Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.06.2015
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
TRANSPORT HARAKATI YoKI UNDAN FOYDALANISh XAVFSIZLIGIGA QARShI JINOYaTLARGA OID IShLAR YuZASIDAN SUD AMALIYoTI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 10-sonli “Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq ishlar yuzasidan sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Sudlar transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rishda qonunlarni asosan to‘g‘ri tatbiq etmoqdalar.
Shu bilan bir qatorda Plenum, sudlar ushbu toifadagi ishlarni ko‘rishda ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yayotganliklarini qayd qiladi. Chunonchi, ish holatini to‘liq tekshirmaslik oqibatida sodir etilgan qilmishni noto‘g‘ri tavsiflash, qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mos kelmaydigan yengil yoki jazoni yengillashtiruvchi holatlarga lozim darajada e’tibor berilmasdan og‘ir jazo tayinlash hollari uchramoqda.
Shuningdek, sudlar, ba’zan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar, yoki jabrlanuvchining davolanishi uchun ketgan xarajatlarni undirish bilan bog‘liq bo‘lgan fuqaroviy da’voni hal qilishda ham xatoliklarga yo‘l qo‘ymoqdalar.
Kamchiliklarni bartaraf qilish va qonunlarning bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga qarshi jinoyatlarni ko‘rish sifatini yaxshilash, sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan o‘rganish va umumlashtirishlar o‘tkazib borish, ushbu toifadagi jinoyat ishlarining alohida xususiyatlarini biladigan malakali sud tarkibida ko‘rilishi, jinoyatlarni keltirib chiqaruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf qilishning yetarli ta’sir chorasini kuchaytirish zarurligiga sudlarning e’tibori qaratilsin.
2. Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik Jinoyat kodeksining 260—269-moddalari dispozitsiyasida ko‘rsatilgan. Ushbu moddalarda nazarda tutilgan “Transport vositalari”ga avtomobillar, traktorlarning barcha turlari, o‘ziyurar mashinalar, tramvay, trolleybuslar, shuningdek, mototsikllar va boshqa mexanik transport vositalari, ichki yonar dvigatelining ishchi hajmi 50 sm3 va undan ortiq bo‘lgan transport vositalari kiradi.
“O‘ziyurar transport vositalari”, — deganda, yo‘l qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa ishlar uchun mo‘ljallangan maxsus mashinalar (ekskavatorlar, greyderlar, avtokranlar, skreperlar, avtopogruzchiklar) tushuniladi. Boshqa mexanik transport vositalari tushunchasini belgilashda “Yo‘llarda harakatlanish Qoidalari”ga asoslanmoq lozim bo‘ladi.
3. Jinoyat kodeksining 266-moddasining subyekti, yo‘l-transport hodisasi sodir qilingan vaqtda 16 yoshga to‘lgan, aqli raso, transport vositasini boshqargan shaxs bo‘lishi mumkin. Buning uchun uning transport vositasini o‘zboshimchalik bilan yoki ruxsatli boshqarganligi, transport vositasining egasi bo‘lish-bo‘lmasligi, transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomasi bor-yo‘qligi ahamiyatsizdir.
Voyaga etmagan shaxs tomonidan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yetkazilgan zarar masalasini hal qilishda, sudlar, O‘zbekiston Respublikasi FKning 993-994-moddalari talablariga amal qilishlari shart.
4. Jinoyat kodeksining 260—263, 266, 268-269-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarning muqarrar alomati, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarining buzilishi natijasida badanga o‘ta og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishi, odamlarning halok bo‘lishi, halokatlar yuz berishi yoxud boshqa og‘ir oqibatlarning kelib chiqishidir.
