Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.04.2023
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TEMIR YO‘LDA TAShISh XAVFSIZLIGINI TA’MINLAShGA QARATILGAN NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 17-apreldagi 159-sonli “Aerovokzal, temir yo‘l va avtobus vokzallarida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasini bajarish yuzasidan, yo‘lovchilarning hamda temir yo‘l transporti xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, temir yo‘lda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) yo‘lovchilar va boshqa shaxslarni, qo‘l yukini, bagajni ko‘zdan kechirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Yo‘lovchilar va boshqa shaxslarning temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) bo‘lishi qoidalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
a) bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar;
ushbu qarorni ijro etishga yo‘naltirilgan kompleks tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqsinlar va ularning amalga oshirilishini ta’minlasinlar;
b) 2012-yil 1-martgacha bo‘lgan muddatda Temir yo‘l transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalarini tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi rahbari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 30-noyabr,
314-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 30-noyabrdagi 314-son qaroriga
1-ILOVA
Temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) yo‘lovchilar va boshqa shaxslarni, qo‘l yukini, bagajni ko‘zdan kechirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom temir yo‘lda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlash, temir yo‘l transportida odamlarning hayoti va sog‘lig‘ini hamda obyektlarni noqonuniy aralashish harakatlaridan himoya qilish, yo‘lovchilar tashish temir yo‘l transportida transport xavfsizligi darajasini oshirish maqsadida temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) yo‘lovchilar va boshqa shaxslarni, temir yo‘l vokzali (stansiyasi) hududidagi qo‘l yukini, bagajni ko‘zdan kechirish qoidalarini, shuningdek ko‘zdan kechirish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslarning huquq va vazifalarini belgilaydi.
2. Temir yo‘l vokzallariga (stansiyalariga) fuqarolarning sog‘lig‘iga zarar yetkazish, jamoat xavfsizligini buzish, shuningdek temir yo‘l infratuzilmasi va harakatlanadigan tarkibni ishdan chiqarish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan yo‘lovchilarga yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar bilan shaxslarning (ushbu Nizomga ilova) temir yo‘l vokzallariga (stansiyalariga) kirishga urinishini o‘z vaqtida oldini olish va barham berish ko‘zdan kechirishning asosiy vazifasi hisoblanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi ko‘zdan kechirishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan vakolatli organ hisoblanadi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 37-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/37/0063-son)
II. Asosiy tushunchalar va prinsiplar
4. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:
yo‘lovchi — temir yo‘l transportida safar qilish uchun yo‘l hujjatlariga (chiptalarga) ega bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs);
noqonuniy aralashish harakati — huquqqa zid harakat (harakatsizlik), shu jumladan temir yo‘l transportining xavfsiz faoliyatiga tahdid soladigan, odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga ziyon, moddiy zarar yetkazadigan yoxud bunday oqibatlar kelib chiqishi xavfini yaratgan terroristik harakat;
ko‘zdan kechirish — yo‘lovchilarga yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan, noqonuniy aralashish harakatini sodir etish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan xavfli moddalar va buyumlarni aniqlashga mo‘ljallangan maxsus texnik vositalar qo‘llaniladigan tadbirlar kompleksi;
nazorat qilinadigan zona — ko‘zdan kechirish amalga oshiriladigan temir yo‘l vokzali (stansiyasi) hududi;
ko‘zdan kechirishni amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari;
(4-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 37-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/37/0063-son)
maxsus texnik vositalar — ko‘zdan kechirishni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan texnik qurilmalar va moslamalar (introskoplar, turg‘un va qo‘lda ishlatiladigan metall detektorlar, radioaktiv moddalar detektorlari, portlovchi moddalar gaz analizatorlari va shu kabilar);
yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar — noqonuniy aralashish harakatini sodir etish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan buyumlar va yuklar;
shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar — pasport yoki shaxsini tasdiqlaydigan boshqa hujjat, harbiy bilet, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasi, istiqomat uchun berilgan guvohnoma;
qo‘l yuki — o‘z o‘lchamiga ko‘ra vagonlarda qo‘l yukini joylashtirish uchun nazarda tutilgan, qiyinchiliksiz joylashtiriladigan, o‘rashning turi va xilidan qat’i nazar, yengil tashiladigan buyumlar va ashyolar;
bagaj — yo‘lovchiga shaxsan tegishli bo‘lgan, safar tamom bo‘lgandan keyin unga zarur bo‘ladigan va temir yo‘l hujjati (chipta) bo‘yicha bagajli vagonda tashish uchun qabul qilinadigan ashyolar.
5. Quyidagilar ko‘zdan kechirishda asosiy prinsiplar hisoblanadi:
a) ko‘zdan kechirishda qonunchilikka qat’iy rioya qilish;
b) ushbu Nizom talablariga rioya qilish;
v) ko‘zdan kechirilayotgan shaxslardan yo‘lovchilarga temir yo‘l poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlarni belgilangan tartibda majburiy olib qo‘yish;
g) qonunchilik talablarini buzuvchi shaxslarni aniqlash.
