|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.01.2019
|
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
NOTARIUSLAR TOMONIDAN NOTARIAL HARAKATLARNI AMALGA OShIRISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI YO‘RIQNOMAGA O‘ZGARTIRIShLAR KIRITISh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 30-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2090-6]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 4-yanvardagi 2-mh-sonli “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3113, 04.01.2019-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 18-iyuldagi PF–4455-son “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 29-son, 328-modda) muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2010-yil 30-martdagi 64-mh-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2090, 2010-yil 30-mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 13-son, 99-modda) bilan tasdiqlangan Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va Idoraviy me’yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi (B. Boliyev) O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (S. Nuriyev) hamda Notariat, advokatura va FHDY organlari boshqarmasi (A. Muxammadiyev) ushbu normativ-huquqiy hujjatni o‘n kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini ta’minlasin.
4. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir o‘rinbosari Q. Tog‘ayev zimmasiga yuklansin.
Vazir N. YO‘LDOShEV
Toshkent sh.,
2012-yil 30-iyul,
156-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2012-yil 30-iyuldagi 156-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 298-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“298. Banklarga taqdim qilinadigan imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchalardagi tijoratchi tashkilot bo‘lmagan yuridik shaxs, ularning vakolatxona va filiallari mansabdor shaxslarining imzolari namunalarini shahodatlashda notariuslar ushbu shaxslarning imzosi haqiqiyligini va imzo qo‘yish huquqi vakolatini tekshiradi. Bunda imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchalar bankda ochiladigan har bir hisob raqami uchun alohida uch nusxada (bir nusxasi davlat notarial idorasida qoladi) bitta fotosurat bilan taqdim qilinadi. Qayd etib o‘tilgan shaxslarning imzo qo‘yish huquqi vakolatining tasdig‘i sifatida quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) tijoratchi tashkilot bo‘lmagan yuridik shaxslar uchun (vakolatxona va filiallar bundan mustasno):
yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari;
yuridik shaxs ijro organi rahbarining tayinlanganligi haqida hujjat (umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va hokazo);
buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxs tayinlanganligi haqida hujjat;
davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma;
b) tijoratchi tashkilot bo‘lmagan yuridik shaxslarning, shuningdek norezident yuridik shaxslarning vakolatxona va filiallari uchun:
yuridik shaxs — asosiy tashkilotning ta’sis hujjatlari;
yuridik shaxs — asosiy tashkilotning vakolatxona ochish yoki filial tashkil etish to‘g‘risidagi hujjati;
vakolatxona yoki filiallarning muassisi tomonidan tasdiqlangan nizom yoki ustav;
vakolatxona yoki filial rahbarining tayinlanganligi haqida hujjat (umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va hokazo);
yuridik shaxs tomonidan vakolatxona yoki filial rahbariga berilgan ishonchnoma;
vakolatxona yoki filial rahbarining akkreditatsiya kartochkasi, agar ushbu vakolatxonani ochish yoki filialni tashkil etish norezident yuridik shaxs tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa;
buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchiga ushbu vazifalar yuklatilganligi haqida hujjat, agar ushbu vazifalar chet el fuqarosi tomonidan amalga oshirilsa, qo‘shimcha ravishda uning akkreditatsiya kartochkasi;
vakolatxona yoki filial davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma (yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lganlar uchun) yoki vakolatxona akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risida sertifikat (xorijiy tijorat tashkiloti tomonidan tashkil etilganlar uchun);
yuridik shaxs — asosiy tashkilotning rasmiy ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjat (davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma yoki savdo reyestridan ko‘chirma);
Norezident yuridik shaxslarning vakolatxona va filiallariga taalluqli hujjatlar belgilangan tartibda legallashtirilgan yoki apostil qo‘yilgan bo‘lishi lozim;
v) norezidentning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi uchun:
davlat soliq xizmati organida doimiy muassasa sifatida hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida hujjat;
doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshirayotgan norezident yuridik shaxsning shartnomasi yoki norezident yuridik shaxs nomidan O‘zbekiston Respublikasida ish yuritish uchun berilgan ishonchnomasi, shuningdek majburiyatlarining bajarilishi doimiy muassasa tashkil topishiga olib keladigan shartnoma mavjud bo‘lsa, shu shartnoma;
doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshirayotgan yuridik shaxsning rahbari tayinlanganligi to‘g‘risida hujjat;
buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxs tayinlanganligi haqida hujjat;
g) chet el davlatlarining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, xalqaro hukumatlararo tashkilotlarning hamda iqtisodiy va texnik hamkorlik, shuningdek muruvvat yordami ko‘rsatish bo‘yicha chet el davlatlar hukumati tashkilotlarining vakolatxonalari uchun:
chet el davlatlarining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, xalqaro hukumatlararo tashkilotlarning, iqtisodiy va texnik hamkorlik yoki muruvvat yordami ko‘rsatish bo‘yicha chet el davlatlar hukumati tashkilotlarining vakolatxonalari boshliqlarining akkreditatsiya kartochkasi;
buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchiga ushbu vazifalar yuklatilganligi haqida hujjat, agar ushbu vazifalar chet el fuqarosi tomonidan amalga oshirilsa, qo‘shimcha ravishda uning akkreditatsiya kartochkasi”.
2. 2982-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. 299-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“299. Imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchalardagi tijoratchi tashkilot bo‘lmagan yuridik shaxs mansabdor shaxsining imzosi haqiqiyligini shahodatlashda reyestrga yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan organning nomi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomaning raqami va sanasi yozib qo‘yiladi”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 31-son, 360-modda)