|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.10.2020
|
O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish AGENTLIGI BOSh DIREKTORINING
buyrug‘i
TAKSOFON ORQALI TELEFON ALOQA XIZMATLARINI KO‘RSATISh QOIDALARINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 6-sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2140]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2020-yil 30-iyundagi 208-mh-sonli “Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3275, 30.06.2020-y.) asosan 2020-yil 1-oktabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 219-modda) hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 7-maydagi 215-son “O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 19-son, 220-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Taksofon orqali telefon aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi tomonidan 1998-yil 2-iyunda tasdiqlangan Taksofonlardan telefon aloqasi xizmatlarini taqdim etish va ulardan foydalanish qoidalari (ro‘yxat raqami 445, 1998-yil 11-iyun) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Bosh direktor X. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2010-yil 3-avgust,
290-son
O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining 2010-yil 3-avgustdagi 290-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Taksofon orqali telefon aloqa xizmatlarini ko‘rsatish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 2-songa ilova), O‘zbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 219-modda), “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 59-modda), “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 170-modda) qonunlariga muvofiq taksofonlardan telefon aloqasi xizmatlarini taqdim etish va ulardan foydalanishning tartib va shartlarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:
axborot-ma’lumot xizmati — foydalanuvchilarga, ularning tashabbusiga ko‘ra, og‘zaki (tovushli) yoki vizual so‘rov shaklida ifodalangan axborotni (bir telefon bog‘lanish chegarasida) taqdim etuvchi xizmat;
mahalliy telefon aloqasi — bir aholi punkti yoki ma’muriy tuman doirasida joylashgan foydalanuvchilar o‘rtasidagi telefon orqali bog‘lanish;
taksofon — telefon aloqani o‘rnatish, foydalanuvchilarga so‘zlashuvlar va qo‘shimcha xizmatlarni taqdim etish uchun mo‘ljallangan, foydalanuvchilar bilan naqd pul va naqd pulsiz to‘lov vositalari (maxsus jeton, to‘lov kartasi) yordamida darhol hisob-kitob qilish qurilmasidan iborat bo‘lgan, shu jumladan, so‘zlashuv punktlarida o‘rnatiladigan oxirgi abonent telefon qurilmasi;
taksofon orqali telefon aloqadan foydalanuvchi (keyingi o‘rinlarda foydalanuvchi deb yuritiladi) — taksofon orqali telefon aloqa xizmatlarining iste’molchisi hisoblangan yuridik yoki jismoniy shaxs;
taksofon orqali telefon aloqa xizmatlari provayderi (keyingi o‘rinlarda provayder deb yuritiladi) — operator tarmog‘i orqali foydalanuvchilarga taksofon orqali telefon aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi operator bilan shartnoma tuzgan yuridik shaxs;
telekommunikatsiya operatori (keyingi o‘rinlarda operator deb yuritiladi) — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida telekommunikatsiyalar tarmog‘iga ega bo‘lgan, uning ishlashi va rivojlanishini ta’minlovchi hamda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs;
telekommunikatsiyalar tarmog‘idan foydalanish — taksofonlardan telefon aloqasi xizmatlarini taqdim etish uchun provayderga telekommunikatsiya vositalari va inshootlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish;
to‘lov kartasi — kodlangan ma’lumotni saqlaydigan, tarmoq foydalanuvchisini identifikatsiya qilish va chaqiruvni initsiatsiya qilish imkoniyatini beruvchi to‘lov vositasi;
shaharlararo telefon aloqasi — O‘zbekiston Respublikasining turli ma’muriy tumanlari doirasida (shahar tarkibidagi tumanlardan tashqari) joylashgan foydalanuvchilar o‘rtasidagi telefon orqali bog‘lanish;
xalqaro telefon aloqasi — O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan foydalanuvchi va boshqa davlat hududida joylashgan foydalanuvchi o‘rtasidagi telefon orqali bog‘lanish.
2. Operatorlar va provaydyerlarning faoliyati qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda litsenziyalash amalga oshiriladi.
3. Taksofonlar ko‘chalarda, maydonlarda, bozorlarda, aloqa bo‘limlarida, aeroportlarda, vokzallarda, metro bekatlarida, avtobus bekatlarida, do‘konlarda, o‘quv yurtlarida, shahar jamoat transporti bekatlarida, tibbiyot va davolash muassasalarida, maxsus jihozlangan so‘zlashuv punktlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining bino va inshootlarida hamda boshqa joylarda kelishuv asosida o‘rnatilishi mumkin. Taksofonlar alohida turuvchi hamda ixcham holatda joylashtirilgan bo‘lishi mumkin.
4. O‘rnatilgan taksofonlar ushbu turdagi telekommunikatsiya vositalariga qo‘yiladigan texnik talablarga, standartlarga, sanitariya va yong‘inga qarshi norma va qoidalariga mos kelishi kerak.
