|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.09.1994
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI “O‘ZOZIQOVQATSANOAT” KONSERNINI O‘ZBEKISTON DAVLAT-AKSIONERLIK KONSERNIGA AYLANTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 26-sentabrdagi PF-945-son “Oziq-ovqat sanoatining “O‘zoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konsernini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida oziq-ovqat sanoati korxonalarining iqtisodiy mustaqilligini oshirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirishda ularning tashabbuskorligi va tadbirkorligini rivojlantirish, shuningdek respublika aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi oziq-ovqat sanoati “O‘zoziqovqatsanoat” konserni tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning konserni O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati “O‘zoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konserniga aylantirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konserni:
tarmoqni ishlab chiqarish jihatidan va ilmiy-texnikaviy rivojlantirish sohasida yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishni, korxonalar hamda tarkibiy bo‘linmalarning moliyaviy, investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyati, jumladan vazirliklar va idoralar bilan o‘zaro munosabatlar, davlat ehtiyojlari uchun topshiriqlarni bajarish, markazlashtirilgan tartibda ajratiladigan moddiy-texnika resurslari va kapital mablag‘larni taqsimlash masalalari muvofiqlashtirilishini ta’minlaydi;
barcha mulkchilik shaklidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni, shuningdek tarmoqni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan boshqa yuridik shaxslarni aksiyadorlik prinsiplari asosida birlashtiradi;
yuridik shaxs hisoblanadi va o‘z faoliyatini amaldagi qonunlar hamda konsernning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ustavi asosida tashkil qiladi;
o‘zining amaliy ishida O‘zbekiston Respublikasining Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qiladi, tarmoqni rivojlantirishga oid istiqboldagi vazifalar masalalari xususida esa o‘z faoliyatini vazirlik bilan muvofiqlashtiradi.
3. “O‘zoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konserni faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat qilib belgilansin:
tarmoqni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbol rejalarini, aniq maqsadga qaratilgan ilmiy-texnikaviy dasturlarini ishlab chiqish, sarmoyalar sohasida yagona strategiyani amalga oshirish;
oziq-ovqat tarmog‘i inshootlari kengaytirilishini, qayta qurilishi va texnika bilan qayta qurollantirilishini ta’minlash, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning me’yoriy va texnologik tartib-qoidalarini ishlab chiqish;
konsernga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning bozor munosabatlariga o‘tishida, ularni ijara, jamoa, aksionerlik hamda boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga aylantirishda yordam berish;
oziq-ovqat mahsulotlari bozorining konyunkturasini o‘rganish, firma savdosini rivojlantirish, xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy aloqalarni yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish.
4. O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi 20 kun muddat ichida O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati “O‘zoziqovqatsanoat”davlat-aksionerlik konsernini tashkil etish hamda uning faoliyatiga oid masalalar yuzasidan qaror qabul qilib, tuzilmasi va Ustavini tasdiqlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 24-maydagi 245-son “O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati (“O‘zoziqovqatsanoat”) davlat-aksionerlik konsernini tashkil etish va uning faoliyati masalalari” qaroriga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 30-avgustdagi 435-sonli “O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati davlat-aksionerlik konserni (“O‘zoziqovqatsanoat”)ning Ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 5-may,
PF-602-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 4-son, 182-modda)