(5-bandning “g” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
III. Ko‘zdan kechirishning umumiy qoidalari
6. Ko‘zdan kechirishning umumiy qoidalari quyidagilarni nazarda tutadi:
a) yo‘lovchilarni ko‘zdan kechirishdan o‘tishning maqsadlari va qoidalaridan, ularning huquq va vazifalaridan, yo‘lovchilarga temir yo‘l poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar hamda ular noqonuniy tashilganligi uchun javobgarlik to‘g‘risida xabardor qilish. Qo‘l yuki va bagajni tashishda yo‘lovchilarga qo‘yiladigan talablar baland ovozli aloqa vositalari orqali, shuningdek temir yo‘l kassalarida yo‘l hujjatlarini, chiptalarni sotishda e’lon qilinadi. Ko‘zga ko‘rinarli joylarga yo‘lovchilarga temir yo‘l poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar hamda ular noqonuniy tashilganligi uchun javobgarlik to‘g‘risidagi axborot osib qo‘yiladi;
b) maxsus texnik vositalarni, zaruriyat bo‘lganda xizmat itlaridan foydalangan holda samarali qo‘llab qo‘l yuki, bagajni puxta ko‘zdan kechirish va yo‘lovchilarni shaxsiy ko‘zdan kechirish;
v) yo‘lovchilarga yo‘lovchi tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar noqonuniy tashilishini o‘z vaqtida aniqlash va oldini olish;
g) ko‘zdan kechirilgan va nazorat qilinadigan zonaga qo‘yilgan shaxslarning ko‘zdan kechirishdan o‘tmagan shaxslar bilan muomala qilishini istisno etish;
d) nazorat qilinadigan zonaga yo‘l hujjatlari (chiptalarga) ega bo‘lmagan shaxslarni, shuningdek yo‘l hujjatida (chiptada) ko‘rsatilgan ma’lumotlar yo‘lovchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlardagi ma’lumotlarga mos bo‘lmagan yo‘lovchilarni qo‘ymaslik, tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxslar bundan mustasno;
e) mansabdor shaxslar favqulodda holatni bartaraf etish (tugatish) bo‘yicha xizmat burchlarini bajarishi bilan bog‘liq vazifalarni hal etayotganda ularga ko‘maklashish.
7. Yo‘l hujjatiga (chiptaga) ega bo‘lgan shaxs ko‘zdan kechirishdan o‘tishni yoki qo‘l yuki va bagajni ko‘zdan kechirishga taqdim etishni rad etgan taqdirda ushbu shaxs nazorat qilinadigan zona hududiga va tashishga qo‘yilmaydi.
IV. Ko‘zdan kechirishni amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslarning huquq va vazifalari
8. Ko‘zdan kechirishni amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar uni o‘tkazishda:
a) nazorat qilinadigan zonaga kirgan yo‘lovchilardan va boshqa shaxslardan ushbu Nizom talablarini so‘zsiz bajarishni talab qilish;
b) yo‘lovchilarda yo‘l hujjatlari (chiptalar) va shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar borligini tekshirish;
v) nazorat zonasiga kirgan yo‘lovchilardan va boshqa shaxslardan ko‘zdan kechirish jarayonida aniqlangan yo‘lovchilarning yo‘lovchi tashish poyezdlarida tashish taqiqlangan qo‘l yuki va bagaj shaklidagi xavfli moddalar va buyumlarni transportdagi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib qo‘yish bayonnomasi tuzilgan holda, nusxasi yo‘lovchini qo‘liga beriladi, belgilangan tartibda olib qo‘yish;
g) zaruriyat bo‘lganda, noqonuniy aralashish harakatini yoki boshqa jinoiy harakatlarni sodir etish niyatidagi shaxslar uchun xarakterli bo‘lgan bir qancha o‘zini tutish belgilari bo‘yicha potensial xavfli shaxslarni aniqlash maqsadida ko‘zdan kechirilayotganlarni psixologik so‘rab chiqish;
d) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining axborot-izlash ma’lumotlar bazalari bo‘yicha shubhali shaxslarni tekshirish (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti xodimlari);
(8-bandning “d” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi 37-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.01.2023-y., 09/23/37/0063-son)
e) ayrim shaxslar tomonidan qurol-yarog‘, patronlar va o‘qlarni tashishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish;
j) zaruriyat bo‘lganda nazorat qilinadigan zonaning butun hududini ko‘zdan kechirib chiqish huquqiga ega.
9. Ko‘zdan kechirish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar uni o‘tkazishda:
a) ushbu Nizom, temir yo‘lda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan qonunchilikning boshqa normalari talablariga rioya qilishga;
(9-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
b) ko‘zdan kechirilayotgan shaxslarga nisbatan hushyor, e’tiborli va iltifotli munosabatda bo‘lishga hamda ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka;
v) ko‘zdan kechirilayotgan shaxslarga o‘zlarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlarni ixtiyoriy ravishda ko‘rsatishni taklif etishga;
g) ko‘zdan kechirish sababli yo‘lovchilarning asossiz ravishda ushlanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslikka;
d) qoida buzilishiga barham berilishi choralarini ko‘rishga;
e) ko‘zdan kechirishdan bosh tortgan shaxslarni nazorat qilinadigan zona hududiga qo‘ymaslikka;
j) yo‘lovchilarga yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlarni aniqlashning zarur ko‘nikmalariga ega bo‘lishga;
z) tabiiy va texnogen tusdagi avariyalar, halokatlar, yong‘in yoki tabiiy ofatlar yuz bergan taqdirda jabrlanganlarni qutqazish va ularga birinchi yordam ko‘rsatish, maxsus qutqaruvchi xizmatlarni chaqirish choralarini ko‘rishga;
i) qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar tuzishga majburdirlar.
