Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.06.2017
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2013 — 2018-yillar davrida ko‘mir sanoati korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda uni muvozanatli rivojlantirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-iyundagi PQ-3054-sonli “2017 — 2021-yillarda ko‘mir sanoatini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish Dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ko‘mir mahsulotlariga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish, resurs bazasini kengaytirish, kon ishlarini olib borish xavfsizligini ta’minlash, tarmoq korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlash hisobiga ko‘mir sanoatini yanada barqaror va muvozanatli rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekko‘mir” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat geologiya qo‘mitasi bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2013 — 2018-yillar davrida ko‘mir sanoati korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda uni muvozanatli rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) ma’qullansin. Dastur:
2013 — 2018-yillar davrida ko‘mir tarmog‘i korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash investitsiya loyihalarini 1-ilovaga* muvofiq amalga oshirishni;
*1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi korxonalari tomonidan bajariladigan ko‘mir qazib olish uchun geologiya-razvedka ishlarining prognoz parametrlarini 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlashni;
*2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“Angren” koni yon devorlarining xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash bo‘yicha birinchi navbatdagi tadbirlarni 3-ilovaga* muvofiq amalga oshirishni;
*3-ilova rus tilidagi matnda berilgan
2013 — 2018-yillar davrida ko‘mir tarmog‘i korxonalari uchun 4-ilovaga* muvofiq mutaxassislar tayyorlashni;
*4-ilova rus tilidagi matnda berilgan
kon yuzasini ochish, ko‘mir qazib olish shu jumladan ochiq va yer osti usullari bilan ko‘mir qazib olish, shuningdek qo‘shimcha foydali qazilmalarni qazib olish hajmlarining maqsadli parametrlarini 5-ilovaga* muvofiq ta’minlashni nazarda tutadi.
*5-ilova rus tilidagi matnda berilgan
2. Investitsiya loyihalari amalga oshirilishi ustidan amaliy nazoratni, Dastur bajarilishi monitoringini va maqsadli parametrlarga o‘z vaqtida erishishni ta’minlash maqsadida 6-ilovaga* muvofiq tarkibda idoralararo guruh tashkil etilsin.
*6-ilova rus tilidagi matnda berilgan
3. Quyidagilar Dastur amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish bo‘yicha Idoralararo guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ishlab chiqarishning texnik darajasi va samaradorligini oshirish, zamonaviy yuqori samarali texnologiyalarni va boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish, ko‘mir tarmog‘ida ishlab turgan ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangilarini qurishga yo‘naltirilgan ustuvor investitsiya loyihalari o‘z vaqtida amalga oshirilishiga ko‘maklashish;
“O‘zbekko‘mir” ochiq aksiyadorlik jamiyatining samarali ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish, moliyaviy va moddiy-texnika resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek ko‘mir tarmog‘i korxonalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash;
kon ishlarini olib borishda sanoat xavfsizligi talablarini ta’minlashga yo‘naltirilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish;
o‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda ko‘mir tarmog‘ini muvozanatli rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojlari bilan bog‘liqlikda kon yuzasini ochish va ko‘mir qazib olish bo‘yicha maqsadli parametrlarga har yili erishish.
4. “O‘zbekko‘mir” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “O‘zog‘irneftgazkimyoloyiha” instituti, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “Ko‘mirloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyat:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda loyiha hujjatlari o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, kelishilishi va tasdiqlanishini, shuningdek ushbu qarorga 1-ilovaga kiritilgan loyihalar amalga oshirilishini ta’minlasinlar;
loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun, zarurat bo‘lganda, yetakchi xorijiy ixtisoslashtirilgan loyiha institutlarini jalb etsinlar.
5. “O‘zbekko‘mir” ochiq aksiyadorlik jamiyatiga ushbu qarorga 1-ilovaga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kon transporti va texnologik asbob-uskunalar, avtotransport, texnika, ehtiyot qismlar va materiallar sotib olish uchun tanlov asosida aniqlangan ishlab chiqaruvchi zavodlar yoki ularning rasmiy dillerlari bilan, yuklashdan oldin tekshirish o‘tkazish sharti bilan, istisno tariqasida, to‘g‘ridan to‘g‘rikontraktlar tuzishga ruxsat berilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ushbu qarorga 1-ilovaga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tuzilgan kontraktlar bo‘yicha xulosalarni belgilangan tartibda bersin.
7. Ko‘mir tarmog‘ini texnik jihatdan qayta jihozlash va modernizatsiyalash jamg‘armasining mablag‘lari, “O‘zbekko‘mir” ochiq aksiyadorlik jamiyatining o‘z mablag‘lari hamda tijorat banklarining kreditlari Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda ushbu qarorga 1-ilovada nazarda tutilgan investitsiya loyihalari unga kiritilishini ta’minlasinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi ushbu qarorga 3-ilovada nazarda tutilgan geologiya-razvedka ishlari geologiya-razvedka ishlarining yillik dasturiga kiritilishini ta’minlasinlar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini hamda loyiha va qurilish-montaj ishlarining sifati ustidan zarur davlat arxitektura-qurilish nazorati amalga oshirilishini ta’minlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 6-iyun,
161-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 23-son, 307-modda; 2017-y., 25-son, 523-modda)