Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.04.2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Import qilishda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 211-moddasining 6-bandida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar tatbiq qilinmaydigan dorivor vositalar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Hujjat nomiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-sentabrdagi 752-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli “O‘zbekiston Respublikasining “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-apreldan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tayyor dorivor vositalar importini tartibga solish to‘g‘risida” 2011-yil 25-fevraldagi 49-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
 LexUZ sharhi
Hujjat muqaddimasiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-sentabrdagi 752-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
1. Import qilishda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 211-moddasining 6-bandida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar tatbiq qilinmaydigan dorivor vositalar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
 LexUZ sharhi
1-bandga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-sentabrdagi 752-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “O‘zfarmsanoat” davlat-aksiyadorlik konserni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-fevraldagi 49-son qarori bilan tashkil etilgan Ishchi guruh bilan birgalikda Import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar tatbiq qilinmaydigan dorivor vositalar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan talablar og‘ishmay bajarilishini ta’minlasinlar.
 LexUZ sharhi
2-bandga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-sentabrdagi 752-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 11-may,
132-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 132-son qaroriga
ILOVA
Import qilishda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 211-moddasining 6-bandida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar tatbiq qilinmaydigan dorivor vositalar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Import qilishda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 211-moddasi 6-bandida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar tatbiq qilinmaydigan dorivor vositalar ro‘yxatiga (keyingi o‘rinlarda Ro‘yxat deb ataladi) o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibini belgilaydi.
2. Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar aholining kasallanishi tarkibini, ichki bozor mamlakatimizning o‘zida ishlab chiqarilgan dorivor vositalar bilan to‘ldirilganligi va ularning sifatini tahlil qilish asosida dorivor vositalarni ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) hisobga olingan holda zaruriyat bo‘lganda har bir olti oyda kiritiladi.
3. Ro‘yxatga asosli takliflar mavjud bo‘lgan taqdirda:
Ro‘yxatga yangi dorivor vositalarni kiritishni;
Ro‘yxatdan dorivor vositalarni chiqarishni;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 11-fevraldagi 25-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
dorivor vositalarni ishlab chiqarish shakli va TIF TN kodini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
4. Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish Vazirlar Mahkamasining “Tayyor dorivor vositalar importini tartibga solish to‘g‘risida” 2011-yil 25-fevraldagi 49-son qarori bilan tasdiqlangan Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Ishchi guruhning (keyingi o‘rinlarda Ishchi guruh deb ataladi) qarori asosida Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Ishchi guruhning ijro etuvchi organi hisoblanadi.
6. Respublikaning farmatsevtika bozori tizimli monitoringini olib borish maqsadida Ishchi guruhga chorakdan keyingi oyning 5-kunigacha har chorakda:
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan — davolash-profilaktika muassasalari va aholining dorivor vositalarga bo‘lgan ehtiyoji; aholining kasallanishi tuzilmasi va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilayotgan dorivor vositalarning sifati; Ro‘yxatga kiritilgan dorivor vositalar import monandlarining yangi savdo nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) to‘g‘risidagi tahliliy materiallar;
 LexUZ sharhi
6-bandning ikkinchi xatboshisiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 11-fevraldagi 25-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Hujjatning rus tilidagi matniga qarang.
“O‘zfarmsanoat” DAK tomonidan — farmatsevtika korxonalarida ichki bozorning ehtiyojini qondirish uchun yetarli hajmda dorivor vositalarning yangi turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilishi; Ro‘yxatga kiritilgan dorivor vositani ishlab chiqarish to‘xtatilishi (to‘xtatib turilishi), shu jumladan korxona tugatilishi (faoliyati to‘xtatib turilishi), ishlab chiqarish quvvatlari kamayishi va hokazolar munosabati bilan to‘xtatilishi (to‘xtatib turilishi) haqidagi tahliliy materiallar;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan — dorivor vositalar importi va eksporti hajmi, shu jumladan Ro‘yxatga kiritilgan dorivor vositalar importi va eksporti hajmi to‘g‘risidagi tahliliy materiallar kiritiladi.
