Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
MALAKALI PEDAGOG KADRLAR TAYYORLASH HAMDA OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMI MUASSASALARINI SHUNDAY KADRLAR BILAN TAʼMINLASH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISHGA OID CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Qayd etib oʻtilsinki, respublikamizda Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar uchun oliy maʼlumotli oʻqituvchi kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi vujudga keltirilgan.
Buning natijasida hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi 1537 ta oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarida 214 ta talab etilayotgan yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha 115,8 ming nafar pedagog xodimlar kadrlar tayyorlashni amalga oshirmoqdalar, ularning 90,6 foizi oliy maʼlumotga ega, oʻqituvchi kadrlarning 70 foizdan koʻprogʻi 40 yoshgacha boʻlgan yuqori malakali mutaxassislardir.
Shu bilan birga maxsus komissiyalar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar natijasida aniqlanishicha, kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylarning rahbar va pedagog kadrlarini tanlash tizimida, avvalambor, ularning malakasi yetarli emasligi hamda qoʻyilayotgan talablarga muvofiq emasligi bilan bogʻliq jiddiy kamchilik va nuqsonlar mavjud.
Kasb-hunar kollejlarini oʻqituvchilar va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari bilan taʼminlash koʻp jihatdan ularning tegishli bazaviy tayyorgarligini, pedagogik va amaliy ish tajribasi mavjudligini hisobga olmasdan rasmiy ravishda amalga oshirilmoqda.
Natijada oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi tizimida oʻquv jarayoni tegishli darajada tashkil qilinmagan, mashgʻulotlar asosan anʼanaviy maktab taʼlimi uslublariga tayangan holda oʻtkazilmoqda. Zamonaviy ilgʻor pedagogik va yangi kompyuter, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shu jumladan, Internet taʼlim jarayoniga sust joriy etilmoqda. Kasb-hunar kollejlarini xorijiy tillardan dars beruvchi malakali mutaxassislar bilan taʼminlashga yetarlicha eʼtibor berilmayapti.
Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning rahbarlar tarkibini pedagogik ish sohasida yetarlicha tajribaga ega boʻlgan kasb mahorati yuqori mutaxassislar bilan yanada mustahkamlash talab etiladi.
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimining rahbar hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida tarkib topgan tizim zamon talablariga javob bermayapti.
Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar uchun ilgʻor pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallagan, kasbiy tayyorgarlikka ega, zamonaviy fikrlovchi kadrlarni tanlash va ular bilan taʼminlash tizimini tubdan yaxshilash, oʻsib borayotgan zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda maxsus komissiyalar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar davomida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin, ularni kasbiy tayyorgarlikka ega, zamonaviy fikrlovchi kadrlar bilan taʼminlashga, ilgʻor pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini taʼlim jarayoniga keng tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratilsin.
Koʻrilgan chora-tadbirlarning natijalari toʻgʻrisida 1-sentabrga qadar va 2012-yil yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
4. Amaldagi qonun hujjatlari boʻyicha oʻrnatilgan tartibga koʻra, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning direktorlari ikki yilda bir marta, oʻqituvchi kadrlar esa, har uch yilda kamida bir marta attestatsiyadan oʻtkazilishlari kerakligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirliklar va idoralarni jalb etgan holda, ikki oy muddatda oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻqituvchilari hamda ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini attestatsiyadan oʻtkazish hamda malaka toifalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tanqidiy qayta koʻrib chiqsin va oʻzgartirishlar kiritsin. Bunda oʻqituvchilar tarkibining kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, Internet tarmogʻidan foydalanish boʻyicha amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishligi majburiy ekanligiga alohida eʼtibor qaratilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi:
taʼlim jarayonida ilgʻor pedagogik uslub va texnologiyalari (“case study” uslubi, loyihalar uslubi, hamkorlikda oʻqitish, “amaliy oʻyin”, interfaol taʼlim uslubi va boshqalar), axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron taʼlim resurslari va multimedia taqdimotlaridan foydalanish borasida chet el tajribasini chuqur va har tomonlama oʻrganib chiqsin;
chet el tajribasini inobatga olgan holda, uch oy muddatda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar uchun yangi oʻquv rejalari va dasturlarini qaytadan ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin, ularda anʼanaviy maktab taʼlimi uslublaridan voz kechib, amaliy mashgʻulotlar va ishlab chiqarish amaliyoti boʻyicha soatlar koʻpaytirilishini nazarda tutsin;
ikki oy muddatda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng koʻlamda joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
Vazirlik, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi va uning hududiy tuzilmalarining rahbarlari mazkur chora-tadbirlar amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar boʻlishlari toʻgʻrisida qattiq ogohlantirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tarmoq (bazaviy) kasb-hunar kollejlari huzurida oʻqituvchi kadrlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini qoʻllash asosida ilgʻor pedagogik texnologiyalarni egallashlari boʻyicha doimiy faoliyat yuritadigan seminarlarni tashkil qilsin.