5. Taksofonlar, kabina va yarim kabinalarning joylashtirilishi va jihozlanishi foydalanish uchun qulaylikni, zarur yoritilganlikni, tashqi shovqin va atmosfera yog‘ingarchiliklari ta’sirlarining chegaralashini, so‘zlashuvlarning sir saqlanishini ta’minlashi kerak.
6. Taksofonlar o‘rnatilgan joylarda quyidagilar bo‘lishi shart:
taksofondan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma;
taksofonlarni ekspluatatsiya qiluvchi operator yoki provayder to‘g‘risida axborot (nomi, manzili, telefon nomyerlari);
taqdim etiladigan xizmatlar tarifi to‘g‘risida axborot;
ma’lumot ko‘rinishidagi axborot (favqulodda tezkor xizmatlar hamda taksofonlarni ta’mirlash xizmatining telefon nomyerlari, yaqin atrofda joylashgan taksofonning manzili va boshqalar);
maxsus jetonlar va to‘lov kartalarini sotib olish joylari to‘g‘risidagi axborot.
7. Operator tomonidan taksofonlarga telefon nomyerlari ajratilgan hollarda, shunday taksofonlardan kiruvchi chaqiruvlarni qabul qilib olish uchun foydalanish mumkin.
II. Foydalanuvchilarga taksofon orqali ko‘rsatiladigan telefon aloqa xizmati
8. Taksofon orqali quyidagi pullik xizmat turlari ko‘rsatiladi:
mahalliy telefon so‘zlashuvlari;
shaharlararo telefon so‘zlashuvlari;
xalqaro telefon so‘zlashuvlari;
axborot-ma’lumot xizmati operatorlari bilan telefon aloqasi.
9. Taksofondan quyidagi favqulodda tezkor xizmatlarni chaqirish bepul amalga oshiriladi:
yong‘in xavfsizligi xizmati;
ichki ishlar organlari;
(9-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2019-yil 29-iyuldagi 201-mh-sonli (ro‘yxat raqami 2140-1, 05.08.2019-y.) buyrug‘i tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.08.2019-y., 10/19/2140-1/3622-son)
tez tibbiy yordam;
gaz tarmog‘ining avariya xizmati;
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruv xizmati.
III. Operatorning huquq va majburiyatlari
10. Operator quyidagi huquqlarga ega:
provayder shartnoma shartlarini buzganda provayderning telekommunikatsiya tarmog‘idan foydalanishini to‘xtatib qo‘yish;
provayder tomonidan keltirilgan zararlar o‘rnini shartnomaga muvofiq qoplanishini talab qilish;
provayderning noqonuniy harakatlari ustidan qonun hujjatlariga muvofiq shikoyat qilish.
Operator tomonidan taksofon orqali telefon aloqa xizmatlari bevosita ko‘rsatilgan holda, operator quyidagi huquqlarga ega:
foydalanuvchilarga xizmatlarni ko‘rsatish;
foydalanuvchilarga taksofon orqali telefon aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha texnik siyosatni mustaqil ravishda belgilash va tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish.
Operator qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Operator quyidagilarga majburdir:
o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirish;
tuzilgan shartnoma asosida provayderga telekommunikatsiya tarmog‘idan foydalanishini taqdim etish;
shartnomaning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun provaydyerlarga yetkazilgan zararlarni qoplash;
provaydyerlarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan normal foydalanish rejimi buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan tarmoqdagi ta’mirlash-sozlash va profilaktika ishlarining boshlanish vaqti va davomiyligi to‘g‘risida xabardor qilish;
provaydyerlarning shikoyatlarini, agar tuzilgan shartnomada boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, 15 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqish.
12. Operator tomonidan taksofon orqali telefon aloqa xizmatlari bevosita ko‘rsatilgan holda, operator quyidagilarga majburdir:
foydalanuvchini taksofon orqali sifatli telefon aloqa xizmatlaridan foydalanishini ta’minlash;
taksofonlar, kabinalar va yarim kabinalarni soz holatda saqlanishini ta’minlash;
taksofon orqali telefon aloqa xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va shartlari o‘zgarganligi to‘g‘risidagi axborotni foydalanuvchilarga taqdim etish;
foydalanuvchilar uchun qulay bo‘lgan (savdo tarmog‘i, aloqa bo‘limi va hokazo) joylarda maxsus jeton yoki to‘lov kartalari sotilishini ta’minlash;
foydalanuvchilarning shikoyatlarini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish.
Operator zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
IV. Provayderning huquq va majburiyatlari
13. Provayder quyidagi huquqlarga ega:
operator tomonidan shartnoma shartlari buzilgan taqdirda operator xizmatlarini rad etish;
operatordan uzilishlarda yoki telekommunikatsiya tarmog‘idan lozim darajada foydalanilmaganda to‘lovlarning qayta hisoblanishini talab qilish;
foydalanuvchilarga taksofon orqali telefon aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha texnik siyosatni mustaqil ravishda belgilash va tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish;
operator yoki foydalanuvchining aybi bilan yetkazilgan moddiy zarar qoplanishini talab qilish;
o‘z huquqlari buzilgan taqdirda vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat qilish.
