Oʻzbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi oʻrtasida
Bitim
UShLAB BERISh TOʻGʻRISIDA
2000-yil 11-iyun, Tehron
 LexUZ sharhi
Mazkur Bitim Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 31-avgustdagi 128-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi oʻrtasida Ushlab berish toʻgʻrisidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi Qarori bilan ratifikatsiya qilingan.
(2003-yil 18-iyuldan kuchga kirgan)
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Jumhuriyati, bundan keyin Davlatlar deb ataluvchilar,
doʻstona munosabatlarni eʼtiborga olib,
ushlab berish sohasidagi huquqiy hamkorlikni mustahkamlash niyatida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushlab berish majburiyati
Davlatlarning oʻzlari ushbu Bitim qoidalariga muvofiq shaxslarni soʻrovga koʻra sudlovga tortish yoki hukmni ijro etish uchun beradilar.
2-modda
Ushlab berishga olib keladigan huquqbuzarliklar
Quyidagi hollarda ushlab berish mumkin boʻladi:
1. Ushlab berish ikkala mamlakat qonunlariga koʻra eng kamida bir yil ozodlikdan mahrum etishga olib keladigan huquqbuzarlik uchun jazoni oʻtash maqsadida talab etilayotgan boʻlsa.
2. Ushlab berish toʻgʻrisidagi soʻrov ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq jazolanadigan huquqbuzarlikka oid hukm yuzasidan va bu jazo muddatining tugashiga kamida olti oy va undan koʻproq muddat qolgan boʻlsa.
3-modda
Ushlab berishni rad etish uchun asos
Quyidagi hollarda shaxsni ushlab berish rad etilishi mumkin:
1. Ushlab berilishi soʻralayotgan shaxs soʻralayotgan Davlatning fuqarosi boʻlsa.
2. Agar huquqbuzarlik uchun ushlab berish soʻralayotgan boʻlib u siyosiy xususiyatga ega boʻlsa. Huquqbuzarlikning xususiyatini soʻralayotgan Davlat belgilaydi.
2.1 Ushbu Bitimga koʻra, quyidagi huquqbuzarliklar siyosiy xususiyatga ega huquqbuzarlik hisoblanmaydi:
a) Havo kemalarini noqonuniy egallashning oldini olish toʻgʻrisida imzolash uchun Gaaga shahrida 1970-yil 16-dekabrda ochilgan konvensiyaga muvofiq huquqbuzarliklar;
b) Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish toʻgʻrisida imzolash uchun Monreal shahrida 1971-yil 21-sentabrda ochilgan konvensiyaga muvofiq huquqbuzarliklar;
v) Xalqaro muhofazaga ega boʻlgan shaxslarga, bunga diplomatik agentlar ham kiradi, qarshi qaratilgan jinoyatlarning oldini olish va barham berish toʻgʻrisida imzolash uchun Nyu-York shahrida 1973-yil 14-dekabrda ochilgan konvensiyaga muvofiq huquqbuzarliklar.
3. Ushlab berish toʻgʻrisidagi soʻrovga olib kelgan huquqbuzarlik soʻralayotgan Davlat hududida yoki ushbu Davlatning hududidan tashqarida, biroq uning yurisdiksiyasiga taalluqli hududda amalga oshirilgan boʻlsa.
4. Davlatlardan har birining qonun-qoidalariga koʻra qilmish sudlovga olib kelmaydigan boʻlsa yoinki baʼzi sabablarga binoan hukmni ijro etish imkoni boʻlmasa.
Ushlab berish toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarish rad etiladigan boʻlsa, soʻrayotgan Davlatga bu haqda xabar beriladi.
4-modda
Ushlab berish toʻgʻrisidagi soʻrov uchun zarur hujjatlar
Ushlab berish toʻgʻrisidagi soʻrovga quyidagi maʼlumot ilova qilinadi:
1. Soʻrayotgan Davlatning nomi.
2. Soʻrayotgan Davlatning qilmishni jinoyat sifatida baholaydigan tegishli qonuniga oid qoidalar matni.
3. Ushlab berilishi soʻralayotgan shaxsning familiyasi va ismi (ota ismi), uning fuqaroligi, yashash yoki boʻlib turish joyi va boshqa zarur materiallar, shuningdek, iloji boʻlsa bu shaxsning fotorasmlari, barmoq izlari va boshqa axborot ilova etilgani holda ogʻzaki qiyofasi.
4. Suddagi koʻrsatmalar va tekshiruv tafsilotlari hamda ilova qilinishi mumkin boʻlgan boshqa hujjatlar.
5. Hukm, hibsga olish uchun order, chaqiruv qogʻozi va boshqa tegishli hujjatlar. Agar mahkum jazoning bir qismini oʻtagan boʻlsa, jazoning shu qismi oʻtalgani haqida axborot boʻlishi lozim.
