Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.08.2023
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
ALKOGOL VA TAMAKI MAHSULOTLARINING TARQATILISHI HAMDA ISTE’MOL QILINISHINI CHEKLASH TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2011-yil 27-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2011-yil 26-avgustda ma’qullangan
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi 2023-yil 24-maydagi O‘RQ-844-sonli “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan 2023-yil 26-avgustdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun fuqarolarning sog‘lig‘ini, avvalo, yigirma yoshga to‘lmagan shaxslarning sog‘lig‘ini alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning zararli ta’siridan, shu bilan bog‘liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan himoya qilishga, shuningdek jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlarini yaratishga qaratilgandir.
2-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risidagi qonunchilik
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
alkogol mahsuloti — konyak spirti yoki tozalangan etil spirtidan, vino materiallari va (yoki) tarkibida spirt bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotidan foydalangan holda ishlab chiqarilgan, hajmidagi etil spirtining ulushi bir yarim foizdan ortiq bo‘lgan oziq-ovqat mahsuloti;
alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning salbiy ta’siri profilaktikasi — alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish bilan bog‘liq fuqarolar sog‘lig‘iga, avvalo, yoshlar sog‘lig‘iga, ularning jismoniy, ma’naviy rivojlanishiga, jamiyatning ma’naviy-axloqiy negizlariga tahdidlarning hamda boshqa tahdidlarning oldini olishga va ularni kamaytirishga qaratilgan ijtimoiy, huquqiy, tibbiy chora-tadbirlar hamda boshqa chora-tadbirlar majmui;
alkogolga qaramlik — alkogol mahsulotiga patologik ruju qo‘yish, alkogoldan surunkali zaharlanishning psixosomatik (ruhiy va jismoniy) hamda ijtimoiy oqibatlari bilan tavsiflanadigan surunkali kuchayib boruvchi kasallik (surunkali alkogolizm);
tamaki mahsuloti — tamakidan yoki uning o‘rnini bosuvchi narsadan tayyorlangan har qanday mahsulot;
tamakiga qaramlik — tamaki mahsulotiga patologik ruju qo‘yish, nikotindan surunkali zaharlanishning psixosomatik (ruhiy va jismoniy) oqibatlari bilan tavsiflanadigan surunkali kuchayib boruvchi kasallik (nikotinga qaramlik);
tibbiy ogohlantirish — alkogol mahsuloti idishining yorlig‘ida hamda tamaki mahsulotining qutisida (o‘rovida) joylashtiriladigan, alkogol yoki tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning inson sog‘lig‘iga salbiy ta’siri to‘g‘risidagi axborot.
4-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’siri profilaktikasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’siri profilaktikasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash, alkogol, tamaki mahsulotlarining zararli ta’siridan himoya qilishga qaratilgan huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda boshqa chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish;
fuqarolarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga, aholi, avvalo, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga, ularning sog‘lig‘iga alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish bilan bog‘liq tahdidlarning oldini olish hamda bunday tahdidlarni kamaytirishga qaratilgan profilaktika, ma’rifiy faoliyatni tashkil etish va amalga oshirish;
alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi hamda realizatsiya qilinishi sohasidagi davlat nazoratini ta’minlash, shuningdek bunday mahsulotlarning tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklashga, ularning salbiy ta’siri profilaktikasiga, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirish;
alkogol va tamakiga qaram bo‘lib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish;
alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning salbiy ta’siri profilaktikasi, shuningdek alkogol va tamakiga qaramlik diagnostikasi hamda uni davolash sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish;
sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda hamda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va iste’mol qilinishini cheklash va ularning salbiy ta’siri profilaktikasi sohasidagi davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan profilaktika, ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining keng ishtirok etishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish.
5-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash sohasidagi davlat kafolatlari
Davlat O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan alkogol va tamaki mahsulotlarining inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfsizligini baholash qoidalari hamda tartib-taomillari belgilanishini va ularga rioya etilishini kafolatlaydi.
