|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
1992-YIL 1 SENTYABRDAN NAFAQALAR, STIPENDIYALAR HAMDA BUDJET HISOBIDAGI TAShKILOTLAR XODIMLARINING ISh HAQI MIQDORLARINI OShIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining bir yilligi bayram qilinishi munosabati bilan:
1. Respublika hududida ish haqi va mehnat nafaqasining eng oz miqdori oyiga 1250 soʻm qilib belgilansin.
1992-yil 1-sentabrdan boshlab fuqarolar ish stajining oz-koʻpligiga va xizmatlariga qarab mehnat nafaqalarining tabaqalashtirilgan miqdorlari joriy etilib, bunda mazkur Farmonda belgilangan eng oz miqdor asos qilib olinsin.
2. Ulugʻ Vatan urushining qatnashchilari va nogironlariga eng oz miqdor 1600 soʻm boʻlishidan kelib chiqib, nafaqalar miqdori belgilansin, bunda Ulugʻ Vatan urushi III guruh nogironlari nafaqalarining miqdori eng oz ish haqi darajasigacha yetkazilsin.
3. Budjet hisobidagi muassasalar va tashkilotlar xodimlarining ish haqi 25 foiz oshirilsin.
4. Fuqarolarning soliq olinmaydigan daromadlarining eng past darajasi oyiga 1250 soʻm miqdorida belgilansin.
Mehnatkashlar barcha toifalarining oʻrtacha ish haqi umuman oshirilishini hisobga olib, oyiga 5250 soʻmgacha boʻlgan ish haqidan olinadigan daromad soligʻining eng kam miqdori (12%) belgilansin.
5. Oliy oʻquv yurtlari talabalarining stipendiyalari, texnikumlar hamda kiyim-bosh va ovqat bilan taʼminlanmaydigan hunar-texnika bilim yurtlari oʻquvchilarining stipendiyalari 1,5 baravar koʻpaytirilsin, bunda imtiyozli ovqatlanish uchun har oylik qoʻshimcha toʻlovlarning avvalgi miqdorlari bekor qilinsin. Talabalarning oshxonalari va bufetlarida tushlik ovqatlar qiymatidan 50 foizli chegirmalar saqlab qolinsin.
6. Respublika vazirliklari, idoralari, uyushmalari, konsernlari, korxonalari va xoʻjaliklari mehnat unumdorligini va ishlab chiqarish (ishlar va xizmatlar)ning hajmlarini tegishli darajada oshirishni taʼminlagan taqdirda ushbu Farmonda belgilangan eng oz miqdorni hisobga olib, ishlovchilarning maoshini yanada oshirsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida ushbu Farmonni roʻyobga chiqarishga oid tashkiliy chora-tadbirlarni koʻzda tutuvchi qaror qabul qilsin.
9. Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 25-avgust,
PF-458-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 10-son, 414-modda)