“Odamlar o‘limi” deganda, sodir bo‘lgan transport hodisasi oqibatida ikki yoki undan ortiq odamlarning halok bo‘lishi;
“halokat” deganda, shunday hodisa tufayli atrof muhitga, insonlarning sog‘lig‘i va hayoti uchun xavfli bo‘lgan jiddiy ziyon yetkazilishi, insonlarning halok bo‘lishiga sababchi bo‘lgan temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportlarining, shuningdek ko‘pchilikni tashishga mo‘ljallangan jamoat transportlari (avtobus, trolleybus va shu singarilar)ning avariya bo‘lishi;
“boshqa og‘ir oqibatlar” deganda esa, yo‘l-transport hodisasi natijasida odam o‘lishi bilan birgalikda yana bir qancha kishilarning og‘ir tan jarohatlari olishlari, poyezd, kema yoki samolyotlar harakati tizimining uzoq muddatga izdan chiqishi, tashiladigan yuklarga juda ko‘p miqdorda ziyon yetkazilishi, atrofdagi uy-joy va boshqa inshootlarning buzilishi, (portlashi, yonib ketishi, vayron bo‘lishi) bilan bog‘liq juda ko‘p miqdorda ziyon yetkazilishi kabi holatlar tushuniladi. (Shuningdek, sudlar, har bir aniq ish holati bo‘yicha alohida yondashib, muayyan vaziyatni atroflicha o‘rganib, sodir etilgan jinoiy qilmish natijasini og‘ir oqibat sifatida huquqiy baholashlari mumkin. Bunda teran mulohaza va keng mushohadaga tayanib ish ko‘rmoq zarur).
5. Aybdorning transport harakati yoki undan foydalanish xavfsizligiga qarshi qaratilgan jinoiy harakatlari natijasida JKning ayni bir moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari yuz bergan bo‘lsa, qilmish JKning 33-moddasi talabi asosida shu moddaning og‘irroq jazo belgilangan qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Shu bilan birgalikda, ushbu jinoyatlar qonunda ko‘rsatilgan oqibatlar kelib chiqishi bilan tamomlangan deb hisoblanishi nazarda tutilib, turli vaqtda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari alohida-alohida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
6. Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzib transport hodisasi ro‘y berishiga sababchi bo‘lgan shaxsning qilmishi shu hodisa tufayli hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolgan va o‘zini-o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatmasligi, jinoyatlar majmui tariqasida qo‘shimcha ravishda JKning 117-moddasi tegishli qismi bilan ham kvalifikatsiya qilinishini talab etadi.
Tushuntirilsinki, shaxs yo‘l-transport hodisasi ro‘y berishida transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzmagan holda ham jabrlanuvchining hayotini xavf ostida qoldirib haydovchilik majburiyatini bajarmasdan hodisa ro‘y bergan joydan ketib qolishi yoki hayoti xavf ostida qolgan o‘zini-o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan shaxsga, hodisa joyida hozir bo‘lgan boshqa odamlar yordam berishi mumkin, deb o‘ylab jabrlanuvchiga yordam bermasdan ketib qolishi, uni JKning 117-moddasida nazarda tutilgan jazodan ozod qilish uchun asos bo‘lmaydi.
Basharti, yo‘l-transport hodisasi ro‘y berishi oqibatida jabrlanuvchining hayoti uchun xavfli bo‘lmagan sog‘lig‘ining buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati yetkazilsa, yoki jabrlanuvchining o‘limi bevosita yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan vaqtda yuz berganligi aniq ko‘rinib turgan bo‘lsa, yoxud shaxsning jabrlanuvchiga yordam berishi shart bo‘lsa-da, biroq, uning o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘i uchun ham yaqqol xavf tug‘ilgan bo‘lsa, ya’ni yordam berish imkoniyatiga mutlaqo ega bo‘lmasa, JKning 117-moddasi tatbiq etilmaydi.
7. Tergov organlari shaxsni JKning 266-moddasi bilan ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish to‘g‘risidagi qarorda, ayblov xulosasida, sud esa, hukmda, aynan “Yo‘llarda harakatlanish Qoidalari”ning qaysi bandlari buzilganligini ko‘rsatish bilan chegaralanmasdan, balki bunday qoida buzishlar nimalardan (texnik jihatdan nosoz transport vositalarini boshqarish, mastlik holatda transport vositasini boshqarish, tezlikni oshirishdan) iborat ekanligini ko‘rsatishlari zarur.