(9-bandning “i” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
10. Ko‘zdan kechirish natijasida nazorat qilinadigan zona hududiga yo‘lovchilarga yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar olib o‘tilishi mumkin bo‘lgan yoki ular olib o‘tilishiga yo‘l qo‘yilgan ko‘zdan kechirish bo‘yicha xizmat majburiyatlari nohalol bajarilganligi, shuningdek ko‘zdan kechirilayotgan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishga olib kelgan xizmat vakolatlari oshirilganligi uchun aybdor vakolatli shaxslar yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishining og‘irligiga qarab qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
V. Ko‘zdan kechirish tartibi
11. Nazorat qilinadigan zona hududiga kirishdan oldin vokzaloldi maydonida maxsus jihozlangan nazorat-o‘tkazish punktlarida temir yo‘l vokzali va transportda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yo‘l hujjati (chipta) va shaxsini tasdiqlaydigan hujjat tekshiriladi. Temir yo‘l vokzali (stansiyasi) binosiga kirishda har bir yo‘lovchi qo‘l yuki va bagajni ko‘zdan kechirishga taqdim etgan holda ko‘zdan kechirishdan o‘tishi (zaruriyat bo‘lganda — shaxsiy ko‘zdan kechirilishi) kerak.
12. Yo‘lovchining qo‘l yuki va bagaji u hozir bo‘lganda ko‘zdan kechiriladi.
13. Ko‘zdan kechirish maxsus texnik vositalarni qo‘llagan holda, zaruriyat bo‘lganda — xizmat itlaridan foydalanib quyidagi izchillikda o‘tkaziladi:
a) temir yo‘l vokzali (stansiyasi) binosiga kiruvchi shaxslar ko‘zdan kechirish punkti orqali o‘tadilar, bu erda ularga mavjud metall buyumlari, yo‘lovchilarga yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar, shuningdek tashish uchun berilgan o‘zga shaxslarning ashyolari (jo‘natmalar, banderollar, tugunlar, paketlar va shu kabilar) to‘g‘risida ma’lumot berish taklif etiladi;
b) ko‘zdan kechirilayotgan shaxsga kiyimdagi mavjud metall buyumlarni (portsigar, kalitlar, folgali pachkalardagi sigaretlar, tangalar va shu kabilarni) nazarda tutilgan idishga qo‘yish va odamlarning to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymay navbati bilan turg‘un metall detektor ramkasi orqali o‘tish taklif etiladi, metall buyumlar mavjudligi to‘g‘risida signal tushgan taqdirda qo‘lda ishlatiladigan metall detektor qo‘llaniladi, u bo‘lmaganda esa — belgilangan tartibda shaxsiy ko‘zdan kechiriladi. Sirtga turtib chiqqan, biroq ko‘z bilan yo‘lovchining kiyimida ko‘rinmaydigan va metall detektorning ishlab ketishiga olib keladigan buyumlar ko‘zdan kechirishni amalga oshirish vakolati berilgan shaxsning talabi bo‘yicha ko‘zdan kechirish uchun talab etiladi. Bagaj va qo‘l yuki introskopdan foydalangan holda ko‘zdan kechiriladi. Zarur hollarda qo‘l yuki va bagaj maxsus qo‘shimcha uskunadan foydalangan holda ko‘zdan kechiriladi;
v) ko‘zdan kechirishda yo‘lovchilarga yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar aniqlangan taqdirda introskop operatori (“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi xodimi) tegishli choralar ko‘rish uchun darhol transportda ichki ishlar organlari xodimini xabardor qiladi;
g) nogabarit buyumlar, yo‘lovchining qo‘lidagi ustki kiyimlar va ichida nimalar borligini introskop ekranidagi soyali tasvir bo‘yicha aniqlab bo‘lmaydigan qo‘l yuki qo‘lda ko‘zdan kechiriladi;
d) qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ushlash maqsadida ko‘zdan kechirilayotganlarning pasportga oid ma’lumotlari tanlab tekshiriladi, shuningdek shubhali shaxslar shaxsan ko‘zdan kechiriladi;
e) texnik sabablarga ko‘ra introskopdan yoki turg‘un metall detektordan foydalanish mumkin bo‘lmagan holatda shaxslarni, shuningdek ularning qo‘l yuki va bagajini ko‘zdan kechirish shaxsan ko‘zdan kechirib chiqish yo‘li bilan qo‘lda ishlatiladigan metall detektor yordamida amalga oshiriladi.
14. Qo‘l yuki sifatida tashiladigan maishiy maqsaddagi radioelektron apparatlar, binokllar umumiy asoslarda ko‘zdan kechiriladi.
15. Kinofoto apparatlar maxsus texnik vositalar qo‘llanmasdan ko‘zdan kechiriladi.
16. Yashirin tashish uchun buyumlardan foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida ashyolarni ko‘zdan kechirishda:
a) uyali telefonlar va shu kabi elektron priborlarning ishlashi tekshirilishi;
b) g‘iloflar, jildlar ko‘zdan kechirilishi, quvvatlantirish bloklari, kasseta o‘yiqlari, shuningdek plyonkali kameralar ochilishi va tekshirilishi (apparatlarni o‘chirish, quvvatlantirish bloki qopqog‘ini va kasseta o‘yiqlari ochishni yo‘lovchi amalga oshiradi);
v) suyuqliklar solingan idishlar va termoslar ko‘z bilan tekshirilishi;
g) gabaritiga ko‘ra maxsus texnik vositalar yordamida tekshirib bo‘lmaydigan musiqa asboblari tekshirilar ekan, ularning g‘iloflari olib tashlanishi, jildlari ochilishi va ular silkitib ko‘rilishi zarur.
