|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
DAVLAT STATISTIKA ORGANLARI TIZIMINING DASTURIY-TEXNIKAVIY TAʼMINOTI VA KADRLARINING PROFESSIONAL MALAKASI DARAJASINI OShIRIShGA OID QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jahon statistika amaliyotida umum qabul qilingan tamoyillar va metodologiya asosida Oʻzbekiston Respublikasining davlat statistika tizimini yanada takomillashtirish, zamonaviy hisoblash vositalaridan foydalanish negizida foydalanuvchilarning keng doirasini haqqoniy va toʻliq maʼlumotlar bilan taʼminlash, statistika faoliyatiga ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni kengaytirish, shuningdek, davlat statistika organlari tizimi kadrlari malakasini oshirish ishlarini sifat jihatidan yaxshilash maqsadida:
1. Qayd etib oʻtilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan davlat boshqaruvi organlari, yetakchi iqtisodiy va ilmiy tashkilotlar ishtirokida olib borilgan ishlar natijasida, respublikada umuman BMT Statistika komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan statistik standartlar hamda tamoyillarga asoslangan davlat statistikasining xalqaro qiyoslanadigan tizimi shakllantirildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda ishlab chiqilgan:
2009-2010-yillarda davlat statistika organlarining dasturiy-texnikaviy taʼminot darajasini oshirish va axborot tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan
2009—2011-yillarda davlat statistika organlari tizimi kadrlarining professional qayta tayyorlanishi va malakasi oshirilishini sifat jihatidan yaxshilash tadbirlari 2-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda:
mazkur qarorning 1 va 2-ilovalarida nazarda tutilgan tadbirlarning belgilangan muddatlarda sifatli hamda toʻliq bajarilishini, shuningdek xarid qilinadigan dasturiy-texnikaviy vositalar, kompyuter va telekommunikatsiya uskunalaridan maqsadli hamda samarali foydalanishni taʼminlasin;
har yilgi davlat statistika ishlari dasturi doirasida xalqaro standartlarga mos boʻlgan ilmiy asoslangan statistika metodologiyasini yanada takomillashtirish, rivojlantirish va amaliyotga tatbiq etishni nazarda tutsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2009-2010-yillarga moʻljallangan Davlat budjeti parametrlarida davlat statistika organlarining dasturiy-texnikaviy taʼminot darajasini oshirish va axborot tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
5. Dasturni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq olib kelinadigan dasturiy-texnikaviy taʼminot uchun uskunalar, jumladan, kompyuter va telekommunikatsiya hamda dasturiy taʼminot jihozlari bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda statistika ishlarini oʻtkazishning sifat jihatidan yuqori darajasini taʼminlash uchun zarur boʻlgan xarid qilinadigan uskunalarning konfiguratsiyasiga nisbatan texnik talablarni hisobga olgan holda, 2009-2010-yillarda davlat statistika organlari tizimi uchun tender asosida kompyuterlar, aloqa vositalari, periferiya uskunalarini xarid qilish va oʻrnatish, dasturiy taʼminotni joriy etishning tarmoq jadvalini tasdiqlasin;
2009-2010-yillarda davlat statistika organlari tizimi uchun kompyuterlar, aloqa vositalari, periferiya uskunalari xarid qilish va oʻrnatish, dasturiy taʼminotni joriy etish tarmoq jadvalining bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin;
har chorakda Vazirlar Mahkamasi Prezidiumining majlislarida mazkur qarorning 1 va 2-ilovalarida belgilangan tadbirlarning bajarilishini koʻrib chiqsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 13-noyabr,
PQ-999-son