Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash muassasalarida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 23-martda 2089-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-songa ilova) ijrosini taʼminlash, aholining tibbiy yordamga talabini aniqlash, davolash-profilaktika muassasalari tizimi va tarkibini rejalashtirish, aholi salomatligini yaxshilash, aholi tabiiy oʻsishining haqiqiy harakatini bilish, tugʻilish va oʻlim haqidagi maʼlumotlarning haqiqiy ekanligini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash muassasalarida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 27-fevral,
56-son
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining 2010-yil 27-fevraldagi 56-son buyrugʻiga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash muassasalarida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-songa ilova) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash muassasalarida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnomalarni berish tibbiy muassasalar tomonidan, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish esa tibbiy muassasalar va sud-tibbiy ekspertiza byurolari tomonidan amalga oshiriladi.
2. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga (bundan keyingi oʻrinlarda FHDY organi deb yuritiladi) taqdim etiladi.
3. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalar ikki qismdan, yaʼni tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosida qoladigan va FHDY organiga yuboriladigan qismlardan iborat boʻladi. Ular tartib raqami qoʻyilgan, varaqlar soni koʻrsatilgan, ip oʻtkazib tikilgan va tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi rahbari tomonidan imzolanib, gerbli muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
4. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarning FHDY organiga yuboriladigan qismidagi maʼlumotlar uning tibbiy muassasa va sud-tibbiy ekspertiza byurosida qoladigan qismidagi maʼlumotlardan farq qilmasligi shart.
5. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalar sharikli ruchkada aniq va tushunarli, yanglishsiz toʻldirilishi kerak. Ulardagi soʻzlarni va raqamlarni boʻyash, oʻchirish va tuzatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Notoʻgʻri toʻldirilgan tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarning old qismi diagonal chiziq bilan chizilib, yuqori qismiga “buzilgan” belgisi qoʻyiladi va keyingi tartib raqami boʻyicha tegishincha tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma toʻldiriladi.
7. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnomaning tibbiy muassasada, shuningdek perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarning tibbiy muassasada va sud-tibbiy ekspertiza byurosida qoladigan qismi boʻyicha hisobot ushbu muassasalar rahbari tomonidan tayinlangan javobgar shaxs tomonidan yuritiladi.
8. Tibbiy hujjatlarga asoslanmagan holda tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni sirtdan toʻldirilishi, shuningdek ularda umumiy koʻrsatma, tashxis va kasallik belgilari koʻrsatilishi man etiladi.
II. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnomani berish
Oldingi tahrirga qarang.
9. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma tugʻruq sodir boʻlgan tibbiy muassasalar tomonidan barcha tirik tugʻilgan bolalarga beriladi. Tirik tugʻilganlik mezonlaridan (nafas, yurak urishi, kindik pulsatsiyasi, muskullarning beixtiyoriy qisqarishi) biri mavjud boʻlsa ham bola tirik tugʻilgan hisoblanadi. Bunda, onaning homiladorlik muddati 22 hafta va undan ortiq, bolaning boʻyi 25 sm va undan ortiq, vazni 500 gramm va undan ortiq boʻlishi yoki onaning homiladorlik muddati 22 haftadan kam, bolaning boʻyi 25 smdan past, vazni 500 grammdan kam boʻlganda ushbu bola 168 soat davomida shifokor kuzatuvida boʻlishi zarur.
Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma ushbu tibbiy muassasa shifokori, bir nafar shifokor ishlaydigan yoki tibbiy muassasada shifokor boʻlmagan (mehnat taʼtili, kasallik tufayli va boshqa sabablar) hollarda tugʻruqni qabul qilgan feldsher yoki akusher tomonidan beriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 5-fevraldagi 1-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2089-2, 21.02.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.02.2026-y., 10/26/2089-2/0166-son)
10. Tibbiy muassasadan tashqari joylarda tibbiy yordamsiz tugʻilgan bolaga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma hudud shifokori (feldsher yoki akusher) tomonidan beriladi. Bunda, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnomani berishga bolaning shu onadan tugʻilganligini tasdiqlovchi kamida ikkita guvoh ishtirokida tuzilib, hudud shifokori (feldsher yoki akusher) tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma asos boʻlib hisoblanadi. Dalolatnomada guvohlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlariga oid maʼlumotlar koʻrsatilishi va ularning koʻrsatmalari oʻz imzolari bilan tasdiqlanishi shart.
11. Egizak (ikki va undan ortiq) bolalar tugʻilganda ularning har biri uchun alohida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma beriladi.
12. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnomaning barcha bandlari bola va uning onasi haqidagi maʼlumotlar zarur kataklarga kiritilgan yoki tegishli belgilarning tagiga chizilgan holda, bunday maʼlumotlar boʻlmaganda tegishli bandlarga “nomaʼlum” yozuvi kiritilgan holda mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasiga muvofiq toʻldiriladi.
13. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma tugʻruqni qabul qilgan shifokor (feldsher yoki akusher) tomonidan imzolanib, tibbiy muassasaning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.
14. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma tugʻilgan bolaning ota-onasi yoki ulardan biri, alohida hollarda esa qarindoshlari, qoʻshnilari, tibbiyot muassasalari maʼmuriyati va boshqa manfaatdor shaxslarga berilishi mumkin. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnomani olgan shaxsning ushbu maʼlumotnomaning tibbiy muassasada qoladigan qismiga uni olganligini tasdiqlovchi imzosi qoʻyiladi.
15. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma yoʻqotib qoʻyilgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda manfaatdor shaxsning yozma arizasiga koʻra “dublikat” belgisi qoʻyilgan yangi tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma berilishi mumkin.
III. Perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish
Oldingi tahrirga qarang.
16. Perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma bola oʻlik tugʻilganda yoki hayotining birinchi haftasida oʻlgan (perinatal oʻlim) hollarda tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi tomonidan toʻldiriladi. Bunda onaning homiladorlik muddati 22 hafta va undan ortiq, bolaning boʻyi 25 sm va undan ortiq, vazni 500 gramm va undan ortiq boʻlib, mazkur Yoʻriqnomaning 9-bandida nazarda tutilgan tirik tugʻilganlik mezonlaridan hech biri mavjud boʻlmasa, bola oʻlik tugʻilgan hisoblanadi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2014-yil 27-yanvardagi 21-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2089-1, 26.02.2014-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 9-son, 93-modda)
17. Egizak (ikki va undan ortiq) bolalarda perinatal oʻlim yuz bergan hollarda ularning har biri uchun perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma alohida toʻldiriladi.
18. Perinatal oʻlim yuzaga kelgan barcha hollarda oʻlim sababini aniqlash uchun bola murdasini yorish jarayoni oʻtkaziladi.
19. Tibbiy muassasada perinatal oʻlim holatlari yuzaga kelganda oʻlim sababini aniqlash uchun bola murdasi ushbu tibbiy muassasaning patologoanatomik boʻlimida yorilib, tekshiriladi (keyingi oʻrinlarda patologoanatomik tekshiruv deb yuritiladi). Tibbiy muassasada patologoanatomik boʻlim mavjud boʻlmaganda bola murdasining patologoanatomik tekshiruvi ushbu muassasa rahbarining koʻrsatmasiga asosan tibbiy muassasaga biriktirilgan markazlashtirilgan patologoanatomik boʻlimda oʻtkaziladi.
20. Perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma tugʻruqni qabul qilgan yoki bolani davolagan shifokor tomonidan patologoanatomik tekshiruv natijasi boʻyicha tuzilgan xulosa hamda onaning homiladorligi va tugʻruq davridagi kasalliklari, bolaning kasalliklari haqidagi maʼlumotlari koʻrsatilgan tibbiy hujjatlari (tugʻruq tarixi, chaqaloqni rivojlantirish tarixi) asosida toʻldiriladi. Bunda, bir nafar shifokor ishlaydigan tibbiy muassasada shifokor boʻlmagan (mehnat taʼtili, kasallik tufayli va boshqa sabablar) hollarda perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma ushbu muassasa feldsheri tomonidan toʻldiriladi.
21. Tibbiy muassasadan tashqari joylarda yoki tibbiy yordamsiz oʻtkazilgan tugʻruq natijasida oʻlik bola tugʻilgan yoki shifokor (feldsher yoki akusher) kuzatmagan bola hayotining birinchi haftasida oʻlgan hollarda, shuningdek zoʻraki oʻlim yoki unga gumon boʻlgan hollarda sud-tibbiy ekspertiza byurosi tomonidan oʻlim sababini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan ekspertiza xulosasiga asosan perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma toʻldiriladi.
22. Bola tirik tugʻilib, soʻng perinatal oʻlim sodir boʻlgan holda tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma hamda perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma toʻldiriladi.
23. Perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma FHDY organiga “yakuniy” belgisi bilan yuboriladi. Agar bolaning oʻlimi sababini aniqlash maqsadida patologoanatomik tekshiruv yoki sud-tibbiy ekspertizasi boʻyicha qoʻshimcha tekshiruvlar (gistologik, bakteriologik, virusologik va boshqa shu kabi muddatli tekshiruvlar) oʻtkazish zarurati yuzaga kelsa, tibbiy muassasa shifokori yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi eksperti tomonidan bola oʻlimi sababining dastlabki tashxisiga asosan perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma “dastlabki” belgisi qoʻyilgan holda FHDY organiga yuborilishi mumkin.