17. Yurak faoliyatini rag‘batlantiruvchi implantirlangan apparatlarga ega bo‘lgan shaxslar maxsus texnik vositalar qo‘llanilmasdan qo‘lda yoki shaxsan ko‘zdan kechiriladi.
18. Tibbiyot punktidagi yo‘lovchilar va ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar bunday shaxslar ko‘zdan kechirishdan o‘tishi uchun mas’ul bo‘lgan maxsus ajratilgan shaxslar tomonidan ko‘zdan kechiriladi, shuningdek ko‘zdan kechirishdan keyin ularning o‘zga shaxslar bilan aloqasini istisno etish tibbiyot punkti xodimlariga yuklanadi, bu haqda ularga tilxat olib e’lon qilinadi.
19. VIP-maqomga ega bo‘lgan yo‘lovchilar va shaxslar ushbu zallarning ko‘zdan kechirish punktlarida ko‘zdan kechirish tartib-qoidasidan o‘tadilar.
20. Yo‘lovchi vagonlarida uy hayvonlari, parrandalar va faunaning boshqa vakillarini tashiydigan yo‘lovchilar tegishli veterinariya ma’lumotnomalariga, shuningdek ular tashiladigan qafaslar yoki boshqa moslamalarga ega bo‘lishlari kerak.
21. Ko‘zdan kechirish tartib-qoidalaridan o‘tilgandan keyin yo‘lovchiga uning qo‘l yuki qaytariladi, yo‘l hujjatiga (chiptaga) yuk xatiga, bagajga ko‘zdan kechirishdan o‘tganlik to‘g‘risida belgi qo‘yiladi, shundan keyin yo‘lovchi temir yo‘l yo‘lovchilar tashish transportiga chiqish uchun kutish zaliga yo‘l oladi. Belgi (shtamp) yo‘l hujjati (chipta)ning yuza yoki orqa tomoniga qo‘yiladi. Qo‘l yuki, bagajga belgi ko‘zdan kechirishdan o‘tganlikni tasdiqlaydigan lenta shaklidagi maxsus yelimlagich yopishtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Yo‘lovchida tegishli hujjat bilan taqib yurishga ruxsat berilgan qurol mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l hujjatiga (chiptaga) “Qurol” degan qo‘shimcha belgi qo‘yiladi, yo‘lovchidagi mavjud qurol, unga o‘q-dorilar va ularning soni yozma ravishda ko‘rsatiladi.
Tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lgan va xizmat vazifalarini bajaruvchi huquqni muhofaza qilish organlari va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi vakillaridagi qurol ko‘zdan kechirilmaydi. Bunday hollarda qurol mavjudligi ushbu shaxslarning tegishli hujjatlarida ko‘rsatiladi.
22. Yo‘lovchilarning (shu jumladan tranzit yo‘lovchilarning) yo‘l hujjatlarida (chiptalarida), qo‘l yukida, bagajida ko‘zdan kechirishdan o‘tganlik to‘g‘risidagi belgi mavjudligini vagon provodnigi tekshiradi.
Qo‘shimcha “Qurol” belgisi mavjud bo‘lgan taqdirda provodnik yo‘lovchini safar davrida belgilangan tartibda saqlash uchun qurolni topshirish uchun yo‘lovchilar tashish poyezdi boshlig‘iga yuboradi. Safar davrida yo‘lovchilar tashish poyezdi boshlig‘iga:
to‘pponchalar, revolverlar, soyli miltiqlar, karabinlar va boshqa o‘q otar qurol;
o‘q-dorilar, ov pichoqlari va raketnitsalar (signal va yorituvchi raketalarni otuvchi to‘pponchalar);
arbaletlar va suv osti ovi quroli, qilichlar, xanjarlar, dudama qilichlar, egri qilichlar, uzun va og‘ir qilichlar, tig‘lar, qilichsimon nayzalar, nayzalar, xanjarlar, kortiklar, xanjarchalar, pichoqlar: harbiy, desant, fin pichoqlari, piskalar otilib chiqadigan, qulflanadigan dudama qilichlar saqlash uchun belgilangan tartibda topshiriladi.
23. Yo‘l hujjatida (chiptada), qo‘l yukida, bagajda ko‘zdan kechirishdan o‘tganlik to‘g‘risidagi belgi mavjud bo‘lmagan yo‘lovchilarning vagonga kirishi qat’iyan taqiqlanadi.
24. Ko‘zdan kechirishdan o‘tish vaqti yo‘lovchilarning temir yo‘l yo‘lovchilar tashish transportiga chiqishdan kechikishi uchun shart-sharoitlar yaratmasligi zarur.
Bunda ko‘zdan kechirish vaqtini qisqartirish maqsadida yo‘lovchilarni ko‘zdan kechirish tartib-qoidasini soddalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
VI. Shaxsiy ko‘zdan kechirish
25. Shaxslarni tanlab shaxsiy ko‘zdan kechirish buning uchun maxsus jihozlangan xonalarda:
a) tayyorlanayotgan noqonuniy aralashish harakati to‘g‘risida xabar kelgan;
b) ko‘zdan kechirilayotgan shaxsda yo‘lovchilarga yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar mavjudligi to‘g‘risida xabar olingan;
v) ko‘zdan kechirilayotgan shaxsning yuk xatida yo‘lovchilarga yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar aniqlangan;
g) ko‘zdan kechirish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan shaxsan kuzatish yo‘li bilan ko‘zdan kechirilayotgan shaxsning shubhali o‘zini tutishi va xatti-harakatlari belgilari, balkim uning jinoiy niyatlaridan dalolat beruvchi yoki unda yo‘lovchilarga yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida shubha tug‘diruvchi belgilar aniqlangan hollarda amalga oshiriladi.
