|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
AKSIZ MARKALARINI QALBAKILAShTIRISh VA GʻAYRIQONUNIY AYLANTIRISh UChUN JAVOBGARLIKNI OShIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qalbaki va sifatsiz alkogolli hamda tamaki mahsulotlari ishlab chiqarilishi va sotilishiga yoʻl qoʻymaslik, aksiz markalarini qalbakilashtirish va gʻayriqonuniy aylantirish uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, aksiz markalarini qalbakilashtirganlik uchun, shuningdek qalbaki aksiz markalarini sotganlik uchun qalbaki pullarni yoki qimmatli qogʻozlarni tayyorlash va sotish kabi hollar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasida belgilangan jinoiy javobgarlik choralari qoʻllaniladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi aksiz markalarini ishlab chiqarish, sotish hamda foydalanish borasida belgilangan tartibga rioya etilishi ustidan qattiq nazoratni taʼminlasinlar, aybdor shaxslarni javobgarlikka, hatto jinoiy javobgarlikka ham tortsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
bir hafta muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
ikki hafta muddatda tegishli vazirliklar va idoralar bilan birga aksiz markalarni boshqa maqsadlarda sotganlik uchun, shuningdek ularni noqonuniy sotib olganlik va aylantirganlik uchun aniq jinoiy javobgarlik choralari toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
4. “Oʻzbekiston Respublikasi hududida alkogolli mahsulot ishlab chiqarish va uning aylanishiga nisbatan davlat monopoliyasini kuchaytirish hamda alkogolli va tamaki mahsulotlar sotishdan budjetga tushumlarni koʻpaytirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 21-maydagi 221-son qarori 2-bandining 1-xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokurori B.M Mustafoyev zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 6-iyul,
PF-2051-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 7-son, 131-modda)