Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.05.2017
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ JOYLARDA NAMUNAVIY LOYIHALAR BO‘YIChA “TAYYOR HOLDA TOPShIRISh” ShARTLARI ASOSIDA YAKKA TARTIBDA UY-JOY QURISh UChUN PUDRAT TAShKILOTLARINI ANIQLASh YuZASIDAN TANLOV SAVDOLARI O‘TKAZISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-apreldagi 243-sonli “Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish uchun pudrat tashkilotlarini hamda qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilarni aniqlash yuzasidan tanlov savdolari o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2012-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylarni qurish Dasturi to‘g‘risida” 2012-yil 14-yanvardagi PQ-1687-son qarorini bajarish yuzasidan hamda tanlov savdolarini tashkil etish va o‘tkazish mexanizmini yanada takomillashtirish, qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish sohasida pudratchilarni tanlashda raqobat muhitini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolari o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Qishloq qurilish bank” OATB “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan namunaviy tanlov hujjatlarini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va Osiyo taraqqiyot banki bilan kelishib olsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari namunaviy tanlov hujjatlari kelishilgandan keyin bir oy muddatda Osiyo taraqqiyot banki bilan kelishilgan qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolari o‘tkazilishini ta’minlasinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I. Zokirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 13-fevral,
37-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 13-fevraldagi 37-son qaroriga
ILOVA
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolari o‘tkazish tartibi to‘g‘risida
Nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini tanlash yuzasidan tanlov savdolari tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom talablari, moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish dasturlarini amalga oshirish doirasida pudrat tashkilotlarini tanlashda majburiy hisoblanadi.
Agar xorijiy kreditlar va grantlar berish shartlarida ushbu Nizomda nazarda tutilganlardan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, u holda xorijiy kreditorlar va grant beruvchilarning tegishli amal qiluvchi hujjatlarida belgilangan qoidalar qo‘llanadi.
2. Tanlov savdolari faqat tanlov savdolari predmeti tegishli hujjatlar (kredit shartnomasi, qarz bitimi, qurilishlarning manzilli ro‘yxati va boshqalar) bilan tasdiqlangan moliyaviy resurslar bilan ta’minlangan taqdirdagina o‘tkaziladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
investor — qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurishga o‘z mablag‘larini, qarz yoki boshqa jalb etilgan mablag‘larni qo‘yadigan moliyalashtiruvchi bank;
buyurtmachi/tanlov savdolari tashkilotchisi — “Qishloq qurilish invest” ixtisoslashtirilgan shu’ba injiniring kompaniyasi;
tanlov savdolari — ushbu Nizom talablariga, shuningdek tanlov hujjatlari mezonlari va shartlariga muvofiq maqbul pudratchini tanlash usuli;
tanlov savdolari predmeti — ishchi loyihaga muvofiq belgilangan “tayyor holda topshirish” shartlari asosida uy-joyni yoki uy-joylar kompleksini qurish va foydalanishga topshirish uchun zarur bo‘lgan ishlar ro‘yxati;
lot — tanlov savdolarining bo‘linmaydigan predmeti;
savdolar predmetining boshlang‘ich qiymati — tanlov savdolariga qo‘yiladigan ishlarning buyurtmachi belgilaydigan va investor bilan kelishilgan hisoblab chiqilgan qiymati;
tanlov hujjatlari — tanlov savdolari predmetining texnik, moliyaviy, tijorat, tashkiliy va boshqa tavsiflari to‘g‘risidagi, tanlov savdolarini tashkil etish shartlari va o‘tkazish tartibotlari haqidagi boshlang‘ich ma’lumotlardan iborat bo‘lgan hujjatlar paketi;
tanlov komissiyasi — ushbu Nizom va tanlov hujjatlari talablariga muvofiq pudrat tashkilotlarini tanlash funksiyalarini bajarish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan tuziladigan organ;
talabgor — taklif etilgan shartlar asosida tanlov savdolarida qatnashish to‘g‘risidagi o‘z istagini uning ofertasi buyurtmachi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgungacha ma’lum qilgan yuridik shaxs;
oferent — tanlov savdolari shartlariga muvofiq tayyorlangan va buyurtmachi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan o‘z ofertasini taqdim etgan talabgor;
oferta — talabgorning tanlov hujjatlarida belgilangan shartlarga muvofiq taqdim etilgan tanlov savdolari predmetiga nisbatan taklifi;
baholovchi guruh — tushgan ofertalarni mufassal o‘rganish va taqqoslash uchun tanlov komissiyasi tuzadigan vaqtinchalik organ;
shartnoma — qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurishni amalga oshirish to‘g‘risida buyurtmachi va tanlov savdolari g‘olibi o‘rtasida tuziladigan pudrat shartnomasi.
