Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“BANKROTLIK TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIDA NAZARDA TUTILGAN MAʼLUMOTLARNI EʼLON QILISHNI TARTIBGA SOLISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik), Soliq qoʻmitasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Biznes-Daily “Birja” iqtisodiy gazetasi (keyingi oʻrinlarda — “Birja” gazetasi) va/yoki Agentlik rasmiy veb-saytida (keyingi oʻrinlarda — ommaviy axborot vositalari) “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan maʼlumotlar (keyingi oʻrinlarda — toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar) eʼlon qilinadigan ommaviy axborot vositalari etib belgilash haqidagi taklifi qabul qilinsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
“Birja” gazetasi Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida kamida 1000 nusxada tarqatiladi va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning har haftada eʼlon qilinishini taʼminlaydi. Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar matnlari davlat tilida eʼlon qilinadi va boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin;
“Birja” gazetasi toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ular manfaatdor shaxslardan olingandan va eʼlon qilinganlik haqi toʻliq hajmda toʻlangandan keyin uch kun mobaynida eʼlon qiladi;
toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning “Birja” gazetasining Internetdagi saytida qoʻshimcha haq undirilmasdan joylashtirilishini, shuningdek saytda joylashtirilgan maʼlumotlardan bepul foydalanilishini taʼminlaydi;
Agentlik rasmiy veb saytining alohida sahifasiga sud boshqaruvchisi tomonidan oʻzining elektron raqamli imzosi bilan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi eʼlon qilinadigan maʼlumotlarni oʻz kabineti orqali joylashtiradi. Ushbu sahifaga maʼlumotlar bepul joylashtiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki:
toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Birja” gazetasida eʼlon qilish qiymati, shriftning yirikligi kamida 7 punkt va interlinyaji kamida 8 punkt boʻlgan taqdirda, qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olgan holda bir kvadrat santimetr uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,0 foizidan oshishi mumkin emas;
toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Birja” gazetasida eʼlon qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 11-iyun,
160-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 24-son, 274-modda; 2010-y., 37-son, 322-modda; 2011-y., 50-son, 518-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)