|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2010 YIL HOSILI UChUN KUZGI BOShOQLI DON EKINLARINI EKISh, NAVLARNI JOYLAShTIRISh VA XARID QILIShNING TAShKILIY ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Boshoqli don ekinlari navlarini oqilona joylashtirishni taʼminlash, kuzgi ekin ekishni maqbul agrotexnik muddatlarda sifatli oʻtkazishda fermer xoʻjaliklarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining gʻallakor xoʻjaliklar bilan don mahsulotlari korxonalari oʻrtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini umumlashtirish asosida tayyorlangan:
2010-yil hosili uchun boshoqli don ekinlari ekiladigan maydonlar hamda navlar boʻyicha ularning tezpishar va serhosil navlarini joylashtirish toʻgʻrisidagi 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari tomonidan 2010-yilda yuqori sifatli boshoqli don ekinlari urugʻligi tayyorlash hajmlari toʻgʻrisidagi 2-ilovaga* muvofiq;
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
“Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari tomonidan sugʻoriladigan yerlar uchun 2010-yil hosilidan yuqori sifatli boshoqli don ekinlari urugʻligi yetkazib berish hajmlari toʻgʻrisidagi 3-ilovaga* muvofiq;
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirish hamda sugʻoriladigan yerlarda Don va dukkakli don ekinlari ilmiy-tadqiqot instituti va uning filiallari, shuningdek Qashqadaryo boshoqli don ekinlari seleksiyasi va urugʻchilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2010-yil hosilidan superelita urugʻligini tayyorlash toʻgʻrisidagi 4-ilovaga* muvofiq takliflari qabul qilinsin.
* 4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi raisi zimmasiga:
bahorgi ekishga yetarli hajmda sifatli, kalibrlangan, dorilangan va sertifikatlangan boshoqli don ekinlari urugʻlarini, shuningdek qishloq xoʻjalik ekin texnikasini tayyorlash;
sugʻoriladigan yerlarda asosan birinchi va ikkinchi reproduksiyali birinchi-ikkinchi klassdan past boʻlmagan urugʻlar va lalmi yerlarda uchinchi reproduksiyadan past boʻlmagan urugʻlar ekilishi;
don yetishtiruvchilar mazkur qaror bilan tasdiqlangan boshoqli don ekinlari navlarining joylashtirilishiga qatʼiy amal qilishlari uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
Tovarbop don, navlashtirilmagan, sifatsiz tayyorlangan va dorilanmagan urugʻlarni ekish, respublika hududida ekish tavsiya qilinmagan navlarni joylashtirish hamda ularni ishlov berish qiyin boʻlgan yerlarga ekish qatʼiyan taqiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri (Sh.M. Mirziyoyev):
boshoqli don ekinlari navlarining tasdiqlangan tarzda joylashtirilishi va moddiy resurslarni yetkazib berish boʻyicha shartnoma majburiyatlariga rioya qilinishi;
eng yaxshi fermer xoʻjaliklari tomonidan toʻplangan ijobiy tajribaning umumlashtirilishi va tatbiq etilishi, navning biologik xususiyatlariga muvofiq ravishda boshoqli don ekinlariga ishlov berish boʻyicha agrotexnika tadbirlariga rioya etilishi;
boshoqli don ekinlari ekishni har bir hudud uchun maqbul boʻlgan muddatlarda — sugʻoriladigan yerlarda 2009-yilning 25-oktabrigacha va lalmi yerlarda 15-noyabrgacha tugallanishini taʼminlash ustidan tizimli nazoratni tashkil etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi xizmat koʻrsatuvchi banklar bilan birgalikda 2010-yil hosili doniga xarid narxlari tasdiqlangunga qadar 2009-yil hosili doniga oʻrtacha shakllangan narxlar boʻyicha texnologiya kartalariga muvofiq muddatlar va kutilayotgan xarajatlar (shu jumladan urugʻlik qiymati)ga binoan davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan boshoqli don ekinlari yetishtirishga kredit bersin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda:
boshoqli donning yangi, istiqbolli, serhosil navlarini xarid qilish borasida fermer xoʻjaliklarini ragʻbatlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutgan holda, gʻallakor xoʻjaliklarni sifatli boshoqli don urugʻligi bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi Nizomni bir oy muddatda belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
har yilning 1-avgustigacha mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlari hisobga olinishi va har bir gʻallakor fermer xoʻjaligiga yetkazilishini taʼminlagan holda, tumanlashtirilgan yuqori samarador boshoqli don seleksiyaviy navlarining asosiy xoʻjalik-biologik belgilari va xarakteristikalari boʻyicha Maʼlumotnomani tayyorlasin va chop etsin;
har bir tumanlashtirilgan boshoqli don ekinlari seleksiyaviy navini yetishtirish xususiyatlari va asosiy xarakteristikalari haqida fermyerlar oʻrtasida joylarda seminarlar hamda keng tushuntirish ishlari tizimli asosda oʻtkazilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagrosugʻurta” DASK sugʻurta qoplanishini 90 foizga qadar oshirish va sugʻurta tariflarini amaldagidan 50 foizga tushirish hisobidan yangi, yuqori samarador seleksiyaviy navlarning ekilishini ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlarini nazarda tutgan holda, boshoqli don ekinlari hosilini sugʻurtalash tartibini bir oy muddatda qayta koʻrib chiqsin.
8. “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi fermer xoʻjaliklarining boshoqli don ekinlari urugʻlarini sotish shoxobchalaridan foydalanishlarini yaxshilash uchun, ularning respublika boʻylab joylashishini qayta koʻrib chiqsin va mazkur shaxobchalar tarmogʻini kengaytirish choralarini koʻrsin.
9. “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi 2009-yilning 20-sentabrigacha respublikaning elita-urugʻchilik xoʻjaliklari buyurtmanomalari boʻyicha 2009-yilda kuzgi ekish uchun xorijiy ilmiy muassasalardan 240 tonna hajmida boshoqli don ekinlarining superelita urugʻlari keltirilishini taʼminlasin.
“Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi olib kelinayotgan 240 tonna boshoqli don ekinlarining superelita urugʻlari uchun istisno tariqasida bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinsin.
10. Mazkur Qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 7-sentabr,
PQ-1183-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 9-son, 370-modda)