4. Quyidagilar tanlov savdolarini tashkil etish va o‘tkazishning asosiy bosqichlari hisoblanadi:
tanlov savdolarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish;
tanlov savdolarini o‘tkazish;
tanlov savdolari yakunlarini chiqarish.
Tanlov savdolarini o‘tkazishni tashkil etish sxemasi ushbu Nizomga ilovada keltirilgan.
II. Tanlov komissiyasi
5. Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini tanlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari qarori bilan tanlov komissiyasi tuziladi.
Tanlov komissiyasi toq sonli a’zolardan (kamida to‘qqiz kishidan) iborat bo‘lishi kerak.
Tanlov komissiyasiga kapital qurilish masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari, viloyatlar hokimlarining o‘rinbosarlari boshchilik qiladi.
Tanlov komissiyasi tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
viloyat (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) barcha tumanlarining hokimlar darajasidagi rahbarlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligining, viloyatlar moliya boshqarmalarining rahbarlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining, viloyatlar hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmalarining rahbarlari;
(5-bandining yettinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 4-maydagi 137-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 18-son, 197-modda)
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hududiy bo‘linmalarining rahbarlari;
(5-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasining, viloyatlar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining rahbarlari;
nodavlat notijorat tashkilotlarning (fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, “Kamolot” YIH, Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa organlarning) rahbarlari.
Tanlov komissiyasi tarkibiga banklar, loyihalash institutlari, ekspert organlar va boshqa tashkilotlar vakillari ham kiritilishi mumkin.
Buyurtmachi vakillari tanlov komissiyasi ishida kuzatuvchi sifatida, ovoz berish huquqisiz qatnashadilar.
6. Tanlov komissiyasi uning majlisida a’zolarining kamida to‘rtdan uch qismi qatnashgan taqdirda huquqiy kuchga ega hisoblanadi.
Tanlov komissiyasi qarori ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
7. Tanlov komissiyasi huzurida majburiy tartibda tanlov komissiyasi a’zolaridan yoki boshqa jalb etilgan vakolatli mutaxassislardan baholash guruhi tuziladi.
Lotlar miqdoriga ko‘ra tanlov komissiyasi tomonidan bir nechta baholash guruhlari tuzilishi mumkin.
8. Tanlov komissiyasi reglamentini tanlov komissiyasining o‘zi tasdiqlaydi.
Tanlov komissiyasining qarorlari protokol tarzida rasmiylashtiriladi.
III. Tanlov hujjatlari
9. Tanlov komissiyasi tarkibi tasdiqlangandan keyin buyurtmachi tomonidan tanlov hujjatlari tayyorlanadi.
Tanlov hujjatlari, qoidaga ko‘ra, uchta asosiy qismlardan: ruxsat beruvchi, texnik va tijorat qismlaridan iborat bo‘ladi.
10. Tanlov hujjatlarining ruxsat beruvchi qismi quyidagilardan iborat bo‘ladi:
buyurtmachining tanlov savdolari o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyishi;
moliyalashtirish manbalarini tasdiqlovchi hujjatlar;
tanlov komissiyasi tarkibini tasdiqlovchi hujjat;
tanlov komissiyasining reglamenti va tanlov komissiyasining uni tasdiqlash bo‘yicha majlisi protokoli.
O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi davlat ekspertiza organlarining ishchi loyiha va savdolar predmetining boshlang‘ich qiymati bo‘yicha ijobiy xulosasi;
ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadigan tanlov savdolari o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lonning matni.