Davlat tarkibida inson hayoti va sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan moddalarning miqdori O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p me’yorlardan ortiq bo‘lgan alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi hamda realizatsiya qilinishini tartibga soladi, shuningdek bunday mahsulotlarning import qilinishini taqiqlab qo‘yadi.
Davlat alkogol va tamakiga qaram bo‘lib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishini, shuningdek alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning salbiy oqibatlari to‘g‘risidagi axborotdan foydalanilishini qonunchilik talablariga muvofiq ta’minlaydi.
(5-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, ta’lim muassasalari va boshqa muassasalar alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning salbiy ta’siri profilaktikasi, jamoatchilik ongida alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishga nisbatan salbiy munosabatni shakllantirish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida ijtimoiy, tashkiliy-huquqiy hamda boshqa chora-tadbirlar majmuini amalga oshiradi.
2-bob. Davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’siri profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’siri profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’siri profilaktikasi sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi, shu sohaga doir davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ro‘yobga chiqaradi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni kamaytirishga, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi hamda realizatsiya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi va bunday nazoratni tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(7-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
joylarda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, alkogol va tamaki mahsulotlarining fuqarolar, ayniqsa, yigirma yoshga to‘lmagan shaxslar orasida iste’mol qilinishini kamaytirishga, ularda yuksak ongni shakllantirish va jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan ma’rifiy, tarbiyaviy, tibbiy-sanitariya ishlarining ta’sirchanligini oshirishga doir chora-tadbirlarni va boshqa ijtimoiy, tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi profilaktikaning samarali tizimi yaratilishi va faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonuniga (yangi tahriri) qarang.
8-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’siri profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash sohasidagi yagona davlat siyosatini, avvalo, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini nazarda tutgan holda amalga oshirishda ishtirok etadi;
alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning zarari to‘g‘risidagi bilimlarni aholi, avvalo, yoshlar o‘rtasida yoyishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
alkogol va tamaki mahsulotlarining xavfsizligiga doir majburiy talablarga taalluqli bo‘lgan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlarni tashkil etishda hamda ularning bajarilishini ta’minlashda ishtirok etadi;
fuqarolar sog‘lig‘ini alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning salbiy ta’siridan himoya qilish bilan bog‘liq profilaktika ishlarini tashkil etish hamda amalga oshirish masalalari borasida nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
alkogol va tamakiga qaramlikning diagnostikasi hamda uni davolashga doir normativ hujjatlarni ishlab chiqadi, ularga sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
alkogol idishining yorlig‘ida va tamaki mahsulotining qutisida (o‘rovida) joylashtiriladigan tibbiy ogohlantirishlar, shuningdek alkogol va tamaki mahsulotlari realizatsiya qilinadigan joylardagi ogohlantiruvchi yozuvlar matnlarining mazmunini ko‘rib chiqadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
alkogol va tamakiga qaram bo‘lib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishini ta’minlaydi, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lgan surunkali kasallanish hamda o‘lim holatlarining monitoringini amalga oshiradi;
alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning zararli ta’siri profilaktikasiga doir tadbirlarning samaradorligi monitoringini amalga oshiradi;
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash sohasidagi xalqaro hamkorlik dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
alkogol va tamakiga qaramlikning profilaktikasi hamda uni davolash bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta’minlaydi;
alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning salbiy ta’siri profilaktikasi masalalari bo‘yicha umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari, shuningdek oliy ta’lim muassasalari uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
alkogol va tamakiga qaramlikning profilaktikasi, diagnostikasi hamda uni davolash sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘g‘risida nizom”.
9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’siri profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’sirini kamaytirish sohasidagi davlat dasturlarining ro‘yobga chiqarilishida ishtirok etadi hamda hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va ro‘yobga chiqarilishini tashkil qiladi;
aholi o‘rtasida, avvalo, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning zarari to‘g‘risidagi bilimlarni yoyishga qaratilgan profilaktika tadbirlari amalga oshirilishini ta’minlaydi;
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining tegishli hududda ijro etilishini ta’minlaydi;
(9-moddaning birinchi qismi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning salbiy ta’siridan fuqarolar sog‘lig‘ini himoya qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish masalalari yuzasidan nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni ta’minlaydi;
alkogol va tamakiga qaram bo‘lib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishini moliyaviy, moddiy-texnikaviy, tashkiliy jihatdan ta’minlash masalalarini hal etadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(9-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonuniga qarang.
