|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.07.2015
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 19-iyundagi 164-sonli “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining yangilangan klassifikatorini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2010/2011 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisida” 2010-yil 28-maydagi PQ-1345-son qarorini bajarish yuzasidan hamda xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblarini tasniflashning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi xizmatchilarining asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori (keyingi oʻrinlarda “Klassifikator” deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Klassifikator:
xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlaridan foydalanish, shu jumladan mehnat daftarchalarida yozuvlarni qayd etish, lavozimlarni xodimlarning toifalariga kiritish yuzasidan — respublikaning barcha tashkilotlarida qoʻllanilishi majburiy;
ishga qabul qilishda xodimlarning maʼlumoti darajasiga qoʻyiladigan eng kam talablar yuzasidan — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan barcha davlat organlari va tashkilotlarida, xoʻjalik boshqaruvi organlarida, shuningdek ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan tashkilotlarda qoʻllanilishi majburiy, boshqa tashkilotlar uchun esa — tavsiya tusiga ega.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga vazirliklar va idoralarning takliflarini hisobga olgan holda hamda mehnat bozorini tahlil qilish natijalari boʻyicha Klassifikatorni qayta koʻrib chiqish hamda unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
Klassifikatorning Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga nashr etilishini va beriladigan buyurtmanomalar boʻyicha tashkilotlar oʻrtasida pulli asosda tarqatilishini, shuningdek vazirlikning veb-saytida elektron versiyada joylashtirilishini taʼminlasin;
ikki oy muddatda xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblarining tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomalarini tayyorlash boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqsin, tavsiyalarni barcha tashkilotlarga yetkazish chora-tadbirlarini koʻrsin;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda 2010-yil oxirigacha xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari tarmoq tarif-malaka tavsifnomalarini ishlab chiqish masalalari yuzasidan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining kadrlar bilan ishlash xizmatlari rahbarlari uchun amaliy seminarlar oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tasdiqlangan Klassifikator asosida 2011-yil oxirigacha, kasb tayyorgarligi yoʻnalishlariga qoʻyiladigan talablarni koʻrsatgan holda, xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblarining tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomalarini, shuningdek tegishli lavozim yoʻriqnomalarini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi xizmatchilarining asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 20-avgust,
181-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-avgustdagi 181-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari
KLASSIFIKATORI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Klassifikator xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlarini, xodimlar toifasini va ishga qabul qilishda maʼlumoti darajasiga qoʻyiladigan eng kam talablarni belgilaydi.
2. Klassifikator:
xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlaridan foydalanish, shu jumladan mehnat daftarchalarida yozuvlarni qayd etish, lavozimlarni xodimlarning toifalariga kiritish yuzasidan — respublikaning barcha tashkilotlarida qoʻllanilishi majburiy;
ishga qabul qilishda xodimlarning maʼlumoti darajasiga qoʻyiladigan eng kam talablar yuzasidan — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan barcha davlat organlari va tashkilotlarida, xoʻjalik boshqaruvi organlarida, shuningdek ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan tashkilotlarda qoʻllanilishi majburiy, boshqa tashkilotlar uchun esa — tavsiya tusiga ega.
3. Klassifikator:
mehnat shartnomasi va tashkilotlarning shtat jadvalini tuzishda, mehnat daftarchalariga yozuvlarni kiritishda, mehnat munosabatlari boʻyicha buyruqlarni rasmiylashtirishda, lavozimlar va kasblarni xodimlarning (boshqaruv, texnik, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar, ishlab chiqarish xodimlari va boshqa xodimlarning) tegishli toifalariga kiritishda rahbarlar, mutaxassislar, boshqa xizmatchilarning lavozimlari va ishchilar kasblari nomlarini standartlashtirish va birxillashtirish;
kadrlar (mutaxassislar)ning maʼlumoti darajasini, malaka toifasini hisobga olgan holda ularni joy-joyiga samarali qoʻyish;
xodimlar personali toifalari boʻyicha mehnat hisobi, tahlili va statistikasini yuritish uchun moʻljallangan.
Klassifikator belgilangan tartibda ishlab chiqiladigan tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomalari uchun asos hisoblanadi.
