Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT SUD-EKSPERTIZA MUASSASASI YOKI BOShQA KORXONA, MUASSASA, TAShKILOT TOMONIDAN SUD EKSPERTIZASINI OʻTKAZISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NAMUNAVIY NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi 73-sonli “Sud ekspertizasi tadqiqotlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot tomonidan sud ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Davlat sud-ekspertiza muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bir oy muddatda:
sud ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomani ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 5-yanvar,
5-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-yanvardagi 5-son qaroriga
ILOVA
Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot tomonidan sud ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
I. Umumiy masalalar
1. Mazkur Namunaviy nizom “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga muvofiq davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot (keyingi oʻrinlarda ekspertiza muassasasi deb ataladi) tomonidan sud ekspertizalarini (keyingi oʻrinlarda ekspertiza deb ataladi) oʻtkazish tartibi va shartlarini belgilaydi.
2. Ekspertiza muassasasida ekspertizalar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning qarori asosida, fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari (shu jumladan tergovga qadar tekshiruv materiallari), maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarga doir sud ajrimi boʻyicha oʻtkaziladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 960-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/960/0355-son)
3. Ekspertizalar davlat sud eksperti, boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs (keyingi oʻrinlarda ekspert deb ataladi) tomonidan oʻtkaziladi.
Ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) bilan kelishmasdan boshqa shaxslarni ekspertizalarni oʻtkazish uchun jalb qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ekspertizalarni oʻtkazishda ekspertning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi qonunchilikda belgilanadi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Jinoiy javobgarlikka olib kelmaydigan tarzda ekspertiza oʻtkazish tartibini buzganligi va ekspert vazifalariga vijdonan munosabatda boʻlmaganligi uchun ekspert qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. Ekspertiza muassasasi rahbarining vakolatlari qonunchilikda belgilanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Ekspertizalarni oʻtkazish muddatlari ekspertizalarning murakkabligi va xususiyatlarini hisobga olgan holda 30 kun doirasida belgilanadi.
Ekspertizani oʻtkazishni 30 kun mobaynida bajarish mumkin boʻlmagan taqdirda ekspertiza muassasasi rahbari muddat oʻtishidan 3 kun oldin asoslangan xulosa tuzadi va bu toʻgʻrida ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)ga yozma ravishda xabar qiladi hamda ular bilan kelishgan holda qoʻshimcha muddatni belgilaydi.
7. Ekspertizani oʻtkazish muddatlari materiallar ekspertiza muassasasiga tushgan kundan keyingi kundan boshlab hisoblanadi va ular ekspertiza muassasasi rahbari tomonidan ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)ga yuborilgan kunda tugaydi.
Ekspertizani oʻtkazish muddatlari quyidagi davrlarga toʻxtatib turiladi:
ekspertning ekspertizaga taqdim etilgan materiallardagi nuqsonlarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi iltimosnomasini qondirish yoki iltimosnomani qondirishning rad etilishi toʻgʻrisida javob olish;
ekspertizani oʻtkazishni 30 kungacha boʻlgan muddatda bajarish mumkin boʻlmagan taqdirda uni oʻtkazish muddatlarini kelishib olish;
ekspertning boshqa ekspertizani bajarishi munosabati bilan xizmat safarida boʻlishi, uni bajarishni boshqa ekspertga topshirish mumkin boʻlmagan taqdirda;
ekspertning vaqtinchalik mehnatga layoqatsizligi, ekspertizani bajarishni boshqa ekspertga topshirish mumkin boʻlmagan taqdirda.
