Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QISHLOQ XOʻJALIGI TEXNIKASINI XARID QILISH UCHUN HAR YILLIK SHARTNOMA KAMPANIYASINI OʻTKAZISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2012 — 2016-yillar uchun qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini yanada zamonaviylashtirish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturi toʻgʻrisida” 2012-yil 21-maydagi PQ-1758-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish uchun har yillik shartnoma kampaniyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari 2012-yildan boshlab, qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish uchun muvofiqlashtirilgan shartnoma kampaniyasining joriy yilning 1-oktabriga qadar oʻtkazilishini taʼminlasinlar hamda qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish uchun oʻtkazilgan muvofiqlashtirilgan shartnoma kampaniyasi yakunlari toʻgʻrisidagi toʻliq axborotni joriy yilning 15-oktabridan kechikmasdan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etsinlar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:
qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalarida ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikasining asosiy turlari boʻyicha sanoat ishlab chiqarishining oʻsishi prognoz koʻrsatkichlarini, shuningdek, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning boshqa muhim prognoz koʻrsatkichlarini shakllantirishda oʻtkazilgan shartnoma kampaniyasi yakunlari boʻyicha kelgusi kalendar yil uchun qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqarish va ularni yetkazib berish prognozini eʼtiborga olsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa vazirliklar, idoralar hamda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalari bilan har yili joriy yil uchun — 1-apreldan kechikmasdan, kelgusi kalendar yil uchun 1-dekabrdan kechikmasdan shartnoma kampaniyasi maʼlumotlari asosida qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarish va ularni sotish hajmi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2012-yil 1-avgustgacha boʻlgan muddatda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalari, ularning rasmiy distribyutorlari va dilerlik tashkilotlari, boshqa jalb qilingan xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish uchun namunaviy shartnomalar shakllarini ishlab chiqsin va kelishsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “2010-yil uchun qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarish va sotishning asosiy parametrlari toʻgʻrisida” 2010-yil 7-iyuldagi 138-son qarorining 4-bandi va qarorga 4-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari U.U.Rozuqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 14-iyul,
217-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 29-son, 335-modda; 2017-y., 27-son, 618-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2018-y., 09/18/683/1795-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son)