Agarda, ayblov mazmuni aybni og‘irlashtiruvchi tomonga jiddiy o‘zgaradigan bo‘lsa, JPKning 419-moddasi talabiga ko‘ra, ishni qo‘shimcha tergovga yubormay turib, aybdorga tergov organi tomonidan e’tirof etilmagan “Yo‘llarda harakatlanish Qoidalari”ning buzilishi haqidagi aybni, mazkur Qoidalarning undan farq qiladigan boshqa bandlari bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini sudlar nazarda tutsinlar.
Bundan tashqari, sudlar, yana shunga e’tiborlarini qaratsinlarki, boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishning topshirilishi oqibatida sodir bo‘lgan JKning 266-moddasi bo‘yicha jinoyat ishini ko‘rishda avtotransport egasining javobgarlikka tortilmay qolishi holati ro‘y bermasligi maqsadida, surishtiruv va dastlabki tergov organi tomonidan bunday shaxsga nisbatan ma’muriy ish materiallari to‘planib, tegishli tartibda sudga yuborilgan-yuborilmaganligiga ham mas’uliyat bilan yondashib, munosabat bildirishlari lozim.
8. Shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatini harbiy transport vositalarida yo‘llarda harkatlanish qoidalarini buzish jinoyatidan farqlamoq lozim. Harbiy transport vositalari yoki maxsus o‘ziyurar jangovar mashinalarni boshqarish yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzish harbiy xizmatchilar tomonidan sodir etilgan taqdirda, qilmish JKning 298-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Agar, harbiy xizmatchi harbiylashtirilmagan transport vositasida yo‘llarda harakatlanish qoidalarini buzishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir etsa yoki fuqaro harbiylashtirilgan mashinada yo‘llarda harakatlanish qoidalarini buzishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir etsa, bu qilmish JKning 266-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim bo‘ladi.
9. Tushuntirilsinki, transport vositalaridan foydalanish uchun mas’ul shaxsning mast holatdagi yoxud giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir etuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida bo‘lgan shaxsni bilgani holda temir yo‘l, dengiz, daryo, havo, avtomobil yoki boshqa transport vositasini boshqarishga yo‘l qo‘yishi natijasida JKning 260, 266-moddasida nazarda tutilgan oqibatlar ro‘y bergan bo‘lsa, JKning 261-moddasi bilan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligiga mas’ul shaxslar, shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, davlat yoki jamoat tashkilotlariga qarashli transport vositalarining haydovchilari, shaxsiy transport vositalarining egalari va haydovchilari ham javobgar bo‘lishlari mumkin. Transport harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligiga mas’ul shaxs deganda, avtokorxona, xo‘jalik rahbarlari, raislari, muhandislar, mexaniklar, navbatchi mexaniklar, navbatchi vrachlarni tushunish kerak. Bevosita transport vositasini boshqargan shaxs shu kodeksning 260, 266-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi.
JKning 260-moddasida ko‘zda tutilgan temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportining boshqaruvchisi, deganda faoliyati transportni xavfsiz harakatlanishini tashkillashtirish bilan bog‘liq xodimlar (masalan, havo transportida tashkilotning harakat xizmati, havo harakatini boshqarish markazi, ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati, katta dispetcher va dispetcherlari, aeroport shturmani, katta shturmani, uchish rahbari) va uning harakati yoki foydalanishi bilan bog‘liq xodimlar (uchuvchi kapitan, shturman, mashinist va uning yordamchisi, mexanik va uning yordamchisi, radiooperator, radist, shkiper va hokazo) tushuniladi.
Xizmat yuzasidan qaram bo‘lgan shaxs mast holdagi mas’ul boshliqlarga transport vositalarini boshqarishga ruxsat berishi jinoiy javobgarlikdan ozod etmaydi. Buni sud jazo tayinlashda e’tiborga olishi mumkin. Ushbu jinoyatning subyekti shaxsiy transport vositalarining egalari, shuningdek, korxona va tashkilotlarning transport vositalari haydovchilari bo‘lishi mumkin.
Basharti, transport vositasi uchun mas’ul shaxs xizmat vazifasini bajarish vaqtida yoki davlat avtomobil nazorati xodimlari va ularning boshliqlari haydovchini transport vositasini boshqarishdan chetlatgan bo‘lsa, bunday holatda JKning 261-moddasi bilan javobgar qilinishi mumkin emas.
