Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.06.2016
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tovarlar va transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib oʻtishni tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 20-iyundagi 211-sonli “Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2016-yil 20-yanvardagi OʻRQ-400-son hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida” 2016-yil 20-yanvardagi OʻRQ-401-son qonunlari)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 10-avgustdagi PQ-1595-son va “Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini yanada oshirish va tovarlarni respublikaga noqonuniy olib kirishga qarshi kurashni kuchaytirish toʻgʻrisida” 2013-yil 29-yanvardagi PQ-1913-son qarorlari bilan davlat bojxona xizmati organlari oldiga qoʻyilgan vazifalarni, shu jumladan respublika hududiga olib kiriladigan tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ishonchliligini oshirishdek asosiy vazifalardan birini bajarish yuzasidan, shuningdek bojxona tartibotlarining ochiq-oshkoraligini yanada taʼminlash, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, respublika hududi boʻylab tovarlar va kontrafakt mahsulotlar noqonuniy olib oʻtilishiga barham berish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tovarlar va transport vositalarini havo, temir yoʻl, avtomobil va suv transportida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda yuk tashuvchilar tomonidan davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan hujjatlar va maʼlumotlar roʻyxati 1—4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin va 2013-yil 1-apreldan boshlab amalga kiritilsin.
Davlat bojxona xizmati organi yuk tashuvchilardan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida va qonun hujjatlarida belgilangan maʼlumotlar yoki hujjatlardan boshqa maʼlumotlar va hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga haqli emas.
2. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi davlat bojxona xizmati organlariga tegishli ravishda:
1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha havo transportida Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalari;
2-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha temir yoʻl transportida Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi hujjatlar va maʼlumotlar taqdim etilishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi ikki tomonlama xalqaro shartnomalar doirasida ruxsatnomalar blankalarini ayirboshlashda, shuningdek xalqaro avtomobilda yuk tashishga litsenziyalarni berishda xorijiy davlatlarning vakolatli organlarini hamda tovarlar va transport vositalarini xalqaro avtomobilda tashuvchi yuk tashuvchilarni 3 va 4-ilovalarga muvofiq roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar majburiy taqdim etilishi haqida xabardor qilsin.
4. Belgilansinki, 1—4-ilovalarda nazarda tutilgan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisida xorijiy tillardagi maʼlumotlar bor boʻlgan hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, davlat bojxona xizmati organlari ushbu hujjatlar davlat tiliga yoki rus tiliga tarjima qilingan, yuk tashuvchi tomonidan tasdiqlangan holda taqdim etilishini talab qilish huquqiga egadirlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:
taqdim etiladigan hujjatlar asosida bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalari ustidan samarali bojxona nazoratini taʼminlasin;
yuk tashuvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning amalda olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalariga muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda, ushbu tovarlar va transport vositalariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq chora-tadbirlar koʻrsin;
yuk tashuvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlar yetarli boʻlmaganda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tovarlar va transport vositalarini qoʻshimcha bojxona nazoratidan oʻtkazsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarini ushbu qaror qoidalaridan xabardor qilsin.
7. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari ushbu qaror qabul qilinishining maqsadlari, mazmun va mohiyati keng yoritilishi va tushuntirilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 4-mart,
63-son
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-martdagi 63-son qaroriga
1-ILOVA
Tovarlar va transport vositalarini havo transportida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda yuk tashuvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar va maʼlumotlar
roʻyxati
1. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi konvensiyaga (Chikago shahri, 1944-yil 7-dekabr) muvofiq hujjatlar:
a) bosh deklaratsiya;
b) yuk vedomosti;
v) avia yuk xati;
g) avia yuk xatiga ilova qilinadigan tashiladigan yuklarga tijorat hujjatlari*. Yuk turkumlab tashilganda koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar yukning birinchi turkumiga taqdim etiladi;
d) xalqaro pochta joʻnatmalariga ilova qilish uchun Butunjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar.
2. Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlarda mavjud boʻlishi kerak boʻlgan maʼlumotlar:
a) havo kemasining milliy mansubligi belgilari va roʻyxatdan oʻtkazish belgilarini koʻrsatish;
b) parvoz raqami, havo kemasining parvozi yoʻnalishini, uchish punktini, qoʻnish punktini koʻrsatish;
v) havo kemasi ekspluatantining nomi;
g) ekipaj aʼzolarining soni;
d) Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uygʻunlashtirilgan tizimiga muvofiq kamida 6 belgi darajasida tovarlarning nomi va kodlari;
e) avia yuk xatining raqami, avia yuk xati va yuk turkumi boʻyicha oʻrinlar soni;
j) yuk joʻnatilgan va qoʻniladigan punktlar nomi;
z) parvoz qiladigan kemaning ichiga yuklanadigan bort anjomlari soni (har bir tovarning birliklari soni va nomi);
i) havo kemasi ichida xalqaro pochta joʻnatmalari mavjudligi;
k) tovarning har bir koʻrsatilgan kodi boʻyicha tovarlarning brutto ogʻirligi (kilogrammlarda yoxud boshqa oʻlchov birliklarida);
l) tovarlarning faktura qiymati.
* Tijorat hujjatlari — tovarning qiymat, miqdor va sifat tavsifini aks ettiruvchi hujjatlar.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-martdagi 63-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini temir yoʻl transportida olib oʻtishda yuk tashuvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar va maʼlumotlar
roʻyxati
1. Xalqaro temir yoʻl yuk yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq hujjatlar:
a) transport (tashish) hujjatlari;
b) harakatdagi temir yoʻl tarkibiga topshirish vedomosti;
v) tashilayotgan tovarlarga tijorat hujjatlari*;
g) xalqaro pochta joʻnatmalarini yuborish uchun Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar.
2. Yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarda boʻlishi kerak boʻlgan maʼlumotlar:
a) tovarlarni joʻnatuvchining nomi va manzili;
b) tovarlarni oluvchining nomi va manzili;
v) tovarlarni joʻnatish stansiyasi va qabul qilish stansiyasi nomi;
g) Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uygʻunlashtirilgan tizimiga muvofiq kamida 6 ta belgi darajasidagi kodlari va nomi;
d) tovarning har bir koʻrsatilgan kodi boʻyicha yuk joylari soni, tovarlarning brutto ogʻirligi (kilogrammda yoxud boshqa oʻlchov birliklarida);
e) tovarlarning faktura qiymati;
j) konteynerlarning identifikatsiyalash tartib raqami.
* Tijorat hujjatlari — tovarning qiymat, miqdor va sifat tavsifini aks ettiruvchi hujjatlar.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-martdagi 63-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini avtomobil transportida olib oʻtishda yuk tashuvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar va maʼlumotlar
roʻyxati
1. Avtotransport vositasiga tegishli hujjatlar:
a) Yoʻl harakati toʻgʻrisidagi konvensiyaga (Vena sh., 1968-y., 8-noyabr) muvofiq avtotransport vositasining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
b) xorijiy avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi, hududidan chiqishi va tranzit oʻtishi uchun ruxsatnoma (agar xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan boʻlsa);
v) yuklar Xalqaro yoʻllarda tashish (XYT) daftarchasini qoʻllagan holda tashilganda XYT daftarchasini* qoʻllagan holda Yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi konvensiya (Jeneva sh., 1975-yil 14-noyabr) talablariga muvofiq avtotransport vositasiga bojxona muhrlari va tamgʻalari qoʻyilgan yuklarni xalqaro tashishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi guvohnoma;
g) tez buziladigan mahsulotlar tashilganda tez buziladigan mahsulotlarni tashish uchun avtotransport vositasiga ruxsat berish toʻgʻrisidagi guvohnoma (SPS guvohnomasi**);
d) yirik hajmli va ogʻir yuk transport vositalarining yurishi uchun vakolatli organlarning maxsus ruxsatnomasi.
2. Tovarga tegishli hujjatlar:
a) Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish shartnomasi toʻgʻrisidagi konvensiya (Jeneva sh., 1956-yil 19-may) talablariga muvofiq tovar-transport yuk xati va yukning har bir nomi boʻyicha yuklab joʻnatish tafsiloti boʻlgan roʻyxati;
b) yuklar XYT daftarchasini qoʻllagan holda tashilganda, XYT daftarchasini qoʻllagan holda Yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi konvensiyaga (Jeneva sh., 1975-yil 14-noyabr) muvofiq XYT daftarchasi (CARNET TIR);
v) tashilayotgan tovarlarga tijorat hujjatlari***;
g) xalqaro pochta joʻnatmalarini yuborish uchun Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar.
3. Yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarda boʻlishi kerak boʻlgan maʼlumotlar:
a) tashuvchining nomi va manzili;
b) tashish uchun tovarni qabul qilish joyi (mamlakati) va yetkazib berish uchun moʻljallangan joyi (mamlakati);
v) tovarlarni joʻnatayotgan mamlakatning nomi va tovar yetkazib beriladigan mamlakatning nomi;
g) tovarlarni joʻnatuvchi va oluvchining nomi hamda manzili;
d) Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uygʻunlashtirilgan tizimiga muvofiq kamida 6 ta belgi darajasidagi tovarlarning kodlari va nomi;
e) tovarning har bir koʻrsatilgan kodi boʻyicha yuk joylari soni, tovarlarning brutto ogʻirligi (kilogrammda yoxud boshqa oʻlchov birliklarida);
j) tovarlarning faktura qiymati;
z) konteynerlarning identifikatsiyalash tartib raqami.
* XYT daftarchasi (CARNET TIR) — barcha tranzit tizimi boʻyicha tovarlar va transport vositalarini kuzatuvchi hamda XYT tartiboti boʻyicha tashiladigan tovarlarga nisbatan xalqaro kafolatning mavjudligini tasdiqlovchi xalqaro bojxona hujjati.
**SPS guvohnomasi — Tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini xalqaro tashishlar toʻgʻrisidagi hamda ushbu tashishlar uchun moʻljallangan maxsus transport vositalari haqidagi bitimga (SPS) muvofiq beriladigan transport vositasining tez buziladigan mahsulotlar tashishga muvofiqligi toʻgʻrisidagi hujjat.
*** Tijorat hujjatlari — tovarning qiymat, miqdor va sifat tavsifini aks ettiruvchi hujjatlar.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-martdagi 63-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini suv transportida olib oʻtishda yuk tashuvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar va maʼlumotlar
roʻyxati
1. Hujjatlar:
a) umumiy deklaratsiya;
b) yuk toʻgʻrisidagi deklaratsiya;
v) kema anjomlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya;
g) kema ekipajining shaxsiy buyumlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya;
d) kema xizmati;
e) yoʻlovchilar roʻyxati;
j) transport (tashish) hujjatlari;
z) tashilayotgan tovarlarga tijorat hujjatlari*;
i) xalqaro pochta joʻnatmalarini yuborish uchun Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlarida belgilangan hujjatlar.
2. Yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarda boʻlishi kerak boʻlgan maʼlumotlar:
a) kemaning roʻyxatga olinganligi va uning milliy mansubligi;
b) kemaning nomi va tavsifi;
v) kapitanning familiyasi;
g) kema agentining familiyasi va manzili;
d) kemadagi yoʻlovchilarning soni, familiyalari, ismlari, fuqaroligi, tugʻilgan sanasi va joyi, chiqish va tushish porti;
e) ekipaj aʼzolarining soni va tarkibi;
j) kemaning joʻnash porti va kirish portining nomi;
z) Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uygʻunlashtirilgan tizimiga muvofiq kamida 6 ta belgi darajasidagi tovarlarning kodlari va nomi;
i) tovarning har bir koʻrsatilgan kodi boʻyicha yuk joylari soni, tovarlarning brutto ogʻirligi (kilogrammda yoxud boshqa oʻlchov birliklarida);
k) tovarlarni yuklash portining va tushirish portining nomi;
l) ushbu portda tushiriladigan tovarlarga dengizda (daryoda) tashish shartnomasi mazmuni va mavjudligini tasdiqlovchi konosamentlar yoki boshqa hujjatlarning tartib raqami;
m) bortda qoladigan tovarlarni tushirish portlarining nomi;
n) kemadagi mavjud kema anjomlarining soni koʻrsatilgan holdagi nomi;
o) kemada tovarlarni joylashtirish tavsifi;
p) tovarlarning faktura qiymati.
* Tijorat hujjatlari — tovarning qiymat, miqdor va sifat tavsifini aks ettiruvchi hujjatlar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 10-son, 128-modda)