Tanlov hujjatlarining ruxsat beruvchi qismiga kiradigan hujjatlar talabgorlarga berilmaydi.
11. Tanlov hujjatlarining texnik qismi quyidagilardan iborat bo‘ladi:
talabgorlarning tanlov savdolarida qatnashish uchun buyurtmanomasi shakli;
tanlov savdolarida qatnashishga taklifnoma;
talabgorning malakasi hamda uning texnik va moliyaviy holatiga baho berishga qo‘yiladigan talablar va mezonlar, takliflarni moliyaviy baholash va tanlov g‘olibini aniqlash mezonlari, tanlov savdolarining tartib-qoidasiga tegishli bo‘lgan boshqa hujjatlardan iborat yo‘riqnoma.
12. Tanlov savdolarining tijorat qismi quyidagilardan iborat bo‘ladi:
tanlov savdolarida qatnashishga buyurtmanomani ta’minlash kafolati miqdori;
shartnoma bo‘yicha majburiyatlar bajarilishi kafolati va oferent tanlov savdolari g‘olibi deb e’tirof etilgan taqdirda avans to‘lovi miqdori;
talab etiladigan pudrat ishlari hajmi bo‘yicha ko‘rsatkichlar;
oferta shakli;
shartnoma loyihasi.
13. Tanlov hujjatlari qishloq joylarda “tayyor holda topshirish” shartlari asosida namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurishga doir namunaviy tanlov hujjatlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
Namunaviy tanlov hujjatlari buyurtmachi tomonidan investor bilan kelishgan holda ishlab chiqiladi.
14. Tanlov savdolari predmeti bo‘yicha tanlov hujjatlari tarkibi tanlov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Buyurtmachi tomonidan e’lon qilingan narx bilan birgalikda tanlov savdolari o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda tanlov savdolari predmetining boshlang‘ich narxi e’londa ko‘rsatiladi. Bunda tanlov savdolari tanlov savdolari predmetining boshlang‘ich narxini pasaytirish uchun o‘tkaziladi.
15. Tanlov hujjatlari ular uchun to‘lov to‘langandan keyin beriladi.
To‘lov miqdori buyurtmachi tomonidan tanlov hujjatlari nusxalari ko‘paytirilishi va tarqatilishi qiymatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
IV. Talabgorlarga qo‘yiladigan malaka talablari
16. Talabgorlarga nisbatan quyidagi asosiy malaka talablari qo‘yiladi:
fuqaroviy huquqiy layoqatlilik va shartnoma tuzishga vakolatlar;
tanlov savdolariga qo‘yilgan obyektlarga o‘xshash obyektlarda kamida 3 yil ish tajribasining mavjudligi;
miqdori tanlov hujjatlarida aniqlanadigan asosiy va aylanma mablag‘larning mavjudligi;
qurilishni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik baza va mehnat resurslarining mavjudligi.
Talabgorlarga nisbatan buyurtmachi yoki investor tomonidan belgilangan, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa talablar ham qo‘yilishi mumkin.
Talabgorlarga qo‘yiladigan malaka talablari tanlov hujjatlarining texnik qismida belgilanadi.
17. Tanlov savdolarida:
muassislik hujjatlari, moliyaviy qatnashish, xolding shaklida va boshqa shakllarda ifodalangan bir-biriga bevosita tashkiliy-huquqiy yoki moliyaviy bog‘liqlikka ega bo‘lgan pudrat tashkilotlarining alohida talabgorlar sifatida;
tugatish yoki qayta tashkil etish (bo‘lish, ajratib chiqarish, qo‘shib yuborish) bosqichidagi, shuningdek bankrot deb e’lon qilingan pudrat tashkilotlarining qatnashishi taqiqlanadi.
Tanlov savdolari davomida bunday talabgorlar aniqlangan taqdirda ularning ofertalari diskvalifikatsiya qilinadi.
