|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.07.2022
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 10-dekabrdagi PQ-1875-son qarori)
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 10-dekabrdagi PQ-1875-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek magistraturada tayyorlanadigan kadrlarning ilmiy salohiyatini oshirish, magistraturaga ilmiy faoliyat yuritish qobiliyatiga ega boʻlgan va chet tillarni chuqur biladigan abituriyentlarni qabul qilinishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I.Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 10-iyul,
199-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-iyuldagi 199-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-avgustdagi 511-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 14-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“14. Magistraturaga kirish sinovi umumiy ballari quyidagilardan tashkil topadi:
magistraturaga kirishda tanlagan mutaxassislik boʻyicha bilim darajasini belgilovchi maxsus fanlardan sinov oʻtkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 100 ballgachani tashkil etadi);
chet tili (xorijiy filologiya, xorijiy til va adabiyoti taʼlim yoʻnalishlari bazasidagi mutaxassisliklar uchun ikkinchi chet tili) boʻyicha sinov oʻtkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 50 ballgachani tashkil etadi);
demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti asoslari boʻyicha sinov oʻtkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 50 ballgachani tashkil etadi).
Oliy taʼlim muassasasi bitiruvchisining umumiy reytingi yoki oʻzlashtirish koʻrsatkichi (oʻzlashtirish tegishli ravishda 55 balldan 100 ballgacha boʻlgan diapazonda ifodalanadi) aniqlanadi.
Xalqaro (TOEFL boʻyicha kamida 58 yoki IELTS boʻyicha kamida 5 ball) sertifikat taqdim etganlarga chet tilidan 50 ball qoʻyiladi va ular chet tilidan kirish sinovida ishtirok etmaydi.
Magistraturaga oʻqishga kirishda eng koʻp (maksimal) toʻplanishi mumkin boʻlgan ball – 300 ni tashkil etadi”;
b) 15-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“chet tili (xorijiy filologiya, xorijiy til va adabiyoti taʼlim yoʻnalishlari bazasidagi mutaxassisliklar uchun ikkinchi chet tili)”;
v) 16-bandga:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Tanlangan mutaxassislik boʻyicha maxsus fanlardan sinov uchun belgilangan ballning 30-50 foizi abituriyentning mutaxassislik boʻyicha ijodiy qobiliyatini, shuningdek ilmiy va ilmiy-texnik axborot bilan mustaqil ishlash, tizimli mustaqil tahlil qilish, xulosalar chiqarish boʻyicha bilimini aniqlashga ajratiladi”;
ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
g) 25-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Magistraturaga har bir kirish sinovi uchun belgilangan maksimal ballning 55 foizi va undan kam ball toʻplaganlar navbatdagi kirish sinoviga kiritilmaydi hamda magistraturaga qabul qilinmaydi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 28-son, 363-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/511/0793-son)