Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 17.09.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ AHOLI YaShASh JOYLARINI IChIMLIK SUV VA TABIIY GAZ BILAN TAʼMINLAShNI YaNADA YaXShILASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-sentabrdagi 405-sonli “Qishloq aholi yashash joylarini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlashni yanada yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qishloq aholisini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlash darajasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
qishloq aholi yashash joylarini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan ishlab chiqilgan topshiriqlar 1 va 2-ilovalar*ga muvofiq;
qishloq aholi yashash joylari roʻyxati va ularni ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlashning belgilangan muddatlari 3 va 4-ilovalar*ga muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 4-ilovalar berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, loyihalashtirish tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2005-yilda respublika qishloq aholisini ichimlik suv bilan taʼminlash darajasini 85 foizgacha va tabiiy gaz bilan qamrab olish darajasini 82 foizgacha yetkazishni hisobga olgan holda joriy yilning 1-oktabrigacha — 2010-yilgacha boʻlgan davrda suv bilan taʼminlash va shu yil 1-dekabrgacha — gazlashtirish, shuningdek mazkur qarorga ilovalarda nazarda tutilgan koʻrsatkichlarni bajarish mintaqaviy va respublika sxemalarini ishlab chiqsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 13-fevraldagi 74-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 3-4-son, 13-modda)
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari respublika va mintaqaviy sxemalari asosida:
1999-yil 1-dekabrgacha boʻlgan muddatda — qishloq aholi yashash joylarini ichimlik suv va 2000-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda — tabiiy gaz bilan taʼminlash mintaqaviy dasturlarini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
qishloq aholi yashash joylarini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlash mintaqaviy dasturlarini har yili aniqlasinlar va respublika investitsiya dasturiga kiritish uchun takliflar taqdim etsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi:
har yilgi investitsiya dasturlarini shakllantirishda mahalliy budjetlar, tashkilotlar va korxonalar, aholi mablagʻlarini, xorijiy investitsiyalarni va boshqa manbalarni jalb qilishni hisobga olib, mablagʻ bilan taʼminlash manbalarini belgilangan holda, mazkur qaror va mintaqaviy dasturlar koʻrsatkichlarining bajarilishini taʼminlaydigan miqdorlarda kapital qoʻyilmalarning tegishli limitlarini belgilangan tartibda nazarda tutsinlar;
investitsiyalar va grantlarni, shuningdek qishloqda suv va gaz taʼminotini rivojlantirish uchun imtiyozli shartlarda kreditlarni jalb qilish boʻyicha xalqaro moliya tashkilotlari va boshqa xorijiy investorlar bilan doimiy asosda ish olib borsinlar.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
5. Qishloq aholisini ichimlik suv bilan taʼminlash samaradorligini oshirish va sifatini yaxshilash maqsadida qishloq suv taʼminoti idoraviy tizimlarini kommunal xizmat koʻrsatish hududiy organlari balansiga berish yoʻli bilan ichimlik suv taʼminoti sohasida tarkibiy oʻzgartirishlarni amalga oshirish va mintaqaviy va mintaqalararo magistral suv quvurlaridan foydalanishning yagona tizimini yaratish maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
6. Qishloq aholisini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlash Dasturini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasining yangilangan tarkibi 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 5-ilova berilmaydi.
Qishloq aholisini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlash Dasturini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasi:
bir hafta muddatda Komissiya tarkibida qishloq aholi yashash joylarini gazlashtirish va ichimlik suv bilan taʼminlash boʻyicha ikkita ixtisoslashtirilgan ishchi guruh tuzsin;
qishloq suv taʼminoti idoraviy tizimlarini kommunal xizmat koʻrsatish hududiy organlari balansiga berish va magistral suv quvurlarini boshqarishni takomillashtirish boʻyicha ishlarni tashkil etsin, ushbu ishlarning 1999-yil 1-oktabrgacha tugallanishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin;
qishloq aholi yashash joylarini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlash mintaqaviy dasturlari bajarilishi ustidan monitoringni amalga oshirsin va ularning natijalarini har chorakda oʻz yigʻilishlarida koʻrib chiqsin.
7. Aholini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlash dasturlarini amalga oshirishda faol qatnashayotgan qishloq tumanlarini ragʻbatlantirish maqsadida hisobot yilida aholini ichimlik suv bilan taʼminlash va uy-joy fondini tabiiy gaz bilan qamrab olish darajasi oʻsishining eng yuqori foizi uchun uchtadan har yili beriladigan Respublika mukofotlari belgilansin.
Belgilansinki:
mansabdor shaxslar — tuman hokimi, tuman hokimining kommunal xizmat koʻrsatish masalalariga mutasaddilik qiluvchi oʻrinbosari, tuman kommunal xizmat koʻrsatish korxonalari, gaz taʼminoti tuman korxonalari, “Suvoqova” tuman boʻlinmalari, gaz quvurlari va suv quvurlari tarmoqlari qurilishini amalga oshirayotgan pudrat tashkilotlarning birinchi rahbarlari;
tashkilotlar — gaz taʼminoti tuman korxonasi, “Suvoqova” tuman boʻlinmasi (uchastkasi), pudrat qurilish tashkiloti mukofotlanadi, mablagʻlar alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Har yili toʻlanadigan Respublika mukofotlari miqdori 6-ilovaga* muvofiq belgilansin. Respublika budjeti mablagʻlari Respublika mukofotlarini toʻlash manbai etib belgilansin.
* 6-ilova berilmaydi.
Qishloq aholisini ichimlik suv va tabiiy gaz bilan taʼminlash Dasturini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda aholi yashash joylarini gaz va suv bilan taʼminlash dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi uchun qishloq tumanlarini mukofotlash shartlari va tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi hamda Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Fan va texnika davlat qoʻmitasi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda olis, borish qiyin boʻlgan va aholisi siyrak joylashgan qishloq aholi yashash joylari suv va energiya taʼminoti muammolarining tejamli texnik yechimlari boʻyicha 3 oy muddatda tavsiyanomalar tayyorlasinlar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari koʻrsatib oʻtilgan tavsiyanomalarga muvofiq borish qiyin boʻlgan, olis va aholisi siyrak joylashgan qishloq aholi yashash joylarini ichimlik suv va energiya taʼminotining muqobil manbalari bilan taʼminlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar koʻrsinlar.
9. Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 17-martdagi 117-son qaroriga 7-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 1-iyun,
278-son