V. Tanlov savdolariga tayyorgarlik ko‘rish va ofertalarni qabul qilish
18. Tanlov hujjatlari tasdiqlangandan keyin buyurtmachi tomonidan tanlov savdolariga tayyorgarlik ko‘riladi.
Tanlov savdolarini tayyorlashda buyurtmachi:
tanlov hujjatlari tasdiqlangandan keyin uch kun muddatda ommaviy axborot vositalarida e’lon beradi;
tanlov hujjatlarini talabgorlarning buyurtmanomasi bo‘yicha ularga sotadi;
tushgan ofertalarni qabul qiladi va ro‘yxatdan o‘tkazadi.
19. Agar buyurtmachining fikriga ko‘ra tanlov savdolari predmetining boshlang‘ich qiymatiga nisbatan tanlov savdolari o‘tkazish xarajatlari iqtisodiy jihatdan foydali bo‘lmasa, bunday obyektlar lotlarga bo‘lingan holda bitta tanlov savdolariga birlashtirilishi mumkin.
20. Tanlov savdolari o‘tkazish to‘g‘risidagi e’londa quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:
buyurtmachining nomi, pochta va elektron manzili;
tanlov savdolari predmetini moliyalashtirish manbalari;
tanlov savdolari predmetining tavsifi va uni amalga oshirish joyi;
tanlov savdolari predmetini realizatsiya qilish muddati;
talabgorlarga qo‘yiladigan asosiy shartlar;
tanlov hujjatlari sotib olinadigan joy va uning uchun to‘lov miqdori;
ofertani taqdim etish joyi, oxirgi kuni va vaqti;
ofertani ochish joyi, kuni va vaqti;
pudratchilarning ayrim toifalariga preferensiyalar;
investor/buyurtmachining boshqa talablari.
21. Agar xorijiy kreditlar va grantlar taqdim etish shartlari bo‘yicha savdo predmetining boshlang‘ich qiymatini ko‘rsatish talab etilmasa, u holda buyurtmachi uni ko‘rsatmaslik va boshlang‘ich qiymatni tanlov hujjatlarining ruxsat beruvchi qismi tarkibida taqdim etish huquqiga ega.
Talabgorlar tanlov hujjatlarini sotib oladilar va o‘rganadilar, zaruriyat bo‘lganda qurilish maydoni bilan tanishadilar, tanlov hujjatlari talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan va bosilgan o‘z ofertalarini tayyorlaydilar va buyurtmachiga taqdim etadilar.
Ofertalarni taqdim etish muddati ommaviy axborot vositalarida e’lon berilgan kundan boshlab kamida o‘ttiz kunni tashkil etishi kerak.
Ofertalarni taqdim etish muddati tamom bo‘lgunga qadar buyurtmachi investor bilan kelishgan holda tanlov hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, bu to‘g‘rida tanlov hujjatlarini sotib olgan talabgorlarni darhol xabardor qilish, ofertaga tuzatish kiritish uchun yetarli bo‘lgan vaqtda ofertaning taqdim etish muddatini kechiktirish huquqiga ega.
22. Ofertani taqdim etish muddati tamom bo‘lgandan keyin taqdim etilgan talabgorlarning ofertalari qabul qilinmaydi.
Ofertalar buyurtmachiga tanlov hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bosma shaklda taqdim etiladi.
Talabgor o‘z ofertasi tarkibida tanlov savdolarida qatnashishga buyurtmanomani ta’minlash kafolatini tasdiqlaydigan hujjatni taqdim etishi kerak.
Ofertada taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlarning ishonchliligi uchun oferent javob beradi.
23. Tushgan ofertalarning tanlov hujjatlarini va tanlov savdolari bilan bog‘liq boshqa hujjatlarni saqlash muddati tanlov komissiyasining reglamentida belgilanadi.
VI. Tanlov savdolarini o‘tkazish
24. Ofertalarni berish muddati tamom bo‘lgandan keyin tanlov komissiyasi tushgan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan ofertalarni oferentlarning vakillari ishtirokida ochadi, butligini tekshiradi, oferentlarning nomlarini e’lon qiladi, tanlov hujjatlari talablariga muvofiq hujjatlarning taqdim etilgan turkumlari mazmunini tekshiradi.
Tanlov komissiyasi majlisining natijalari to‘g‘risidagi axborot qatnashmagan oferentga yozma shaklda yetkaziladi.