10-modda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’siri profilaktikasi sohasidagi ishtiroki
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar o‘z vakolatlari doirasida:
alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’siri profilaktikasi sohasidagi davlat dasturlarining, hududiy va boshqa dasturlarning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
aholi, avvalo, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga hamda alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning zarari to‘g‘risidagi bilimlarni yoyishga qaratilgan profilaktika tadbirlarini amalga oshiradi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
(10-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonuniga (yangi tahriri) qarang.
3-bob. Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, realizatsiya hamda reklama qilishga doir faoliyatni tartibga solish
11-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish
Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish yuridik shaxslar tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(11-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati erkinligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 25-avgust PQ-1604-sonli qarori

.
12-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining o‘ralishiga, tamg‘alanishiga doir talablar
Alkogol va tamaki mahsulotlarining o‘ralishiga, tamg‘alanishiga doir talablar qonunchilikda nazarda tutilgan texnik reglamentlarga muvofiq belgilanadi.
(12-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Alkogol mahsulotining idishida yorliq asosiy yuzasining kamida qirq foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak.
Tamaki mahsulotining qutisida (o‘rovida) tamaki mahsuloti qutisi (o‘rovi) old tomoni asosiy yuzasining kamida qirq foizini va orqa tomoni asosiy yuzasining kamida qirq foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak.
Tamaki mahsulotining qutisida (o‘rovida) inson sog‘lig‘iga yetkaziladigan zararni kamaytirib ko‘rsatuvchi, tamaki mahsulotining xususiyati haqida zararsiz mahsulot sifatida yoki tamaki mahsulotining boshqa namunalariga qaraganda zarari kamroq ekanligi to‘g‘risida yolg‘on taassurot uyg‘otadigan axborot joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
13-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarini olib kirish hamda realizatsiya qilishga doir cheklovlar
O‘zbekiston Respublikasi hududiga alkogol mahsulotini polietilen, polistirol va boshqa polimer materialdan tayyorlangan polimer iste’mol idishlarida olib kirish taqiqlanadi, bundan pivo va vino mahsulotlari mustasno.
Alkogol va tamaki mahsulotlarini:
yigirma yoshga to‘lmagan shaxslarga;
ta’lim, sport muassasalari va diniy muassasalardan to‘g‘ri chiziq bo‘ylab ikki yuz metrdan kam masofada joylashgan savdo obyektlari tomonidan, bundan savdo obyekti umumiy savdo maydoni ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo majmualarining (bozorlarning) va yarmarka pavilyonlarining hududida joylashgan hollar mustasno;
ular texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga, qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmasa;
(13-modda ikkinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
aksiz markalari bilan tamg‘alanmagan holda (pivodan tashqari) yoki qalbaki aksiz markalari bilan;
ularning ishlab chiqaruvchisini aniqlash imkonini beradigan tarzda aniq tamg‘alanmagan bo‘lsa;
donalab, qutisiz (o‘rovsiz) holda — tamaki mahsulotiga nisbatan;
ularni ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan, shuningdek pivo va pivo ichimliklarini (bundan tabiiy vino mustasno) ishlab chiqarish faoliyatini boshlaganlik to‘g‘risida vakolatli organni xabardor qilmagan O‘zbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchisi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lsa;
(13-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
bunday mahsulotni yetkazib berish huquqiga ega bo‘lmagan yoki yetkazib berishni qonunchilikni buzgan holda amalga oshirgan yetkazib beruvchidan olingan bo‘lsa, realizatsiya qilish mumkin emas.
(13-modda ikkinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilish qonunchilikka muvofiq boshqa hollarda ham cheklanishi mumkin.