Ushbu seminarlarni oʻtkazish uchun mazkur texnologiyalarni egallagan mutaxassislarni shtat asosida taklif qilishga ruxsat berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi vazirlik va markazning mansabdor shaxslari, oliy oʻquv yurtlarining yetakchi oʻqituvchilari ichidan ushbu seminarlarni oʻtkazish uchun masʼul shaxslarni biriktirib qoʻysin, seminar ishini muntazam nazorat qilib borsin, zarur oʻquv-uslubiy yordam koʻrsatsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi oliy taʼlim muassasalari tomonidan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar uchun oʻqituvchi kadrlar tayyorlash saviyasi va sifati ustidan qattiq tizimli nazorat oʻrnatsin, bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligi bilan bir qatorda, ularning zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, xorijiy tillarni egallashlariga, pedagogik amaliyotni kollejlar va litseylarda majburiy ravishda oʻtishlariga alohida eʼtibor qaratsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining 2012-yil 1-sentabrdan boshlab kasb-hunar kollejlari ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining mehnat haqi boʻyicha bazaviy tarif stavkalarini, malaka toifalariga qarab, kasb-hunar kollejlari tegishli malaka toifalaridagi oʻqituvchilarining mehnat haqi boʻyicha bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda, bir oy muddatda, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash toʻgʻrisidagi mavjud Nizomga hamda kasb-hunar kolleji, ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining mehnat haqi boʻyicha bazaviy tarif stavkalari miqdorlariga tegishli oʻzgartishlar kiritsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi manfaatdor idoralar va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda, ikki oy muddatda, kasb-hunar kollejlarini oʻquv-amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun sarflanadigan materiallar hamda zarur xom ashyo bilan taʼminlash meʼyorlari va mexanizmini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishga ixtisoslashgan taʼlim muassasalari roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi PF-232-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.11.2025-y., 06/25/232/1102-son)
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi huzuridagi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimi kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti zimmasiga kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylarning rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha yagona meʼyoriy-uslubiy bazani ishlab chiqish hamda oʻquv jarayonini tashkil qilish yuzasidan bosh muassasa vazifasi yuklansin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimining rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash toʻgʻrisidagi Nizomni;
hozirgi zamon talablarini hisobga olgan holda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimining rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash Institutining yangilangan tuzilmasini tasdiqlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2012-yilgi Davlat budjetida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimining rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash Institutini kerakli mebel, zamonaviy oʻquv uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlagan holda uning 450 oʻrinli oʻquv binosini va 150 oʻrinli yotoqxonasini mukammal taʼmirlash uchun budjetdan yetarli mablagʻlar ajratsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari direktorlarini attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida” 2005-yil 28-fevraldagi F-2146-son farmoyishi 2-bandining ikkinchi xatboshi va uning 1-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 28-may,
PQ-1761-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 22-son, 241-modda; 2013-y., 23-son, 300-modda, 47-son, 616-modda; 2017-y., 24-son, 490-modda, 37-son, 981-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son; 31.08.2022-y., 06/22/214/0791-son; 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son; 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son; 27.11.2025-y., 06/25/232/1102-son; 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)