Basharti soʻralayotgan Davlat qoʻshimcha izohlar lozim deb topsa, ushlab berish soʻrayotgan Davlatdan zarur axborotni soʻrab olishi mumkin. Talab etilayotgan axborot 30 kun ichida taqdim etilishi kerak. Soʻrab olinayotgan axborot va hujjatlarni ololmagan boʻlsa, soʻralayotgan Davlat ushlab berilishi soʻralayotgan mahbusni ozod qiladi.
5-modda
Til
Mazkur hujjatlar soʻrayotgan Davlatning qonunlarida koʻrsatilgan talablarga muvofiq ravishda tayyorlanadi. Hujjatlarning soʻralayotgan Davlat tiliga tarjimasi ushlab berish toʻgʻrisidagi soʻrovga ilova etiladi.
Hujjatlar tarjimasining aniqligi soʻrayotgan Davlatning diplomatik vakolatxonasi bu mamlakat yo soʻralayotgan Davlatning rasmiy tarjimoni tarafidan tasdiqlanadi.
6-modda
Ushlab berilishi soʻralayotgan shaxsni hibsga olish
Soʻralayotgan Davlat ushlab berish toʻgʻrisida olingan soʻrovga binoan, 3-moddada koʻrsatilgan holatlarni hisobga olib, oʻz milliy qonunlariga muvofiq ravishda talab etilayotgan shaxsni hibsga olish choralarini koʻradi.
7-modda
Ushlab berish toʻgʻrisida soʻrov olingunicha tutib turish
1. Soʻralayotgan Davlat oshigʻich hollarda, agar soʻrayotgan Davlatning vakolatli organlari hibsga olish toʻgʻrisida order yoki boshqa hujjatlar berilganligini xabar qilib, ushlab berish toʻgʻrisida soʻrov uchun hujjatlar darhol joʻnatilishiga vaʼda bersalar, shaxsni hibsga olishi mumkin. Soʻrayotgan Davlatga bunday hibsga olish toʻgʻrisida maʼlum qilinadi.
2. Soʻrayotgan Davlat 1-bandda koʻrsatilgan tarzda hibsga olish amalga oshirilganidan keyin 1 oy davomida ushlab berish toʻgʻrisida soʻrov hujjatlarini taqdim etmasa, ushlangan shaxs ozod etiladi.
8-modda
Berishni kechiktirish
1. Ushlab berilishi soʻralayotgan shaxs soʻralayotgan Davlat hududida boshqa jinoyati uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan yoki jazoni oʻtayotgan boʻlsa, ushlab berish ish boʻyicha tadbirlar yakunlanishiga qadar, jazoni oʻtab boʻlish yoki muddatidan oldin ozod qilinishiga qadar kechiktirilishi mumkin.
2. Ushlab berishning kechiktirilishi javobgarlikka tortish muddatining oʻtib ketishiga sabab boʻlsa yoki huquqbuzarlikni tekshirishni qiyinlashtiradigan boʻlsa, shaxs soʻrayotgan Davlatning maxsus soʻrovi boʻyicha vaqtincha ushlab berilishi mumkin. Vaqtincha ushlab berilgan shaxs soʻralayotgan Davlatga ushlab berilganidan soʻng uch oy muddat ichida qaytarilishi lozim.
9-modda
Bir necha davlatning talabiga koʻra ushlab berish
Shaxsni ushlab berishni bir necha davlat talab qilsa, qaysi davlatga ushlab berishni soʻralayotgan Davlat oʻzi hal qiladi.
10-modda
Ushlab berilgan shaxsni jazolashda cheklashlar
1. Ushlab berilgan shaxs soʻralayotgan Davlatning roziligisiz soʻrovda koʻrsatilganidan boʻlak huquqbuzarlikni amalga oshirganligi uchun jazoga tortilishi mumkin emas.
2. Ushlab berilgan shaxs soʻralayotgan Davlatning oldindan roziligi olinmasdan turib uchinchi davlatga berib yuborilmasligi lozim.
3. Ushlab berilgan shaxs jinoiy taʼqib, jazoni oʻtash tugaganligi yoki istalgan qonuniy asosda ozod etilganidan keyin imkoni boʻlgani holda 15 kun davomida, soʻrayotgan Davlat hududini tark etmagan yoki soʻrayotgan Davlat hududini tark etib, yana unga ixtiyoriy ravishda qaytib kelgan boʻlsa soʻralayotgan Davlatning roziligini olish talab etilmaydi. Berilgan shaxs soʻrayotgan Davlat hududini oʻziga bogʻliq boʻlmagan sabablarga binoan tark etish imkoni boʻlmagan vaqt bunga qoʻshilmaydi.
