Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2009—2015-YILLAR DAVRIDA RESPUBLIKADA ISSIQLIK TAʼMINOTI TIZIMINI ISLOH QILISH KONSEPSIYASINI HAMDA ISSIQLIK TAʼMINOTI TIZIMINI MODERNIZATSIYA QILISH VA RIVOJLANTIRISH DASTURINI ISHLAB CHIQISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Uy-joy-kommunal sohada iqtisodiy islohotlarni izchil amalga oshirish, asosiy fondlarni yangilash va modernizatsiya qilish, zamonaviy tejamli va energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, moliyaviy resurslardan samarali va oqilona foydalanish, shuningdek koʻrsatilayotgan kommunal xizmatlarning sifati uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari va issiqlik bilan taʼminlaydigan korxonalarning masʼuliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son Farmoni bilan tasdiqlangan Iqtisodiyotning real sektorini qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi doirasida mutaxassislarni jalb etgan holda respublika mintaqalarida issiqlik taʼminoti sohasidagi ishlarning ahvoli oʻrganib chiqilganligi va issiqlik taʼminoti tizimining holatini yaxshilashga doir aniq takliflar ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari shu jumladan:
isteʼmolchilarni xatlovdan oʻtkazish va koʻrsatilayotgan xizmatlar hajmini avtomatlashtirilgan hisobga olishni joriy etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-son Farmoniga muvofiq koʻrsatilayotgan xizmatlar tannarxini pasaytirish;
noishlab chiqarish xarajatlariga va normativdan ortiqcha yoʻqotishlarga yoʻl qoʻymaslik hisobiga issiqlik taʼminoti korxonalarining ish samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan kompleks tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
3. 2009—2015-yillar davrida respublikada issiqlik taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini hamda issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi guruh (N.Xanov):
Konsepsiyaning maqsadlari, vazifalari, muammolarini hal etish yoʻllarini va uni amalga oshirish bosqichlarini nazarda tutadigan 2009—2015-yillarda issiqlik taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini;
2009—2015-yillar davrida respublika mintaqalarida issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturi loyihasini 2009-yil 1-avgustgacha ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, Dasturda moliyalashtirish manbalarini aniqlagan holda:
issiqlik bilan taʼminlaydigan korxonalarning texnik holatini (bugʻ qozoni uskunasi, magistral va taqsimlovchi issiqlik tarmoqlari), koʻp kvartirali uylarni (uy ichidagi asbob-uskuna, tik quvurlar, elevatorlar, uylar tomiga yopilgan materiallarning eskirganligi darajasi va issiqlik nobudgarchiligi darajasi), shuningdek turar joy fondi issiq suv va issiqlik energiyasini hisobga olish asboblari bilan jihozlanganligini xatlovdan oʻtkazish;
quyidagilar:
bugʻ qozonlarini modernizatsiya qilish, mukammal taʼmirlashni, issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va tiklash;
eskirgan magistral va taqsimlovchi issiqlik tarmoqlarini almashtirish va mukammal taʼmirlash, yoqilgʻining muqobil turlarini qoʻllagan holda isitish va issiq suv taʼminotining mahalliy (avtonom) va yopiq tizimlariga bosqichma-bosqich oʻtkazish, maʼnaviy eskirgan tejamsiz bugʻ qozoni agregatlarini almashtirish;
yirik issiqlik manbalarida gaz-turbina texnologiyalarini qoʻllagan holda elektr va issiqlik energiyasini kombinatsiyalangan holda ishlab chiqarish qurilmalarini joriy etish;
energiya resurslarining ishlab chiqarish va moliyaviy hisobini takomillashtirish, abonentlarni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini faol joriy etish, issiqlik taʼminotining koʻrsatilgan xizmatlari uchun haq toʻlash, isteʼmolchilar va energiya resurslarini yetkazib beruvchilarning debitorlik va kreditorlik qarzlarini hisobga olgan holda oʻtkazilgan xatlov natijalari asosida har bir mintaqa boʻyicha Issiqlik taʼminotini rivojlantirishning bosh sxemasini ishlab chiqish tadbirlari nazarda tutilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.M.Xanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 19-mart,
78-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 19-martdagi 78-son qaroriga
1-ILOVA
2009—2015-yillar davrida respublikada issiqlik taʼminoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini hamda issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh
tarkibi
Xanov N.M.‎ —‎ Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari ‎
Xoʻjayev B.A.‎ —‎‎ Iqtisodiyot vaziri, ishchi guruh rahbarining oʻrinbosari ‎
Tursunov Yo.E.‎ —‎‎ Moliya vazirining oʻrinbosari ‎
Shoabdurahmonov R.M.‎ —‎‎ Iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari ‎
Toʻlaganov Sh.O.‎ —‎‎ Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining oʻrinbosari ‎
Kanyazov E.S.‎ —‎‎ Adliya vazirining oʻrinbosari ‎
Ulashov B.S.‎ —‎‎ Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi ‎
Nazarov U.S.‎ —‎‎ “Oʻzbekneftgaz” MXK boshqaruvining raisi ‎
Teshabayev B.M.‎ —‎‎ “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvining raisi ‎
Xolmuhamedov Oʻ.O. ‎ —‎‎ “Oʻzkommunxizmat” agentligining bosh direktori ‎
Gʻulomov R.A.‎ —‎‎ Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining ijrochi direktori ‎
Maksumov N.E.‎ —‎‎ “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari ‎
Vagapov I.X.‎ —‎‎ “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi raisi‎
Sheraliyev R.M.‎ —‎‎ “Oʻzdavneftgazinspeksiya” boshligʻi ‎
Nimatullayev A.D. ‎ —‎‎ “Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi ‎
Xolmatov I.M.‎ —‎‎ “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bosh direktori ‎
Shaismatov S.E.‎ —‎‎ “Issiqlikenergoloyiha” institutining direktori‎
‎‎Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi oʻrinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosarlari
Izoh. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda ishchi guruh tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Ishchi guruh vazirliklar, idoralar va hokimliklarning tarkibiy boʻlinmalari mutaxassislarini jalb qilishga haqlidir.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 13-son, 143-modda)