4. Klassifikatorda:
xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblarining alifbo tartibida joylashtirilgan nomlari;
Kasblarning milliy standart klassifikatoriga muvofiq xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari kodlari;
xizmatchilarning aniq lavozimlari va ishchilar kasblari tegishli boʻlgan xodimlar toifalari nomlari;
xizmatchi lavozimiga yoki ishchi kasbi boʻyicha ishga qabul qilishda funksional vazifalarni bajarish uchun talab qilinadigan xodim maʼlumotining eng kam darajasiga qoʻyiladigan talablarga koʻrsatmalar mavjud.
5. Klassifikatorga kiritilgan lavozimlar, xizmatchilar va ishchilar kasblari nomlari va ularning identifikatsion kod raqamlari (keyingi oʻrinlarda “kod” deb ataladi) Kasblarning milliy standart klassifikatoriga muvofiqdir.
Kodlar Xalqaro mehnat tashkilotining Kasblarning xalqaro standart klassifikatoriga (Kasblarning xalqaro standart klassifikatori-88 yoki ISCO — inglizcha) muvofiqdir va toʻrtta raqamdan iborat, ulardan:
birinchisi — Kasblarning milliy standart klassifikatorining asosiy guruhi nomini ifodalaydi;
ikkinchisi — Kasblarning milliy standart klassifikatorining kichik guruhi nomini ifodalaydi;
uchinchisi — Kasblarning milliy standart klassifikatorining quyi guruhi nomini ifodalaydi;
toʻrtinchisi — Kasblarning milliy standart klassifikatorining boshlangʻich guruhi nomini ifodalaydi.
6. Ushbu Klassifikator maqsadlari uchun quyidagi taʼrif va tushunchalardan foydalaniladi:
a) lavozim — xodimning tashkiliy-boshqaruv yoki maʼmuriy-xoʻjalik funksiyalarini bajarish bilan bogʻliq funksional vazifalari doirasi bilan bogʻliq xizmat mavqei;
b) kasb — xodim tomonidan kasbga oʻqish yoki amaliyot natijasida egallangan bilimlar va koʻnikmalarni oʻz ichiga oluvchi mehnat faoliyati turi;
v) xizmatchilar — hujjatlarni tayyorlaydigan va rasmiylashtiradigan, hisob va nazoratni, boshqaruv funksiyalarini, shuningdek xoʻjalik xizmatini amalga oshiradigan xodimlar;
g) mutaxassislar — boshqaruv funksiyalarisiz ishlab chiqarish jarayonlarini rejalashtiradigan, loyihalashtiradigan va nazorat qiladigan, murakkab texnikaga xizmat koʻrsatadigan, hujjatlarni ishlab chiqadigan, xodimlarni boshqaradigan, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar faoliyati jarayonlarini tartibga soladigan xodimlar. Mutaxassislar bajaradigan funksiyalariga bogʻliq holda boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga mansub boʻlishi mumkin;
d) ishchilar — mehnat quroli yordamida mehnat jarayonida ishlov berilishi kerak boʻlgan materiallarga (mehnat predmetiga) taʼsir koʻrsatadigan, asosan jismoniy mehnat bilan shugʻullanadigan, mahsulot yaratadigan, mashinalarni kuzatadigan, sozlaydigan va saqlaydigan, mehnat predmetlari joyini oʻzgartiradigan, mehnatning normal sharoitlarini saqlab turadigan, tovarlar va xizmatlarning ishlab chiqarish texnologiyasi bilan belgilanadigan boshqa funksiyalarni bajaradigan xodimlar;
e) xodimlar toifasi — mehnat mazmunining tavsiflari va koʻrsatkichlari tizimi:
boshqaruv xodimlari — boshqaruv funksiyalarini amalga oshiruvchi, xodimlarga rahbarlik qiluvchi, zarur qarorlarni ishlab chiquvchi va qabul qiluvchi, tashkilot faoliyatini rejalashtiruvchi, nazorat qiluvchi va jarayonlarni tartibga soluvchi, zarur qarorlar qabul qilish uchun maʼlumotlar tayyorlovchi xodimlar. Boshqaruv xodimlari tashkilotning oʻz oldiga qoʻygan maqsadlar va vazifalarga erishishi uchun zarur tashkiliy-texnik shartlarni, yuklangan funksiyalar va ishlab chiqarish dasturlari bajarilishini taʼminlaydilar. Boshqaruv xodimlari rahbarlarga va boshqaruv xodimlari mutaxassislariga boʻlinadi;
