|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 19.05.2018
|
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining
Qarori
Chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish hamda chet davlat sudining topshirigʻini ijro etish toʻgʻrisidagi ishlarning xoʻjalik sudlari tomonidan koʻrilishida qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xoʻjalik sudlari tomonidan chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish hamda chet davlat sudining topshirigʻini ijro etish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda qonun hujjatlarini toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Xoʻjalik sudlari chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish hamda chet davlat sudining topshirigʻini ijro etish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda Nyu-York shahrida 1958-yil 10-iyunda imzolangan “Chet el mamlakatlari hakamlik qarorini eʼtirof etish va ijro etish toʻgʻrisida”gi Konvensiya (bundan buyon — Nyu-York Konvensiyasi deb yuritiladi), Kiyev shahrida 1992-yil 20-martda imzolangan “Xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq nizolarni hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Bitim (bundan buyon — Kiyev Bitimi deb yuritiladi), Minsk shahrida 1993-yil 22-yanvarda imzolangan “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida”gi Konvensiya (bundan buyon — Minsk Konvensiyasi deb yuritiladi), Gaaga shahrida 1954-yil 1-martda imzolangan “Fuqarolik protsessi masalalariga doir Konvensiya” (bundan buyon — Gaaga Konvensiyasi deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi xalqaro shartnomalari, Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon — XPK deb yuritiladi) va boshqa qonun hujjatlarini qoʻllashlari lozim.
2. Sudlarga tushuntirilsinki, chet davlat sudi deganda, sud hokimiyatini amalga oshiruvchi davlat organi, hakamlik deganda esa alohida har bir ish boʻyicha tayinlangan arbitraj va doimiy faoliyat koʻrsatuvchi arbitraj organi tushuniladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 28-noyabrdagi 271-sonli qarori tahririda)
3. Iqtisodiyot sohasida vujudga keladigan nizolar va boshqa ishlar yuzasidan qabul qilingan chet davlat sudi yoki hakamlikning qarorlari Oʻzbekiston Respublikasida, basharti, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma va qonunlarida bunday qarorlarni tan olish va ijroga qaratish nazarda tutilgan boʻlsa, tan olinishi va ijroga qaratilishi mumkin.
4. Ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilingan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatigina tan olinishi va ijroga qaratilishi mumkin.
Chet davlat sudining iltimosi boʻyicha boshqa protsessual harakatlar (ashyoviy dalillarni tekshirish, taraflarni eshitish va boshqalar) sud topshirigʻini ijro etish jarayonida amalga oshirilishi mumkin.
5. Kiyev Bitimining 4-moddasida nazarda tutilgan vakolatli sud deganda, qarori boshqa ahdlashuvchi taraf hududida ijroga qaratilishi lozim boʻlgan, qayd etilgan Bitimning 4-moddasi qoidalariga muvofiq nizolarni koʻrib chiqish huquqiga ega boʻlgan ahdlashuvchi tarafning sudi tushuniladi. Oʻzbekiston Respublikasida bunday sudlar boʻlib xoʻjalik sudlari hisoblanadi.
6. Sudlar eʼtiborga olishlari lozimki, chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish hamda chet davlat sudining topshirigʻini ijro etish bilan bogʻliq ishlar, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, XPK qoidalari boʻyicha koʻrib chiqiladi.
6.1. Chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida XPK 124-moddasida belgilangan tartibda xabardor qilinadilar.
6.2. Chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnoma yozma shaklda beriladi va undiruvchi yoki uning vakili tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.
Iltimosnomada quyidagilar koʻrsatilishi shart:
1) iltimosnoma berilayotgan xoʻjalik sudining nomi;
2) chet davlat sudining nomi va joylashgan joyi yoki arbitrajning nomi va tarkibi, uning joylashgan joyi;
3) undiruvchining nomi, uning joylashgan joyi yoki turar joyi;
4) qarzdorning nomi, uning joylashgan joyi yoki turar joyi;
5) undiruvchi tan olish va ijroga qaratishni iltimos qilayotgan chet davlat sudi yoki hakamlikning qarori haqidagi maʼlumotlar;
6) undiruvchining talabi;
7) ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
Chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomada undiruvchi yoki uning vakilining telefon, faks raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.
Iltimosnoma va unga ilova qilingan hujjatlar xalqaro shartnomalarda koʻrsatilgan tilda bayon etilishi kerak.
6.3. Chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnoma, shuningdek chet davlat sudining topshirigʻi sud tomonidan XPKning 16-bobida belgilangan tartibda ish yuritishga qabul qilinadi.
