|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“OʻZBEKISTON SSRDA XIZMAT KOʻRSATGAN PILLACHI” FAXRIY UNVONINI TAʼSIS ETISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Pillachilik xalq xoʻjaligining muhim tarmoqlaridan biri ekanini eʼtiborga olib hamda tarmoq ishchilari va mutaxassislarining Oʻzbekiston SSR iqtisodiyotiga qoʻshayotgan hissasini ragʻbatlantirish maqsadida:
1. “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” faxriy unvoni taʼsis etilsin.
2. “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” faxriy unvoni toʻgʻrisidagi Nizom va ushbu faxriy unvonning koʻkrakka taqiladigan nishoni tavsifi tasdiqlansin.
3. “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” faxriy unvoni taʼsis etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston SSR davlat mukofotlari toʻgʻrisidagi Nizomga quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
10-moddaning “B” boʻlimidagi “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan paxtakor” soʻzlaridan soʻng “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” soʻzlari qoʻshib qoʻyilsin;
12-modda “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan paxtakor” boʻlimidan soʻng quyidagi mazmunidagi boʻlim bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” kolxozchilarga, sovxozlar va boshqa qishloq xoʻjalik korxonalarining ishchilari, mutaxassislariga, oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot va tajriba muassasalarining xodimlariga, shuningdek pillachilikni rivojlantirishda xizmatlari boʻlgan hamda shu tarmoqda kamida 20 yil benuqson ishlagan kishilarga beriladi.
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 1-avgust,
PF-233-son
“OʻZBEKISTON SSRDA XIZMAT KOʻRSATGAN PILLACHI” FAXRIY UNVONI TOʻGʻRISIDA
1. “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” kolxozchilarga, sovxozlar va boshqa qishloq xoʻjalik korxonalarining ishchilari, mutaxassislariga, oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot va tajriba muassasalarining xodimlariga, shuningdek pillachilikni rivojlantirishda xizmatlari boʻlgan hamda shu tarmoqda kamida 20 yil benuqson ishlagan kishilarga beriladi.
2. “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” faxriy unvoni Oʻzbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining, Oʻzbekiston SSR Qishloq xoʻjaligi vazirligining, Oʻzbekiston Kompartiyasi Qoraqalpogʻiston ASSR Respublika komiteti va viloyat komitetlarining, Qoraqalpogʻiston ASSR Oliy Kengashi bilan Qoraqalpogʻiston ASSR Vazirlar Kengashining, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Sovetlari komitetlarining taqdimiga muvofiq Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan beriladi.
3. “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” faxriy unvonini berish toʻgʻrisidagi tavsiyanoma, odatda, faxriy unvonga taqdim etilayotgan kishi ishlayotgan jamoalarda maʼmuriyat tomonidan jamoat tashkilotlari bilan birgalikda beriladi.
Shahar, rayon partiya tashkilotlari, xalq deputatlari shahar va rayon Sovetlarining ijroiya komitetlari ham tavsiyanoma berishlari mumkin.
4. “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” faxriy unvoni berilgan kishilarga guvohnoma va belgilangan namunadagi koʻkrak nishoni topshiriladi.
“Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” faxriy unvonining egalari huquq va imtiyozlar jihatidan “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik xodimi” faxriy unvoniga sazovor boʻlgan kishilarga tenglashtiriladilar.
5. “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” faxriy unvonining koʻkrak nishoni koʻkrakning oʻng tomoniga taqiladi.
6. “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” guvohnomasi va koʻkrak nishoni tantanali va keng oshkoralik muhitida Oʻzbekiston SSR Prezidenti nomidan topshiriladi.
7. Oʻzbekiston SSR Prezidentigina “Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan pillachi” faxriy unvonidan mahrum etishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 9-son, 210-modda)