Qonunchilikda va ushbu Namunaviy nizomda nazarda tutilmagan asoslar boʻyicha ekspertiza oʻtkazish muddatlarini toʻxtatib turishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(7-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. Davlat sud-ekspertiza muassasasida fuqarolik va xoʻjalik ishlari (qonunchilikda nazarda tutilgan holatlardan tashqari) boʻyicha ekspertizalar oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni amalga oshirish ish boʻyicha tomonlarga yuklanadi va ekspertizani oʻtkazish boshlangungacha toʻlanadi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Ushbu bandning birinchi xatboshida nazarda tutilgan xarajatlarga haq toʻlash miqdori davlat sud-ekspertiza muassasasi oʻzi tasarrufida boʻlgan tegishli davlat organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan tariflar boʻyicha belgilanadi.
Ekspertizani oʻtkazish boʻyicha xarajatlar toʻlanmaganligi materiallarni ekspertiza oʻtkazmasdan qaytarish uchun asos hisoblanadi.
9. Ekspertiza muassasasida ekspertizalarni oʻtkazish xizmat koʻrsatiladigan mintaqalarga muvofiq tashkil etiladi, mintaqalar ular tasarrufida boʻlgan davlat tegishli organi tomonidan belgilanadi. Ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)lar va xizmat koʻrsatiladigan mintaqa tashqarisida joylashgan ekspertiza muassasasi uchun ekspertiza, istisno tariqasida, koʻrsatib oʻtilgan muassasa tomonidan qonunchilikka muvofiq oʻtkazilishi mumkin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
II. Ekspertiza oʻtkazish uchun yuboriladigan materiallarni rasmiylashtirish
10. Ekspertiza faqat uni tayinlagan organ (shaxs) tomonidan, protsessual qonunga, ushbu Namunaviy nizomga, shuningdek sud ekspertizalarining alohida turlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomalarga muvofiq rasmiylashtirilgan materiallar taqdim etilgan taqdirdagina oʻtkaziladi.
11. Ekspertizaga ekspertizani tayinlash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim), tekshirish obyektlari va ish materiallari, shuningdek tekshirishlarni oʻtkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur boʻlgan ekspertiza predmetiga taalluqli maʼlumotlarga ega boʻlgan hujjatlar taqdim etilishi kerak. Ekspertizalarni tayinlash toʻgʻrisidagi qarorlar (ajrimlar)ning faksimil va yorugʻ sezgir qogʻozga koʻchirilgan nusxalarini taqdim etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Ekspertga taqdim etilgan tekshirish obyektlari, taqqoslovchi materiallar, maʼlumotlarning ishonchliligi uchun ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) javob beradi.
13. Ekspertizani tayinlash toʻgʻrisidagi bitta qaror (ajrim)ga koʻp miqdordagi obyektlar tushgan taqdirda ekspertiza muassasasi rahbari bir qator alohida-alohida ekspertizalar oʻtkazilishini tashkil etishi mumkin.
14. Ekspertizani oʻtkazish ikki va undan koʻp ekspertiza muassasalariga topshirilgan taqdirda ekspertizalarni tayinlash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim)da mazkur ekspertizaning qanday mutaxassisliklarga ega boʻlgan ekspertlar tomonidan oʻtkazilishi kerakligi, ekspertlar komissiyasi faoliyatini tashkil etishning qaysi ekspertiza muassasasiga yuklanayotganligi hamda tekshiriladigan obyektlar va boshqa materiallar qaysi ekspertiza muassasasiga yuborilganligi koʻrsatiladi.
Ekspertizani tayinlash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) har bir ekspertiza muassasasiga yuboriladi.
15. Qoʻshimcha yoki takroriy ekspertiza tayinlangan taqdirda ekspertiza muassasasiga xulosa yoki oldingi oʻtkazilgan ekspertiza xulosasini berish mumkin emasligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma barcha ilovalar (fotojadvallar, eksperimental materiallar va shu kabilar) bilan birga taqdim etiladi.
Qoʻshimcha yoki takroriy ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim)da uni tayinlashning sabablari va asoslari albatta koʻrsatiladi.
16. Ekspertizaga yuborilayotgan, uni oʻtkazish imkonini bermaydigan materiallarni rasmiylashtirish qoidalariga rioya etilmagan taqdirda ekspertiza muassasasi rahbari bu toʻgʻrida ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)ga darhol xabar qiladi.
Ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlarni koʻrmasa ekspertiza muassasasi rahbari 30 kun oʻtgach unga materiallarni ekspertiza oʻtkazmasdan qaytaradi.
Rasmiylashtirishning protsessual tartibi buzilgan holda takroriy, shuningdek komission yoki kompleks ekspertiza oʻtkazishga tushgan materiallar ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)ga uch kun muddatda qaytariladi.
17. Agar tayinlangan ekspertizani ekspertiza muassasasida oʻtkazish nazarda tutilmagan boʻlsa yoki ekspertiza muassasasi tegishli mutaxassislarga yoki asbob-uskunalarga ega boʻlmasa ekspertiza muassasasi rahbari ekspertizaga taqdim etilgan materiallarni uch kun muddatda, ekspertizalarni tayinlash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim)ning bajarilmaganligi sabablarini koʻrsatgan holda ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)ga qaytaradi.
18. Ekspertizaga narkotik vositalar, ularning analoglari psixotrop moddalar, qimmatbaho metallar va toshlar, shuningdek ulardan tayyorlangan buyumlar, qurol va uning oʻq-dorilari, pul belgilari va yuqori qimmatga yoki ahamiyatga ega boʻlgan boshqa obyektlar taqdim etilgan taqdirda ekspert ushbu materiallarni ekspertizaga yetkazib bergan shaxs hamda ekspertiza muassasasi rahbarlaridan birining ishtirokida idishni ochishi, tarozida tortib koʻrishi, taqdim etilgan obyektlarni qayta sanab chiqishi, shuningdek taqdim etilgan tartib raqamli va boshqa obyektlarning ekspertizani tayinlash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) matniga muvofiqligiga ishonch hosil qilishi shart. Ularning natijalari boʻyicha dalolatnoma tuziladi, u ekspertiza obyektlarini tekshirishda ishtirok etgan shaxslar tomonidan imzolanadi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
III. Ekspertizani oʻtkazish va uning natijalarini rasmiylashtirish
19. Ekspert ekspertizani oʻtkazishga ekspertiza muassasasi rahbarining yozma topshiriqnomasi ekspertizani tayinlash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) va ekspertizaga tushgan barcha materiallar bilan birga olingan vaqtdan boshlab kirishadi.
Ekspertizaga taqdim etilgan materiallarni rasmiylashtirish tartibining buzilganligi aniqlangan taqdirda ekspert bu toʻgʻrida ekspertiza muassasasi rahbarini xabardor qiladi, rahbar ushbu Namunaviy nizomning 16-bandida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni koʻradi.
20. Taqdim etilgan materiallar toʻliq boʻlmagan taqdirda bu haqda ekspert ekspertiza muassasasi rahbari orqali ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)ga qoʻshimcha materiallar taqdim etish toʻgʻrisida yozma ravishda maʼlum qilish huquqiga ega.
Qoʻshimcha materiallar faqat ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) tomonidan taqdim etiladi.
Qoʻshimcha materiallar 30 kun mobaynida tushmagan taqdirda ekspert tekshirishni mavjud materiallar boʻyicha oʻtkazadi.
21. Ekspert quyidagi hollarda qoʻyilgan masalalar yuzasidan xulosa berish mumkin emasligi toʻgʻrisida asoslangan dalolatnoma tuzadi:
a) agar qoʻyilgan masala ekspertning maxsus bilimlari (vakolatlari) doirasidan chetga chiqsa yoki uni hal etish uchun maxsus bilimlar talab qilinmasa yoxud masala huquqiy tusga ega boʻlsa;
b) taqdim etilgan tekshirish obyektlari yoxud materiallar ularning toʻliq yoki sifatli emasligi tufayli xulosa berish uchun yaroqsiz boʻlsa va toʻldirilishi mumkin boʻlmasa;
v) agar ilm-fan va ekspertiza amaliyotining holati qoʻyilgan masalalarga javob berish imkonini bermasa;
g) tekshirishlarni oʻtkazish va xulosalar berish uchun zarur shart-sharoitlar, uslubiy vositalar va asbob-uskunalar mavjud boʻlmasa.