25. Ofertalarda tanlov hujjatlari talablari buzilganligi aniqlangan taqdirda hujjatlar ularning mazmuni e’lon qilinmasdan oferentga qaytariladi.
Tanlov komissiyasi tanlov hujjatlari e’lon qilingan shartlarga yoki ofertani rasmiylashtirishdagi noaniqliklarga, ular boshqa oferentlarning reytinglariga ta’sir ko‘rsatmagan va ularga yo‘l qo‘ygan oferentga ustunlik bermaydigan hollarda, e’tibor bermasligi mumkin.
Tanlov hujjatlari shartlariga javob beradigan ofertalar bo‘yicha oferentning nomi, malaka ma’lumotlari, taklif etilgan narxlar va bajarish muddatlari, shuningdek oferent tomonidan tanlov hujjatlari talablariga muvofiq kiritilgan qo‘shimcha takliflar o‘qib eshittiriladi.
26. Ofertani tanlov komissiyasi majlisida ko‘rib chiqish davomida uning mazmuni oferent tomonidan tushuntirilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Bunda ofertaning mazmunini o‘zgartiradigan, shu jumladan uning narxini yoki uni bajarish muddatini o‘zgartiradigan tushuntirishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ofertada arifmetik xatolar mavjudligi aniqlangan taqdirda to‘g‘ri qiymat sifatida yozuv bilan ko‘rsatilgan yakuniy summa qabul qilinadi.
27. Tushgan ofertalarni batafsil o‘rganish, baholash va qiyoslash uchun tanlov komissiyasi tegishli hujjatlarni baholash guruhiga taqdim etadi.
Baholash guruhi o‘z tavsiyalarini tanlov komissiyasiga taqdim etadi.
28. Tanlov komissiyasi baholash guruhining tavsiyalarini hisobga olib va ovoz berish natijalariga ko‘ra tanlov savdolari g‘olibini e’lon qiladi.
Ofertalarni ko‘rib chiqish, baholash va qiyoslash, tanlov savdolari g‘olibini aniqlash tanlov komissiyasining yopiq majlislarida o‘tkaziladi.
29. Tushgan ofertalarni ochish, baholash guruhi tomonidan ularni batafsil o‘rganish, baholash va qiyoslash, baholash guruhining tavsiyalarini taqdim etish, tanlov savdolari g‘olibini e’lon qilish muddatlari tanlov komissiyasining reglamentida belgilanadi.
30. G‘olibni e’lon qilish oferentlar ishtirokida o‘tkaziladi, qatnashmagan oferentlar belgilangan tartibda xabardor qilinadi.
VII. Tanlov savdolari yakunlarini chiqarish
31. Buyurtmachi savdolar g‘olibi aniqlangan sanadan boshlab besh ish kuni mobaynida g‘olibga shartnoma unga berilganligi to‘g‘risida bildirishnoma yuboradi.
Tanlov savdolari g‘olibi bilan shartnoma tuzish muddatlari tanlov komissiyasining reglamentida ko‘rsatiladi.
32. Agar tanlov savdolari g‘olibi shartnoma tuzishni rad etsa yoki biror-bir sabablarga ko‘ra undan bosh tortsa, u holda tanlov komissiyasi ofertasi ikkinchi o‘rinni olgan oferentni g‘olib deb e’tirof etishi yoki takroriy tanlov savdolari o‘tkazilishini tayinlashi mumkin.
33. Shartnoma bajarilishini ta’minlash kafolatlari va avans to‘lovi kafolatlari miqdorlari tanlov hujjatlarida ko‘rsatiladi.
34. Tanlov savdolari natijalari tegishli ravishda tasdiqlangandan keyin u tugallangan deb hisoblanadi. Tanlov savdolari natijalarini ko‘rib chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi tanlov komissiyasining reglamentida belgilanadi.
Buyurtmachi savdolar natijalari tasdiqlangan kundan boshlab besh kun muddatda ommaviy axborot vositalarida tanlov savdolari natijalari to‘g‘risidagi xabarni e’lon qiladi.