26. Shaxslarni shaxsiy ko‘zdan kechirish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 289-moddasiga muvofiq va yo‘lovchilarga yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlarni aniqlash uchun zarur bo‘lgan doirada amalga oshiriladi.
VII. Maxsus yuklarga, maxsus pochtaga va soqchilar nazorati ostidagi shaxslarga hamrohlik qiluvchi shaxslarni, harbiy xizmatchilar, mergan sportchilar, ovchilar, geologlar va qurol saqlash va tashish huquqiga ega bo‘lgan boshqa yo‘lovchilarni ko‘zdan kechirish tartibi
27. Temir yo‘l transportida tashiladigan maxsus yuklar, maxsus pochta va rasmiy xat-xabarlar hamda ularni kuzatib boruvchi O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining qurollangan xodimlari, shuningdek ichki ishlar organlari va boshqa huquqni muhofaza qilish organlarining ularni kuzatib boruvchi xodimlari, feldegerlik va maxsus aloqa xodimlari, konsullik valezlari va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida ularga tenglashtirilgan, diplomatik maqomga ega bo‘lgan yo‘lovchilar tomonidan kuzatib boriladigan xorijiy muassasalar va xalqaro tashkilotlarning boshqa rasmiy xat-xabarlari tegishli hujjatlar taqdim etilgandan keyin ko‘zdan kechirilmaydi va ushlab turilmaydi.
28. Qurollangan xodimlar tomonidan kuzatib boriladigan maxsus yuklar va pochtani ortish, shuningdek qurollangan xodimlarni va soqchilar nazorati ostidagi shaxslarni poyezdga chiqarish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
29. Maxsus yuklar va maxsus pochtada yo‘lovchilarga yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj shaklida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlar bo‘lmasligi kerak. Ushbu qoidalar buzilganligi uchun belgilangan tartibda jo‘natuvchi javob beradi.
30. Tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda qurol saqlash va tashish huquqiga ega bo‘lgan mergan sportchilar, ovchilar, geologlar va boshqa yo‘lovchilarga tegishli bo‘lgan qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, ov pichoqlari va raketnitsalar safar davrida saqlash uchun belgilangan tartibda yo‘lovchilar tashish poyezdi boshlig‘iga beriladi. Ularga g‘ilof kiydirilgan bo‘lishi, qurol o‘qsizlantirilgan bo‘lishi, magazinlar va o‘q-dorilar alohida saqlanishi kerak.
VIII. Temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga jalb etilgan xodimlarni, shuningdek huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari xodimlarini ko‘zdan kechirish tartibi
31. Temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga jalb etilgan xodimlarni, prokuratura, ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarini va nazorat organlari xodimlarini ko‘zdan kechirish ushbu Nizomga muvofiq umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
32. Prokuratura, ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari va nazorat organlari xodimlarining va temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga jalb etilgan xodimlarning temir yo‘l vokzallari (stansiyalari) hududiga kirishi va u erda bo‘lishi temir yo‘l vokzali (stansiyasi) xodimlari tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnomalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
IX. Yakunlovchi qoida
33. Ushbu Nizom talablarining buzilishi qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka olib keladi.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) yo‘lovchilar va boshqa shaxslarni, qo‘l yukini, bagajni ko‘zdan kechirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Yo‘lovchilar tashish poyezdlarida tashish taqiqlangan va cheklangan xavfli moddalar va buyumlar
RO‘YXATI
I. Quyidagilar yo‘lovchilar tashish poyezdlarida qo‘l yuki va bagaj sifatida tashish taqiqlangan xavfli moddalar va buyumlarga kiradi:
a) tegishli ruxsat berilgan hujjat bo‘lmagan barcha turdagi o‘q otar va tig‘li qurollar:
to‘pponchalar, revolverlar, soyli miltiqlar, karabinlar, boshqa o‘q otar qurollar va ularga o‘q-dorilar;
arbaletlar va suv osti ovi quroli, qilichlar, xanjarlar, dudama qilichlar, egri qilichlar, uzun va og‘ir qilichlar, tig‘lar, qilichsimon nayzalar, nayzalar, xanjarlar, kortiklar, xanjarchalar, pichoqlar: harbiy, desant, fin pichoqlari, piskalar otilib chiqadigan, qulflanadigan dudama qilichlar;
b) tegishli ruxsat berilgan hujjat bo‘lmagan barcha turdagi portlovchi moddalar va ular bilan to‘ldirilgan buyumlar, portlatish vositalari:
har qanday o‘ramdagi barcha ov poroxlari;
ov kapsulalari (pistonlari) va kapsula-detonatorlar;
pirotexnika vositalari: signalli va yorituvchi raketalar, posadkali shashkalar, tutun chiqaruvchi patronlar;
dinamit, tol, ammonal, trotil va boshqa portlovchi moddalar;
v) siqilgan va suyultirilgan gazlar;
g) tez yonuvchan qattiq moddalar:
suv ta’sirida issiqlik va issiq gaz chiqaradigan, natijada o‘zidan o‘zi yonadigan va yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan moddalar: kaliy, natriy, metalli kalsiy va ularning qotishmalari, kalsiy, fosforit va boshqalar;
oq, sariq va qizil fosfor hamda tez yonuvchan qattiq moddalar toifasiga tegishli bo‘lgan boshqa barcha moddalar;
organik peroksidlar;
donador yoki parcha-parcha, quruq yoki nam, tarkibida kamida 25 foiz suv yoki erituvchi suyuqlik bo‘lgan kolloid nitrotsellyuloza;
quruq va nam, tarkibida kamida 30 foiz suv yoki erituvchi suyuqlik bo‘lgan nitrotsellyuloza;
d) tegishli ruxsatnoma berilgan hujjat bo‘lmagan barcha turdagi zaharli va zaharlovchi moddalar:
har qanday idishga joylashtirilgan suyuq va qattiq holatdagi har qanday zaharli, kuchli ta’sir qiladigan va zaharlovchi moddalar;
brutsin;
nikotin;
strixnin
tetragidrofurfuril spirti;
etilenglikol;
simob;
tsianid kislotaning barcha tuzlari va tsianid preparatlar;
siklon, tsianplav, margimush angidrid va boshqa kuchli ta’sir qiladigan, zaharli, zaharlovchi moddalar;
e) germetik idishlarsiz va o‘ramlarsiz tashiladigan o‘yuvchi, badbo‘y va yemiruvchi moddalar:
kuchli va noorganik kislotalar: xlorid, sulfat, azot kislotalar va boshqa kislotalar;
ftorli-vodorod (shishani o‘yish qobiliyatiga ega bo‘lgan) kislotasi va boshqa kuchli kislotalar va yemiruvchi moddalar;
j) bojxona qoidalariga va boshqa qoidalarga ko‘ra tashishga yo‘l qo‘yilmaydigan buyumlar.
