|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI HUZURIDAGI BOLALAR SPORTINI RIVOJLANTIRISh JAMGʻARMASI BUDJETINI HAMDA 2011 YILDA BOLALAR SPORTI OBYEKTLARI, SUZISh HAVZALARI VA BOLALAR MUSIQA HAMDA SANʼAT MAKTABLARINI QURISh, REKONSTRUKSIYA QILISh VA MUKAMMAL TAʼMIRLAShNING MANZILLI DASTURLARINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi Vasiylik kengashining 2011-yil 25-fevraldagi qarorini ijro etish hamda bolalarni, ayniqsa qizlarni sport bilan shugʻullanishga yanada kengroq jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, oʻsib kelayotgan avlodni jismoniy rivojlantirish va sogʻligʻini mustahkamlashni taʼminlash, shuningdek ularning ijodiy qobiliyatlarini har tomonlama rivojlantirish hamda madaniy saviyasini oshirish maqsadida:
1. Respublika va hududiy tashkilotlar hamda korxonalar, shuningdek xorijiy investorlarning Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasiga 1 — 3-ilovalarga* muvofiq prognoz hajmlarda ixtiyoriy xayriya yordamini yoʻllash toʻgʻrisidagi tashabbusi maʼqullansin.
* 1—3-ilovalar berilmaydi.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2011-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlarining prognoz parametrlari 4 va 5-ilovalarga* muvofiq;
* 4 va 5-ilovalar berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tayyorlangan 2011-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning manzilli dasturlari 6, 6a va 6b-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 6—6b-ilovalar berilmaydi.
3. Quyidagilar yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin:
ijtimoiy soha obyektlari qurilishi boʻyicha ixtisoslashgan pudrat tashkilotlari oʻrtasida bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning manzilli dasturlariga kiritilgan obyektlar boʻyicha tanlov savdolarini 2011-yilning 20-martigacha yakunlash;
tanlov savdolari natijalari tasdiqlangach tanlov gʻoliblari bilan oʻn kun muddatda pudrat shartnomalarini tuzish hamda obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashni oʻz vaqtida moliyalashtira boshlash;
bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarini namunaviy loyihalarga hamda tasdiqlangan qurilish normalari va qoidalariga qatʼiy muvofiq holda qurish, rekonstruksiya qilish, shuningdek ekspluatatsiya xavfsizligi talablariga rioya etish;
bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning tasdiqlangan parametrlarini belgilangan muddatlarda samarali hamda sifatli bajarish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Xalq taʼlimi vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi bilan birgalikda, bolalar sporti obyektlarida, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarida tasdiqlangan namunaviy loyihalarga, qurilish normalari va qoidalariga muvofiq bajarilayotgan loyiha va qurilish-montaj ishlarining sifatiga nisbatan qoʻyilayotgan talablarga qatʼiy rioya etilishini hisobga olgan holda, buyurtmachilar bilan pudratchilar oʻrtasidagi shartnoma majburiyatlari bajarilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi 2011-yilda ishga tushiriladigan bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarini belgilangan normalar va standartlarga muvofiq zarur uskunalar va anjomlar bilan oʻz vaqtida jihozlanishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi Jamgʻarmaning har yilgi daromadi va xarajatlari parametrlarini shakllantirishda alohida modda bilan, birinchi navbatda qishloq joylardan va ijtimoiy madadga muhtoj boʻlgan oilalardan, umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari — ayniqsa qizlar uchun sport kiyimlarini xarid qilishga xarajatlarni nazarda tutsin.
Belgilansinki, 2011-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan “Oʻzbekyengilsanoat” DAK tarkibidagi ishlab chiqaruvchi korxonalardan xarid qilinadigan sport kiyimlari nulinchi stavka boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻiga tortiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasining hisob raqamiga mablagʻlar oʻz vaqtida kelib tushishini taʼminlasin;
2011-yilning har choragi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasining hududiy filiallari tomonidan bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablari qurilishi obyektlariga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi va smeta xarajatlariga rioya etilishi ustidan tekshiruvlarni amalga oshirsin hamda bajarilgan ishlarning natijalari boʻyicha Jamgʻarma Vasiylik kengashiga axborot berib borsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi har chorakdagi yigʻilishlarida mazkur qaror bilan tasdiqlangan bolalar sporti obyektlari, suzish havzalari va bolalar musiqa hamda sanʼat maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashning manzilli dasturlari amalga oshirilishini koʻrib chiqsin, ularning oʻz vaqtida ishga tushirilishi va zarur uskuna hamda anjomlar bilan jihozlanishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 10-mart,
PQ-1500-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-y., 3-son, 80-modda)