(13-modda uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
(13-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 14-noyabrdagi O‘RQ-584-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.11.2019-y., 03/19/584/4025-son)
14-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi shaxslarning javobgarligi
Alkogol va tamaki mahsulotlari savdosini amalga oshiruvchi shaxslar mazkur mahsulotlarni yigirma yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilganlik uchun javobgar bo‘ladi.
15-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlari realizatsiya qilinadigan joylardagi ogohlantiruvchi yozuvlar
Alkogol va tamaki mahsulotlari realizatsiya qilinadigan joylarda ularni yigirma yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi, shuningdek alkogol va tamaki mahsulotlarining inson sog‘lig‘iga salbiy ta’siri to‘g‘risidagi ogohlantiruvchi yozuv joylashtirilgan bo‘lishi kerak.
 LexUZ sharhi
Qarang: “Alkogol va tamaki mahsulotlari iste’mol qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydigan ogohlantiruvchi hamda tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joy va (yoki) xona haqida axborot beruvchi belgilarni tayyorlash hamda ularni joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” (30.11.2016-yil, ro‘yxat raqami 2840).
16-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi hamda realizatsiya qilinishi ustidan davlat nazorati
Alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi hamda realizatsiya qilinishi ustidan davlat nazorati vakolatli organlar tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(16-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
17-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlaridagi inson hayoti hamda sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan moddalarning yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p me’yori
Alkogol va tamaki mahsulotlaridagi inson hayoti hamda sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan moddalarning yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p me’yorini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilaydi.
Alkogol va tamaki mahsulotlaridagi inson hayoti hamda sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan moddalarning yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p me’yorlariga rioya etilishi ustidan nazorat qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-bob. Fuqarolar sog‘lig‘ini alkogol va tamaki mahsulotlarining salbiy ta’siridan saqlash bo‘yicha chora-tadbirlar
18-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni reklama va targ‘ib qilishga yo‘l qo‘ymaslik
Alkogol va tamaki mahsulotlarini reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni targ‘ib etish, ya’ni alkogol va tamaki mahsulotlari iste’mol qilishni rag‘batlantiruvchi, shaxsda ularni iste’mol qilishning zararsizligi haqidagi tasavvurni shakllantiruvchi g‘oyalar, qarashlar hamda badiiy obrazlarni oshkora yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan xatti-harakatlar taqiqlanadi.
19-modda. Jamoat joylarida alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik
Ish joylarida, ko‘chalar, stadionlar, xiyobonlar, istirohat bog‘larida, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mazkur qoida alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilish ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish obyektlariga, shuningdek to‘ylar, yubileylar va boshqa tantanalar hamda marosimlar o‘tkaziladigan joylarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida, tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar bundan mustasno, shuningdek jamoat transportining barcha turlarida tamaki mahsulotini iste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: “Alkogol va tamaki mahsulotlari iste’mol qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydigan ogohlantiruvchi hamda tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joy va (yoki) xona haqida axborot beruvchi belgilarni tayyorlash hamda ularni joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” (30.11.2016-yil, ro‘yxat raqami 2840).
20-modda. Alkogol va tamakiga qaram bo‘lib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish
Alkogolga qaram bo‘lib qolgan shaxslarga tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish, shuningdek ularni reabilitatsiya qilish yuzasidan yordam ko‘rsatish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(20-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tamakiga qaram bo‘lib qolgan shaxslarga ularning xohishiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
21-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklashga doir tadbirlarni moliyalashtirish
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning aholi sog‘lig‘iga zararli ta’sirining profilaktikasi, oldini olish, bunday ta’sirni kamaytirishga doir tadbirlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(21-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
22-modda. Nizolarni hal etish
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(22-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
23-modda. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(23-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
24-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(24-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
25-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2011-yil 7-oktabrdagi 194 (5361)-sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 5-oktabr,
O‘RQ-302-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 40-son, 413-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.11.2019-y., 03/19/584/4025-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son; 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)