Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
QONUNGA XILOF RAVISHDA QUROLGA EGALIK QILISH TOʻGʻRISIDAGI ISHLAR BOʻYICHA SUD AMALIYOTI HAQIDA
 LexUZ sharhi
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli va 2003-yil 19-dekabrdagi 20-sonli qarorlariga asosan kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan)
Qonunga xilof ravishda qurolga egalik qilish bilan bogʻliq jinoyatlar jamiyat uchun katta xavf tugʻdiradi. Qurol va oʻq-dorilarni respublikaga tashqaridan keltirilishi, ularni omborxonalardan talon-toroj etilishi, qurolga egalik qilish maqsadida hokimiyat vakillariga va harbiy xizmatchilarga hujum qilinishi hollari ortmoqda.
Koʻplab ogʻir jinoyatlar qurol qoʻllab sodir etilmoqda, ayrim hollarda jinoiy guruhlar tomonidan avtomatik qurollar ham ishlatilmoqda. Sudlar esa hanuzgacha bunday jinoyatlarning jamiyat uchun oʻta xavfliligiga yetarlicha baho bermayotirlar.
Qurollarni olish yoki tayyorlash manbalari va sabablari, shuningdek, bunday jinoyatlarning sodir boʻlishiga imkoniyat tugʻdirayotgan sharoitlar va shaxslar doirasi, qurollarni respublika hududiga keltirish usullari koʻpchilik ishlar boʻyicha aniqlanmayotir.
Bunday ishlar boʻyicha jazo tayinlash amaliyotida ham bir xilda yondoshish yoʻq, koʻpincha aybdorlarga nisbatan asossiz ravishda yengil jazo tayinlash hollari uchramoqda. Shaxslarni oʻqotar qurol, oʻq-dorilarni saqlaganlik uchun faqat rasmiy asoslarga koʻra, ularning shaxsi va ish tafsilotlarini eʼtiborga olmasdan javobgarlikka tortish va sudlash hollari yuz bermoqda.
Qayd etilganlarni inobatga olib, shuningdek yangi qonunlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning eʼtibori oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash, ularga qonunga xilof ravishda egalik qilish, shuningdek, oʻqotar qurol yoki oʻq-dorilarni beparvolik bilan saqlash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarga qaratilsin va bu jinoyatlar jamiyat xavfsizligiga, fuqarolarning erkinligi, hayoti va sogʻligʻiga jiddiy tahdid solishi koʻrsatib oʻtilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 29-iyuldagi “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq:
oʻqotar qurol deganda, porox yoki boshqa modda quvvati hisobiga yoʻnaltirilgan holda harakatga keluvchi aslaha bilan nishonni masofadan turib mexanik urish uchun moʻljallangan qurol tushunilmogʻi lozim;
oʻqotar qurolning asosiy qismlari deganda, stvol, zatvor, oʻqdon (baraban), ramka, stvol qutisi tushunilmogʻi lozim;
oʻq-dorilar deganda, qurolning jonli nishonni yoki boshqa nishonni urish uchun moʻljallangan hamda tarkibida portlovchi, poroxli, uloqtiruvchi, pirotexnik yoki urib chiqaradigan moddalar yoxud ularning birikmasi mavjud boʻlgan qurol-yarogʻ ashyolari va uloqtiriladigan aslahasi tushunilmogʻi lozim;
portlovchi moddalar deganda, porox, dinamit, trotil, nitroglitserin va kislorodli havo yetishmagan vaziyatda portlash xususiyatiga ega boʻlgan kimyoviy moddalar va aralashmalar tushunilmogʻi lozim;
portlatish qurilmalari deganda, portlovchi moddalar bilan toʻldirilgan va portlashni amalga oshirish uchun moʻljallangan yigʻilgan holdagi qurilmalar tushunilmogʻi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Qurol muomalasi — qurolni va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini ishlab chiqarish, taʼmirlash, realizatsiya qilish, olish, hisobga olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, koʻrgazmaga qoʻyish, ulardan foydalanish, ularni olib qoʻyish, yoʻq qilish, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish, shuningdek, ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit qilish tushunilmogʻi lozim;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qaroriga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Pnevmatik miltiqlar, signal, start, gaz pistoletlari yoki gazli ballonchalari, raketnitsalar va boshqa imitatsiya-pirotexnik hamda yoritgich vositalari oʻqotar qurol jumlasiga kirmaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Bunday ishlarni tergov qilish va sudda koʻrish chogʻida oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini olish, tayyorlash manbalarini aniqlash lozim. Oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalari saqlanayotgan obyektlarni qoʻriqlashda mansab sovuqqonligiga yoʻl qoʻyilganlik hollari yoxud oʻqotar qurol yoki unga oʻq-dorilar tayyorlangan asbob-uskunalardan foydalanish ustidan tegishli nazoratning boʻlmaganligi aniqlangan taqdirda sudlar xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan oʻzlarining munosabatlarini bildirishlari, zarur hollarda esa, jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qilishlari shart. Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya hududiy boshqarmalari faoliyatida aholi qoʻlida qonunga xilof ravishda saqlanayotgan oʻqotar qurollarni olish va ularni roʻyxatdan oʻtkazish borasida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar ham sudlarning eʼtiboridan chetda qolmasligi lozim.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