II. Quyidagi cheklangan miqdorlardagi maishiy maqsaddagi moddalar va buyumlarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rgan holda qo‘l yuki va bagajda yo‘lovchilar tashish poyezdlarida tashishga ruxsat beriladi va ular ko‘zdan kechirishda olib qo‘yilmaydi:
sirka (bitta yo‘lovchiga 0,5 litrdan ko‘p emas);
alkogolli ichimliklar;
xizmat maqsadlarida tashiladigan spirt, tamg‘a raqami ko‘rsatilgan holda korxona (tashkilot) ma’lumotnomasi bilan tasdiqlanadigan, germetik yopilgan va tamg‘alangan idishlarda ikki litrdan ortiq bo‘lmagan miqdorda tashiladi;
germetik idishda va o‘ramda tashiladigan tez alangalanadigan suyuqliklar;
atseton;
neft mahsulotlari namunalari;
metalatsetat (metil efiri);
uglerod sulfid;
efirlar;
pardoz-andoz vositalari, shu jumladan tirnoq uchun loklar, loklarni ko‘chirish uchun suyuqliklar, soch uchun suyuqliklar, shuningdek spirt-lok asosidagi havoni tozalovchi suyuqliklar;
gazli zajigalkalar va zajigalkalar uchun gazli ballonchalar (bitta yo‘lovchiga 2 ta ballonchadan ortiq emas);
buklama (fiksatorsiz) yo‘l pichoqlari va qayirma pichoqlar;
simobli tibbiyot termometrlari (gradusniklar) (bitta yo‘lovchiga 1 donadan ortiq emas);
standart g‘ilofdagi simobli tonometrlar (bitta yo‘lovchiga 1 donadan ortiq emas);
jo‘natuvchining tamg‘asi bilan maxsus germetik konteynerlarda joylashtirilgan simobli barometrlar va manometrlar.
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 30-noyabrdagi 314-son qaroriga
2-ILOVA
Yo‘lovchilar va boshqa shaxslarning temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) bo‘lishi
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar (keyingi o‘rinlarda qoidalar deb ataladi) shaxslarning temir yo‘l vokzallari (stansiyalari) hududida bo‘lishi tartibini belgilaydi.
2. Qoidalar temir yo‘l vokzali (stansiyasi) hududida bo‘lgan temir yo‘l transporti xodimlari va boshqa shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
3. Ushbu Qoidalarda quyidagi terminlar va tavsiflar foydalaniladi:
temir yo‘l vokzali — yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, poyezdlar harakatini boshqarish va xizmat xodimlarini joylashtirish uchun mo‘ljallangan temir yo‘l stansiyasidagi bino yoki binolar kompleksi, inshootlar va qurilmalar;
yo‘lovchilar platformasi (perroni) — stansiyalarda yoki to‘xtash shoxobchalarida yo‘lovchilarning vagonlarga qulay va xavfsiz o‘tishi, ularning vagonlarga chiqishi va tushishi uchun qulaylashtirilgan maydoncha.
II. Yo‘lovchilar va boshqa shaxslarning temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) bo‘lishi tartibi
4. Yo‘lovchilar tashish poyezdiga yo‘l hujjatlari (chiptalari)ga ega bo‘lgan, temir yo‘l vokzaliga (stansiyasiga) kelgan yo‘lovchilar faqat belgilangan tartibda amalga oshirilgan ko‘zdan kechirishdan o‘tganlaridan keyin temir yo‘l vokzali (stansiyasi)ning nazorat qilinadigan zonasi hududiga o‘tadilar.
VIP toifali vagonlarga yo‘l hujjatlari (chiptalari)ga ega bo‘lgan yo‘lovchilar ham belgilangan tartibda ko‘zdan kechiriladilar.
5. Ko‘zdan kechirish tartibotlaridan o‘tgandan keyin yo‘lovchilar temir yo‘l vokzali (stansiyasi) hududida ko‘rsatiladigan barcha xizmatlardan foydalanish huquqiga ega.
