|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.12.2017
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZMELIOMAShLIZING” DAVLAT LIZING KOMPANIYASI TUZILMASINI VA FAOLIYATINI YANADA TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 969-sonli ““Oʻzmeliomashlizing” davlat unitar korxonasining ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi faoliyatini takomillashtirish maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tuzilmasini takomillashtirish va xodimlari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 12-yanvardagi PQ-1260-son hamda “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tuzilmasini yanada takomillashtirish va xodimlari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 20-dekabrdagi PQ-1444-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi ijro etuvchi apparatining xodimlarning cheklangan umumiy soni (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) 15 nafar boʻlgan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
“Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi tomonidan melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalarini xarid qilish va lizingga berish, shuningdek “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasining “Meliomashlizingservis” shuʼba korxonasi tomonidan melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalariga texnik va servis xizmati koʻrsatish uchun tovarlar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar xarid qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 11-iyul,
209-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 11-iyuldagi 209-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi ijro etuvchi apparatining
tuzilmasi
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 15 nafar (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari).
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 11-iyuldagi 209-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi tomonidan melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalarini xarid qilish va lizingga berish, shuningdek “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasining “Meliomashlizingservis” shuʼba korxonasi tomonidan melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalariga texnik va servis xizmati koʻrsatish uchun tovarlar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar xarid qilish tartibi toʻgʻrisida
Nizom
(2-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
1. Ushbu Nizom “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda Lizingga beruvchi deb ataladi) tomonidan melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalarini (keyingi oʻrinlarda melioratsiya texnikasi deb ataladi) xarid qilish va lizingga berish, shuningdek “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasining “Meliomashlizingservis” shuʼba korxonasi (keyingi oʻrinlarda shuʼba korxona deb ataladi) tomonidan melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalariga texnik va servis xizmati koʻrsatish uchun tovarlar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar xarid qilish mexanizmini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
2. Lizingga beriladigan melioratsiya texnikasi roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2007-yil 31-oktabrdagi PQ-718-son qarori bilan tashkil etilgan Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi Kengashining qarori bilan tasdiqlanadi.
Melioratsiya texnikasiga texnik va servis xizmati koʻrsatish uchun Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovarlar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar shuʼba korxona tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan roʻyxatlar boʻyicha, mahalliy tovarlar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar esa – Lizingga beruvchi tasdiqlaydigan roʻyxatlar boʻyicha olib kiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
3. Melioratsiya texnikasini lizingga berish Lizingga beruvchi tomonidan unga qarz asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) tomonidan beriladigan mablagʻlar, shuningdek oʻz mablagʻlari, boshqa jalb etilgan mablagʻlar yoki boshqa manbalar mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Melioratsiya texnikasiga texnik va servis xizmati koʻrsatish uchun tovarlar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar xarid qilish shuʼba korxona tomonidan oʻz mablagʻlari, Lizingga beruvchining qarz asosida beriladigan mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa jalb etilgan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
4. Melioratsiya texnikasi sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash faoliyatini va boshqa suv xoʻjaligi ishlarini amalga oshiruvchi suv xoʻjaligi qurilish va foydalanish tashkilotlariga, shuningdek suv isteʼmolchilari uyushmalariga va fermer xoʻjaliklariga (keyingi oʻrinlarda Lizingga oluvchilar deb ataladi) 10 yil muddatga lizingga quyidagi shartlar bilan beriladi:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
a) sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashni amalga oshiruvchi suv xoʻjaligi qurilishi tashkilotlari, shuningdek suv isteʼmolchilari uyushmalari va fermer xoʻjaliklari uchun:
lizingga berilayotgan melioratsiya texnikasi qiymatining 15 foizi avans shaklida ularning oʻz mablagʻlari hisobiga toʻlanadi;
lizingga berilayotgan melioratsiya texnikasi qiymatining 85 foizi Lizingga beruvchi tomonidan, unga qarz asosida Jamgʻarma tomonidan beriladigan mablagʻlar hisobiga moliyalashtiriladi;
b) sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash faoliyatini amalga oshiruvchi suv xoʻjaligi foydalanish tashkilotlari uchun lizingga berilayotgan melioratsiya texnikasi qiymatining 100 foizi Lizingga beruvchi tomonidan, unga qarz asosida Jamgʻarma tomonidan beriladigan mablagʻlar hisobiga moliyalashtiriladi;
v) melioratsiya texnikasi Lizingga oluvchilarga faqat olinayotgan texnikaning mulkiy tavakkalchiliklarini lizingning butun davri uchun sugʻurta qilish boʻyicha “Oʻzagrosugʻurta” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining sugʻurta polisi mavjud boʻlganda beriladi;
g) Lizingga beruvchining daromad stavkasi (marjasi) lizing shartnomalari tuzilishi sanasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.
