Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha maslahat markazining namunaviy nizomini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 8-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2499]
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 17-son, 219-modda) muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha maslahat markazining namunaviy nizomi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Iqtisodiyot vaziri G. SAIDOVA
Toshkent sh.,
2013-yil 24-iyun,
36-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 24-iyun,
62-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 24-iyun,
2013-34-son
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasining 2013-yil 24-iyundagi 36, 62, 2013-34-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha maslahat markazining
NAMUNAVIY NIZOMI
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Namunaviy nizom Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha maslahat markazining (bundan buyon matnda Maslahat markazi deb yuritiladi) maqsadi va vazifalari, huquq va majburiyatlari hamda uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 22-iyundagi 381-son va Soliq qoʻmitasining 2026-yil 1-iyundagi 2026-15-sonli qarori (roʻyxat raqami 2499-4, 13.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 10/26/2499-5/0732-son)
I bob. Umumiy qoidalar
1. Maslahat markazi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, shuningdek mazkur Namunaviy nizomga amal qiladi.
2. Maslahat markazlari tegishli hududda tadbirkorlik faoliyatini, shu jumladan oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida tashkil etiladi.
3. Maslahat markazining davlat tilidagi nomi “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha maslahat markazi”.
4. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari Maslahat markazi nizomini ishlab chiqish va tasdiqlashda mazkur Namunaviy nizom talablariga amal qiladi.
Maslahat markazlari yuridik shaxs boʻlmaydi. Maslahat markazlari faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻz mablagʻlari hisobidan, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan qoplanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Maslahat markaziga mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi rahbarlik qiladi hamda unda tegishli hududdagi tajribali tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar, namunali oila boshliqlari hamda fuqarolar yigʻini raisining maslahatchilari aʼzolar sifatida kiritilishi mumkin.
Maslahat markazi aʼzolari soni tegishli hududda yashayotgan aholi va tadbirkorlik subyektlari soni, shuningdek Maslahat markazining ish hajmiga qarab mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi tomonidan belgilanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 22-iyundagi 381-son va Soliq qoʻmitasining 2026-yil 1-iyundagi 2026-15-sonli qarori (roʻyxat raqami 2499-4, 13.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 10/26/2499-5/0732-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Maslahat markazining rahbari tomonidan ishni toʻgʻri tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek zarur koʻmak va maslahatlar olish uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda tegishli tuman (shahar) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi, tuman (shahar) soliq inspeksiyasi, tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar) axborot maslahat markazi, tijorat banklari, “Hunarmand” uyushmasining hududiy boʻlimi, tuman (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimi va tuman (Quvasoy shahar) irrigatsiya boʻlimi masʼul xodimlari jamoatchilik asosida jalb qilinishi mumkin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 22-iyundagi 381-son va Soliq qoʻmitasining 2026-yil 1-iyundagi 2026-15-sonli qarori (roʻyxat raqami 2499-4, 13.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 10/26/2499-5/0732-son)
II bob. Maslahat markazining maqsadi va vazifalari
7. Maslahat markazining asosiy maqsadi tegishli hududda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan yoki shugʻullanish istagida boʻlgan fuqarolarga jamoatchilik asosida tadbirkorlikka oid axborot xizmatlari koʻrsatish, va shu orqali, mahalla aholisining, shu jumladan yoshlarning daromadlari hamda turmush farovonligini oshirish hisoblanadi.
8. Maslahat markazi oʻz faoliyatida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilmoqchi boʻlgan, tegishli hududda yashovchi fuqarolarni iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi, tadbirkorlik faoliyati toʻgʻrisidagi va soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari asoslarini oʻrgatish boʻyicha qisqa muddatli kurslar tashkil etadi, shuningdek ularga tadbirkorlik faoliyati subyektlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar va preferensiyalar haqida maʼlumot beradi;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Oldingi tahrirga qarang.
kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari bilan birgalikda yoshlarning tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ishga joylashishiga, ularning ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga, shuningdek hunarmandlarga biriktirilishiga koʻmaklashadi;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 11-iyuldagi 57-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2499-4, 10.08.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2023-y., 10/23/2499-4/0589-son)
tegishli hududda yashovchi fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishda, shu jumladan tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlashda koʻmaklashadi;
Oldingi tahrirga qarang.
tegishli hududdagi tadbirkorlik faoliyati subyektlariga, shu jumladan oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyati subyektlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, preferensiyalardan foydalanishda, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida kredit olish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlashda koʻmaklashadi;
(8-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
tadbirkorlarning huquqiy, boshqaruvchilik va rejalashtirish sohalaridagi savodxonligini oshirish uchun tegishli tashkilotlarning masʼul xodimlari ishtirokida oʻquv kurslari tashkil etadi;
tegishli hududda infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi va koʻrib chiqish uchun tegishli tashkilotlarga taqdim etadi;
tegishli hududda yashovchi aholining tovarlarga (ishlar, xizmatlar) boʻlgan ehtiyoji toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini yaratadi va yangilab boradi;
yangi innovatsion gʻoyalarni yaratish, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqish, yangi texnologiya va ixtirolarni oʻzlashtirishda tadbirkorlarga ilmiy va amaliy jihatdan koʻmaklashadi;
Oldingi tahrirga qarang.