Nazorat qilinadigan zonadagi kirish joyida va har bir qabul qilish-jo‘natish yo‘llari platformalarida yo‘lovchilarga qulay bo‘lishi uchun temir yo‘l vokzali (stansiyasi) tomonidan bepul asosda qo‘l yuki va bagajni tashish uchun foydalanishga aravachalar beriladi.
6. Temir yo‘l vokzallari (stansiyalari)da mahalliy, davlatlararo va shaharlararo yo‘nalishlar poyezdiga chiqadigan yo‘lovchilar poyezdga chiqish uchun har bir temir yo‘l vokzali (stansiyasi) uchun alohida ishlab chiqilgan keluvchi va ketuvchi yo‘lovchilarning poyezdlarga chiqish sxemalariga muvofiq qabul qilish-jo‘natish yo‘llarining yo‘lovchilar platformalaridan biriga nazarda tutilgan piyodalar o‘tish yo‘llari, piyodalar ko‘prigi yoki yer osti yo‘llari orqali o‘tiladi.
7. Kelgan yo‘lovchilarning temir yo‘l vokzali (stansiyasi) hududidan shaharga chiqishi piyodalar o‘tish yo‘llari orqali temir yo‘l vokzali (stansiyasi) binosini chetlab o‘tgan holda amalga oshiriladi.
8. Temir yo‘l vokzali (stansiyasi)ga kelgan boshqa shaxslar nazorat qilinadigan zonadagi kirish joyida joylashgan bevosita nazorat-o‘tish shoxobchasi yaqinida joylashadigan temir yo‘l vokzali (stansiyasi) ruxsatnomalar byurosida ruxsatnoma olgandan keyin ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yiladi.
9. Nazorat qilinadigan zonada bo‘lish huquqiga ega bo‘lgan yo‘lovchi bo‘lmagan boshqa shaxslar ham olingan ruxsatnomaga muvofiq ko‘zdan kechirishdan o‘tgandan keyin temir yo‘l vokzali (stansiyasi)ning nazorat qilinadigan zonasi hududiga o‘tadilar.
10. Xizmat zarurati bo‘yicha kelgan mansabdor shaxslar ko‘zdan kechirishdan o‘tgandan keyin nazorat qilinadigan zona hududiga o‘tish huquqiga ega.
III. Yo‘lovchilarning temir yo‘ldan o‘tishda, vagonga chiqish va undan tushishdagi harakati tartibi
11. Temir yo‘l vokzali (stansiyasi)da bo‘lgan shaxslarning temir yo‘ldan o‘tishi faqat buning uchun belgilangan va jihozlangan joylarda amalga oshiriladi.
12. Nogironlik aravachasidagi shaxslarning temir yo‘ldan o‘tishiga faqat piyodalar o‘tish yo‘llari orqali va albatta kuzatuvchi bilan yo‘l qo‘yiladi.
13. Temir yo‘lda va yo‘lovchilar platformalarida bo‘lish vaqtida xavfsizlik choralariga rioya qilish va salomatlikni saqlash maqsadida quyidagilar taqiqlanadi:
a) yo‘lovchilar platformasi va temir yo‘lning harakatlanuvchi tarkibi tagiga kirish, vagonlar o‘rtasidagi avtomatik ulagichlardan oshib o‘tish;
b) temir yo‘lning belgilanmagan joylaridan o‘tish, poyezdlar harakatini buzishga olib kelishi mumkin bo‘lgan buyumlarni temir yo‘lga qo‘yish;
v) yo‘lovchilar platformasi chetidagi chegaralovchi liniyalarga o‘tish, kelayotgan yoki jo‘nayotgan poyezdlarning yonida yo‘lovchilar platformasida yugurish;
g) turli harakatli o‘yinlar o‘ynash, bolalarni qarovsiz qoldirish (bolali shaxslar uchun);
d) temir yo‘l transporti to‘liq to‘xtagunga qadar vagonlarga yaqinlashish, poyezd yurib borayotganda vagonga chiqish va (yoki) tushish, vagonlar derazalari va tamburlar eshiklaridan bosh chiqarish, yo‘lovchilar platformasidan temir yo‘lga sakrash;
e) belgilar, ko‘rsatkichlar yoki boshqa axborot manbalari bor bo‘lgan jismlarga shikast yetkazish, iflos qilish, to‘sib qo‘yish, ularni olib tashlash, mustaqil ravishda o‘rnatish, temir yo‘l transporti infratuzilmasi obyektlariga, shu jumladan temir yo‘lning harakatlanuvchi tarkibiga ziyon yetkazish;
j) turgan vagonga suyanish, temir yo‘lning harakatlanuvchi tarkibi tomiga chiqish, vagonlar eshiklarining avtomatik ochilishi va yopilishini to‘xtatib turish, temir yo‘lning harakatlanuvchi tarkibi harakatiga xalaqit berish;
z) zinapoyalarda va o‘tish maydonchalarida turish, tirgaklarga hamda bog‘lovchi tarmoqlarning maxsus konstruksiyalariga va havo liniyalariga va sun’iy qurilmalarga chiqish, tirgaklardan hamda bog‘lovchi tarmoqlarning maxsus konstruksiyalaridan va elektr uzatish havo liniyalaridan o‘tadigan simlarga qo‘l tegizish;
i) chekish uchun mo‘ljallanmagan joylarda chekish, temir yo‘l yo‘lovchilar tashish transportida alkogolli ichimliklar, toksik va giyohvand moddalar iste’mol qilib mast holatda bo‘lish;
k) ekilgan himoya daraxtlariga, qordan himoya qiluvchi to‘siqlarga va boshqa yo‘l obyektlariga, signal beruvchi qurilmalar va aloqa inshootlariga shikast yetkazish;
l) sanitariya qonunchiligini, sanitariya normalari, gigiyena qoidalari va normativlarini buzish, poyezdlar vagonlaridan axlatlar va boshqa buyumlarni tashqariga tashlash;
m) nazorat qilinadigan zona hududida yong‘in xavfsizligi qoidalarini, jamoat tartibi qoidalari va normalarini buzish;
n) tegishli o‘ramalarsiz yoki g‘iloflarsiz fuqarolarni mayib qilishi mumkin bo‘lgan moddalar va buyumlarni o‘zi bilan olib yurish.