(6-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-iyundagi 393-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son)
II. Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish shartlari va mezonlari
7. Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar quyidagi shartlar mavjud bo‘lgan taqdirda kiritiladi:
kasallanish tarkibi hisobga olingan holda ichki bozor konyunkturasining o‘zgarishi;
marketing tadqiqotlari natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va farmatsevtika tashkilotlari tomonidan aniqlangan ichki bozorning ehtiyojini (keyingi o‘rinlarda “ehtiyoj” deb ataladi) qondirish uchun yetarli hajmda dori vositalarining yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 11-fevraldagi 25-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Ro‘yxatga kiritilgan dorivor vositani ishlab chiqarish, shu jumladan mahalliy ishlab chiqaruvchi tugatilishi (faoliyati uzoq muddat to‘xtatib turilishi), ishlab chiqarish quvvatlari kamayishi va hokazolar munosabati bilan to‘xtatilishi (to‘xtatib turilishi);
ichki bozor ehtiyojlari ta’minlanmasligi.
8. Quyidagilar dorivor vositalarni Ro‘yxatga kiritishning asosiy mezonlari hisoblanadi:
dorivor vositalar ichki bozor ehtiyojini ta’minlaydigan hajmda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilganligi;
amaldagi ishlab chiqarish salohiyatining davolash-profilaktika muassasalari va aholining dorivor vositalarga ehtiyojini qondirishga muvofiqligi;
dorivor vositalarni zarur hajmda ishlab chiqarishni ta’minlaydigan ishlab chiqarish quvvatlari va xomashyo resurslari mavjudligi.
III. Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi
9. Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish respublika farmatsevtika bozorining tizimli monitoringi, shuningdek vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflari asosida amalga oshiriladi. Takliflar ushbu Nizomga ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha buyurtmanomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etiladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “O‘zfarmsanoat” DAK bilan birgalikda respublika farmatsevtika bozori monitoringi natijalarini, shuningdek Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish shartlari va mezonlarini hisobga olgan holda vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqadi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi 10 kun mobaynida tushgan takliflarni ko‘rib chiqish uchun Ishchi guruh a’zolariga yuboradi.
11. Ishchi guruh a’zolari 10 kun mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi o‘z fikrini taqdim etadilar.
12. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ijro etuvchi organ sifatida Ishchi guruh a’zolarining Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi fikrlarini umumlashtiradi va 5 kun mobaynida ularni ko‘rib chiqish uchun Ishchi guruh rahbariga yuboradi.
13. Ishchi guruh 10 kun mobaynida tushgan takliflarni ko‘rib chiqadi va Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Ishchi guruhning qarori uch kun muddatda bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi hamda Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish uchun asos hisoblanadi.
14. Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarur bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Ishchi guruhning protokoli asosida Ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qaror loyihasini belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Nizomga
ILOVA
Import qilishda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 211-moddasining 6-bandida nazarda tutilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar tatbiq qilinmaydigan dorivor vositalar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
BUYuRTMANOMA
1. Titul varaq:
a) muassasaning va/yoki mahalliy ishlab chiqaruvchining nomi;
b) muassasa va/yoki mahalliy ishlab chiqaruvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (manzili, telefon, faks);
v) buyurtmanoma taqdim etilgan sana.
2. Dorivor vositani kiritish yoki chiqarish to‘g‘risida masalani qo‘yish.
3. Dorivor vositaning, dorivor shaklning nomi, dozasi.
4. Korxonaning quvvati to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
5. “O‘zbekekspertiza” OAJning xulosasi ilova qilingan holda dorivor vositaning TIF TN kodi to‘g‘risidagi ma’lumot.
6. Dorivor vositalarni zarur hajmda ishlab chiqarish uchun yetarli bo‘lgan xomashyoning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 11-fevraldagi 25-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
8. Kutilayotgan natijalar va ularni baholash mezonlari.
9. Rahbarlarning muhr bilan tasdiqlangan imzolari.
10. Oluvchining familiyasi, ismi va otasining ismi hamda olingan sana ko‘rsatilgan holda namunaviy buyurtmanoma qabul qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 19-son, 192-modda; 2014-y., 7-son, 74-modda; 2017-y., 29-son, 693-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2017-y., 09/17/752/0047; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 09/21/393/0596-son)