Provayder qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
14. Provayder quyidagilarga majburdir:
o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirish;
telekommunikatsiya tarmog‘idan foydalanish uchun operatorga to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirish;
operatorning ish sifatini pasaytirishga yoki telekommunikatsiya tarmoqlarini shikastlantirishga qaratilgan xatti-harakatlar qilmaslik;
foydalanuvchini taksofon orqali sifatli telefon aloqa xizmatlaridan foydalanishini ta’minlash;
taksofonlar, kabinalar va yarim kabinalar soz holatda saqlanishini ta’minlash;
taksofon orqali telefon aloqa xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va shartlari o‘zgarganligi to‘g‘risidagi axborotni foydalanuvchilarga taqdim etish;
foydalanuvchilar uchun qulay bo‘lgan (savdo tarmog‘i, aloqa bo‘limi va hokazo) joylarda maxsus jeton yoki to‘lov kartalari sotilishini ta’minlash;
foydalanuvchilarning shikoyatlarini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish.
Provayder zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
V. Foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
15. Foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
operator yoki provayder tomonidan ushbu Qoidalarga muvofiq o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatilishidan foydalanish;
taksofonlarni ekspluatatsiya qiluvchi operator yoki provayderni taksofonlarning sifatsiz ishlashi, kabina va yarim kabinalarning qoniqarsiz holati to‘g‘risida arz qilish;
taksofon orqali telefon aloqa xizmatlarini taqdim etish bilan bog‘liq takliflar va da’volar bilan operatorga yoki provayderga murojaat qilish;
operatorning yoki provayderning aybi bilan telefon aloqa xizmatlari ko‘rsatilmaganligi yoki sifatsiz ko‘rsatilganligi natijasida keltirilgan zarar o‘rnini qoplanishini talab qilish.
16. Foydalanuvchi quyidagilarga majburdir:
mazkur Qoidalarga rioya qilish;
taksofondan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomaga muvofiq foydalanish, taksofonlar, kabinalar yoki yarim kabinalarning shikastlanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
taqdim etilgan so‘zlashuv to‘lovi uchun taksofonlarning ushbu tipi uchun mo‘ljallangan naqd pul va naqd pulsiz to‘lov vositalaridan (maxsus jeton, to‘lov kartasi) foydalanish;
operatorga yoki provayderga yetkazilgan zararni qonun hujjatlariga muvofiq qoplash.
VI. Taksofon orqali telefon aloqa xizmatiga haq to‘lash
17. Taksofon orqali telefon aloqa xizmatiga haq to‘lash uchun maxsus jeton, to‘lov kartasi, tanga va milliy valyutaning tegishli kupyurasi ishlatiladi.
To‘lov kartasida quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
kartani tayyorlagan yuridik shaxs (firma) nomi;
xizmatlar uchun avans to‘lovining miqdori;
kartani tayyorlash uchun buyurtma bergan operator yoki provayderning ma’lumot (bog‘lanish) uchun telefonlari;
kartadan foydalanish qoidalari;
kartaning identifikatsion raqami.
18. Taksofon orqali mahalliy, shaharlararo va xalqaro telefon aloqasi xizmati uchun tariflar qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
19. Taksofon orqali shaharlararo va xalqaro telefon aloqasining tarifikatsiya birligining o‘lchovi hamda tarifikatsiya birligining to‘liq bo‘lmagan birligini to‘lash tartibi operator yoki provayder tomonidan foydalaniladigan kommutatsiya texnikasining texnik imkoniyatlariga bog‘liq holda belgilanadi. Bunda tarifikatsiya birligi bir minutdan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
20. Taksofon orqali telefon so‘zlashuvining davomiyligi chaqiriluvchi abonent yoki abonent qurilmasining javobidan to chaqiruvchi yoki chaqiriluvchi abonentning yoki abonent qurilmasining uzilishigacha hisoblanadi.
21. Chaqiriluvchi shaxsning javobiga tenglashtirilgan, javob signali telefon so‘zlashuvi davomiyligi hisobining boshlanishi bo‘lgan, abonent qurilmasiga quyidagilar kiradi:
ma’lumotlar uzatish apparaturasi (modem va boshqalar);
faksimil apparati;
avtojavob bergich bilan jihozlangan abonent qurilmasi;
chaqiriluvchi abonentga maxsus signalizatsiya tizimi yordamida telefon apparati trubkasining ko‘tarilishini imitatsiya qilish vositasida chaqiruvchi abonent nomerini aniqlash imkonini beradigan maxsus qurilma bilan ta’minlangan telefon apparati;
abonent bo‘lmaganda uning o‘rnini bosadigan va axborot almashinuvini ta’minlaydigan (yoki imitatsiya qiladigan) boshqa abonent qurilmasi.
VII. Yakuniy qoidalar
22. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
23. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi raisi J. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2010-yil 3-avgust.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 35-36-son, 310-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.08.2019-y., 10/19/2140-1/3622-son)