11-modda
Oʻtkazish
1. Soʻralayotgan Davlat soʻrayotgan Davlatni ushlab berish toʻgʻrisidagi qaroridan xabardor qiladi, bunda ushlangan shaxsni berish vaqti va joyi koʻrsatiladi.
2. Agar soʻrayotgan Davlat ushlangan shaxsni berish muddatidan keyin 30 kun ichida shaxsni qabul qilib olmasa, u ozod qilinadi.
12-modda
Qaytarish
Ushlab berilgan shaxs jazoni oʻtashni toʻla yakunlamagani holda boshqa Davlat hududiga qochib oʻtsa, ushlab berish soʻrayotgan Davlatning soʻroviga koʻra qaytarib berilishi kerak. Bu holda 4-moddada koʻrsatilgan hujjatlar talab etilmaydi.
13-modda
Mulkni oʻtkazish
1. Soʻralayotgan Davlat ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan, ushlab berishga olib keladigan huquqbuzarliklarga oid ashyoviy dalillarni, shuningdek huquqbuzarlik obyekti boʻlgan va soʻrayotgan Davlat talab qilayotgan har qanday mulkni taqdim etadi.
Ushlab berilishi toʻgʻrisida ahdlashuvga erishilgan shaxsni uning oʻlimi tufayli yoki boshqa biron sababga koʻra berish imkoni boʻlmasa, bunday mol-mulk yoki ashyoviy dalillar boshqa Davlatning soʻroviga koʻra beriladi.
2. Soʻralayotgan Davlatning oʻzi ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan ashyoviy dalillar va narsalarga jinoiy taʼqibning boshqa ehtiyoji tufayli muhtoj boʻlsa, u bularni berishni kechiktirishi mumkin.
3. Uchinchi Davlatlarning huquqi rioya qilinadi va sud ishlab chiqarishi yakunlanganidan keyin mazkur ashyoviy dalillar hamda mol-mulklar soʻralayotgan Davlatga qaytarib beriladi.
14-modda
Tranzit oʻtkazish
1. Davlatlardan har biri boshqa Davlatga ushlab berilgan shaxsni uchinchi davlatga tranzit tarzda oʻtkazishga ruxsat beradi. Davlatlar ushbu Bitim qoidalariga koʻra ushlab berilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan shaxslarni tranzit tarzda oʻtkazish masalasini hal etishga majbur emaslar.
2. Tranzit tarzda oʻtkazish toʻgʻrisidagi soʻrov ham ushlab berish toʻgʻrisidagi soʻrov singari toʻlgʻaziladi va yuboriladi.
3. Davlatlarning vakolatli organlari har bir konkret holda tranzit tarzda tashishning usuli, yoʻnalishi hamda boshqa tafsilotlarini muvofiqlashtiradilar.
15-modda
Xarajatlar
Soʻralayotgan Davlat oʻz hududida ushlab berish yuzasidan barcha xarajatlarni, soʻrayotgan Davlat esa tranzit tarzda tashishning barcha xarajatlarini koʻtaradi.
16-modda
Koʻmaklashish
Davlatlarning yuridik organlari tegishli idoralar va diplomatik kanallar orqali ushlab berish masalalarida oʻzaro koʻmaklashadilar. Shoshilinch hollarda Davlatlarning vakolatli yuridik organlari bir-birlari bilan bevosita aloqaga kirishishlari mumkin. Har qanday hollarda ushlab berishga taalluqli barcha qogʻoz hamda hujjatlar diplomatik kanallar orqali joʻnatilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasidan vakolatli organ qilib:
Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi;
Eron Islom Respublikasidan vakolatli organ qilib:
Eron Islom Respublikasi Adliya vazirligi tayinlanadi.
17-modda
Kuchga kirish
Ushbu Bitim Davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingandan soʻng ratifikatsiya yorliklari almashinganidan keyin oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi.
18-modda
Bitimni talqin etish
Ushbu Bitimni qoʻllash yuzasidan kelib chiqadigan har qanday bahslar Davlatlar oʻrtasida bevosita muzokaralar oʻtkazish yoki diplomatik kanallar orqali hal etiladi.
19-modda
Bitimning amal qilishi
Ushbu Bitim noaniq muddatga tuzilgan. Istalgan Davlat ikkinchi Davlatga ushbu Bitim faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali uning amal qilishini toʻxtatish sanasigacha olti oy oldin bildirishnoma yuborib, uning faoliyatini toʻxtatishi mumkin.
Tehron shahrida, 2000-yil 11-iyunda, hijriy 1379 yil 22 xoʻrdodda ikki nusxada, har biri oʻzbek, fors va ingliz tillarida tuzildi, bunda ikkala matn bir xil kuchga ega. Ushbu Bitimni talqin qilishda tafovutlar yuzaga chiqsa, ingliz tilidagi matn ustun kuchga ega deb hisoblanadi.
(imzolar)