5. Melioratsiya texnikasi Lizingga beruvchi tomonidan oʻz mablagʻlari, boshqa jalb etilgan mablagʻlar (unga qarz asosida Jamgʻarma tomonidan beriladigan mablagʻlardan tashqari) yoki boshqa manbalar mablagʻlari hisobiga lizingga berilganda lizing muddati va Lizingga beruvchi daromadi stavkasi (marjasi) lizing shartnomasida belgilanadi.
6. Lizingga beruvchi har yili 1-avgustdan kechikmay, Lizingga oluvchilardan olingan buyurtmanomalar asosida lizing boʻyicha yetkazib beriladigan melioratsiya texnikasiga kelgusi yildagi ehtiyoj prognozini shakllantiradi.
Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga xarid qilish moʻljallanayotgan melioratsiya texnikasiga boʻlgan ehtiyoj prognozidan kelib chiqib Lizingga beruvchi va “Agrobank” aksiyadorlik-tijorat banki (keyingi oʻrinlarda Bank deb ataladi) Jamgʻarmaga melioratsiya texnikasi xarid qilishning prognoz hajmlarini, shuningdek Lizingga oluvchilar tomonidan toʻlovlar amalga oshirilishini hisobga oluvchi kelgusi yilda mablagʻlarga boʻlgan ehtiyoj prognozini (yil choraklari boʻyicha) taqdim etadi.
7. Jamgʻarma mavjud moliyaviy resurslarni hisobga olgan holda Lizingga beruvchiga lizing operatsiyalarini amalga oshirish uchun kelgusi davrga ajratiladigan pul mablagʻlari miqdori yuzasidan kafolat xatlari taqdim etadi.
Lizingga beruvchi Jamgʻarma tomonidan ajratiladigan pul mablagʻlari toʻgʻrisidagi tasdiqlangan kafolat xatlari asosida, mamlakatimiz va chet el korxonalarida ishlab chiqariladigan melioratsiya texnikasini sotib oladi.
8. Melioratsiya texnikasini oʻz mablagʻlari, shuningdek boshqa jalb etilgan mablagʻlar (Lizingga beruvchiga qarz asosida Jamgʻarma tomonidan beriladigan mablagʻlardan tashqari) yoki boshqa manbalar mablagʻlari hisobiga sotib olish ham Lizingga beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
9. Lizingga beriladigan melioratsiya texnikasini, shuningdek melioratsiya texnikasiga texnik va servis xizmati koʻrsatish uchun tovarlar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni yetkazib beruvchilar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tarkibdagi Idoralararo tender komissiyasi tomonidan tender asosida aniqlanadi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
10. Lizingga beruvchi kelgusi yilga:
Jamgʻarma bilan (melioratsiya texnikasi Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga sotib olingan taqdirda) – melioratsiya texnikasi sotib olish uchun moliyaviy resurslar ajratish yuzasidan shartnoma tuzadi. Bunda lizing boʻyicha daromad (marja) miqdori, shuningdek Lizingga oluvchilar tomonidan toʻlanadigan lizing toʻlovlaridan ushlab qolinishi kerak boʻlgan Lizingga beruvchining xizmatlariga haq toʻlash miqdori belgilanadi;
yetkazib beruvchilar bilan — Lizingga oluvchining buyurtmasiga muvofiq melioratsiya texnikasini yetkazib berish yuzasidan;
Bank bilan — uning tomonidan moliyaviy agent funksiyalari bajarilishi yuzasidan;
“Oʻzagrosugʻurta” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan – sugʻurta agenti funksiyalarini bajarish yuzasidan shartnomalar tuzadi.
11. Lizingga beruvchi Lizingga oluvchilar bilan melioratsiya texnikasi lizingi shartnomalarini tuzadi. Har bir shartnomaga lizing toʻlovlari (asosiy summa plyus lizing boʻyicha foizlar) jadvali ilova qilinadi. Bunda shartnomaning bitta asl nusxasi Bankka joʻnatiladi.