ishlab chiqarish xodimlari — tashkilotning iqtisodiy faoliyat turlari, shuningdek ishlab chiqarish dasturida belgilangan tegishli mahsulotlar (xizmatlar) klassifikatsiyasiga muvofiq boʻlgan tashkilotning asosiy mahsulotlari (xizmatlari)ni ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashadigan xodimlari. Ishlab chiqarish xodimlari tarkibiga boshqaruv xodimlariga tegishli boʻlmagan muhandis xodimlar va texniklar, ishchilar, kichik mutaxassislar va ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashadigan boshqa xodimlar kiradi;
texnik xodimlar — funksiyasiga boshqaruv xodimlari faoliyatiga texnik xizmat koʻrsatish hamda ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarni taʼminlash ishlarini bajarish (chop etish, koʻpaytirish va arxiv ishlarini bajarish, kutubxona ishi, hujjatlarni yetkazib berish, kompyuter texnikasiga xizmat koʻrsatish, idora, kotiblik ishlarini va boshqa ishlarni bajarish) kiradigan xodimlar;
xizmat koʻrsatuvchi xodimlar — funksiyasiga binolar va hududlarga texnik xizmat va xoʻjalik xizmati koʻrsatish, ularni qoʻriqlash, boshqaruv xodimlariga transport xizmati koʻrsatish, tashkilotning boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga xizmat koʻrsatish boʻyicha boshqa ishlar, shu jumladan ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatish kiradigan xodimlar. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga mutaxassislar va ishchilar toifasiga mansub boʻlmagan aholiga maishiy xizmat koʻrsatish xodimlari ham kiradi;
j) xodim maʼlumotining eng kam darajasiga qoʻyiladigan talablar — “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, xizmatchi yoki ishchi kasbi boʻyicha ishga kirishda, qoidaga koʻra, bajariladigan ishlar va funksional vazifalarning oʻziga xosligidan kelib chiqib talab qilinadigan maʼlumotning eng kam darajasi. Ishga qabul qilishda maʼlumot ixtisosligiga qoʻyiladigan talablar qonun hujjatlari talablari hisobga olingan holda davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari va tashkilotlar tomonidan belgilanishi mumkin.
7. Klassifikatorda quyidagi qisqartmalar qoʻllaniladi:
a) xodimlar toifasi:
B — boshqaruv xodimlari;
M — mutaxassislar;
T — texnik xodimlar;
X — xizmat koʻrsatuvchi xodimlar;
I — ishlab chiqarish xodimlari;
b) xodimning maʼlumoti darajasi:
O/M — oliy maʼlumotli;
OʻMKHT — oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli;
TQ — maʼlumoti darajasiga talab qoʻyilmaydi.
8. Agar davlat organi, xoʻjalik boshqaruvi organi yoki tashkilot tuzilmasida Klassifikatorda koʻrsatilmagan xizmatchilar lavozimi yoki ishchilar kasblari mavjud boʻlsa yoxud joriy etilsa, u holda nomi, xodimlarning toifasi, shuningdek ushbu lavozimlar va kasblar boʻyicha maʼlumot darajasiga qoʻyiladigan eng kam talablar Klassifikatorga belgilangan tartibda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish uchun mehnat organlariga yuboriladi.
II. Klassifikatorni qoʻllash xususiyatlari
9. Xizmatchilarning ayrim lavozimlari xizmatchilar tomonidan bajariladigan funksiyalarga bogʻliq holda boshqaruv yoki ishlab chiqarish xodimlari toifasiga mansub boʻlishi mumkin.
Agar davlat organi, xoʻjalik boshqaruvi organi yoki tashkilotning tuzilmasida ishlab chiqarish boʻlinmalari ajratib koʻrsatilmagan boʻlsa, mutaxassislar boshqaruv xodimlariga mansub boʻladi.
10. Agar texnik xodimlarning lavozimlari tashkilotning ishlab chiqarish boʻlinmalari uchun belgilangan boʻlsa, ularning ayrim lavozimlari ishlab chiqarish xodimlariga mansub boʻlishi mumkin.