10. E’tiborda tutilsinki, JKning 268-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatning subyekti — piyoda yo‘lovchilar, ot-ulov, velosiped haydovchilari, aravacha, chana yoki bolalar kajavasini tortib ketayotgan hamda nogironlarning yurgizgichsiz kajavasida harakatlanayotgan shaxslar yoki yo‘l harakatining boshqa qatnashchilari, JKning 261—263, 265 yoki 266-moddasida nazarda tutilgan shaxslardan tashqari, harakat qatnashchilari bo‘lishi mumkin. Jinoyatning obyektiv tomoni shu moddada ko‘rsatilgan jinoiy oqibatlarning kelib chiqishi hisoblanadi.
Agarda, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish bir necha transport vositasining haydovchilari yoki yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari jinoiy harakatlarining bir-biriga bog‘liqligi oqibatida yuz bergan bo‘lsa, u holda ularning hammasi JKning tegishli moddalari bilan javobgar bo‘lishlari lozim.
11. Sudlar shuni e’tiborga olishlari lozimki, ta’mirlash ishlarini bajarayotgan transport vositalarini texnik jihatdan va ulardan foydalanishga mas’ul shaxslarning temir yo‘l, dengiz. daryo, havo, avtomobil yoki boshqa transport vositasini, aloqa yo‘llari, signalizatsiya, aloqa vositalari yoki boshqa transport uskunalarini sifatsiz ta’mirlash, shuningdek, transport vositasining texnik holati jihatidan buzuqligini bila turib, uni foydalanishga chiqarishi natijasida JKning 260, 266-moddalarida nazarda tutilgan oqibatlar yuz bergan taqdirda, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ta’mirlash ishlarini bajarayotgan yoki transport vositalarini ta’mirlash yoxud undan foydalanishga mas’ul shaxsni JKning 262-moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi. Bunda texnika vositalari, aloqa yo‘llari, signalizatsiya, aloqa vositalari yoki boshqa transport uskunalari uchun mas’ul shaxs, ushbu texnik nosozlikni aniq bilgan bo‘lishi shart.
12. Sudlar, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatlarini transport vositasi bilan ishlashda texnika xavfsizligi yoki mehnatni muhofaza qilish qoidalarining buzilishi natijasida ro‘y bergan jinoyatlardan farqlamoqlari lozim.
Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyati deganda, qilmishning yo‘llarda, ko‘chalarda, temir yo‘llarni kesib o‘tish joylarida, bevosita harakatda bo‘lgan transport vositasida sodir etilishi tushuniladi. Agar transport vositalari bilan ishlab chiqarish jarayonida, yuklarni ortish-tushirishda, transport vositalarini ta’mirlashda, qurilish, qishloq xo‘jalik va boshqa ishlarni bajarishda texnika xavfsizligi yoki mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzishi natijasida o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazilgan, odam o‘lishi yoki boshqacha og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, shaxsning qilmishi JKning 257-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi, agar harakat shaxsning hayoti, sog‘lig‘iga yoki mulkiga qarshi qaratilgan bo‘lsa, tegishlicha, shaxsning hayoti yoki sog‘lig‘iga, o‘zganing mulkiga qarshi qaratilgan jinoyatlar sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
13. Tushuntirilsinki, sudlar ishni ko‘rish jarayonida ish holati haqida har xil ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, ekspertning har bir holat bo‘yicha alohida xulosasini olishi zarur. Agar, sud muhokamasi jarayonida advokat ekspert xulosasini taqdim qilsa, taqdim etilgan xulosalarni ishda mavjud xulosa bilan birgalikda muhokama qilish lozim. Sudning hukmida ishda to‘plangan barcha dalillar muhokama qilinib, qaysi bir dalilning ishonchga sazovor bo‘lganligi asoslantirilgan holda qayd qilinishi lozim.
Sud tergovi jarayonida tayinlangan ekspertizani muqaddam tergovda xulosa bergan ekspert yoki sud tashabbusi bilan tayinlangan boshqa ekspert yoxud ekspertlar birgalikda o‘tkazishlari mumkin. Bu haqda sud ajrim chiqaradi. Ekspertlar o‘z oldilariga qo‘yilgan savollarga faqat vakolatlari doirasida javob beradilar. Sudlar ekspert oldiga sudlanuvchining aybi bor-yo‘qligiga huquqiy baho berish mazmunidagi savollar qo‘yishi mumkin emas.