14. Yo‘lovchilar va boshqa shaxslar temir yo‘lda va yo‘lovchilar platformalarida bo‘lganda:
a) temir yo‘l vokzali (stansiyasi), “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi xodimlarini hamda ichki ishlar xodimlarini temir yo‘ldagi mavjud xalaqit beruvchi to‘siqlar va boshqa shubhali buyumlar, shuningdek temir yo‘l vokzali (stansiyasi) hududidagi begona va (yoki) unutib qoldirilgan buyumlar to‘g‘risida xabar berishlari;
b) temir yo‘lning harakatlanuvchi tarkibi yaqinlashayotganda vujudga keladigan havo oqimining ta’siri bo‘lmaydigan masofaga borib turishlari;
v) temir yo‘lning harakatlanuvchi tarkibini shoshilinch to‘xtatish talab qilinadigan vaziyatlar yuzaga kelgan hollarda mumkin bo‘lgan usul bilan signal berishlari;
g) perronga chiqishda, vagonga kirish va vagondan tushishda (bolali shaxslar uchun) bolalarning qo‘lidan ushlash yoki qo‘lda ko‘tarib olishlari;
d) vagonlarga faqat poyezd to‘liq to‘xtaganda, boshqa fuqarolarga xalaqit bermasdan, faqat yo‘lovchilar platformasi tomonidan (temir yo‘l stansiyalarida maxsus ajratilgan va moslashtirilgan joylarda) kirishlari va (yoki) tushishlari kerak.
IV. Temir yo‘l vokzallari (stansiyalari)ning temir yo‘l vokzali stansiyasi) hududidagi shaxslarga xizmat ko‘rsatishga doir vazifalari va funksiyalari
15. Quyidagilar temir yo‘l vokzallari (stansiyalari)ning temir yo‘l vokzali (stansiyasi) hududidagi shaxslarga xizmat ko‘rsatishga doir asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) xizmat ko‘rsatishni tashkil etish;
b) xizmat ko‘rsatish madaniyati darajasi va ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish;
v) ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasini kengaytirish.
16. Temir yo‘l vokzali (stansiyasi) temir yo‘l vokzali (stansiyasi) hududidagi shaxslarga xizmat ko‘rsatishga doir unga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) ma’lumot-axborot xizmatlari ko‘rsatish;
b) yo‘lovchilar va rasmiy delegatsiyalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
v) uzoq muddat dam olish xonalariga hamda onalar va bolalar xonalariga joylashtirishni tashkil etish, shu jumladan temir yo‘lning aybi bilan va boshqa favqulodda holatlarda temir yo‘l yo‘lovchilar tashish transporti harakatida uzilishlar yuz bergan hollarda yo‘lovchilarni kutish zallariga joylashtirish, ovqatlanishini va ularga axborot berilishini tashkil etish;
g) yuk tashuvchilar tomonidan xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etish;
d) yuk saqlash xonalari xizmatlari ko‘rsatish;
e) bagaj va qo‘l yukini tashishning belgilangan normalariga rioya qilish ustidan nazorat qilish;
j) yo‘lovchilar poyezdlarga o‘tishining xavfsiz yo‘nalishlarini ta’minlash;
z) yo‘lovchilarni uzoq manzilga va shahar atrofiga qatnaydigan poyezdga chiqishini (undan tushishini) ta’minlash;
i) temir yo‘l vokzali (stansiyasi)da servis markazlarini tashkil etish;
k) imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar, uyushgan guruhlar, shu jumladan bolalar guruhlari, harbiy komandalarning vagonlarga chiqishi-tushishi va temir yo‘l vokzalida bo‘lishi uchun xavfsiz va qulay shart-sharoitlarni ta’minlash;
l) transport hodisalari, yong‘inlar va halokatlar, atrof muhitga zararli biologik ta’sirning oqibatlarini bartaraf etish chog‘ida temir yo‘l vokzali (stansiyasi) hududida bo‘lish davrida ekologik xavfsizlik talablariga rioya qilish hamda fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilishni ta’minlash ishlarini tashkil etish;
m) vokzal majmui obyektlarini, temir yo‘l vokzali (stansiyasi) xodimlarini, yo‘lovchilarni va boshqa shaxslarni noqonuniy aralashish harakatlaridan va boshqa jinoiy xatti-harakatlardan muhofaza qilishni ta’minlash.
Temir yo‘l vokzallari (stansiyalari), shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajaradi.
(16-bandning o‘n to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
V. Yakunlovchi qoida
17. Ushbu Qoidalar talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 48-son, 493-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 31.01.2023-y., 09/23/37/0063-son)