzu boʻyicha beriladi.
25. Maxsus yoʻl-yoʻriq yakka tartibda yoki guruh uchun oʻtkazilishi mumkin. Yoʻl-yoʻriqning ushbu turi avtotransport vositalari guruhlari boshliqlari yoki avtomobilda tashuvchi rahbarining buyrugʻi bilan tayinlangan boshqa xodim tomonidan beriladi.
26. Maxsus yoʻl-yoʻriq berishda quyidagilar tushuntiriladi:
keskin vaziyatlar yuzaga kelganda, xususan, avtomobilning turli tizimlari (tormoz tizimi, rul boshqaruvi, shinalar, mexanizmlarning harakatlanish qismi va shu kabilar) ishlamay qolganda haydovchi tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan harakatlar;
avtotransport vositasini olib qochish, yongʻin va boshqa favqulodda vaziyatlar yuz berishiga qarshi choralar.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Har bir mavzu boʻyicha yoʻl-yoʻriq berishda sodir boʻlgan muayyan yoʻl harakati qoidalari buzilishi yoki yoʻl-transport hodisasi batafsil oʻrganib chiqilishi, mavzu harakat xavfsizligi nuqtai nazaridan bir yoki bir necha yoʻnalishlarda yoritilishi hamda bu boradagi qonunchilik hujjatlari talablari tanishtirib oʻtilishi zarur.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
5-bob. Mavsumiy yoʻl-yoʻriq
28. Mavsumiy yoʻl-yoʻriq bir yilda ikki marta: bahorgi-yozgi va kuzgi-qishki mavsum boshlanishi oldidan haydovchilarni avtotransport vositasini boshqarish va undan foydalanishda yuzaga keladigan qoʻshimcha qiyinchiliklarga tayyorlash maqsadida beriladi.
29. Mavsumiy yoʻl-yoʻriq berishda quyidagilar tushuntiriladi:
mavsumiy iqlim oʻzgarishlarining (havo haroratining keskin koʻtarilishi yoki pasayishi, qor yogʻishi, yoʻllarning muzlashi, bahorgi sel kelishi va boshqalar) asosiy xususiyatlari;
tegishli mavsumga xos boʻlgan yoʻl harakati qoidalari buzilishlari va yoʻl-transport hodisalari, ularning yuzaga kelish sabablari;
avtotransport vositalari, yoʻlovchi va piyodalar oqimining mavsumga xos boʻlgan xususiyatlari;
mavsumga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish usullari.
30. Mavsumiy yoʻl-yoʻriq avtomobilda tashuvchining texnika xizmati va YHX xizmati xodimlari tomonidan beriladi.
6-bob. Navbatdan tashqari yoʻl-yoʻriq
31. Navbatdan tashqari yoʻl-yoʻriq toʻsatdan vujudga kelgan alohida shart-sharoitlar boʻyicha haydovchilarga qoʻshimcha maʼlumot va talablarni yetkazish maqsadida beriladi.
32. Navbatdan tashqari yoʻl-yoʻriq quyidagi holatlarda beriladi:
yoʻnalishlardagi harakatlanish sharoitlarida xavfli oʻzgarishlar yuz berganda (yoʻllarda xavfli joylar paydo boʻlishi, ob-havoning keskin oʻzgarishi va shu kabi boshqa holatlarda);
yuk yoki yoʻlovchilar tashish yoʻnalishlari keskin oʻzgarganda;
Oldingi tahrirga qarang.
haydovchilarni yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar, shu jumladan qabul qilingan yangi qonunchilik hujjatlari mazmuni bilan tanishtirish zarurati yuzaga kelganda;
(32-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
avtomobilda tashuvchining avtotransport vositalari ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlganda;
haydovchi tomonidan yoʻl harakati qoidalari buzilganda;
haydovchi bir necha kunlik xizmat safariga yuborilayotganda.
33. Navbatdan tashqari yoʻl-yoʻriqda berilishi lozim boʻlgan koʻrsatmalar har bir holatda uning maqsadidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
34. Navbatdan tashqari yoʻl-yoʻriq avtotransport vositalari guruhlari boshliqlari yoki YHX xizmati xodimi tomonidan beriladi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
35. Haydovchilarga yoʻl-yoʻriq berishni tashkil etish boʻyicha xarajatlar avtomobilda tashuvchining mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
36. Avtomobilda tashuvchining rahbari mazkur Nizomda belgilangan yoʻl-yoʻriqlarning berilishini tashkil etish uchun masʼuldir.
37. Avtomobilda tashuvchining YHX xizmati, foydalanish xizmati va texnika xizmati xodimlari haydovchilarga yoʻl-yoʻriqlar berish boʻyicha mazkur Nizomga muvofiq zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishi uchun javobgardir.
38. Haydovchilar mazkur Nizomga muvofiq yoʻl-yoʻriq berishda ishtirok etishlari hamda unda berilgan koʻnikmalarga rioya qilishlari lozim.
39. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiya Kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2014-yil 22-aprel
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
2014-yil 22-aprel
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2014-yil 22-aprel
Savdo-sanoat palatasi raisi A. SHAYXOV
2014-yil 22-aprel
Avtomobilda tashuvchi tomonidan haydovchilarga yoʻl harakati xavfsizligi masalalari boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Yoʻl-yoʻriqlar berishni qayd qilish
KITOBI
| T/r |
Yoʻl-yoʻriq turi | Yoʻl-yoʻriq berilgan sana | Yoʻl-yoʻriq berilgan shaxsning F.I.O. |
Kasbi, lavozimi |
Avtotransport vositasining rusumi |
Imzolar | |
| yoʻl-yoʻriq bergan shaxs |
yoʻl-yoʻriq berilgan shaxs | ||||||
| | 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 |
| | | | | | | | |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 20-son, 234-modda; 2016-y., 50-son, 577-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 25.07.2022-y., 10/22/2582-2/0671-son; 17.03.2025-y., 10/25/3612/0248-son)