|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 03.04.2017
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-martdagi PQ-2851-sonli “Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish jarayonlarini tizimli monitoring qilish, mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalashda, fuqarolarning siyosiy madaniyati, huquqiy ongi, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda, shuningdek demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish Konsepsiyasida belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishini taʼminlashda fuqarolik institutlarining rolini kuchaytirish maqsadida:
1. Fuqarolik jamiyatini oʻrganish instituti taʼsischilari Kengashining:
Fuqarolik jamiyatini oʻrganish institutini — Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti etib (bundan keyin — FJShMQMI);
Fuqarolik jamiyatini oʻrganish institutining mintaqaviy (viloyat, shahar) axborot-tahlil markazlarini — FJShMQMIning hududiy boʻlinmalari etib qayta tashkil qilish toʻgʻrisidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin.
Umumiy shtat birligi 294 xodimdan iborat boʻlgan FJShMQMIning tashkiliy tuzilmasi hamda uning mintaqaviy boʻlinmalariga oid namunali tuzilma 1 va 2-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
*1 va 2 ilovalar rus tilida berilgan.
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Fuqarolik jamiyatini oʻrganish institutining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris ekanligi belgilab qoʻyilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 27-iyundagi “Fuqarolik jamiyatini oʻrganish institutini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi F-1796-sonli farmoyishida belgilangan vazifalar bilan bir qatorda FJShMQMI faoliyatida quyidagilar muhim oʻrin egallashi belgilab qoʻyilsin:
mamlakatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy jarayonlarni, fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongi yuksalib borishini, ochiq demokratik davlat qurilishi, “kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili amalga oshirilishining muhim sharti sifatida har tomonlama tahlil qilish va baholash;
mamlakatni tadrijiy, bosqichma-bosqich isloh qilish va modernizatsiyalash istiqbollarini tizimli oʻrganish, aholining turli qatlam va guruhlari manfaatlarini ifoda etadigan demokratik fuqarolik institutlarini yanada rivojlantirish, demokratik oʻzgarishlarni chuqurlashtirish, jamiyatda millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish jarayonlarida mazkur institutlarning roli va ahamiyatini kuchaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
inson huquqlarini himoya qilish, saylash erkinligi, soʻz va axborot erkinligi, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning ochiqligini taʼminlashda fuqarolik institutlari rolini oshirish, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining taʼlim va sogʻliqni saqlash, himoyaga muhtoj aholi qatlamini ijtimoiy muhofaza qilish, atrof-muhitni asrash va boshqa shu kabilar sohalardagi muhim davlat dasturlarini amalga oshirishdagi samarali ijtimoiy hamkorligini, oʻzaro aloqalarini mustahkamlash;
oʻsib kelayotgan yosh avlodning barkamol rivojlanishiga, mustaqil fikrlaydigan, jamiyatimiz hayotida munosib oʻrin egallaydigan, mamlakatni yangilash va isloh qilishda haqiqiy hal qiluvchi kuch va tayanch boʻladigan, oʻz hayotiy pozitsiyasi va mustahkam eʼtiqodiga ega yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan davlat va jamoat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini tizimli tahlil qilib borish;
mamlakatda raqobatdosh koʻp partiyali tizimni yanada rivojlantirish, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlarining davlat boshqaruvidagi rolini bosqichma bosqich kuchaytirib borish, ijtimoiy, bozor, sud-huquq islohotlarini amalga oshirish, davlat va hokimiyat tuzilmalarining faoliyati ustidan jamoat nazoratini olib borish, mahallani aholini manzilli ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish jarayonlarida faol ishtirok etish;
fuqarolik jamiyati shakllanishi, uning institutlari mustahkamlanishi va rivojlanishi, huquqiy demokratik davlat qurilishi sohasida taraqqiy etgan demokratik mamlakatlarning tajribasini chuqur oʻrganish, umumlashtirish va ulardan foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlash.
Belgilab qoʻyilsinki, FJShMQMIning hududiy boʻlinmalari Institut oldida turgan umumiy maqsad va vazifalardan kelib chiqib, tegishli hududlarda ijtimoiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishiga oid monitoring materiallarini tizimli ravishda umumlashtiradi, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlariga toʻsiq boʻlayotgan, shu jumladan byurokratizm, korrupsiya, rasmiyatchilik, davlat va jamiyat tomonidan olib borilayotgan islohotlar mohiyati va mazmunini tushunmaslik kabi aniqlangan muammolarni tahlil qiladi va ushbu materiallarni Institutga taqdim etadi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
FJShMQMIning hududiy boʻlimlari oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishi uchun zarur boʻlgan tashkiliy, moddiy-texnikaviy shart-sharoitlar yaratishni eng muhim vazifa deb hisoblasin;
bir oy muddat ichida FJShMQMIning hududiy boʻlimlari zarur tashkiliy texnika, mebellar, aloqa vositalari bilan jihozlangan alohida shinam binoga muddatsiz bepul ijaraga berish sharti bilan joylashtirilishini taʼminlasin, ajratilgan binolar va xonalarda kapital, joriy taʼmirlash ishlarining oʻz vaqtida amalga oshirilishini tashkil etsin.
FJShMQMI va uning hududiy boʻlimlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha birinchi galdagi tadbirlar roʻyxati 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*3-ilova rus tilida berilgan.
4. FJShMQMI majburiy joʻnatmalar reyestriga kiritilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, moliya, iqtisodiyot, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklari hamda boshqa vazirliklar va idoralarning statistik maʼlumotlari;
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasining ommaviy kommunikatsiya sohasini monitoring qilish markazining byulletenlari va kundalik maʼlumotlari toʻplami;
4-bandning uchinchi xatboshisiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-dekabrdagi PF-4910-sonli Farmoni bilan oʻzgartirish kiritilgan. Rus tilidagi matniga qarang.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 30-oktabrdagi PF-4578-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 584-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish xizmati huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar markazining xorijiy matbuot sharhlari va tahliliy maʼlumotnomalari.
5. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi ikki nusxadan “Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari toʻplami” va davriy nashrlar bilan hamda Institutning samarali faoliyati uchun zarur kitob mahsulotlari (huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy adabiyotlar)ni FJShMQMIga bepul taqdim etsin.
6. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
6-bandning birinchi xatboshisiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-dekabrdagi PF-4910-sonli Farmoni bilan oʻzgartirish kiritilgan. Rus tilidagi matniga qarang.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 30-oktabrdagi PF-4578-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 584-modda)
FJShMQMI zamonaviy aloqa vositalari, shu jumladan hukumat telefoni hamda Institut va uning hududiy boʻlimlari keng qamrovli Internet tarmogʻi bilan jihozlanishini;
FJShMQMIning axborot-kommunikatsiya tizimi modernizatsiya qilinishini, Institutning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatiga zamonaviy axborot vositalari va texnologiyalari joriy etilishini, uning hududiy boʻlimlari zarur kompyuter texnikalari bilan jihozlanishini taʼminlasin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi M. Rahmonqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 12-iyul,
PQ-1576-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 30-son, 312-modda; 2013-y., 45-son, 584-modda; 2017-y., 2-son, 25-modda)