O‘zbekiston SOVET SOTSIALISTIK RESPUBLIKASI Prezidentining
Farmoni
1991-YIL 25-AVGUSTDAGI
Mamlakatda vujudga kelgan ahvolni e’tiborga olib va respublika manfaatlarini himoya qilish maqsadida:
1. Respublika Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti O‘zbekiston SSR ning qonuniy tasarrufiga olinsin.
2. Mazkur idoralarning rahbarlari ikki hafta muddat ichida Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti idoralarining maqomi hamda Nizomini qaytadan ko‘rib chiqib, birinchi navbatda respublika va uning fuqarolari xavfsizligini, manfaatlarini muhofaza qilishni nazarda tutsinlar.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlari.
3. Respublika hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari bevosita O‘zbekiston SSR Prezidentiga bo‘ysundirilsin.
4. O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatiga juda qisqa muddatda respublikaning Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Qonun loyihasini tayyorlash va uni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi muhokamasiga taqdim etish taklif qilinsin.
5. O‘zbekiston SSR Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi komiteti, prokuraturasi va adliya idoralari, shuningdek, respublika hududida joylashgan ichki qo‘shinlar, Turkiston harbiy okrugi qismlari va qo‘shilmalari partiyadan holi qilinsin.
Belgilab qo‘yilsinki, bundan buyon yuqorida ko‘rsatilgan idoralar va muassasalarda siyosiy partiyalar va harakatlarning yangi tashkiliy tuzilmalarini vujudga keltirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
6. Mazkur mahkamalarning rahbarlari davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari bilan birgalikda ushbu Farmon munosabati bilan ishdan bo‘shaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun barcha choralarni ko‘rsinlar.
Ushbu Farmon imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi.
O‘zbekiston SSR Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 25-avgust,
PF-237-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 10-son, 218-modda)