Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.07.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TAShQI IQTISODIY ALOQALAR SOHASIDA BOShQARUV TIZIMINI YaNADA ERKINLAShTIRISh VA TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 21-iyuldagi PF-3631-son “Tashqi iqtisodiy va savdo aloqalari, xorijiy investitsiyalarni jalb etish sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Tashqi iqtisodiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq hamda tashqi iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish, tashqi savdoni erkinlashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mustaqilligini oshirish, marketing tizimini takomillashtirish va mamlakat tovarlarini xalqaro bozorlarga keng koʻlamda kiritish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi etib qayta tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida yagona davlat siyosati oʻtkazilishini taʼminlash va uni rivojlantirish strategiyasini shakllantirishda ishtirok etish;
milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini rivojlantirish va oshirish hamda uning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi boʻyicha shart-sharoitlar yaratish va chora-tadbirlarni amalga oshirish;
respublikaning eksport salohiyatini rivojlantirish dasturlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish;
mamlakat tovar ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlari tashqi bozorlarga kirib borishi uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash chora-tadbirlari kompleksini amalga oshirish;
xorijiy investitsiyalarni jalb etish sohasida davlat siyosatining roʻyobga chiqarilishini taʼminlash;
tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish chora-tadbirlari kompleksini amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar, xalqaro iqtisodiy va moliyaviy institutlar, boshqa xalqaro huquq subyektlari bilan savdo-iqtisodiy va moliyaviy hamkorligi rivojlanishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy xavfsizligi va iqtisodiy manfaatlari, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash.
3. “Innovatsiya” DATSK, “Oʻzmarkazimpeks” DATSK, “Oʻzsanoatmashimpeks” DATSK, “Markazsanoateksport” DATSK, “Oʻztashqitrans” DAK, “Oʻrta Osiyo Trans” xalqaro avtomobilda yuk tashish DAK aksiyadorlik kompaniyalari Oʻzbekiston Respublikasining qayta tashkil etilayotgan Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tarkibidan chiqarilsin hamda ularning mustaqil xoʻjalik yurituvchi subyektlar sifatida faoliyat koʻrsatishi belgilab qoʻyilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar kompleksi rahbari yuqorida koʻrsatib oʻtilgan davlat-aksiyadorlik tashqi savdo va transport kompaniyalarining faoliyatiga, tashkiliy tuzilmasi va boshqaruv tizimiga tanqidiy baho berib, ularning Oʻzbekiston tashqi iqtisodiy faoliyatini erkinlashtirish va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan siyosatning obyektiv talablariga muvofiq boʻlishiga alohida eʼtibor qaratsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi etib;
Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining viloyatlar va Toshkent shahridagi vakillik boshqarmalari Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligining viloyatlar va Toshkent shahridagi boshqarmalari etib qayta tashkil etilsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi va Agentlikning mintaqaviy boshqarmalari tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi mintaqaviy vakillik boshqarmalarining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadilar.
7. “Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 21-fevraldagi PF–350-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmon ijrosi yuzasidan hukumat qarorini qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 21-oktabr,
PF-3151-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 10-11-son, 194-modda)