4. Shaxsning Jinoyat kodeksi 247, 248 va 249-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdorligi toʻgʻrisidagi masalani hal qilishda aybdordan olingan u yoki bu ashyolarning qonunga xilof ravishda egallaganlik, tayyorlaganlik, olganlik, olib yurganlik, saqlaganlik, oʻtkazganlik va beparvolik bilan saqlaganlik uchun qayd etilgan moddalarda javobgarlik koʻzda tutilgan oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga taalluqliligini tegishli ekspertiza oʻtkazish yoʻli bilan aniqlash kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sudlar shuni eʼtiborga olishlari lozimki, Jinoyat kodeksining 247, 248-moddalari boʻyicha javobgarlik foydalanish uchun yaroqli boʻlgan oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini yoxud foydalanishga yaroqsiz oʻqotar qurol yoki portlatish qurilmalarini egallagan, egalik qilgan, olgan, olib yurgan, saqlagan yoki oʻtkazganda (basharti ularni yaroqli holatga keltirish uchun aybdor aniq imkoniyatga ega boʻlgan boʻlsa) kelib chiqadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻqotar qurol, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash deganda, ularni gʻayriqonuniy ravishda har qanday usulda (oʻgʻirlik, firibgarlik, oʻzlashtirish yoki rastrata qilish, mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish, talonchilik, tovlamachilik, bosqinchilik yoʻli bilan) qoʻlga kiritish tushunilishi lozim.
Oʻqotar qurol, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda har qanday usulda egallash, aybdorning ulardan oʻz xohishi boʻyicha foydalanish yoki tasarruf etish imkoniyatlari bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, ular olingan vaqtdan boshlab tugallangan jinoyat hisoblanishi kerak.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Jinoyat kodeksining 247-moddasiga muvofiq oʻqotar qurol, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini egallaganlik uchun javobgarlik ular qonunga xilof ravishda korxona, tashkilot, muassasalardan, shuningdek, qonuniy yoki qonunsiz tarzda egallab turgan fuqarolardan olingan hollarda ham yuzaga keladi.
Oʻqotar qurol, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini oʻgʻirlik, firibgarlik, oʻzlashtirish yoki rastrata qilish, mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish, talonchilik, tovlamachilik, bosqinchilik yoʻli bilan qonunga xilof ravishda egallash Jinoyat kodeksining 247-moddasi va tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan, faqat bu moddalar (modda qismlari) sanksiyasi Jinoyat kodeksining 247-moddasidagidan ogʻirroq jazoni koʻzda tutgan hollardagina kvalifikatsiya qilinishi lozim (masalan, Jinoyat kodeksi 247-moddasi uchinchi qismining “v” bandi va 164-moddasi 4-qismining “v” bandi bilan).
Oʻqotar qurol, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalari Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazilgan hollarda aybdor Jinoyat kodeksining 246 va 248-moddalari majmui boʻyicha javobgar qilinishi shart.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻladigan oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini tayyorlash deganda, ularni yasash yoki shikast yetkazish xususiyatlarini tiklash, shuningdek, qandaydir ashyo (masalan, raketnitsa, start va qurilish pistoletlari)ni qayta ishlash natijasida ularni oʻqotar qurol xususiyatiga keltirish tushunilishi lozim. Ashyoga shikast yetkazish xususiyatlarini berishga qaratilgan harakatlar aybdorga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra, oxirigacha yetkazilmagan boʻlsa, oʻqotar qurol, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda tayyorlashga suiqasd qilish tariqasida kvalifikatsiya qilinmogʻi lozim.
Oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini olish deb ularni sotib olishni, boshqa narsalarga almashtirib olishni, qarzga yoki hadyaga, qarzi evaziga olishni va hokazolarni hisoblamoq kerak.
Saqlash deganda, oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini tegishli ruxsatnomasiz aybdorning egaligida: yonida, binoda, xufiya joylarda, transport vositalarida va boshqa yerlarda saqlash bilan bogʻliq boʻlgan har qanday qasddan qilingan harakatlar tushunilmogʻi lozim.
Fuqaroviy, xizmat qurolini, mukofot tarzida berilgan, kolleksiyalash, koʻrgazmaga qoʻyish uchun moʻljallangan qurolni va uning oʻq-dorilarini shaxs tomonidan tegishli ruxsatnoma boʻlgan holda, ammo bu ruxsatnomaning muddati oʻtgan, hisobga qoʻyish qoidalari buzilgan vaziyatda saqlanayotgan boʻlsa, aybdor Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 221-moddasi boʻyicha javobgarlikka tortilishi kerak.
Oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini oʻtkazish deganda, ularni har xil usullarda tarqatish (sotish, oʻzgaga berish, hadya etish, qarzi evaziga berish, qarzga berish va sh.k.)ni tushunish lozim.