12. Melioratsiya texnikasi uchun haq toʻlash tartibi Lizingga beruvchi bilan yetkazib beruvchi oʻrtasida tuzilgan lizing obyektining oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq tartibga solinadi.
Shuʼba korxona tomonidan melioratsiya texnikasiga texnik va servis xizmati koʻrsatish shartnoma asosida amalga oshiriladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 185-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 26-son, 338-modda)
13. Melioratsiya texnikasi Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga sotib olingan taqdirda Lizingga beruvchi:
pul mablagʻlari ajratish yuzasidan Jamgʻarmaga buyurtmanomalar taqdim etadi. Ushbu buyurtmanomalar asosida Jamgʻarma uch bank kuni mobaynida kelgusi davr uchun pul mablagʻlarini Jamgʻarma mablagʻlari bilan operatsiyalar uchun moʻljallangan Lizingga beruvchining Bankdagi maxsus hisob raqamiga (keyingi oʻrinlarda Operatsiya hisob raqami deb ataladi) oʻtkazadi;
lizing boʻyicha olingan foizlardan tijorat agenti funksiyalarini bajarish uchun shartnomada belgilangan miqdorda oʻzining xizmatlariga toʻlanadigan toʻlov hisobiga mablagʻlarni ushlab qoladi, Lizingga oluvchilardan tushgan summaning qolgan qismini uch kun muddatda Jamgʻarmaning bankdagi hisob raqamiga oʻtkazadi;
har bir kalendar yil choragi tamom boʻlgandan keyin 20 kundan kechikmay Jamgʻarmaga oʻtgan yil choragi uchun Operatsiya hisob raqamidagi pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisida Bank tomonidan tasdiqlangan hisobotni taqdim etadi.
14. Lizingga oluvchi (sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash faoliyatini amalga oshiruvchi suv xoʻjaligi foydalanish tashkilotlaridan tashqari):
Lizingga beruvchiga lizingga olinadigan melioratsiya texnikasi qiymatining 15 foizini avans toʻlovi tarzida toʻlaydi;
lizing toʻlovlari jadvaliga muvofiq melioratsiya texnikasi qiymatining qolgan 85 foizini va lizing boʻyicha foizlarni lizing muddati mobaynida Lizingga beruvchiga toʻlaydi.
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash faoliyatini amalga oshiruvchi suv xoʻjaligi foydalanish tashkilotlari lizing muddati mobaynida melioratsiya texnikasi qiymatining 100 foizini va lizing boʻyicha foizlarni lizing toʻlovlari jadvaliga muvofiq toʻlaydilar.
Barcha Lizingga oluvchilar lizingga olinadigan melioratsiya texnikasini Lizingga beruvchi foydasiga oʻz mablagʻlari hisobiga sugʻurta qiladilar.
15. Lizingga oluvchilar lizing toʻlovlarini lizing shartnomalarida belgilangan muddatlarda va miqdorlarda Lizingga beruvchiga toʻlaydilar. Koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlar toʻliq miqdorda Lizingga beruvchining Operatsiya hisob raqamiga oʻtkaziladi.
16. Lizingga beruvchi, Bank va ularning boʻlinmalari rahbarlari Jamgʻarma mablagʻlaridan, oʻz mablagʻlaridan yoki boshqa mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
17. Lizingga oluvchi tomonidan jadvalda nazarda tutilgan lizing toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda, Lizingga beruvchi moliya agenti orqali Lizingga oluvchining bank hisob raqamiga belgilangan tartibda bajarilishi kerak boʻlgan toʻlov talabnomalarini taqdim etadi. Lizingga oluvchilardan toʻlov talabnomalari boʻyicha undirilgan pul mablagʻlari Lizingga beruvchining Operatsiya hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 11-iyuldagi 209-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2007-yil 21-dekabrdagi 266-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 12-son, 73-modda):
a) 3-bandda:
toʻrtinchi xatboshidagi “melioratsiya texnikasi” soʻzlaridan keyin “mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalari” soʻzlari qoʻshilsin;
oltinchi xatboshidagi “melioratsiya texnikasi” soʻzlaridan keyin “mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalari” soʻzlari qoʻshilsin;
b) 4-bandda:
birinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
ikkinchi va uchinchi xatboshilar tegishli ravishda birinchi va ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin;
birinchi xatboshidan “va uning oʻrinbosari” soʻzlari chiqarib tashlansin.
