Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ISHLAB CHIQARILAYOTGAN PAXTA MOYI SIFATINI OSHIRISHNI YANADA RAGʻBATLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Ishlab chiqarilayotgan pirovard mahsulotning, eng avvalo paxta moyining sifatini doimiy ravishda yaxshilashdan yogʻ-moy sanoati korxonalarining manfaatdorligini ragʻbatlantirishni kuchaytirish, shuningdek respublika paxta tozalash va yogʻ-moy korxonalari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar mexanizmini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-maydagi F-2996-son farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan ishlab chiqarilayotgan paxta moyi sifatini oshirishni ragʻbatlantirish yuzasidan takliflar tayyorlash boʻyicha maxsus Idoralararo komissiya tomonidan ishlab chiqilgan:
ishlab chiqarilayotgan paxta moyi sifatini oshirishni ragʻbatlantirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar 1-ilovaga* muvofiq;
oziq-ovqat uchun ishlatiladigan paxta moyi sifatini nazorat qilish tizimi 2-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* 1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Yogʻ-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasining 2008—2011-yillar davrida yogʻ-moy sanoati korxonalari tomonidan oʻsimlik moyini qadoqlash va hidsizlantirish boʻyicha quvvatlarni 3-4 ilovalarga* muvofiq kuchaytirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
* 3 va 4-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, texnik chigitlarga ulgurji-sotish narxlari ularning navlari va klassi hisobga olingan holda tabaqalashtirilib “Oʻzpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-dekabrdagi 372-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 647-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Quyidagi tartib belgilansin, unga muvofiq paxta moyi chiqishi normativlari har yili seleksiya navlari boʻyicha paxta xom ashyosi tayyorlashning haqiqiy hajmlari va chigitning akkreditatsiyadan oʻtgan sertifikatlash organi tomonidan aniqlanadigan moydorligi hisobga olingan holda respublika mintaqalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi tomonidan “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi bilan birgalikda belgilanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-dekabrdagi 653-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda quyidagilarni taʼminlasin:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-apreldagi 197-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)
ishlab chiqarilayotgan paxta moyi sifatini oshirishni ragʻbatlantirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar 1-ilovada belgilangan muddatlarda soʻzsiz bajarilishini;
2-ilovaga muvofiq tasdiqlangan tizim asosida respublika yogʻ-moy korxonalarida ishlab chiqarilayotgan paxta moyi sifati kompleks nazorat qilinishini;
moy ishlab chiqarish jarayonida yogʻ-moy korxonalari tomonidan texnologik rejimlar normalariga rioya qilinishining tizimli monitoringi olib borilishini;
2009-yil 1-sentabrgacha boʻlgan muddatda texnik chigitning moydorligini aniqlashning ekspres-analizatorlarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni oʻzlashtirish boʻyicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlar amalga oshirilishini hamda “Sifat” markazi laboratoriyalari va yogʻ-moy korxonalari ular bilan jihozlanishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 4-sentabr,
200-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 35-36-son, 349-modda; 2011-y., 50-son, 515-modda; 2015-y., 52-son, 647-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2018-y., 09/18/121/0711-son, 25.09.2018-y., 09/18/759/2026-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2019-y., 09/19/341/2992-son, 13.07.2019-y., 09/19/575/3415-son; 13.12.2023-y., 09/23/653/0931-son; 02.04.2025-y., 09/25/197/0299-son)