Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
KREDIT BYUROLARIDA ICHKI AUDIT OʻTKAZISHGA VA KREDIT BYUROLARINING YILLIK HISOBOTLARIGA NISBATAN QOʻYILADIGAN TALABLAR TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 19-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2316]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 40-son, 412-modda) qonunlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Kredit byurolarida ichki audit oʻtkazishga va kredit byurolarining yillik hisobotlariga nisbatan qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2011-yil 10-dekabr,
37/9-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2011-yil 10-dekabrdagi 37/9-son qaroriga
ILOVA
Kredit byurolarida ichki audit oʻtkazishga va kredit byurolarining yillik hisobotlariga nisbatan qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda) va “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 40-son, 412-modda) qonunlariga muvofiq, kredit byurolarida ichki audit oʻtkazishga va ularning yillik hisobotlariga nisbatan qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda kuyidagi atamalardan foydalaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
ichki audit — kredit byurosi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga, taʼsis hujjatlariga va ichki hujjatlarga, shuningdek xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishning belgilangan qoidalari va taomillariga rioya qilinishini tekshirish va monitoring olib borish yoʻli bilan uning ishini nazorat qilish va baholash, maʼlumotlarning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotda aks ettirilishining toʻliqliligi va ishonchliligini taʼminlash boʻyicha kredit byurosi tarkibiy boʻlinmasining faoliyati;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
ichki audit xizmati — kredit byurosining yuqori boshqaruv organi (keyingi oʻrinlarda vakolatli organ deb yuritiladi) qarori bilan tashkil etiladigan kredit byurosining ichki auditni amalga oshiradigan tarkibiy boʻlinmasi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ichki audit xizmati oʻz faoliyatini mazkur Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari asosida olib boradi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
3. Har bir kredit byurosi ichki audit xizmatini tuzishi, vakolatli organ tasdiqlaydigan “Ichki audit xizmati toʻgʻrisida”gi nizomni va ichki audit xizmati xodimlari mansab yoʻriqnomalarini ishlab chiqishi shart.
4. Ichki audit xizmati mustaqildir va u bevosita vakolatli organga boʻysunadi.
II. Ichki auditni oʻtkazishga nisbatan qoʻyiladigan talablar
5. Ichki audit faqat ichki audit xizmati xodimlari tomonidan har chorakda oʻtkazilishi lozim.
6. Ichki audit bosh auditor tomonidan ishlab chiqilgan va vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan Ichki audit rejasiga muvofiq oʻtkaziladi. Ichki audit rejasi tegishli yilning 1-yanvariga qadar tasdiqlanishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Ichki audit xizmati qonunchilik hujjatlariga muvofiq moliyaviy hisobotning ishonchliligi va toʻgʻriligini, shuningdek kredit axborotini saqlash usullarini va zarurat tugʻilganda ularning mavjudligini tekshirishi lozim.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
8. Ichki audit xizmati xodimlari ichki auditni oʻtkazish jarayonida quyidagilarga haqli:
kredit byurosining rahbari va xodimlaridan kredit byurosi faoliyatiga bogʻliq boʻlgan barcha zarur hujjatlarni yoki audit predmeti hisoblangan hujjatlarni talab qilish;
ichki audit jarayonida yuzaga kelgan savollar boʻyicha kredit byurosining rahbari va xodimlaridan ogʻzaki yoki yozma tushuntirishlar olish;
belgilangan tartibda tegishli hujjatlarning aslini yoki ulardan nusxalar olish;
kredit byurosi binosining barcha xonalariga erkin kirib-chiqish, barcha sanalarga tegishli hujjatlardan, arxiv va elektron baza maʼlumotlaridan erkin foydalanish;
ichki audit oʻtkazilgandan soʻng audit jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish.
9. Ichki audit xizmati xodimlari:
ichki audit natijalarini buzib koʻrsatmaslikka;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlariga muvofiq tijorat, bank siri yoki qonunchilik bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi har qanday maʼlumotlarni oshkor etmaslikka;
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
kredit byurosining boshqa boʻlimlaridan olingan tegishli hujjatlarning butunligini taʼminlashga va qaytarishga masʼuldir.
III. Auditorlik hisoboti
10. Ichki audit yakunlanganidan soʻng auditorlik hisoboti tayyorlanadi va vakolatli organga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.
11. Auditorlik hisobotida ichki audit natijasida aniqlangan muammo va kamchiliklar bilan bir qatorda ularni bartaraf etish boʻyicha aniq tavsiyalar berilishi lozim.
12. Tavsiyalarda aniqlangan muammolarning qisqacha izohi, ularni bartaraf qilishga doir talab etiladigan chora-tadbirlar va ularni bajarish muddatlari aks ettirilishi lozim. Bunda, bosh auditor chora-tadbirlarning bajarilishini nazorat qilib boradi.
13. Auditorlik hisobotiga uni toʻliq tasdiqlovchi ish hujjatlari toʻplami ilova qilinadi. Ish hujjatlari ichki audit xizmati xodimlari tomonidan tayyorlanadi va bosh auditor tomonidan tekshiriladi.
14. Kredit byurosi har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 20-kunidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan holda auditorlik hisobotining nusxasini taqdim etishi lozim.
IV. Kredit byurosining yillik hisoboti
15. Kredit byurosining yillik hisobotlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
buxgalteriya balansini;
moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotni.
16. Kredit byurosining oʻz faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi yillik hisoboti hisobot yilidan keyingi yilning 1-mayidan kechiktirmasdan ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi kerak.
17. Kredit byurosining yillik hisoboti ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingandan soʻng uch kun ichida ushbu nashr nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga taqdim etiladi.
V. Yakuniy qoida
Oldingi tahrirga qarang.
18. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 179-moddasi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 3-4-son, 32-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)