Bunday hollarda patologoanatomik tekshiruv yoki sud-tibbiy ekspertizasining qoʻshimcha tekshiruv natijalari boʻyicha tuzilgan xulosasiga asosan tibbiy muassasa shifokori yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi eksperti tomonidan bolaning oʻlimi sababi aniqlashtirilgan holda “_____-son dastlabkini oʻrniga” belgisi qoʻyilgan yangi perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma toʻldirilib, ushbu guvohnoma tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi rahbari tomonidan imzolanib, gerbli muhr bilan tasdiqlagan kuzatuv xatiga ilova qilingan holda “dastlabki” belgisi qoʻyilgan perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma yuborilgan FHDY organiga taqdim etiladi va bu haqda manfaatdor shaxsga maʼlum qilinadi.
24. Perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma tegishli turi (yakuniy, dastlabki, ____-son dastlabkini oʻrniga)ning tagiga chiziq tortilgan holda, barcha bandlariga bola va uning onasi haqidagi maʼlumotlar tegishli kataklarga kiritilgan (zaruriy belgilarni tagiga chizilgan) holda, bunday maʼlumotlar boʻlmaganda tegishli bandlarga “nomaʼlum” yozuvi kiritilgan holda, “kodlar uchun joy” ustunida esa “X” qayta koʻrikdan oʻtkazilgan Xalqaro kasalliklarning tasnifi (XKT-X) boʻyicha asosiy kasallik kodlari koʻrsatilgan holda mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasiga muvofiq toʻldiriladi.
25. Oʻlik tugʻilgan yoki hayotining birinchi haftasida oʻlgan bolaning murdasi talab qilib olinmagan hollarda ularni dafn etish tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi tomonidan amalga oshiriladi.
26. Oʻlik tugʻilgan yoki hayotining birinchi haftasi davomida oʻlgan bolalarning tugʻilganligi va oʻlimi tibbiy muassasa joylashgan joydagi FHDY organida qayd etiladi.
27. Perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma uni toʻldirgan shifokor (feldsher) yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi eksperti tomonidan imzolanib, tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosining gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.
28. FHDY organida perinatal oʻlim holatini qayd qilinishini taʼminlash perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma berilgan tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi tomonidan tayinlangan javobgar shaxs zimmasiga yuklatiladi. Bunda, FHDY organlari tomonidan perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomaning tibbiy muassasada yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosida qoladigan qismiga perinatal oʻlim qayd etilganligi haqida tegishli maʼlumotlar kiritiladi.
IV. Oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish
29. Oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma har bir oʻlim hollarida tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi tomonidan beriladi.
30. Tibbiy muassasada oʻlim hollari yuzaga kelganda ushbu muassasa shifokori tomonidan bemor sogʻligʻini kuzatish natijalari, uning oʻlimigacha boʻlgan sogʻligʻi holatini batafsil yorituvchi tibbiy hujjatlarga yoki patologoanatomik tekshiruv xulosasiga asoslanib, oʻlim sababini aniqlagan holda oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma beriladi. Bunda, bir nafar shifokor ishlaydigan tibbiy muassasada shifokor boʻlmagan (mehnat taʼtili, kasallik tufayli va boshqa sabablar) hollarda oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma ushbu muassasa feldsheri tomonidan beriladi.
31. Tibbiy muassasadan tashqari joylarda oʻlim sodir boʻlgan hollarda murdaning patologoanatomik tekshiruvi yoki sud-tibbiy ekspertizasi oʻtkazilishi talab qilinmasa (dispanser nazoratida turganda, oʻlimning aniq tashxisi maʼlum boʻlganda) hudud shifokori tomonidan murda koʻrikdan oʻtkazilib, uning oʻlimigacha boʻlgan sogʻligʻi holatini yorituvchi tibbiy hujjatlarga asosan oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma beriladi. Bunda, bir nafar uchastka shifokori ishlaydigan tibbiy muassasada uchastka shifokori boʻlmagan (mehnat taʼtili, kasallik tufayli va boshqa sabablar) hollarda oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma ushbu muassasa feldsheri tomonidan beriladi.
32. Zoʻraki oʻlim yoki unga gumon boʻlgan hollarda oʻlim sababi aniqlanishi sud-tibbiy ekspertiza byurosi tomonidan amalga oshirilganda oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma ushbu byuro eksperti tomonidan beriladi.
33. Oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma marhumning qarindoshlari yoki yaqin kishilari, tibbiy muassasa maʼmuriyati va boshqa manfaatdor shaxslarga berilishi mumkin. Oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomani olgan shaxsning ushbu guvohnomaning tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosida qoladigan qismiga uni olganligini tasdiqlovchi imzosi qoʻyiladi.
34. Murdaning patologoanatomik tekshiruvi yoki sud-tibbiy ekspertizasi oʻtkazilishi talab qilingan hollarda murdani yorib tekshirmasdan tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi tomonidan berib yuborilishi taqiqlanadi.
35. Talab qilib olinmagan murdalarni dafn etish tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi tomonidan amalga oshiriladi. Bu holda FHDY organida oʻlim holatini qayd qilinishini taʼminlash oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomani bergan tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi tomonidan tayinlangan javobgar shaxs zimmasiga yuklatiladi.
36. Oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma FHDY organiga “yakuniy” belgisi bilan yuboriladi. Agar oʻlimning sababini aniqlash maqsadida patologoanatomik tekshiruv yoki sud-tibbiy ekspertizasi boʻyicha qoʻshimcha tekshiruvlar (gistologik, bakteriologik, virusologik va boshqa shu kabi muddatli tekshiruvlar) oʻtkazish zarurati yuzaga kelsa, tibbiy muassasa shifokori yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi eksperti tomonidan oʻlim sababining dastlabki tashxisiga asosan oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma “dastlabki” belgisi qoʻyilgan holda FHDY organiga yuborilishi mumkin.
Bunday hollarda patologoanatomik tekshiruv yoki sud-tibbiy ekspertizasining qoʻshimcha tekshiruv natijalari boʻyicha tuzilgan xulosasiga asosan tibbiy muassasa shifokori yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi eksperti tomonidan oʻlimning sababi aniqlashtirilgan holda “_____-son dastlabkini oʻrniga” belgisi qoʻyilgan yangi oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma toʻldirilib, ushbu guvohnoma tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi rahbari tomonidan imzolanib, gerbli muhr bilan tasdiqlagan kuzatuv xatiga ilova qilingan holda “dastlabki” belgisi qoʻyilgan oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma yuborilgan FHDY organiga joʻnatiladi va bu haqda manfaatdor shaxsga maʼlum qilinadi.
37. Oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma tegishli turi (yakuniy, dastlabki, “_____-son dastlabkini oʻrniga)ning tagiga chiziq tortilgan holda, barcha bandlariga oʻlim haqidagi maʼlumotlar tegishli kataklarga kiritilgan (tegishli belgilarning tagi chizilgan) holda, bunday maʼlumotlar boʻlmaganda tegishli bandlarga “nomaʼlum” yoki “aniqlanmagan” yozuvi kiritilgan holda, “kodlar uchun joy” ustunida esa “X” qayta koʻrikdan oʻtkazilgan Xalqaro kasalliklarning tasnifi (XKT-X) boʻyicha asosiy kasallik kodlari koʻrsatilgan holda mazkur Yoʻriqnomaning 3-ilovasiga muvofiq toʻldiriladi.
38. Oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma uni toʻldirgan shifokor (feldsher) yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosi eksperti tomonidan imzolanib, tibbiy muassasa yoki sud-tibbiy ekspertiza byurosining gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.
39. Oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma yoʻqotib qoʻyilgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda manfaatdor shaxsning yozma arizasiga koʻra “dublikat” belgisi qoʻyilgan yangi oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma toʻldirilib berilishi mumkin.
40. Murdani oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomasiz berish taqiqlanadi.
V. Yakuniy qoidalar
41. Tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarning berilganligi haqidagi maʼlumotlar tegishli tibbiy hujjatlarda (kasallik tarixi, tugʻruq tarixi va boshqalarda) koʻrsatilishi lozim.
42. Tibbiy muassasa va sud-tibbiy ekspertiza byurosi rahbari tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni aniq va toʻgʻri toʻldirilishi va ularning FHDY organiga oʻz vaqtida yuborilishi ustidan nazorat qilishlari shart.
43. Mazkur Yoʻriqnomada belgilangan tartibda tasdiqlanmagan shakldagi tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarning toʻldirilishi va berilishi taqiqlanadi.
44. Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Davlat statistika qoʻmitasi raisi B. TOʻRAYEV
2010-yil 25-fevral,
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash muassasalarida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash muassasalarida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnomaga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash muassasalarida tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, perinatal oʻlim va oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnomaga
3-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 12-son, 87-modda; 2014-y., 9-son, 93-modda; 23.02.2026-y., 10/26/2089-2/0166-son)