11. Xizmatchilarning ayrim lavozimlari va ishchilar kasblari boʻyicha:
a) Xizmatchilar lavozimlari va ishchi kasblari klassifikatorida koʻrsatilmagan:
ishchilar kasblari boʻyicha: katta, yordamchi;
xizmatchilar lavozimlari boʻyicha: oʻrinbosar, yordamchi, birinchi, ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi, bosh, yetakchi, katta, kichik, oliy maʼlumotli, oʻrta maxsus maʼlumotli, kasb-hunar maʼlumotli, smenali, brigadali, viloyat, tuman, uchastka, kon va hokazo hosila lavozimlar va kasblar;
b) oliy, birinchi, ikkinchi, uchinchi malaka toifalari belgilanishi mumkin.
Hosila lavozimlar va kasblar, shuningdek mutaxassislarning ayrim lavozimlari boʻyicha malaka toifalari bir lavozim doirasida tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Hosila lavozimni, kasbni va malaka toifasini belgilashda lavozim majburiyatlarini bajarishda xodimlarning mustaqilligi darajasi, qabul qilinadigan qarorlarning toʻgʻriligi uchun uning javobgarligi, tashabbuskorlik, mehnat samaradorligi va sifati, shuningdek amaliy faoliyat tajribasi hisobga olinadi.
12. Xizmatchilarning ayrim lavozimlari va ishchilar kasblari boʻyicha daraja belgilanishi mumkin. Daraja belgilanadigan lavozimlar va kasblar roʻyxati, uni belgilash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
13. Bakalavr yoki magistr darajasi bilan oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan xodimlar oliy maʼlumotli xodimlar jumlasiga kiritiladi.
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini (texnikumlar, kasb-hunar-texnik, tibbiyot, pedagogika va boshqa bilim yurtlarini), 10 (11) yil oʻqitiladigan umumtaʼlim maktablarini tamomlagan xodimlar oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli xodimlar jumlasiga kiritiladi.
14. Ayrim hollarda Klassifikatorda belgilangan maʼlumot darajasi va ixtisosligiga ega boʻlmagan, shu jumladan umumtaʼlim maktablarining 8 (9)-sinflarini tamomlagan (majburiy 12 yillik taʼlimga oʻtilgungacha), biroq yetarli amaliy tajribaga ega boʻlgan va oʻzlariga yuklangan lavozim majburiyatlarini toʻliq hajmda va sifatli bajarayotgan xodimlar, agar qonun hujjatlarida oʻzgacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, maʼlumotning yuqoriroq darajasini yoxud boshqa ixtisosligini talab qiladigan lavozimga qabul qilinishi mumkin.
15. Tashkilotlarda xodimlarni hisobga olish, shuningdek barcha hujjatlardagi yozuvlar Klassifikatorda koʻrsatilgan xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlariga qatʼiy muvofiq holda amalga oshirilishi kerak.
16. Klassifikatorda xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari quyidagi shaklda bayon qilinadi:
| T/r | Kasb, lavozim kodi | Xizmatchi lavozimi va ishchi kasbining nomi | Kasblarning milliy standart klassifikatori boʻyicha kod | Xodimlar toifasi | Talab qilinadigan maʼlumotning eng kam darajasi |
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 |
1-ustunda ishchi kasbi yoki xizmatchi lavozimining tartib raqami koʻrsatiladi;
2-ustunda tegishlilik kodi:
1 — ishchi kasbi;
2 — xizmatchi lavozimi koʻrsatiladi;
3-ustunda xizmatchi lavozimi yoki ishchi kasbining toʻliq nomi koʻrsatiladi;
4-ustunda Kasblarning milliy standart klassifikatoriga muvofiq belgilangan kod koʻrsatiladi;
5-ustunda ushbu xizmatchi lavozimi va ishchi kasbi mansub boʻlgan xodimlar toifasi koʻrsatiladi;
6-ustunda xizmatchining tegishli lavozimiga yoki ishchi kasbi boʻyicha ishga qabul qilishda talab qilinadigan maʼlumotning eng kam darajasi koʻrsatiladi.
III. Xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari jadvali*
Xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari jadvaliga Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2012-yil 10-maydagi 23-B-sonli (roʻyxat raqami 2376, 03.07.2012-y.) va 2013-yil 23-yanvardagi 3-B-sonli (roʻyxat raqami 2421, 05.02.2013-y.), 2013-yil 16-dekabrdagi 85-B-sonli (roʻyxat raqami 2537, 18.12.2013-y.) buyruqlari bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.
*Jadval rus tilida berilgan.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 34-son, 291-modda; 2012-y., 26-27-son, 301-modda; 2013-y., 6-son, 74-modda, 51-son, 673-modda)