Xulosa berishning imkoni yoʻqligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma ushbu Namunaviy nizomning 38-bandiga muvofiq tuziladi.
22. Ekspert oʻziga taqdim etilgan obyektlar va materiallarni tekshirishni tegishli sohadagi bilimlarga amal qilgan holda, protsessual qonun talablariga qatʼiy muvofiq ravishda xolisona va mufassal amalga oshiradi.
Obyektlar (tirik odamdan tashqari) faqat tekshirishni oʻtkazish va xulosa berish uchun zarur boʻlgan darajada shikastlangan va sarflangan boʻlishi mumkin. Ekspertizani oʻtkazish tekshirish uchun taqdim etilgan obyektning shikastlanishini (buzilishini) yoki sarflanishini talab qiladigan hollarda buning uchun ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)ning yozma ravishdagi roziligi olingan boʻlishi kerak, tayinlangan ekspertizaning xususiyatlari obyektning shikastlanishi (buzilishi)ni yoki sarflanishini nazarda tutadigan holatlar bundan mustasno.
23. Koʻrikdan oʻtkazish talab qilinadigan tekshirish obyektlarini (ekspertiza muassasasiga taqdim etilgan obyektlardan tashqari) ekspertizalardan oʻtkazishda ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) ekspert uchun obyektga toʻsiqsiz kirishni va uni tekshirish imkonini taʼminlaydi. Koʻrikdan oʻtkazish ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) tomonidan tashkil etiladi, uning majburiy ishtirokida amalga oshiriladi va tegishli protokol bilan rasmiylashtiriladi.
24. Ishda ishtirok etadigan shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan holatlarda va tartibda ekspertiza oʻtkazishda ishtirok etish huquqiga ega. Sababidan qatʼi nazar, ularning yoʻqligi ekspertiza oʻtkazishni toʻxtatib turish uchun asos hisoblanmaydi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
25. Ekspert oʻzining maxsus bilimlariga muvofiq, oʻtkazilgan tekshirishlar asosida oʻz nomidan xulosa beradi va uning uchun javob beradi.
26. Bir xil mutaxassislikka ega boʻlgan ikki va undan ortiq ekspertlar (ekspertiza komissiyasi)ga ekspertizadan oʻtkazish topshirilganda komissiyaga kiritilgan ekspertlarning har biri tekshirishni toʻliq hajmda amalga oshiradi. Ekspertlar komissiyasi tekshirishda qatnashgan ekspertdan har biri unga rozi boʻlgan taqdirda umumiy xulosa beradi. Shuningdek, komissiyada ishtirok etgan ekspertlar fikrining bir qismini aks ettiruvchi yagona xulosa berilishi ham mumkin. Kelishmovchilik boʻlgan taqdirda har bir ekspert kelishmovchilikka sabab boʻlgan barcha yoki ayrim masalalar boʻyicha alohida xulosa tuzadi.
27. Ekspertizani oʻtkazish uchun har xil mutaxassislikka ega boʻlgan ikki va undan ortiq ekspertlar (kompleks ekspertiza) tayinlanganda har bir ekspert tekshirishni amalga oshiradi va oʻz vakolati doirasida xulosa beradi. Kompleks ekspertiza xulosasida har bir ekspert qanday tekshirishlar va qanday hajmda oʻtkazganligi, shaxsan u qanday faktlarni aniqlaganligi hamda qanday xulosalarga kelganligi koʻrsatiladi. Ekspert kompleks ekspertiza xulosasining oʻz vakolatiga tegishli boʻlgan qismini imzolaydi.