v) 6-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“6. Belgilab qoʻyilsinki, melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalari sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash faoliyatini amalga oshiradigan suv xoʻjaligi qurilish va foydalanish tashkilotlariga, shuningdek suv isteʼmolchilari uyushmalariga va fermer xoʻjaliklariga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi Kengashining qarori asosida 10 yil muddatga lizingga quyidagi shartlar bilan beriladi:
a) sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash faoliyatini amalga oshiradigan suv xoʻjaligi qurilish tashkilotlari uchun, shuningdek suv isteʼmolchilari uyushmalariga va fermer xoʻjaliklari uchun:
lizingga berilayotgan melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalari qiymatining 15 foizi avans shaklida ularning oʻz mablagʻlari hisobidan toʻlanadi;
lizingga berilayotgan melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalari qiymatining 85 foizi “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi tomonidan, unga qarz asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi tomonidan beriladigan mablagʻlar hisobiga moliyalashtiriladi;
b) sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash faoliyatini amalga oshiradigan suv xoʻjaligidan foydalanish tashkilotlari uchun lizingga berilayotgan melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalari qiymatining 100 foizi “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi tomonidan, unga qarz asosida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi tomonidan beriladigan mablagʻlar hisobiga moliyalashtiriladi;
v) melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalarini lizingga berish faqat olinayotgan texnikaning mulkiy tavakkalchiligini lizingning butun davri uchun “Oʻzagrosugʻurta” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi sugʻurta polisi mavjud boʻlganda amalga oshiriladi;
g) Lizingga beruvchining daromad stavkasi (marjasi) lizing shartnomalari tuzilishi sanasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak;
g) quyidagi mazmundagi 6-1-band qoʻshilsin:
“6-1. Belgilansinki, “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi tomonidan oʻz mablagʻlari, boshqa jalb qilingan mablagʻlar (unga qarz asosida Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi tomonidan beriladigan mablagʻlardan tashqari) yoki boshqa manbalar mablagʻlari hisobiga melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalarini lizingga berishda lizing muddati va “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasining daromad stavkasi (marjasi) lizing shartnomasida belgilanadi”;
d) 7-bandning ikkinchi xatboshidagi “melioratsiya texnikasini” soʻzlaridan keyin “mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalarini” soʻzlari qoʻshilsin;
e) 9-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
j) 11-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“11. “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi “Maʼmuriy bino maxsus servis” davlat shuʼba korxonasining Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, 5-uy manzilidagi binosiga joylashtirilsin”;
z) 1 va 2-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 5-fevraldagi 54-f-son farmoyishi bilan tasdiqlangan “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasi Ustavida:
a) 4-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“4. Kompaniyaning joylashgan joyi (pochta manzili): Oʻzbekiston Respublikasi, 100008, Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, 5-uy”;
b) 11-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“11. Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash faoliyatini oshiradigan suv xoʻjaligi qurilish va foydalanish tashkilotlariga, shuningdek suv isteʼmolchilari uyushmalariga va fermer xoʻjaliklariga ularning buyurtmanomalari asosida melioratsiya texnikasi, mashinalari va boshqa mexanizatsiyalash vositalarini xarid qilish va berish “Oʻzmeliomashlizing” davlat lizing kompaniyasining faoliyat sohasi va asosiy vazifalari hisoblanadi”;
v) 12-bandda:
ikkinchi va beshinchi xatboshidagi “suvdan foydalanuvchilar” soʻzlari “suv isteʼmolchilari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “hamda” soʻzi “shuningdek lizing Kompaniyasining oʻz mablagʻlari, jalb qilingan yoki boshqa mablagʻlar hisobiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 31-bandning ikkinchi xatboshidagi “va uning oʻrinbosari” soʻzlari chiqarib tashlansin;
d) 34-bandning uchinchi xatboshidagi “ijro etuvchi direktor oʻrinbosari va” soʻzlari chiqarib tashlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida” 2009-yil 30-martdagi PQ-1083-son va “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida” 2009-yil 30-martdagi PQ-1084-son qarorlari)” 2009-yil 20-maydagi 142-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 5-son, 37-modda) 1-ilova 23-bandining “b” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (“Qishloq va suv xoʻjaligida iqtisodiy islohotlar chuqurlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-240-son Qonuni)” 2011-yil 18-fevraldagi 40-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 2-son, 12-modda) ilova 7-bandining “g” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 28-son, 322-modda; 2013-y., 26-son, 338-modda)