Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.02.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSh VAZIRINING OʻRINBOSARI — TAShQI IQTISODIY ALOQALAR, INVESTITSIYaLAR VA SAVDO VAZIRI — OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING TAShQI IQTISODIY FAOLIYAT, XORIJIY INVESTITSIYaLARNI JALB ETISh VA IShLAB ChIQARIShNI MAHALLIYLAShTIRISh MASALALARI KOMPLEKSI RAHBARINING MAQOMI VA VAZIFALARI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 23-fevraldagi 48-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi apparati tuzilmasiga qisman oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida” 2011-yil 24-oktabrdagi PQ-1630-son hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida” 2012-yil 13-yanvardagi PQ-1686-son qarorlari)” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vazirlar Mahkamasining tuzilmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri lavozimini kiritish toʻgʻrisida” 2009-yil 13-noyabrdagi PQ-1226-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyat, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari kompleksi rahbarining maqomi va vazifalari toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyat, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-dekabr,
315-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-dekabrdagi 315-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyat, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari kompleksi rahbarining maqomi va vazifalari toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vazirlar Mahkamasining tuzilmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri lavozimini kiritish toʻgʻrisida” 2009-yil 13-noyabrdagi PQ-1226-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan hamda yangidan joriy etilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri lavozimining maqomi va vazifalarini belgilaydi.
II. Maqomi va vazifalari
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri maqomiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining aʼzosi hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Prezidiumi tarkibiga kiradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Prezidiumi majlislarida bevosita ishtirok etadi. Oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga hisobot beradi.
4. Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyat, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari kompleksiga rahbarlik qiladi.
5. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining lavozim vazifalarini soʻzsiz bajarish;
yagona tashqi iqtisodiy siyosatning oʻtkazilishini, birinchi navbatda, tashqi savdo aylanmasining balanslanganligini kuchaytirish, eksport salohiyatini kengaytirish, Oʻzbekiston Respublikasiga tovarlar va xizmatlar importi hajmlari va tarkibini maqbullashtirish boʻyicha taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiruvchi vazirliklar, idoralar, tijorat tuzilmalari, kompaniyalar, uyushmalar, firmalar, korxonalar va tashkilotlar ishlarining muvofiqlashtirilishi va kelishilishini taʼminlash, buning uchun zarur shart-sharoitlar va preferensiyalar yaratish;
mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlaridan va jahon bozoridagi konyunkturaning oʻzgarishi tahlilidan kelib chiqqan holda xorijiy davlatlar, xalqaro moliya va iqtisodiyot institutlari, xorijiy kompaniyalar, firmalar va banklar bilan tashqi iqtisodiy hamda tashqi savdo hamkorligining ustuvor vazifalari boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
mamlakatimiz oldida turgan strategik vazifalarga erishish ishlarida oʻtkazilayotgan tashqi iqtisodiy siyosatning rolini kuchaytirish va samaradorligini oshirish;
iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash uchun xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish;
tashqi savdo aylanmasi tarkibini yanada maqbullashtirish va ishlab chiqarishning mahalliylashtirilishini chuqurlashtirish;
investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlari) loyihalari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish, maʼlumotlarning tizimlashtirilgan banki shakllantirilishini va yuritilishini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar boshliqlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan investitsiya va tashqi savdo shartnomalari monitoringini olib borish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri:
Tashqi iqtisodiy faoliyat, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari axborot-tahlil departamenti faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladi;
Idoralararo bojxona — tarif Kengashi (IBTK)ning, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiyaning, shuningdek boshqa komissiyalarning ishlarini boshqaradi;
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining tashqi savdo kompaniyalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish yuzasidan takliflarini koʻrib chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi, shuningdek vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, korxonalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning tashqi iqtisodiy faoliyatiga mutasaddilik qiladi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlarning rahbarlari va vakillari ishtirokida xorijiy mamlakatlar bilan tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, respublikaning eksport salohiyatini kengaytirish, tovarlar va xizmatlar eksporti boʻyicha belgilangan vazifalarni bajarish, tashqi savdo aylanmasini koʻpaytirish va uning tarkibini maqbullashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan qayta jihozlash maqsadida xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari boʻyicha yakuniy va muntazam yigʻilishlar oʻtkazadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlariga binoan respublikaning alohida olingan mintaqalarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvor vazifalari va dasturlarining, iqtisodiy islohotlarning bajarilishini muvofiqlashtiradi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining oʻz tasarrufidagi masalalar boʻyicha topshiriqlarining vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, korxonalar va boshqa tashkilotlar rahbarlari tomonidan bajarilishi majburiydir.
III. Javobgarligi
8. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 50-51-son, 543-modda)