7. Sudlar eʼtiborga olishlari lozimki, xoʻjalik sudi chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini mazmunan qayta koʻrishga, oʻzgartirishga yoki bekor qilishga haqli emas.
8. Agar chet davlat sudi yoki hakamlikning qarori qisman ijro etilgan boʻlsa, sud bunday holda chet davlat sudi yoki hakamlik qarorining ijro etilmagan qismiga ijro varaqasi beradi.
9. Sudlarga tushuntirilsinki, chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish uchun davlat boji undirilmaydi, biroq XPKda belgilangan boshqa sud xarajatlari toʻlanishi (undirilishi) lozim.
10. Chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar qarzdor joylashgan yerdagi yoki yashaydigan joydagi yoxud, agar qarzdor joylashgan yer yoki yashaydigan joy nomaʼlum boʻlganda, uning mol-mulki joylashgan joydagi xoʻjalik sudi tomonidan koʻriladi.
11. Sudlar chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnoma XPK 88-moddasining 6-bandida belgilangan asoslar boʻyicha koʻrmasdan qoldirilishi mumkin emasligini inobatga olishlari lozim.
12. Chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi ishlarni koʻrish yakuni boʻyicha XPKning 18-bobida hal qiluv qarorini qabul qilish uchun belgilangan qoidalar boʻyicha ajrim chiqariladi va uning asosida ijro varaqasi darhol beriladi.
12.1. “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 6-moddasining ikkinchi qismiga koʻra chet el sudi yoki arbitrajining qarori asosida Oʻzbekiston Respublikasi sudi tomonidan berilgan ijro varaqasi, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, qaror qonuniy kuchga kirgan vaqtdan eʼtiboran uch yil ichida majburiy ijro etish uchun topshirilishi mumkin.
Bundan kelib chiqib, sudlar chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ajrimga asosan berilgan ijro varaqasida chet davlat sudi yoki hakamlik qarori qonuniy kuchga kirgan sanani koʻrsatishlari lozim.
13. Chet davlat sudi yoki hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishni koʻrish natijasi boʻyicha qabul qilingan ajrim ustidan XPKda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Chet davlat sudining topshirigʻini ijro etish bilan bogʻliq ishni koʻrish natijasi boʻyicha qabul qilingan ajrim ustidan shikoyat qilinmaydi (protest keltirilmaydi).
14. Chet davlat hakamlik qarorini (bundan buyon — hakamlik qarori deb yuritiladi) tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar xoʻjalik sudlari tomonidan Nyu-York Konvensiyasi asosida koʻrib chiqiladi.
14.1. Nyu-York Konvensiyasi 4-moddasiga koʻra hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratishni soʻrayotgan taraf iltimosnomani berishda tegishli tartibda tasdiqlangan hakamlik qarori va hakamlik kelishuvining asli yoki tegishli tartibda tasdiqlangan nusxalarini taqdim etadi. Agar hakamlik qarori va kelishuv rasmiy (oʻzbek) tilida bayon etilmagan boʻlsa, ushbu qarorni tan olish va ijroga qaratishni soʻrayotgan taraf bu hujjatlarning rasmiy tildagi tarjimasini taqdim qiladi. Tarjima rasmiy yoki qasamyod qilgan tarjimon, diplomatik yoxud konsullik muassasasi tomonidan tasdiqlanadi.
Sudlarga tushuntirilsinki, ushbu talablarga rioya qilinmasdan berilgan iltimosnoma XPKning 118-moddasiga mos holda qaytariladi.
14.2. Sudlar eʼtiborga olishlari lozimki, hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratish Nyu-York Konvensiyasining 5-moddasida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlgandagina rad etilishi mumkin.
Bunda shuni nazarda tutish kerakki, Nyu-York Konvensiyasi 5-moddasining 1-bandi asosida hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratishni rad etishga ushbu bandda koʻrsatilgan holatlarni isbotlovchi dalillar mavjud boʻlgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi. Nyu-York Konvensiyasi 5-moddasining 2-bandi asosida hakamlik qarorini tan olish va ijroga qaratishni rad etishga sudga har qanday dalillar taqdim etilganligidan qatʼi nazar, yoʻl qoʻyiladi.