Olingan natijalarni va aniq xulosa (xulosalar)ni shakllantirishni baholashda vakolatli boʻlgan ekspertlar umumiy xulosa (xulosalar) chiqaradi. Agar komissiyaning yakuniy xulosasi yoki uning bir qismi uchun asos ekspertlardan biri (alohida ekspertlar) tomonidan aniqlangan faktlar asos hisoblansa, u holda bu haqda xulosada koʻrsatilishi kerak. Kelishmovchilik holatida ekspertlarning har biri kelishmovchilikka sabab boʻlgan masalalar boʻyicha alohida xulosa tuzadi.
28. Agar ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim)da turli xil ekspertizalar predmetiga taalluqli masalalar mavjud boʻlsa, ularning har biri boʻyicha alohida xulosa yoki xulosa berish imkoniyati yoʻqligi toʻgʻrisida dalolatnoma tuziladi.
29. Ekspert xulosasi uch qismdan: kirish, tekshirish va xulosalar (yakunlovchi) qismlardan iborat boʻladi.
Ekspert xulosasining kirish qismida ekspertning huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirish va uni bilib turib notoʻgʻri xulosa berganligi, ish materiallarini oshkor qilganligi, shuningdek uzrli sabablarsiz xulosa berishni rad etganligi yoki bundan bosh tortganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi toʻgʻrisida tushuntirilganligi haqidagi ekspert tilxati olinganligi koʻrsatiladi.
30. Xulosaning kirish qismida ekspertiza oʻtkazish asoslari, ekspertiza oʻtkazishni tayinlagan organ (shaxs), tekshirishni oʻtkazgan ekspert (ekspertlar), ekspertiza hal etishi uchun qoʻyilgan masalalar, tekshirish oʻtkazish uchun taqdim qilingan materiallar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek ekspertizani oʻtkazish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.
31. Ekspert xulosasining tekshirish qismida ekspert oldiga qoʻyilgan har bir masala boʻyicha tekshirish jarayoni va uning natijalari yoziladi, aniqlangan faktlar boʻyicha ilmiy tushuntirish beriladi.
32. Ekspert xulosalari uning oldiga qoʻyilgan masalalarga javob shaklida bayon qilinadi va turli talqinlarga yoʻl qoʻymaydigan aniq, tushunarli tilda bayon qilinishi lozim.
Agar xulosani tekshirish qismida bayon qilingan tekshirish natijalarining mukammal tavsifisiz va qoʻyilgan masalaga toʻliq javobsiz shakllantirish mumkin boʻlmasa, xulosaning tekshirish qismiga havola qilishga ruxsat beriladi.
33. Ekspert xulosasida qoidabuzarlik sabablari va ularni sodir etishga imkon bergan sharoitlar, shuningdek ularni bartaraf etishning tashkiliy-texnikaviy tavsiyalari koʻrsatilishi mumkin.
34. Ekspert xulosasi ikki nusxada tuziladi, tekshirishni oʻtkazgan ekspert (ekspertlar) tomonidan imzolanadi, uning (ularning) imzosi ekspertiza muassasasi muhri bilan tasdiqlanadi, shundan keyin xulosaning bir nusxasi ekspertiza muassasasi rahbari tomonidan ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)ga yuboriladi, ikkinchi nusxasi esa ekspertiza muassasasida 5 yil mobaynida saqlanadi.
35. Agar ekspert xulosasida ekspert tekshirishlar va uning natijalarini tasvirlovchi fotojadvallar, diagrammalar, chizmalar va shu kabi ilovalar berilsa ular ham ekspert (ekspertlar) tomonidan imzolanadi. Ekspert tekshirishlarining borishi, sharoitlari va natijalarini hujjatlashtirish materiallari ekspert xulosasi nusxasi bilan birga ekspertiza muassasasida saqlanadi. Ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)ning talabiga koʻra ular yigʻmajildga qoʻshib qoʻyish uchun taqdim etiladi.
