Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
“HAKAMLIK SUDI VA XOʻJALIK NIZOLARINI HAL ETISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI KUChGA KIRITISh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrdagi 924-XII-son “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan oʻz ahamiyatini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni 1992-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiritilsin.
2. “Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kiritilgunga qadar Oʻzbekiston Respublikasining hakamlik sudlari oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq amalga oshiradilar.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlarining malaka hayʼatlari faoliyatini tashkil etish, hakamlik sudlarining hakamlarini attestatsiyadan oʻtkazish, ularga malaka klasslari berish, shuningdek, intizomiy javobgarlikka tortish va lavozimdan ozod etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi umumiy sudlarining sudyalari uchun belgilab qoʻyilgan amaldagi qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi 1992-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi muhokamasiga amaldagi qonun hujjatlarini “Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiqlashtirish haqidagi takliflarni taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi 1992-yil 1-yanvarga qadar:
Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralaridagi hakamliklarni tugatsin;
Hukumat qarorlarini “Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiqlashtirsin;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari Oʻzbekiston Respublikasining ushbu Qonuniga zid boʻlgan oʻz normativ hujjatlarini, shu jumladan yoʻriqnoma hamda qoidalarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatiga Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlarining umumiy sonini tasdiqlash vazifasi topshirilsin.
7. Hakamlik sudlari xodimlarining ish haqi respublika budjeti hisobidan toʻlanadi; hakamlik sudlari xodimlarining moddiy taʼminoti, ularga tibbiy va maishiy xizmat koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasining tegishli umumiy sudlari uchun belgilab qoʻyilgan tartibda amalga oshiriladi, deb belgilab qoʻyilsin.
8. Hakamlik sudlarining moddiy-texnika taʼminoti, ularni tashkiliy-texnikaviy vositalar bilan jihozlash, shuningdek xizmat binolari va avtotransport bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1991-yil 20-noyabr,
444-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 2-son, 87-modda)