15. Xoʻjalik sudlarida chet davlat sudining qarorlarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar Kiyev Bitimi, Minsk Konvensiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi va chet davlatlar oʻrtasida tuzilgan huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalar asosida koʻrib chiqiladi. Bunda Kiyev Bitimi, Minsk Konvensiyasi va Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalari ularning ishtirokchisi boʻlgan davlatlarning sud hujjatlariga nisbatan qoʻllanilishi inobatga olinishi lozim.
Agar Kiyev Bitimi yoki Minsk Konvensiyasi ishtirokchisi boʻlmagan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi bilan huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzmagan chet davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisida iltimosnoma berilgan boʻlsa, bunday iltimosnomani qabul qilish XPK 117-moddasining 1-bandi asosida rad etiladi. Agar koʻrsatilgan holat iltimosnoma ish yuritishga qabul qilinganidan keyin aniqlansa, ish boʻyicha ish yuritish XPK 86-moddasining 1-bandiga mos holda tugatiladi.
15.1. Agar Oʻzbekiston Respublikasi va ikki tomonlama oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma imzolagan davlat, oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama shartnomaning ham ishtirokchilari boʻlsalar, sud chet davlat sudi qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi ishni koʻrib chiqishda ikki tomonlama shartnomaning qoidalarini, u bilan tartibga solinmagan huquqiy munosabatlar qismi boʻyicha esa — oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama shartnoma qoidalarini qoʻllaydi.
15.2. Chet davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnoma vakolatli sudga faqat undiruvchi (manfaatdor shaxs) tomonidan berilishi mumkin. Boshqa shaxslar tomonidan berilgan iltimosnoma XPK 118-moddasi birinchi qismining 2-bandiga mos holda qaytariladi.
(15.2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2015-yil 13-martdagi 277-sonli qarori tahririda)
15.3. Sudlar chet davlat sudi qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga Kiyev Bitimi 8-moddasining ikkinchi qismida, Minsk Konvensiyasi 53-moddasining ikkinchi qismida yoki Oʻzbekiston Respublikasining ikki tomonlama shartnomasida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilinishi shartligiga eʼtiborlarini qaratishlari lozim.
Xususan, chet davlat sudi qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
tegishli ravishda tasdiqlangan chet davlat sudi qarorining nusxasi;
agar qarorning oʻzida qonuniy kuchga kirganligi koʻrsatilmagan boʻlsa, uning qonuniy kuchga kirganligini tasdiqlovchi hujjat;
sud majlisida ishtirok etmagan, unga qarshi qaror qabul qilingan tarafning sudga tegishli tarzda va oʻz vaqtida chaqirilganligini tasdiqlovchi hujjat;
iltimosnoma kiritgan shaxsning imzolash huquqini tasdiqlovchi hujjat;
iltimosnoma va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari qarzdorga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat;
ishlarning taraflar oʻrtasidagi shartnoma boʻyicha sudlovga tegishliligini tasdiqlovchi hujjat.
Agar chet davlat sudi qarorining tan olinishi va ijroga qaratilishi Kiyev Bitimi yoki Minsk Konvensiyasi asosida soʻralayotgan boʻlsa, iltimosnomaga ilova qilinayotgan hujjatlar tan olinishi soʻralayotgan davlat tili yoki rus tiliga qilingan tarjimasi bilan birga tasdiqlangan holda taqdim etiladi.
Agar chet davlat sudi qarorining tan olinishi va ijroga qaratilishi Oʻzbekiston Respublikasining ikki tomonlama huquqiy yordam koʻrsatish haqidagi shartnomasi asosida soʻralayotgan boʻlsa, iltimosnomaga ilova qilinayotgan hujjatlar ushbu shartnomada belgilangan tilda bayon etilishi lozim.
Ushbu talabga rioya qilinmasdan berilgan iltimosnoma XPKning 118-moddasiga mos holda qaytariladi.
15.4. Sudlarning eʼtibori chet davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi iltimosnomani qanoatlantirish Kiyev Bitimining 9-moddasi, Minsk Konvensiyasining 55-moddasida hamda Oʻzbekiston Respublikasining ikki tomonlama shartnomalarida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlgandagina rad etilishi mumkinligiga qaratilsin. Bunda koʻrsatilgan xalqaro shartnomalarda chet davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish asoslarining roʻyxati tugal hisoblanishi inobatga olinishi lozim.
