|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2014-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xalqimiz uchun sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy, asl milliy, eng ardoqli bayram boʻlmish Navroʻz ayyomini markazda va joylarda har tomonlama puxta tayyorgarlik bilan kutib olish va nishonlash mamlakatimizda ezgu anʼanaga aylanib qoldi.
Bugungi kunda ushbu umummilliy bayramning maʼnaviy hayotimizdagi oʻrni va taʼsiri, insonning tabiat bilan uygʻun boʻlib yashashi, uning qalbida ezgulik, mehr-oqibat, bagʻrikenglik kabi olijanob tuygʻularni uygʻotish, jamiyatimizda oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodimizni milliy qadriyat va anʼanalarimiz ruhida kamol toptirish borasidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Ana shularning barchasini inobatga olib hamda Navroʻz bayramini yuksak saviyada, munosib tarzda nishonlash maqsadida:
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
Tashkiliy qoʻmita va uning hududiy boʻlimlari Navroʻz bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida koʻtarinki ruhda oʻtkazishga qaratilgan, “Har kunimiz Navroʻz boʻlsin!” degan shiorni asosiy gʻoya sifatida oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
2. Tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
Navroʻz faslida insonning tabiat bilan hamohang boʻlib, oʻzini tabiatning ajralmas bir qismi deb his etishini ifoda qiladigan, atrof-muhitni, ona zaminni eʼzozlab, uning neʼmatlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga daʼvat etadigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni uyushtirish;
joylarda boʻlib oʻtadigan uchrashuv va suhbatlarda, ommaviy axborot vositalarida Navroʻz bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bogʻliq urf-odat, anʼana va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;
mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimiz uchun sevimli bayramga aylangan Navroʻzning ruhi va falsafasida mujassam boʻlgan ahillik va hamjihatlik, mehru saxovat, keksalarga hurmat-ehtirom koʻrsatish, koʻmakka muhtoj insonlarga begʻaraz yordam berish bilan bogʻliq tadbirlarni amalga oshirish;
yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi boʻlmish Navroʻz faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarimizda hasharlar, keng koʻlamdagi obodonchilik va koʻkalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan bayram dasturlariga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshi-shoirlar, shuningdek professional ijrochilar va isteʼdodli estrada artistlarini tanlov asosida jalb etish;
bayram dasturlarini tayyorlashda xalq oʻyinlari, folklor sanʼati namunalariga, el-yurtimizning dilidan chuqur joy olgan, goʻzal insoniy tuygʻularni yuksak pardalarda tarannum etadigan kuy va qoʻshiqlar, oʻlan va laparlarga keng oʻrin berish.
3. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlar hamda joylardagi ishlab chiqarish korxonalari, xoʻjaliklar, jamgʻarmalar hisobidan;
Toshkent shahrida respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
4. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 24-fevral,
PQ-2134-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-y., 1-son, 38-modda)