Qayd etilgan ashyolar oʻtkazish maqsadida qonunga xilof ravishda saqlangan, tashilgan, olingan boʻlsa, bunday harakatlar jinoyatga suiqasd qilish tariqasida Jinoyat kodeksining 25 va 248-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini olib yurish deganda, aybdorning qayd etilgan ashyolarning egasi ekanligi va bu ashyolarning uning yonida boʻlishi tushunilishi lozim. Bunda ushbu ashyolar bevosita uning yonida yoki masalan, chemodanida, avtomashinasida va hokazolarda boʻlishining ahamiyati yoʻq.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini olib yurish, saqlash yoki oʻtkazish mustaqil jinoyatlar ekanligini eʼtiborga olgan holda qayd etilgan ashyolarni qonunga xilof ravishda egallash va ularni kelgusida olib yurish, saqlash yoki oʻtkazish Jinoyat kodeksining 247 va 248-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarning real yigʻindisini tashkil qiladi.
(9-band nOʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalari qonunga xilof ravishda boshqa jinoyatni sodir etish maqsadida egallangan, shuningdek tayyorlangan, olingan, olib yurilgan, saqlangan hollarda sodir etilgan qilmish tugallangan jinoyat (Jinoyat kodeksining 247 yoki 248-moddasi) va boshqa jinoyatni sodir etishga tayyorgarlik tariqasida kvalifikatsiya qilinishi shart.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Aybdorning egaligida boʻlgan oʻqotar qurol va uning oʻq-dorilarini, shuningdek, pnevmatik qurolni, tigʻli sovuq qurolni (ov pichoqlari, ov xanjarchalari va xanjarlar, rapiralar, shpagalar va qilichlarni), uloqtirish qurolini (kamonlar, arbaletlar va nayzalarni), signal beruvchi qurolni saqlash, olib yurish, tashish qoidalarini buzish odam oʻlishiga yoxud boshqa ogʻir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlsa, Jinoyat kodeksining 249-moddasi bilan qamrab olinadi va Jinoyat kodeksining boshqa moddalari bilan qushimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
“Boshqa ogʻir oqibatlar” alomati har bir muayyan holatda ishning tafsilotlari majmuidan (imoratning portlashi, katta miqdordagi zararli moddalarning atmosferaga tarqalishi va shu kabilar) kelib chiqqan holda tergov va sud tomonidan hal qilinadi.
12. Shaxs Jinoyat kodeksi 248-moddasida qayd etilgan ashyolarni erkin tarzda oʻz ixtiyori bilan topshirish toʻgʻrisida qarorga kelsa va uning oʻzi bu ashyolarni topshirish haqida tegishli organlarga yozma yoki ogʻzaki ravishda murojaat qilsa, u ashyolarni oʻz ixtiyori bilan topshirgan hisoblanadi.
Shaxs tintuv jarayonida yoki unda qurol borligi haqida dalillar keltirilishi natijasida qurolni topshirish toʻgʻrisidagi xulosaga kelsa, u qurolni oʻz ixtiyori bilan topshirgan hisoblanmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Sudlar oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda respublika hududiga olib kirishda aybli boʻlgan shaxslarga, oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini oʻtkazish maqsadida sotib oluvchi va tayyorlovchilarga, shuningdek ularni oʻtkazuvchilarga, ularni hokimiyat vakillari yoki harbiy xizmatchilarning saqlash joylaridan talon-toroj etuvchilarga, ogʻir jinoyatlar sodir etishda quroldan foydalanuvchilarga qattiq jazo choralari qoʻllanilishini taʼminlashlari shart.
Shu bilan birga sudlar oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini saqlash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda ushbu jinoyat tarkibining faqat rasmiy alomatlaridan, yaʼni saqlash faktining oʻzidangina kelib chiqmasliklari lozim. Bunda oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, oʻqotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini saqlayotgan shaxsning harakatlari Jinoyat kodeksining 248-moddasida nazarda tutilgan qilmishga toʻgʻri kelsa-da, ammo kam ahamiyatliligi sababli ijtimoiy xavfli boʻlmasa, bunday harakat Jinoyat kodeksining 36-moddasiga muvofiq jinoyat hisoblanmaydi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi ishlarini apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida koʻrishda qayd etilgan turkumdagi ishlarni koʻrish sifati ustidan tegishli nazoratni taʼminlasinlar va sud xatolarini oʻz vaqtida tuzatish uchun zarur boʻlgan choralarni koʻrsinlar.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
15. Oʻzbekiston SSR Oliy sudi Plenumining 1990-yil 14-dekabrdagi “Jumhuriyat sudlari tomonidan SSJI Oliy sudi Plenumining 1974-yil 20-sentabrdagi “Oʻqotar qurollar, oʻq-dorilar yoki portlovchi moddalarni talon-toroj qilish, oʻqotar qurollar, oʻq-dorilar yoki portlovchi moddalarni qonunsiz olib yurish, saqlash, sotib olish, yasash yoki sotish va oʻqotar qurollarni beparvolik bilan saqlash ishlari boʻyicha sud praktikasi haqida”gi qarorining bajarilishi toʻgʻrisida”gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan hisoblansin.
1996-yil 27-fevral,
3-son