|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.05.2011
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDA NAZORAT BOʻYIChA MUVOFIQLAShTIRUVChI KENGASh TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 27-maydagi PF-4315-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ijro intizomini mustahkamlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan Farmonlari va Farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari soʻzsiz bajarilishini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida ilovaga* muvofiq tarkibda Nazorat boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilsin.
* Ilova keltirilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 4-avgustdagi PF-2679-son Farmoniga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Nazorat boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashning yangi tarkibi tasdiqlangan.
2. Muvofiqlashtiruvchi kengash:
Nazorat boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash toʻgʻrisidagi Nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan Farmonlari va Farmoyishlarining, Hukumatning eng muhim qarorlarining bajarilishini yilning har choragida koʻrib borsin;
yilning chorak yakunlari boʻyicha “Davlat boshqaruvi organlarida ijro intizomining ahvoli toʻgʻrisida” maxsus sharhlar tayyorlasin. Sharhlar boʻyicha qaror qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin va ular barcha manfaatdor Hukumat aʼzolariga, vazirliklar va idoralarning, boshqa tegishli tuzilmalarning rahbarlariga yuborilsin.
3. Muvofiqlashtiruvchi kengash oʻz faoliyatida Hukumat aʼzolari, Markaziy bank raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari boshchilik qilayotgan Respublika Hukumat komissiyalari va kengashlari ishiga alohida eʼtiborni qaratsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining nazorat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Nazorat boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi etib belgilansin.
5. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A. Alimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 17-fevral,
PF-2546-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 2-3-son, 91-modda)