Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI ISHLAB CHIQARISHNI KENGAYTIRISH VA ICHKI BOZORNI TOʻLDIRISH YUZASIDAN QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Respublika aholisining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini barqaror taʼminlash, ichki isteʼmol bozorini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan bekamu-koʻst toʻldirish, asosan qishloq joylarda zamonaviy yuqori unumli texnika va texnologiya bilan jihozlangan qayta ishlovchi ixcham korxonalarni jadal barpo etish, shu asosda yangi ish joylarini shakllantirish, koʻproq odamlarni ish bilan taʼminlash, ularning daromadlari va farovonlik darajasini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan manfaatdor xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki isteʼmol bozorini ular bilan toʻldirish boʻyicha ishlab chiqilgan hamda quyidagilarni oʻz ichiga olgan kompleks chora-tadbirlar maʼqullansin:
2009-yilda oziq-ovqat mahsulotlari eng muhim turlarini ishlab chiqarishning asosiy parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
respublika viloyatlari boʻyicha 2009-yilda yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz ekinlari va uzum ekiladigan maydonlar hamda ularni yetishtirishning prognoz hajmlari 2-ilovaga* muvofiq;
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2009-yilda respublika viloyatlari boʻyicha goʻsht va sut yetishtirishning prognoz hajmlari 3-ilovaga* muvofiq;
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
respublika viloyatlarida 2009 — 2011-yillarda goʻsht-sut mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha mini-texnologiyalar va ixcham uskunalardan foydalanadigan yangi korxonalar, shuningdek xom sut tayyorlash boʻyicha servis punktlarini barpo etish dasturi 4 va 4a-ilovalarga* muvofiq;
* 4 va 4a-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2009-yilda noanʼanaviy moyli ekinlar ekiladigan maydonlar va ularni ishlab chiqarish, ana shu ekinlardan oʻsimlik yogʻi tayyorlashning hisoblab chiqilgan hajmlari 5-ilovaga* muvofiq;
* 5-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
respublikada tomchilatib sugʻorish tizimini tatbiq etishning prognoz parametrlari 6-ilovaga* muvofiq.
* 6-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2009-yilning 15-fevraliga qadar muddatda 2009-yilda meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum yetishtirishning prognoz hajmlari asosida ulardan oqilona foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlasin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda har bir qishloq tumanida mavjud issiqxonalarga qoʻshimcha ravishda yoqilgʻining muqobil manbalaridan foydalanadigan yengil konstruksiyali 5 tadan issiqxona barpo etilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 9-noyabrdagi PQ-1638-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
2009-yilning 1-iyulidan boshlab goʻsht-sut mahsulotini sanoat koʻlamida qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish borasidagi faoliyat faqat yuridik shaxs shaklida tashkil qilingan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
goʻsht va sutni qayta ishlaydigan korxonalarga oʻz mahsulotini avtofurgonlarda aholiga naqd pulga sotish huquqi beriladi, bunda naqd mablagʻlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda inkassatsiya qilinadi (banklarga topshiriladi).
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi PF-5684-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/21-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 3028, 29-iyun 2018-yil).
6. “Oʻzstandart” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda tayyor goʻsht-sut mahsulotlari sifati ustidan kompleks nazorat oʻrnatish tizimini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Asosiy faoliyat turi boʻyicha goʻsht va sutni qayta ishlashga ixtisoslashayotgan mikrofirmalar hamda kichik korxonalarga 2016-yil 1-yanvargacha yagona soliq toʻlovi stavkasini 50 foizga kamaytirish shaklida soliq imtiyozi berilsin, boʻshaydigan mablagʻlar ishlab chiqarish korxonalarini texnikaviy qayta jihozlash va modernizatsiyalashga, shu jumladan, yangi laboratoriyalar barpo etish va mavjudlarini jihozlashga, yangi mahsulot turlari ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga, shuningdek xom ashyo bazasini rivojlantirishga maqsadli tarzda yoʻnaltirilsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 52-son, 690-modda)
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 26-yanvar,
PQ-1047-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 5-son, 34-modda; 2011-y., 52-son, 561-modda; 2013-y., 52-son, 690-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son; 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)