O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida
Sirka kislotasini chakana sotish va iste’mol qilishda xavfsizlik talablarini ta’minlash, fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 2-son, 15-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga ilovaga muvofiq qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilsin.
2. “O‘zkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi “O‘zstandart” agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda sirka kislotasiga amaldagi standartlarni qayta ko‘rib chiqsin hamda oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shiladigan sirka kislotasining cheklangan konsentratsiyasi bo‘yicha yagona talablarni belgilasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi “O‘zstandart” agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda chakana savdo tarmog‘idagi oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shiladigan 10 foizdan ortiq konsentratsiyali sirka kislotasi sotilishining oldini olish, shuningdek ushbu mahsulotni olib qo‘yish bo‘yicha belgilangan tartibda chora-tadbirlar ko‘rsin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ushbu qaror talablarini savdo hamda umumiy ovqatlanish korxonalariga yetkazsinlar, shuningdek aholini ulardan belgilangan tartibda xabardor qilsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 12-noyabr,
306-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 12-noyabrdagi 306-son qaroriga
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirish
1. Quyidagi mazmundagi 471-band qo‘shilsin:
“471. Oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shiladigan 10 foizdan ortiq konsentratsiyali sirka kislotasini chakana savdoda sotishga yo‘l qo‘yilmaydi”.
2. 70-banddagi “uksus” so‘zi “oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shiladigan 10 foizdan ortiq bo‘lmagan konsentratsiyali sirka kislotasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 46-son, 602-modda)