Sudlar JK 266-moddasi bilan jinoyat ishlarini ko‘rishda shuni e’tiborga olishlari lozimki, ekspertning haydovchi yo‘l-transport hodisasining ro‘y berishida yo‘l-transport hodisasining oldini olish imkoniyati bo‘lmagan degan xulosasi (urilish, to‘qnashish, bosib ketish kabilar), agar bunday hodisa haydovchining o‘zi tomonidan xavfli holat yuz bergunga qadar “Yo‘llarda harakatlanish Qoidalari”ning buzilishi natijasida ro‘y bergan bo‘lsa (mastlik holati, tezlikni oshirish, nosoz transport vositasini boshqarish kabi) ro‘y bergan transport hodisasi bilan “Yo‘llarda harakatlanish Qoidalari”ning buzilishi o‘rtasida sababiy bog‘lanish bor degan xulosaga kelinsa, jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortish haqida to‘plangan xolisona dalillar yig‘indisiga asosan baholanmog‘i lozim (shaxsning harakati bilan yuz bergan oqibat o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish masalalariga, sud, ishda to‘plangan dalillar hamda yo‘l-transport ekspertizasi xulosalari bilan birgalikda huquqiy baho berishi, bunda ekspert xulosasi ishdagi mavjud boshqa dalillar bilan teng ravishda baholanmog‘i lozim).
14. Sudlar yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib, aybdorga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda insonparvarlik, odillik tamoyillaridan kelib chiqib, har bir ish bo‘yicha alohida yondashuv to‘g‘risidagi qonun talabiga qat’iy rioya qilishlari, har doim ham sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, yo‘l-transport hodisasining kelib chiqish sabablari va oqibatlari o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish, hodisa sodir bo‘lgandan keyin shaxsning xulqi, jabrlanuvchiga nisbatan harakati (shaxsning yo‘l-transport hodisasi ro‘y berganidan keyin, jabrlanuvchiga meditsina yordami ko‘rsatish uchun qilgan harakati, tez davolanishi uchun moddiy-ma’naviy yordam berganligi, fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplanganligi, shuningdek, jabrlanuvchi vafot etgan taqdirda, dafn marosimlariga, jabrlanuvchining oila a’zolariga yordam ko‘rsatganligi) va boshqa jazoni yengillashtiruvchi-og‘irlashtiruvchi holatlarga alohida e’tibor berishlari shart.
15. Jinoyat kodeksining 260, 262, 265-moddalarida nazarda tutilgan jinoyat ishlarini ko‘rishda, sudlar sudlanuvchiga nisbatan qo‘shimcha jazo chorasi sifatida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish yoki mahrum qilmaslik masalasini muhokama qilishlari lozim.
Jinoyat kodeksining 261, 266-moddasi 2, 3-qismlari sanksiyasida aybdorni muayyan huquqdan mahrum qilish majburiyligi belgilangan. Sud, sudlanuvchining transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lgan-bo‘lmaganligidan qat’i nazar, mazkur qo‘shimcha jazo masalasini muhokama qilishlari, boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga ham, muayyan huquqdan mahrum qilish jazosini qo‘llashlari lozim, toki u sud tomonidan tayinlangan muddat davomida bunday huquqni olishdan mahrum bo‘lsin. Biroq, sudlanuvchining harakatida JKning 57-moddasida belgilangan holatlar mavjud bo‘lsa, (Masalan: sudlanuvchining asosiy kasbi haydovchilik bo‘lib, boshqa mutaxassislikka ega emasligi) sud hukmining tavsif qismida tegishli asoslar keltirib, qo‘shimcha jazo chorasini qo‘llamasligi mumkin. Garchand, shaxs jinoyat sodir qilgunga qadar yoki tergov vaqtida ma’muriy tartibda yoki sud hukmi bilan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa-da, sud jinoyat ishini ko‘rishda qo‘shimcha jazo chorasi sifatida aybdorni muayyan huquqdan mahrum qilish masalasini muhokama etishi lozim.