15.5. Sudlarga tushuntirilsinki, Kiyev Bitimi yoki Minsk Konvensiyasiga muvofiq quyidagi holatlar chet davlat sudi qarorini tan olishni va ijroga qaratishni rad etishga asos boʻladi:
Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudining ayni bir shaxslar oʻrtasida, ayni bir predmet toʻgʻrisida va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan qarori mavjud boʻlsa;
MDH aʼzosi — uchinchi davlat yoki MDH aʼzosi boʻlmagan davlat vakolatli sudining ayni bir shaxslar oʻrtasida, ayni bir predmet toʻgʻrisida va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan tan olingan qarori mavjud boʻlsa;
nizo vakolatsiz sud tomonidan hal qilingan boʻlsa;
boshqa taraf sud majlisi toʻgʻrisida xabardor qilinmagan boʻlsa;
qarorni majburiy ijroga taqdim etish uchun uch yillik muddat oʻtgan boʻlsa.
Agar chet davlat sudi qarorining tan olinishi va ijroga qaratilishi Oʻzbekiston Respublikasining ikki tomonlama huquqiy yordam koʻrsatish haqidagi xalqaro shartnomasi asosida soʻralayotgan boʻlsa, qarorni tan olish va ijroga qaratish mazkur shartnomada nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etiladi.
15.6. Chet davlat sudining ajrimini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnoma qarorni tan olish va ijroga qaratish uchun nazarda tutilgan tartibda koʻriladi.
16. Xoʻjalik sudlari chet davlat sudlari topshirigʻini ijro etish haqidagi ishlarni Kiyev Bitimi, Minsk va Gaaga Konvensiyalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi va chet davlatlar oʻrtasida tuzilgan oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalar asosida koʻrib chiqadi.
16.1. Sudlarga tushuntirilsinki, Kiyev Bitimining 5-moddasiga asosan huquqiy yordam koʻrsatishda yordam soʻralayotgan vakolatli sudlar va boshqa organlar oʻz davlatining qonun hujjatlarini qoʻllaydilar. Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudiga huquqiy yordam koʻrsatish haqidagi iltimosnoma bilan murojaat qilinganda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari qoʻllaniladi.
Bundan kelib chiqib, XPKning 123-moddasiga asosan ishni sudda koʻrishga tayyorlash toʻgʻrisida ajrim chiqarilib, unda ishni tayyorlashga doir harakatlar, ishni sudda koʻrishga tayinlash, uni oʻtkazish vaqti va joyi koʻrsatiladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida XPK 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadilar.
16.2. Xoʻjalik sudi tomonidan ayrim protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi topshiriqlarni ijro etish, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, XPKda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Xoʻjalik sudi XPKning 226-moddasiga muvofiq ayrim protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisida chet davlat sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari yoki xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda oʻziga berilgan topshiriqlarni (chaqiruv qogʻozlarini va boshqa hujjatlarni topshirish, yozma dalillar olish, ekspertiza oʻtkazish, joyni koʻzdan kechirish va boshqalarni) ijro etadi.
16.3. Sudlar nazarda tutishlari kerakki, topshiriq quyidagi hollarda ijro etilmaydi:
topshiriqni ijro etish Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetiga zid boʻlsa yoki uning xavfsizligiga tahdid solsa;
topshiriqni ijro etish xoʻjalik sudining vakolatiga kirmasa.
16.4. Chet davlat sudi topshirigʻi bilan bogʻliq ishni koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi, u xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan tartibda soʻrayotgan tarafga joʻnatiladi.
16.5. Chet davlat sudi topshirigʻi ijro etilganda, ajrimga ijroni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
16.6. Chet davlat sudi topshirigʻi ijro etilmaganda, ajrimda uning ijro etilmaganligi sabablari koʻrsatiladi.
16.7. Sudlar agar sud topshirigʻi Oʻzbekiston Respublikasi bilan oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish haqidagi shartnoma imzolamagan, biroq Gaaga Konvensiyasi ishtirokchisi boʻlgan davlatdan kelib tushgan boʻlsa, chet davlat sudining topshirigʻi koʻrib chiqish uchun qabul qilinishi shartligini inobatga olishlari lozim, chunki Gaaga Konvensiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 22-dekabrdagi Qarori bilan ratifikatsiya qilingan.
16.8. Sudlarning eʼtibori hakamliklar xoʻjalik sudlariga sud topshirigʻi (ekspertiza oʻtkazish, taraflar eshitish, guvohlar, ekspertlar va hakamlik muhokamasining boshqa ishtirokchilarini soʻroq qilish) berishga haqli emasliklariga qaratilsin.
Oliy xoʻjalik sudi raisi D. MIRZAKARIMOV
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi, sudya M. IZRAILBEKOVA
Toshkent sh.,
2013-yil 24-may,
248-son