36. Ekspertiza muassasasi rahbari xulosani koʻrib chiqishda notoʻgʻri xulosaga olib kelishi mumkin boʻlgan toʻliq boʻlmagan tekshirishlarni, tekshirish oʻtkazish uslubiyoti buzilishini yoki uning notoʻgʻri rasmiylashtirilganligini aniqlagan taqdirda xulosa zarur oʻzgartirishlar va aniqliklar kiritish uchun ekspertga qaytariladi.
Agar ekspert oʻz xulosasini toʻgʻri deb qatʼiy turib olsa, ekspertiza muassasasi rahbari tekshirish oʻtkazishni belgilangan tartibda xulosa beradigan birinchi ekspert ishtirokidagi ekspertlar komissiyasiga topshirish huquqiga ega.
37. Ekspertizani sudda oʻtkazishda uning natijalari mazkur Namunaviy nizomning 29—33-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha rasmiylashtiriladi.
Ekspert xulosasi ekspert tomonidan ikki nusxada tuziladi va imzolanadi, ulardan biri sudga, ikkinchisi esa ekspertiza muassasasi rahbariga taqdim etiladi.
38. Xulosa berish imkoni yoʻqligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma uch qismdan: kirish, asoslovchi va yakunlovchi qismlardan iborat boʻladi.
Kirish qismida ushbu Namunaviy nizomning 30-bandida koʻrsatilgan roʻyxatga muvofiq maʼlumotlar bayon qilinadi.
Asoslovchi qismida xulosa berish imkoni yoʻqligi sabablari batafsil bayon qilinadi.
Yakunlovchi qismida ekspert oldiga qoʻyilgan har bir masala boʻyicha xulosa berish imkoni yoʻqligi koʻrsatiladi.
Xulosa berish imkoni yoʻqligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma ikki nusxada tuziladi, ekspert tomonidan imzolanadi, uning imzosi ekspertiza muassasasi muhri bilan tasdiqlanadi, shundan keyin uning bir nusxasi ekspertiza muassasasi rahbari tomonidan ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)ga yuboriladi, ikkinchisi esa ekspertiza muassasasida 5 yil mobaynida saqlanadi.
Agar xulosa berish imkoni yoʻqligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma sudda koʻrib chiqish bosqichida tuzilgan boʻlsa u ekspert tomonidan ikki nusxada tuziladi va imzolanadi, ulardan biri sudga, ikkinchisi esa ekspertiza muassasasi rahbariga taqdim etiladi.
39. Agar bir masala boʻyicha ekspert xulosa bersa, boshqasi boʻyicha esa xulosa berish imkoni yoʻqligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma tuzish uchun asos mavjud boʻlsa, u holda yagona hujjat — ekspert xulosasi tuziladi.
40. Ekspertning tegishli belgilariga muvofiq ekspert tekshiruvi obyektlari boʻlgan predmet va hujjatlar ekspertning tegishli belgilari qoʻyilib xulosa yoki xulosa berish imkoni yoʻqligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma bilan birga ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)ga roʻyxat boʻyicha qaytarilishi lozim.
41. Ekspert xulosasi, ekspertiza tekshiruvi obyektlari boʻlgan predmetlar va hujjatlar hamda boshqa materiallar ekspertizani tayinlagan shaxsga yoki ekspertizani tayinlagan organning vakolatli xodimiga yoxud ekspertizani tayinlagan organ tomonidan berilgan ishonchnoma boʻyicha boshqa shaxsga shaxsan beriladi yoki ekspertizani tayinlagan organ (shaxs)ga pochta orqali yuboriladi.
Ekspert xulosasining, ekspertiza tekshiruvi obyektlari boʻlgan predmetlar va hujjatlar hamda ekspertizaga berilgan boshqa materiallarning faksimil yoki yorugʻ sezgir qogʻozga koʻchirilgan ishonchnoma nusxasi orqali berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 1-2-son, 7-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/960/0355-son; 16.01.2019-y., 09/19/34/2486-son; 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)