16. Sudlarning e’tibori transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligiga doir ishlarni ko‘rishda, jinoiy harakatlar oqibatida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni undirish, mulkning qanday shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, daxlsizligini ta’minlashda davlat hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoyalash muhim ahamiyat kasb etishga qaratilsin.
Sudlar har bir ish yuzasidan hukm chiqarishda, jinoiy harakat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar bo‘yicha kiritilgan fuqaroviy da’voni hal etishlari, agarda, bunday da’vo keltirilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 11-sentabrdagi “Jinoiy harakatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplash masalasiga doir sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 21-sonli qarorida belgilangan talablarga muvofiq hamda JPKning 275, 276-moddalari asosida o‘z tashabbusiga ko‘ra yetkazilgan zararni undirish haqida qaror chiqarish masalasini hal qilishlari lozimdir. Sud muhokamasini qoldirmay turib, da’vo hajmini aniqlash imkoniyati bo‘lmagan va zarar miqdori jinoyatning kvalifikatsiyasiga, sudlanuvchiga tayinlanadigan jazo miqdoriga hamda hukm chiqarishda yuzaga keladigan boshqa masalalarga ta’sir qilmaydigan alohida hollarda sud harakatdagi qonunlar talabiga ko‘ra, fuqaroviy da’voning fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida hal qilinishi huquqini e’tirof etishi mumkin.
17. Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish natijasida jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararni qoplash masalasini hal qilishda, sudlar, jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar to‘liq hajmda qoplanishi lozimligi haqidagi Fuqarolik kodeksining 985-moddasi talablaridan kelib chiqishlari kerak.
18. Birgalikdagi jinoiy harakatlar natijasida zarar yetkazilgan bo‘lsa, barcha shaxslar yetkazilgan zararni qoplashda solidar tartibda javobgar bo‘lishlari lozim. Fuqarolik kodeksining 1000-moddasiga binoan, jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra va uning manfaatlarini ko‘zlab, agar bu tartib zarar qoplanishini ta’minlasa, sud birgalikda zarar yetkazgan shaxslar zimmasiga solidar emas, balki, hissali javobgarlikni yuklashga haqli. Bunday holatda, qanday tartibda zararni qoplash usuli hukmda ko‘rsatilishi kerak.
19. Yo‘l-transport hodisasi faoliyati tevarak-atrofdagilarga oshiqcha xavf tug‘diradigan davlat yoki mulkchilik shaklidan qat’i nazar, boshqa tashkilotlarga tegishli transport vositasini boshqarayotgan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, zararni qoplash masalasini hal qilishda, sudlar, yetkazilgan zararni bevosita jinoyat sodir etgan shaxsdan emas, balki o‘sha tashkilotdan undirishlari lozim.
Shu bilan birga sud yuridik shaxslarga FKning 1001-moddasiga asosan, korxonaga zarar yetkazgan shaxsdan zarar miqdorini qayta talab qilish (regress) huquqiga ega ekanliklarini tushuntirishlari lozim.
20. Sudlar transport vositasi va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish natijasida jabrlanuvchining shifoxonada davolangan vaqti va unga davolanish uchun sarf qilingan xarajatlarni qoplash masalasini hal qilishda, JPKning 275, 276-moddalari hamda Fuqarolik qonun normalariga asoslanishlari lozim. Shu bilan birgalikda, jabrlanuvchiga qancha miqdorda sarf-xarajat qilinganligini aniqlash va keltirilgan zararni shu davolash muassasalariga ishda to‘plangan dalillarga (ekspertiza xulosalari, dalolatnoma, ma’lumotnoma va boshqa asosli hujjatlar) asoslangan holda undirish choralarini ko‘rishi lozim.
21. Mazkur qarorning qabul qilinishi munosabati bilan sobiq SSSR Oliy sudi Plenumining shu yo‘nalishdagi barcha qarorlari qo‘llanilishi to‘xtatilsin. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1990-yil 14-dekabrdagi “Avtotransport jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan sud praktikasi haqida”gi 5-9-90-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
2000-yil 22-dekabr,
32-son