Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.11.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
KOMPYUTERLASHTIRISHNI YANADA RIVOJLANTIRISH VA AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARINI JORIY ETISH TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Axborotlashtirishning milliy tizimini shakllantirish, iqtisodiyot va jamiyat hayotining barcha sohalarida zamonaviy axborot texnologiyalarini, kompyuter texnikasi va telekommunikatsiya vositalarini ommaviy ravishda joriy etish hamda ulardan foydalanish, fuqarolarning axborotga ortib borayotgan talab-ehtiyojlarini yanada to‘liqroq qondirish, jahon axborot hamjamiyatiga kirish hamda jahon axborot resurslaridan bahramand bo‘lishni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. Quyidagilar kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish hamda ularning zamonaviy tizimlarini joriy etishning birinchi galdagi eng muhim vazifalari deb hisoblansin:
zamonaviy ishonchli va xavfsiz milliy ma’lumotlar axborot bazalarini yaratish, axborot resurslari va xizmatlarining bozorini rivojlantirish, axborot almashuvning elektron shakllariga izchillik bilan bosqichma-bosqich o‘tish;
real iqtisodiyot tarmoqlarida, boshqaruv, biznes, fan va ta’lim sohalarida kompyuter va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, aholi turli qatlamlarining zamonaviy kompyuter va axborot tizimlaridan keng bahramand bo‘lishlari uchun shart-sharoitlar yaratish;
maktablar, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy o‘quv yurtlarining ta’lim jarayoniga zamonaviy kompyuter va axborot texnologiyalarini egallashga hamda ularni faol qo‘llanishga asoslangan ilg‘or ta’lim tizimlarini kiritish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida, birinchi navbatda dasturiy vositalarni, ma’lumotlarning axborot bazalarini ishlab chiqish, respublika, tarmoq va mahalliy axborot-kommunikatsiya tarmoqlarini shakllantirish, kompyuter va telekommunikatsiya texnikasini ishlab chiqish sohalarida ishlash uchun yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlashni tashkil qilish;
axborot-kommunikatsiya tarmoqlari va xizmatlari konvergensiyasini nazarda tutgan holda mamlakatning barcha hududida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining texnikaviy infratuzilmasini, shu jumladan ko‘chma aloqa, IP texnologiyalari, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya va ma’lumot uzatish vositalarini jadal rivojlantirish;
milliy va xalqaro axborot tarmoqlariga g‘oyat tezkorlik bilan kirib borishni joriy etish, aholi punktlari, shu jumladan qishloq aholi punktlarining ularga kirib borishini ta’minlash;
sifatli mahalliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni eksport qilishni rag‘batlantirishning samarali mexanizmini yaratish;
mahalliy kompyuter texnikasi va unga butlovchi buyumlar ishlab chiqish hamda ishlab chiqarishni tashkil etishga ko‘maklashish.
2. Ilovaga* muvofiq tarkibda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Kengash tuzilsin.
* Ilova berilmaydi.
Belgilab qo‘yilsinki, Muvofiqlashtiruvchi Kengash kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasida yuqori muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
3. Muvofiqlashtiruvchi Kengash zimmasiga quyidagi vazifalarni hal etish yuklansin:
kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning zamonaviy xalqaro tendensiyalarga va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasiga mos keluvchi ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar hamda iqtisodiy omillarni vujudga keltirish yuzasidan Hukumatga takliflar kiritish;
kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasiga oid dasturlar, loyihalar, me’yoriy-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishi hamda ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil etish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, jumladan mutaxassislarni chet ellarda o‘qitish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida raqobat muhitini shakllantirishga ko‘maklashish, innovatsiya biznesini, shu jumladan mahalliy dasturiy vositalar va kompyuter texnikasini ishlab chiqish hamda ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotning barcha sohalari va tarmoqlarini kompyuterlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining infratuzilmasini rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalar, homiylik mablag‘lari va grantlarni jalb etishga, ta’lim muassasalarining axborot tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga ko‘maklashish.
4. Muvofiqlashtiruvchi Kengash 2002-yilning 1-oktabriga qadar:
2003—2010-yillarda telekommunikatsiya va ma’lumot uzatish milliy tarmog‘ini rivojlantirish dasturini;
2003—2010-yillarda davlat boshqaruvida elektron texnologiyalarni joriy etish dasturini;
2010-yilgacha bo‘lgan davrda elektron tijoratni rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 16-oktabrdagi PF-4475-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
6. Pochta va telekommunikatsiyalarni rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash budjetdan tashqari jamg‘armasining nomi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish budjetdan tashqari jamg‘armasi deb o‘zgartirilsin.
Budjetdan tashqari jamg‘armaga ma’lumot uzatish tarmoqlari va axborot texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi ustuvor loyihalar va ilmiy-tadqiqot ishlarini mablag‘ bilan ta’minlash vazifasi yuklansin.
7. Toshkent elektrotexnika aloqa instituti Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga aylantirilsin.
2002/2003 o‘quv yilidan boshlab Toshkent axborot texnologiyalari universitetida dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish, tarmoq texnologiyalari, ko‘chma radiotelefon aloqasi, elektron tijorat va axborot xavfsizligi sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi nazarda tutilsin.
8. 2006-yilning 1-yanvarigacha bo‘lgan muddatga:
respublikaga olib kelinayotgan kompyuter ma’lumotlarini uzatish tarmoqlarini barpo etishga mo‘ljallangan asbob-uskunalar, kompyuter texnikasi va unga butlovchi buyumlar, shuningdek dasturiy vositalar bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtirishi uchun yig‘im bundan mustasno) to‘lashdan;
kompyuter va axborot texnologiyalariga o‘qitish bo‘yicha xizmatlar, dasturiy vositalarni sotish, shuningdek ularga servis xizmatlari ko‘rsatish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 7-iyuldagi PF-3771-son Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan —O‘R QHT, 2006-y., 28-29-son, 262-modda)
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda amaldagi qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda ushbu Farmonni amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 6-iyundagi 200-sonli “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
12. Mazkur Farmon matbuotda e’lon qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 30-may,
PF-3080-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 98-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 28-29-son, 262-modda)