35. Agar:
tushgan barcha ofertalar savdolar predmetining boshlang‘ich qiymatidan ortiq bo‘lganda;
ofertani berish muddati tamom bo‘lgan paytda uchtadan kam bo‘lgan oferta tushganda;
tushgan barcha ofertalar tanlov hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lmaganda;
ikkinchi o‘rinni egallagan oferent shartnoma tuzishni rad etganda ushbu Nizomning 32-bandida nazarda tutilgan vaziyat yuzaga kelgan hollarda tanlov savdolari o‘tkazilmagan deb e’lon qilinadi.
36. Tanlov savdolari o‘tkazilmagan deb e’tirof etilgan taqdirda ushbu Nizomda belgilangan tartibda takroriy tanlov savdolari o‘tkaziladi.
Takroriy tanlov savdolarini o‘tkazishda tanlov hujjatlari shartlarini qayta ko‘rib chiqishga yo‘l qo‘yiladi.
37. Tanlov savdolari tartib-qoidalaridan kelib chiqadigan kelishmovchiliklar va nizolar, tanlov komissiyasi, buyurtmachi, baholash guruhining xatti-harakatlari va qarorlari yuzasidan shikoyatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
VIII. Shartnoma majburiyatlari bajarilishi monitoringi
38. Shartnoma majburiyatlari bajarilishi monitoringi buyurtmachining texnik nazorat bo‘yicha vakili va pudrat tashkiloti tomonidan taqdim etiladigan shartnoma shartlari bajarilishi to‘g‘risidagi har oylik axborotni tahlil qilish yo‘li bilan buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
39. Monitoring natijalari buyurtmachi tomonidan umumlashtiriladi.
IX. Qurilishi tugallanmagan obyektlar bo‘yicha tanlov savdolari
40. Pudrat tashkiloti tomonidan shartnoma shartlariga rioya etilmaganligi tufayli shartnoma muddatidan oldin bekor qilingan hollarda qurilishi tugallanmagan obyektlar bo‘yicha takroriy tanlov savdolari o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Bunda buyurtmachining qaroriga ko‘ra ishchi guruh tashkil etiladi. Ishchi guruh bekor qilingan shartnoma bo‘yicha tugallanmagan ishlar hajmini aniqlash maqsadida nazorat o‘lchovi o‘tkazadi.
41. Ishchi guruh tomonidan hajm va qiymat ko‘rsatkichlari aniqlangandan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi davlat ekspertiza organlarining qo‘shimcha ijobiy xulosasi olingandan keyin buyurtmachi predmeti tugallanmagan ishlar hajmi hisoblangan tanlov savdolarini e’lon qiladi.
42. Qurilishi tugallanmagan obyekt bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov savdolari yakunlari bo‘yicha g‘olib bilan ishlarning tugallanmagan qismini bajarish yuzasidan shartnoma tuziladi.
43. Shartnomaning muddatidan oldin bekor qilinishi natijasida qurilishi tugallanmagan obyekt bo‘yicha tanlov savdolari predmetining umumiy qiymati kamida 50 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan summani tashkil etgan hollarda pudratchilarni tanlash buyurtmachi tomonidan ishlarning tavsifi, hajmi, bajarish muddatlari ko‘rsatilgan, shuningdek pudrat tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan narxlar va tavsiflar taqqoslangan holda takliflar yuborish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.
Buyurtmachining pudratchini tanlash to‘g‘risidagi uzil-kesil qarori tanlov komissiyasi va investor bilan kelishilishi kerak.
X. Yakunlovchi qoida
44. Xorijiy kreditorlar va grant beruvchilarning tegishli amal qiluvchi hujjatlarida tanlov savdolarining ayrim bosqichlarini xorijiy kreditorlar va (yoki) grant beruvchilar bilan kelishish zarurligi nazarda tutilgan hollarda buyurtmachi yoki investor bunday kelishuvlar amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolari o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha “tayyor holda topshirish” shartlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash yuzasidan tanlov savdolarini tashkil etish va o‘tkazish
SXEMASI
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 7-son, 69-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2016-y., 18-son, 197-modda)