Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.06.2024
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI DEPOZIT SERTIFIKATLARI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 23-sentabrda 1858-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 19-iyundagi 11-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3520, 19.06.2024 y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki depozit sertifikatlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror kuchga kiritilgan kundan eʼtiboran quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan (1998-yil 26-dekabrdagi 24/12-sonli bayoni) 1998-yil 26-dekabrda 434-son bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki depozit sertifikatlarini chiqarish toʻgʻrisida”gi nizom (1999-yil 9-fevral, roʻyxat raqami 624);
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2001-yil 4-avgustdagi 434-1-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki depozit sertifikatlarini chiqarish toʻgʻrisida”gi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori (2001-yil 27-avgust, roʻyxat raqami 624-1 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2001-yil, 16-son).
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2008-yil 14-avgust,
17/3-son
Markaziy bank Boshqaruvining 2008-yil 14-avgustdagi 17/3-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki depozit sertifikatlari toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki depozit sertifikatlarini chiqarish, joylashtirish, ularning muomalada boʻlish va haqini toʻlash tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 28-dekabrdagi 35/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 1858-1, 12.01.2016-y.) tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 2-son, 15-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan keyingi oʻrinlarda Markaziy bank deb yuritiladi) depozit sertifikatlari pul massasini tartibga solish maqsadida chiqariladi.
2. Markaziy bankning depozit sertifikati (bundan keyingi oʻrinlarda Depozit sertifikati deb yuritiladi) — Markaziy bankka qoʻyilgan omonat summasini va omonatchining (Depozit sertifikati saqlovchining) omonat summasini hamda Depozit sertifikatida shartlashilgan foizlarni belgilangan muddat tugaganidan keyin olish huquqini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qogʻoz.
3. Markaziy bank oʻz nomidan va oʻz hisobidan Depozit sertifikatlarini chiqaradi, joylashtiradi va haqini toʻlashni amalga oshiradi.
4. Bir dona Depozit sertifikatining nominal bahosi 1 000 000 (bir million) soʻmni tashkil etadi.
Depozit sertifikatini olish uchun omonatlar Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida qoʻyiladi.
5. Depozit sertifikatlari bir yilgacha muomalada boʻlgan muddatga chiqariladi.
6. Depozit sertifikatlari egalari Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan tijorat banklari va boshqa yuridik shaxslar boʻlishi mumkin.
7. Depozit sertifikatlari hujjatsiz shaklda chiqariladi. Depozit sertifikati tovarlar oldi-sotdisi yoki koʻrsatilgan xizmatlar (ishlar) uchun amalga oshirilganda hisob-kitob yoki toʻlov vositasi boʻlib xizmat qilishi mumkin emas.
8. Depozit sertifikatlariga boʻlgan huquqlarning hisobi qonunchilik hujjatlariga muvofiq Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida yoki investitsiya vositachilarida yuritiladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
9. Depozit sertifikati boshqa shaxsga oʻtkazilishi mumkin. Depozit sertifikatlari boʻyicha huquqlardan voz kechish shartnoma bilan rasmiylashtiriladi.
II. Depozit sertifikatlarini chiqarish, joylashtirish va ularning muomalada boʻlish shartlari
10. Depozit sertifikatlarini chiqarish shartlari va parametrlari Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadi.
11. Depozit sertifikatlariga boʻlgan huquq egalik qiluvchining depo hisobvaragʻi boʻyicha tegishli kirim yozuvi belgilangan tartibda kiritilgan va pul mablagʻlari Markaziy bank hisobvaragʻiga kelib tushgan paytdan eʼtiboran vujudga keladi.
12. Depozit sertifikati egasi uni muddatidan oldin haqini toʻlashga taqdim etish huquqiga ega. Bu holda Depozit sertifikatini chiqarish shartlari yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, Depozit sertifikati boʻyicha foizlar talab qilib olinguncha depozitlar uchun belgilangan shartlarda toʻlanadi.
13. Agar, Depozit sertifikati boʻyicha omonatni olish muddati uning saqlovchisi tomonidan oʻtkazib yuborilsa, bunday Depozit sertifikati talab qilib olinadigan hujjat hisoblanadi va Markaziy bank Depozit sertifikati egasining birinchi talabi boʻyicha omonat summasi va foizlarni toʻlash majburiyatini oladi. Bunda oʻtkazib yuborilgan muddat uchun, agar Depozit sertifikatini chiqarish shartlari yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, foizlar talab qilib olinguncha depozitlar uchun belgilangan shartlarda hisoblanadi.
III. Depozit sertifikatlarini haqini toʻlash tartibi
14. Depozit sertifikatining haqini toʻlash muddati kelganda mazkur Depozit sertifikatiga egalik qilishni tasdiqlovchi hujjat (depo hisobvaragʻidan koʻchirma) hamda Depozit sertifikati summasi va u boʻyicha foizlarning oʻtkazilishi lozim boʻlgan hisobvaraq koʻrsatilgan talabnoma taqdim etilganda Markaziy bank toʻlovni amalga oshiradi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 28-dekabrdagi 35/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 1858-1, 12.01.2016-y.) tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 2-son, 15-modda)
15. Muddatidan oldin Depozit sertifikatning haqi toʻlanayotganda pul mablagʻlari muddatidan oldin Depozit sertifikatining haqini toʻlash toʻgʻrisidagi ariza tushgan kundan boshlab 5 ish kuni davomida Depozit sertifikati egasining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
IV. Buxgalteriya hisobi
16. Depozit sertifikatlari bilan operatsiyalarning buxgalteriya hisobi Markaziy bankda 22100 — “Olingan kredit, zayom va veksellar” balans hisobvaragʻida amalga oshiriladi. Depozit sertifikatlarining analitik hisobi ularning turlari va chiqarilishlari boʻyicha alohida shaxsiy hisobvaraqlarda yuritiladi.
V. Yakuniy qoidalar
17. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Markazi bilan kelishilgan.
Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Markazi Bosh direktori K. TOLIPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 14-avgust,
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 39-son, 397-modda; 2016-y., 2-son, 15-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)