tomorqa xoʻjaliklardan foydalanish darajasini oshirish uchun zarur meva-sabzavot urugʻlari, mevali daraxt koʻchatlari hamda mineral oʻgʻitlar toʻgʻrisida aniq maʼlumotga ega boʻlishlari uchun tegishli hududda yashovchi aholini ushbu hududda faoliyat yuritayotgan tajribali fermer xoʻjaliklarining faoliyati bilan tanishtiradi;
(8-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2021-yil 12-noyabrdagi 40-son, Moliya vazirligining 2021-yil 5-noyabrdagi 64-son, Davlat soliq qoʻmitasining 2021-yil 2-noyabrdagi 2021-40-sonli qarori (roʻyxat raqami 2499-3, 23.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 10/21/2499-3/1092-son)
tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, shuningdek shaxsiy tomorqalarda yetishtirilgan meva-sabzavotlar, poliz va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini realizatsiya qilish boʻyicha zarur maslahatlar beradi;
qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlovchi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tashkilotlarni tashkil etish va shu orqali yangi ish oʻrinlari yaratish istagida boʻlgan fuqarolarga yer ajratish hamda zamonaviy texnologiyalar va uskunalar sotib olish boʻyicha tegishli maslahatlar beradi hamda mazkur masalalar yuzasidan tegishli tashkilotlarga takliflar taqdim etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga mehnat munosabatlarini qonunchilik hujjatlariga muvofiq yoʻlga qoʻyish yuzasidan tavsiyalar beradi.
(8-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
III bob. Maslahat markazining huquq va majburiyatlari
9. Maslahat markazi quyidagi huquqlarga ega:
tuman (shahar) hokimligi bilan kelishilgan holda tegishli tashkilot va idoralarning masʼul xodimlarini Maslahat markazi faoliyatiga jamoatchilik asosida jalb qilish;
tadbirkorlik subyektlariga oʻzining buzilgan huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tegishli davlat organlariga murojaat etishda maslahatlar berish;
qisqa muddatli kurslarni oʻtkazish uchun tegishli hududda joylashgan taʼlim muassasalarining oʻquv jarayonlaridan boʻsh boʻlgan oʻquv xonalaridan foydalanish;
tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan birga yarmarka va koʻrgazmalarda ishtirok etish.
10. Maslahat markazi quyidagi majburiyatlarni bajaradi:
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan fuqarolarni tegishli qonunchilik hujjatlari va ularda belgilangan imtiyozlar va preferensiyalardan xabardor etish boʻyicha axborot burchaklarini tashkil etadi;
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
fuqarolarning tadbirkorlik faoliyati yuzasidan qilgan murojaatlarini oʻrganib chiqadi hamda ularga tegishli yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatadi;
tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun maslahat va amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan shaxslarga infrastruktura obyektlariga ruxsat olish hujjatlarini tayyorlashda hamda ularni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishda koʻmaklashadi;
tegishli hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga zarur xom ashyo hamda zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni sotib olishda koʻmaklashadi;
amalga oshirilgan ishlar boʻyicha statistik hisobotlarni fuqarolar yigʻiniga taqdim etadi;
oʻziga maʼlum boʻlgan tegishli hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining tijorat siriga oid maʼlumotlari sir saqlanishini taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Maslahat markazi rahbari va uning aʼzolari fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomala boʻlishlari va xolislikni taʼminlashlari, fuqarolarning inson huquq va erkinliklari, tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan hamda yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlariga doir huquqiy bilimlarini, shuningdek oʻz bilim va koʻnikmalarini muntazam ravishda oshirib borishlari lozim.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
IV bob. Maslahat markazi faoliyatini tashkil etish va nazorat qilish
12. Maslahat markazining faoliyati fuqarolar yigʻini tomonidan tasdiqlangan reja asosida amalga oshiriladi.
13. Davlat organlari maslahat markazlari faoliyatini tashkil etishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga koʻmaklashadi, Maslahat markazi oʻz vazifalarini amalga oshirishi uchun fuqarolar yigʻinlariga belgilangan tartibda binolar beradi.
14. Maslahat markazi rahbarining amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yilning har choragi yakuni boʻyicha hisoboti fuqarolar yigʻini majlisida eshitiladi. Mazkur hisobot yakunlari boʻyicha bayonnoma tuziladi hamda bayonnoma nusxasi tegishli fuqarolar yigʻini va tuman (shahar) hokimligiga yuboriladi.
15. Maslahat markazi tomonidan fuqarolarni qabul qilish har hafta shanba kuni amalga oshiriladi.
16. Maslahat markazi rahbari Maslahat markazi aʼzolarining xavfsiz va unumli faoliyat yuritishlari uchun zarur sharoit yaratib berishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Maslahat markazi faoliyatini nazorat qilish tegishli fuqarolar yigʻini raisi tomonidan amalga oshiriladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 11-iyuldagi 57-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2499-4, 10.08.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2023-y., 10/23/2499-4/0589-son)
V bob. Yakuniy qoida
18. Mazkur Namunaviy nizom Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi A. SHAYXOV
2013-yil 21-iyun
“Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi A. AHMEDOV
2013-yil 21-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 32-son, 435-modda; 2017-y., 26-son, 597-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2018-y., 10/18/2499-2/1835-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 23.11.2021-y., 10/21/2499-3/1092-son; 11.08.2023-y., 10/23/2499-4/0589-son; 14.07.2026-y., 10/26/2499-5/0732-son)